Taniqli va faollardan “mandat kuni” xotiralari


Saqlash
22:58 / 22.08.2023 2001 0

2023-yil Oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan koʻp sonli abituriyentlar uchun 22-avgust sanasi tarixiy kunga aylanadi. Boisi, soat millari bugungi kunga oʻtishi bilan Bilimlarni baholash agentligi oʻz telegram kanalida mandat xushxabarini eʼlon qildi.

 

Yo quvonchdan, yo alamdan tong ottirolmagan yoshlar hayajonini oʻlchab boʻlmaydi. Shu o‘rinda, talabalikka erishgan yurtdoshlarimizni jamoamiz nomidan samimiy tabriklaymiz.

 

Hamma davrda ham oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish shaxsiy rivojlanishning muhim bosqichi boʻlgan. Biroq bundan bir necha yillar oldin kirish imtihonlari va abituriyent imkoniyatlari biroz boshqacharoq edi. Masalan, abituriyent bir yilda asosan bir taʼlim muassasasiga faqatgina bir yoʻnalish uchun hujjat topshira olgan. Talaba boʻlsa – kuldi omad, yoʻqsa yana bir yil maqsad uchun kurashilardi. Hozir esa bunday emas, buni juda yaxshi bilasiz.

 

Ayni mandat kuni Oyina.uz bir necha yillar oldin talabalikka erishgan va ayni damda oʻz sohalarida yetuk mutaxassisga aylangan ba’zi yurtdoshlarimizga yuzlandi. Ularning mandat xotiralarini sizga ham ilinamiz.

 

Dildora Rustamova, taniqli suxandon, dublyaj aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

 

 

Maktabni bitirgan yilim Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirganman. Chunki ota-onam shifokor bo‘lishimni xohlashgan. Lekin o‘qishga kira olmadim. Ikkinchi yili  teleboshlovchi bo‘lish maqsadida hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirdim. Albatta, ota-onam roziligi va duolari bilan astoydil tayyorlandim. Ijodiy imtihonda men to‘plagan ball o‘zimni biroz qoniqtirmadi. Chunki men yozma ishni a’lo darajada topshirgan edim. Biroz ranjidim ham. Test bosqichidan munosib o‘tganimdan so‘ng “mandat kuni”ni kutish boshlandi. O‘sha kun kechagidek esimda… Natijalar e’lon qilindi va men ikkinchi o‘rinda grant asosida talabalikka qabul qilindim. Birinchidan, mehnatim samarasini berdi, ikkinchidan, ota-onam yonida yuzim yorug‘ bo‘ldi. Bundan juda xursand bo‘lganman.

 

Ayub Shahobiddinov, taniqli kinorejissor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

 

 

1994-yil maktabni bitirganimdan so‘ng O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirganman. Qizig‘i, natijalarni ko‘rishga borsam ba’zi tanishlarim tabriklab kutvolishgan. Ular natijalarni mendan oldin bilishgan ekan. Abituriyentdan talabaga aylandim. Birinchi yil bo‘lgani uchun menda nisbatan oddiy hissiyot bo‘lgan. Lekin ota-onam juda xursand bo‘lishgan.

Institutni bitirganimdan so‘ng 2000-yilda Moskva ssenaristlar va rejissorlar Oliy kursiga hujjat topshirganman. Mandat chiqqanida hali Moskvada edim. Qo‘ng‘iroq qilganimda ular o‘qishga kirganimni aytishdi. Bu men uchun juda katta xursandchilik bo‘lgan. Oila a’zolarimga qo‘ng‘iroq qilganman, ozarbayjon va chechen talabalari bilan bu xabarni bo‘lishganman… Xullas, kino sohasidagi nufuzli xalqaro o‘quv dargohi talabasi bo‘lganimdan g‘ururlanganman.

 

Sevara Oʻrinboyeva, Adliya vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi:

 

 

2004-yil litseyni tamomladim. Litseyda o‘qish mobaynida ikki yil repetitorga ham borganman. Meni o‘qishga tayyorlagan ustozim avvalo o‘zimizga ishonishni o‘rgatgan. Shuning uchun, nuqul grant asosida o‘qiyman derdim. O‘zbekiston jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga hujjat topshirayotganimda ayrimlar yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lishgan. Ular ball nisbatan pastroq bo‘lgan oliy ta’lim muassasasini tanlashim kerakligini uqtirishgan. Baribir tanlovimda qat’iy turib oldim va kirish imtihonlaridan munosib o‘tdim.

 

Natijalar e’lon qilingan kun. Men ro‘yxat ilingan doskadan o‘zimni topa olmay rosa xunob bo‘lganman. Yiqilganlar va kontrakt asosida o‘qishga kirgan talabalar orasida yoqman. Nihoyat o‘zimni grant asosida talabalikka qabul qilinganlarning 10-pog‘onasidan topdim. Quvonchim ichimga sig‘masdan o‘sha kuni kursdoshim ekanligi ma’lum bo‘lgan, men bilan 4 yil birga o‘qigan notanish yigitga xushxabarni aytdim. U ham meni tabriklay ketdi.

 

Ota-onamga aytish uchun qo‘l telefon yo‘q. Darrov Ohangaronga yo‘l oldim. Hayajondan binoning chiqish eshigini ham topolmay qolganman. Vaqt esa nazarimda juda sekin o‘tardi. Birinchi bo‘lib onamlarga aytdim – xursandchilikni ko‘tara olmay ularning qon bosimlari oshib ketdi. O‘zlariga kelgach, meni mahkam quchoqladilar. Hamma xursand. Ustozim yonida ham yuzim yorug‘ bo‘ldi.

 

To‘g‘ri, birinchi urinishdayoq, talaba bo‘lganman. Lekin bu uchun tinimsiz mehnat qilganman.

 

Shu o‘rinda aytib o‘tib ketay, “yiqilish” hissiyotiga ham begona emasman. Magistratura bosqichida bir necha bor bu hissiyotni boshdan o‘tkazdim. 2021-yilga kelib UzJOKUning magistraturasiga davlat granti asosida qabul qilinganman.

 

 

Botir Ergashev, taniqli shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi orinbosari:

 

 

1993-yil Respublikamizda test sinovlari joriy qilinganining birinchi yili edi. Shu yili maktabni tamomlab, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirdim. 20-avgust kuni imtihon natijalari e’lon qilindi. Barcha abituriyentlar qatori talabalar roʻyxatidan oʻz ism-sharifimni izlay boshladim. Kimdir ro‘yxat boshidan, kimdir oxiridan tepaga qarab qidiradi. Men esa ro‘yxatdagi ikkinchi qatordan boshlab oxirigacha qidirib chiqdim, roʻyxatda yoʻqman. Qishloqlik bir kambagʻalning bolasi ne-ne mashaqqatlar bilan oʻqishga kelsa-yu, natija nahotki shunday boʻlsa… boʻlishi mumkin emas, deb qaytadan roʻyxatga koʻz yugurtirdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, eng yuqori ball bilan birinchi oʻrinda turibman. Ana shunday hayajonlar bilan birinchi urinishdayoq talabalik nasib etgan.

 

Komila Abdullayeva, huquqshunos, bloger:

 

 

Ota-onam bolalikdan mening o‘qishimga jiddiy e’tibor qaratishgan. 4-sinfdan iqtidorli bolalar gimnaziyasida, 6-sinfdan “Umid” litseyida o‘qiganman. Hamma mening bilimimga va birinchi urinishdayoq talaba bo‘lishimga ishonardi. Litseyda o‘qish qiyinroq bo‘lgani uchun repetitorga biroz kechroq bordim. Lekin o‘zimga ishonardim. Hujjat topshirish vaqti yetib keldi va men Toshkent davlat yuridik universitetining abituriyentiga aylandim. Testlar kutganimdan ancha murakkablashgandi. Xususan, o‘sha vaqtlarda tarix hamda ona tili va adabiyoti fanidan sistematik testlar ko‘paygan. Umuman, abituriyentlarda bunday testlarni yechish bo‘yicha ko‘nikma shakllanmagan edi. Men ham biroz qiynaldim. Mandat kuni yetib kelganidan so‘ng natijalarni bilish uchun dadam Toshkentga keldilar. Kutish juda og‘ir edi. Afsuski, yuqori ball bilan yiqilibman. Xafa bo‘ldim, yig‘ladim… Ota-onam esa menga dalda bo‘ldi. Xullas, bir yil umrimni yana tayyorlanishga sarfladim. Bu gal imtihondan ko‘nglim to‘ldi. Test natijalarini bilish uchun 10-avgust kuni dugonalarim bilan Jizzahdan Toshkentga keldik. Lekin mandat kechikdi, oxirgi pullarimizni va oxirgi sabrimizni sarflab kutdik. 13-avgust kuni natijalarni bildik va men talaba bo‘lgan edim. Xursandchiligim cheksiz bo‘lsa ham hech kimga indamay uyga yo‘l oldim. Onamlarning ishxonasiga keldim va xushxabarni avval ularga aytdim. Bayram bo‘lib ketdi… Keyin birin-ketin yangilikni yaqinlarimizga ulashdik. O‘sha vaqtlari osmonda uchib yurganman. Yana bir narsani eslayman, shu qadar berilib tayyorlanganimdan tarix kitoblarini o‘qish odatga aylanib qolgan ekan – natija chiqqanidan keyin ham kitoblarimni varaqlab chiqaverardim.

 

Niso Turdiyeva, O‘zbekistondagi yagona ayol kardioxirurg, tibbiyot fanlari nomzodi, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi:

 

 

Maktab davridayoq kimyo-biologiya fanlariga ko‘proq qiziqqanman va shifokor bo‘lishni orzu qilganman. Maktabni tamomlaganimdan so‘ng ketma-ket ikki yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutidan yiqilganman. 2003-yil uchinchi bor hujjat topshirdim va mandat vaqti uyda edim. O‘sha kun aniq esimda. Dasturxon boshida hammamiz xonim yeb otirgan edik. Shu payt Toshkentdagi qarindoshlarimiz qo‘ng‘iroq qilib o‘qishga kirganimni aytishgan. Kontrakt bo‘lganim uchun otam o‘qitmayman, degandilar. O‘shanda mendan ham ko‘p, onam yig‘lagandilar. So‘ng opamlar oyliklaridan yordam berishlarini aytib, otamni ko‘ndirganlar… Mashaqqat bilan o‘qidim. Lekin mevasini ko‘rayapmiz.

Hozir ham oilaviy xonim yeb o‘tirsak, o‘sha kunni eslaymiz… Telefonni o‘chiringlar yomon xabar kelmasin, deb hazillashamiz.

Keyinroq Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot institutida hamda Moskvadagi A.N.Bakulev nomli Yurak-qon tomir jarrohlik markazida ham tahsil olganman. Hozir yaqinlarim men bilan faxrlanishadi.

 

Shokir Holiqov, taniqli kinorejissor va ssenarist, ko‘plab xalqaro tanlovlar g‘olibi:

 

 

To‘rtinchi urinishdagi hayajonni tasavvur qilavering. 2014-yil O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio rejissorligi yo‘nalishiga hujjat topshirganman. Natijani kechasi soat 1 da bilganman. 157 ball – kontrakt. Uzoq urinishlardan so‘ng talaba bo‘lish xursandchiligi butunlay boshqacha bo‘lgan. Yarim tunda hamma tanishlarimga qo‘ng‘iroq qilib o‘qishga kirganimni aytib chiqqanman. Xullas, uxlamaganman shu kuni. U paytda beshta muassasadan birini tanlash imkoniyati yo‘q, talabalikka erishish har holda hozirgidan ko‘ra ancha hayajonliroq edi.

 

Albatta, talabalikni boshdan o‘tkazgan har bir yurtdoshimizning o‘z hikoyasi bor. Aynan qizg‘in pallada Siz ham chellenjni davom ettiring. Surat va izohingizni Facebook ijtimoiy tarmog‘iga Oyina.uz portalini belgilagan holda joylang hamda #mandatxotiralari heshtegini qoldiring.

 

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz





Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 120
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//