Tigʻiz dars jadvalidan ortib, yuzlab kitob va filmlarni tahlil qiluvchi oʻquvchilar – bu yil ijod maktablaridagi taʼlim natijalari qanday boʻldi?


Saqlash
05:51 / 25.08.2023 1340 0

Yaponlar farzandlari maʼlum yoshga yetgach, oldiga turli oʻyinchoqlar, pullar yoki kitoblar qoʻyib qoʻyishar, ulardan birini tanlashiga qarab, kasbga yoʻnaltirishni boshlasharkan. Albatta, bu hamma yapon oilasida ham qoʻllanilavermaydi, qolaversa, doim ham yuz foizlik natija beravermaydi. Biroq, donishmand xalqning bu kabi harakatlari zamirida kasb tanlovini bolaning oʻziga qoʻyib berish, iqtidorini kichikligidan aniqlab, koʻmak berish maqsadi yotadi. Chunki insonning isteʼdodi yuzaga chiqishida atrofini qurshagan muhit ham katta rol oʻynaydi.

 

Soʻnggi vaqtlarda oʻzimizda ham bolalarning qiziqishlari, isteʼdodini rivojlantirish, yoʻnaltirishga qaratilgan taʼlim dargohlari – ayti parklar, kovorking markazlari, sport, musiqa va sanʼat maktablari qurildi. Avvaliga “Bu tabaqalanishga olib kelishi, oʻquvchilar biryoqlama bilim olib qolishi mumkin”, deya xavotirlarga sabab boʻlgan ushbu maktablarning oʻquv faoliyati yildan yilga takomillashib, yangi ixtisoslik fanlari qoʻshilib bormoqda. Ularda tahsil oluvchi oʻquvchilarning koʻrsatkichlari esa har qanday ota-ona orzusi va millat faxriga sabab boʻlib, kelajakka umid uygʻotyapti. Xususan, olti yil avval ochilgan ijod maktablari ham bu yil ilk bor “hosilga kirdi”. 2017-2019-yillarda yurtimiz boʻylab iqtidorli va ijodkor bolalarni qamrab olishga moʻljallangan Isʼhoqxon Ibrat (Namangan), Hamid Olimjon va Zulfiya (Jizzax), Ibroyim Yusupov (Qoraqalpogʻiston Respublikasi), Erkin Vohidov (Fargʻona), Abdulla Oripov (Qashqadaryo), Muhammad Yusuf (Andijon), Halima Xudoyberdiyeva (Sirdaryo), Muhammadrizo Ogahiy (Xorazm), Abdulla Qodiriy (Toshkent) nomlari bilan ataladigan ixtisoslashgan ijod maktablari tashkil etildi. Xoʻsh, bu taʼlim dargohlari nimasi bilan oddiy maktablardan farq qiladi.

 

 

Avvalo, ushbu maktablarga oʻquvchilar 7 sinfdan tanlov asosida, maxsus imtihonlar yordamida bilimi va isteʼdodiga koʻra saralab olinadi. Ammo, aytaylik, oʻquvchi oʻta bilimli, biroq isteʼdodi aniq fanlar yoki ijodga aloqador boʻlmagan boshqa bir sohaga yoʻnaltirilgan boʻlsa ham qabul qilinmasligi mumkin. Chunki ushbu maktablar oʻquv rejasiga koʻra, notiqlik sanʼati, xalq ogʻzaki ijodi, matnshunoslik, publitsistika, tarjima qoidalari, dramaturgiya fanlarini oʻqitishga haftasiga 25 soat ajratiladi(7-11 sinfda jami soat 175). Oʻquv jarayonida oʻquvchilar dunyo kinematografiyasining 100 ta eng yaxshi namunasi va dunyo adabiyotining eng sara 100 ta asarini toʻliq oʻrganib, tahlil qiladi.

 

Shuningdek, ijod maktabining umumtaʼlim maktablardan boshqa farqlari:

 

- Ona tili, adabiyot, chet tillari va ixtisoslik fanlari kengaytirilib, chuqurroq oʻrgatiladi;

- sinflarda oʻquvchilar soni 20 nafarni tashkil etadi (boshqa maktablarda 35 nafar). Oʻz ustida mustaqil ishlashi uchun yetarlicha sharoit yaratilgan;

- mashhur adiblar, yozuvchilar, shoirlar ishtirokida muntazam ravishda mahorat darslari tashkil etiladi;

- oliy taʼlim muassasalariga biriktiriladi, OTM metodik yordam beradi, oʻqituvchilar bilan taʼminlaydi;

- 12 ta asosiy fanning (ona tili va adabiyot, tarix, matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika, tarbiya, rus tili, ingliz tili, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik) darslik va oʻquv dasturlari yangidan ishlab chiqiladi va interaktiv tarzda chuqurlashtirib oʻqitiladi;

- 10 ta toʻldiruvchi fanning (musiqa, tasviriy sanʼat va chizmachilik, texnologiya, jismoniy tarbiya, dunyo dinlari tarixi, davlat va huquq asoslari, odobnoma, vatan tuygʻusi, iqtisodiy bilim va tadbirkorlik asoslari) bir qismi asosiy fanlarga integratsiya qilinishi va qolganlarini fakultativ sifatida oʻqitilishi belgilanadi.

 

 

 

Baʼzan ota-onalar tomonidan imtihonlarning murakkabroq tuzilgani yoki qabulda bolaning ijodiy salohiyati ham rol oʻynashi borasida eʼtirozlar paydo boʻladi. Ammo u kabi tigʻiz va tizimli berib boriluvchi bilimlarga koʻnglida ijodga ishtiyoqi, isteʼdodi boʻlmagan oʻquvchi dosh berishi qiyin yoki juda tez zerikib qolishi ham mumkin. Oʻquvchilari boʻlajak tarjimon, jurnalist, lingvist olim, shoir, yozuvchi, diplomat boʻlib yetishishiga yoʻnaltirilgan ijod maktablari ochilganiga koʻp vaqt boʻlmay, oʻzini oqlay boshladi. Bu shunchaki hisobot yoki piar uchun aytiladigan gap emas. Zotan, misollarning oʻzi ham koʻrsatib turibdi voqelikni:

 

– Ijod maktablaridagi 202 nafar oʻqituvchilarning 43 foizi (87 nafari) xalqaro va milliy sertifikatlar sohibi hisoblanadi. Bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan 28 foiz (56 nafar)ga oʻsgan;

– 223 nafar 11-sinf bitiruvchilarining 83 foizi (186 nafari) xalqaro va milliy sertifikatni qoʻlga kiritgan va ularning 15 foizi muddatidan oldin xorijiy, 85 foizi esa mahalliy oliy oʻquv yurtlarida oʻqish imkoniyatiga ega boʻlgan. Bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan 28 foizga oʻsgan. Oʻquvchilar jami 5,3 mln AQSH dollari miqdoridagi grant sohibi boʻlishdi. Shuningdek, ulardan 3 nafari “El-yurt umidi” jamgʻarmasining stipendiyasi sohibiga aylanishdi;

– ijod maktablari uchun chuqurlashtirib oʻqitiladigan fanlar darsliklari 100 foiz mazmun va sifat jihatidan xalqaro talablar darajasida ishlab chiqildi;

– Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi bitiruvchisi Ergasheva Nilufarxon Akramjon qizi “Zulfiya” davlat mukofotiga sazovor boʻldi;

– Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi ijod maktabining 9-sinf oʻquvchisi Karimov Javohir Abdukarim oʻgʻli “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi;

– 410 nafar oʻquvchining ijodiy ishlarini oʻz ichiga olgan “Ijod bogʻidan guldasta” sheʼriy toʻplamining 4 ta soni chop etildi;

– ijod maktablari oʻquvchilarini zamonaviy va milliy kasb-hunarlarga yoʻnaltirish maqsadida 21 ta kasb-hunar roʻyxati tasdiqlandi. Bugungi kunda 1 098 nafar (68 foiz) oʻquvchiga zamonaviy va milliy kasblarga oʻrgatilmoqda.

 

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan davlat oliy taʼlim muassasalariga joriy yil bitiruvchilarining bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha oʻrtacha oʻtish ballarini hisoblaganda, respublika reytingining kuchli oʻntaligida 3 ta ijod maktabi nomi qayd etilgan: 2-oʻrinda Erkin Vohidov, 5-oʻrinda Isʼhoqxon Ibrat, 7-oʻrinda Abdulla Oripov nomidagi ijod maktablari. Shuningdek, kuchli 20 talikda 13-oʻrinni Halima Xudoyberdiyeva, 14-oʻrinni Hamid Olimjon va Zulfiya, 16-oʻrinni esa Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi egallagan.

 

 

 

9 ta ijod maktabining tuman, shahar, viloyat va respublikadagi oʻrinlari esa quyidagicha belgilangan:

 

 

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabining 37 nafar bitiruvchisidan 30 nafari mahalliy OTMlariga hujjat topshirgan va Toshkent shahridagi oʻquvchisi oʻqishga qabul qilingan maktablar kesimida 3-oʻrinni egallagan. Olmazor tumani boʻyicha esa 1-oʻrinni zabt etgan.

 

 

Garchi adabiy, ijodiy sohalarga yoʻnaltirilgan boʻlsada, ijod maktablari iqtidorli bolalarning qobiliyati va isteʼdodini oʻstirish bilan birga, dunyoqarashini ham kengayishiga hissa qoʻshmoqda. Ular erishayotgan yutuqlar bilangina cheklanib qolmay, ilm, axloq tarbiyasi, vatanparvarlik tuygʻularining bola qalbiga joylashishiga ham xizmat qilmoqda. Bunday xislatlarni oʻzida jamlagan insonlar bor jamiyatda esa butun shaxslar rivojlanadi, isteʼdod kuchayadi, mamlakat taraqqiy topadi.

 

Farzandlarimizdagi iqtidorni shakllantirish bilan yangi Beruniy, yangi Qodiriy yoki oʻzbekning Stiv Jobsi, Rokfellerini yarata olish imkoni bugun har birimizda bor. Faqat bolalarni toʻgʻri tushuna olish va yoʻnaltirishda gap. Ijod maktablari bu borada sizga kamarbasta boʻlishga doim tayyor.

Hilola NAZIROVA,

Tarix fanlari falsafa doktori,

Abdulla Qodiriy nomidagi

ijod maktabi direktori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 133
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22039
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//