Qatag‘onda eng birinchilardan o‘ldirilgan qurbon Sa’dulla Qosimovning panada qolayotgan katta ishi


Saqlash
19:08 / 21.08.2023 1040 0

1917-yil davlat to‘ntarishi yo‘li bilan hokimiyatni qo‘lga olgan bolsheviklar o‘z oldiga jahon tarixida ilk bor proletar davlatini yaratish vazifasini qo‘ydi. Yo‘qsillar dohiysi Lenin tomonidan ilgari surilgan “g‘oya” qanchalik xayoliy va g‘ayriilmiy bo‘lsa, uni ro‘yobga chiqarish jarayoni ham shunchalik shafqatsiz va g‘ayriqonuniy tarzda amalga oshirildi. Sho‘rolar mamlakat markazida vujudga kelgan og‘ir vaziyatda siyosiy nayranglar, aldov va terror vositasida hokimiyatni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, chekka o‘lkalarda “proletar inqilobi”ni qurol kuchi yordamida, qonxo‘rliklar evaziga joriy etdi. Uzoq muddatli va g‘arazli reja asosida qizil imperiya boshqaruv tizimini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, Sho‘ro hukumati milliy respublikalarni mustabid tuzum iskanjasida mustahkam ushlab turishi uchun, eng avvalo, “sotsializm” niqobiga yangi mustamlakachilik siyosatini yashirishi, uning oshkor bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasligi zarur edi. Buning uchun bolsheviklar partiyasi har bir tarixiy bosqich, vaziyatda sharoit va asosiy maqsaddan kelib chiqib milliy siyosat yo‘nalishi, mohiyatini o‘zgartirib bordi.

 

Masalan, 1917–1924-yillar davomida partiya milliy siyosatining asosiy negizi bo‘lgan “millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi”ning kun tartibiga qo‘yilishi va uning bolsheviklar “andozasi” asosida amalga oshirilishi natijasida sun’iy ravishda milliy respublikalar tashkil qilindi. 1925-yildan boshlab milliy siyosatning asosiy yo‘nalishi va maqsadi millatlarning amaldagi tengsizligini tugatishga qaratilgan bo‘lib, buning uchun “milliy respublikalarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy qoloqligiga barham berish” vazifasi qo‘yildi. Mazkur vazifani amalga oshirish jarayonida davlat qurilishi ishlariga mahalliy millat kishilarini keng jalb qilish, davlat apparatini “mahalliylashtirish”ga muhim ahamiyat berildi. Respublika aholisining 1% dan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi kommunistlar sovetlarda, ayniqsa, Oliy Kengash, viloyat, shahar va tuman kengashlarida aksariyat o‘rinlarni egalladi. Rahbar organlar odatda faqat kommunistlardan tarkiblanardi. Yangi iqtisodiy siyosatga chek qo‘yilishi jarayonida ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va shaxsga sig‘inish qaror topib bordi. Sovetlar tarkibi va rahbariyati, ayniqsa respublika siyosatini belgilovchi pog‘onasidagi o‘rinlarning aksariyat qismi partiya-sovet apparati, partiya-sovet amaldorlari qo‘liga o‘tdi. Mehnatkashlarning eng ommaviy tashkilotlari – kasaba uyushmalari ham, dehqonlarini g‘oyaviy jihatdan birlashtirgan “Qo‘shchi” ittifoqi ham mutlaq hukmron kommunistik partiyaning “dastyoriga” aylanib qoldi. Mustabid tuzum yoshlarni kommunistik jamiyat soldatlariga aylantirishda kommunistik yoshlar ittifoqi (komsomol)ni tashkil etdi. Mamlakatda ma’muriy-buyruqbozlik tizimi qaror topib mustahkamlanib borishi bilan bir qatorda respublikaning butun ijtimoiy-siyosiy hayoti muttasil siyosiylashtirilib va baynalminallashtirilib borildi. Shunisi xarakterliki, “nomenklatura”dan tashkil topgan davlat hokimiyati apparati sekin-asta byurokratlasha bordi, xalqdan tobora uzoqlashib, kommunistik rejimga jon-jahdi bilan xizmat qildi. Shu tariqa, “omma inqilobiy ijodi”ning organi bo‘lgan sovetlar partiya qo‘mitalarining butunlay ta’siriga olinib, ularning “qo‘g‘irchog‘i”ga aylanib bordi. Natijada sovetlar amalda o‘z mustaqilligini yo‘qotdi, sovetlar partiya bilan omma o‘rtasidagi “aloqa vositasi”ga, partiya qarorlarining oddiy ijrochisiga aylandi. Albatta, bu jarayon o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmagan, Stalin shaxsiy hokimiyatini mutlaqlashtirish maqsadida amalga oshirgan qatag‘on siyosati va uning rahbarligida Sho‘ro jazo organlari ВЧК-ГПУ-ОГПУ jallodlarining millionlab insonlar taqdiriga nisbatan e’lon qilinmagan shafqatsiz urushi evaziga amalga oshirildi.

 

Kommunistik partiya o‘rnatgan ana shu mustabid tuzum va u amalga oshirgan “sotsialistik tajriba”ni mahalliy xalqlar, avvalo, uning ilg‘or vakillari zo‘r norozilik bilan kutib oldilar. Ular Markazning zo‘ravonligiga qarshi ochiq tanqidiy fikrlar bildirdi, xalqning milliy madaniyatini, an’analari va urf-odatlarini, ko‘p asrlik ma’naviy merosini saqlab qolishga intildilar. Sovet ittifoqini oshkora ravishda “qizil imperiya” deb atadi. O‘zbekistonda “sotsialistik islohotlar”ni respublikaning muayyan tarixiy va milliy-maishiy shart-sharoitlarini hisobga olgan holda o‘tkazilishi uchun kurashdi. Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov va boshqa siyosiy yetakchilar ham o‘z faoliyati davomida sho‘rolarning Chor imperiyasi mustamlakachilik siyosatini davom ettirayotganligini anglab yetganlar va unga imkonlari darajasida qarshilik ko‘rsatishga harakat qilganlar. Biroq mustabid tuzum boshqacha fikrlashga mutlaqo toqat qilolmasdi. 20-yillarning ikkinchi yarmi – 30-yillar mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi keng qatag‘onlar o‘tkazish davri bo‘ldi. Respublikaning vatanparvarlik kayfiyatidagi rahbar xodimlarini birlashtirgan “g‘ayripartiyaviy” guruhlar (“18lar guruhi”, “Inog‘omovchilik”, “Qosimovchilik”) birin-ketin “fosh etildi”. Umuman, bu o‘ylab topilgan “jinoiy qilmish”larning barchasi mahalliy hukumatning irodasini sindirish va uni Markaz buyruqlarini so‘zsiz ijro etishga xizmat qiluvchi mashina sifatida shakllantirishni ko‘zda tutgan edi. Bu siyosatning ochiq-oydin emas, aksincha, turli bahonalar orqali yashirin olib borilishidan maqsad esa xalqning mehnatkashlardan iborat katta qismining ko‘zini bo‘yash bo‘lgan. Shu sharoitda mamlakatda qo‘rquv muhiti qaror topib, ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga sharoit yaratib borildi.

 

Mazkur qatag‘on siyosiy kampaniyalarining eng mash’umi va kulminatsiyasi, shubhasiz, “Qosimovchilik ishi hisoblanadi. Afsuski, “Qosimovchilik ishi va Sa’dulla Qosimov faoliyatiga hali hamon na tarixchilar va na siyosatshunoslar tomonidan aniq javob, baho berilgan emas. Hatto Sa’dulla Qosimov “ishi” qayta ko‘rilmagan ham, aniqroq aytsak, oqlanmagan. Shu o‘rinda mazkur maqolaga tayyorgarlik jarayonida ayrim hujjatlarni qayta titkilashga to‘g‘ri keldi. Arxivlarda esa shu vaqtgacha olimlar tomonidan tadqiqotga tortilmagan juda katta hujjatlar mavjud ekanligi aniqlandi.

 

Sa’dulla Qosimov 1924-yil dekabrdan Toshkent viloyat sud raisi o‘rinbosari, 1925-yil mart oyidan Toshkent viloyat sudi raisi bo‘ldi. U viloyat sudida hamkasblari Isa Muhammedov, Mansurxo‘jayev, Atabayev, prokurorlar Qurbonov, Abdurashitovlar bilan qisqa muddatda ulkan ishlarni amalga oshiradi. Sa’dulla Qosimov xalqning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va qonuniylikni ta’minlashda keksa shariat qozilari tajribalaridan unumli foydalanadi. Ish faoliyatida Chor imperiyasi sud amaliyotida ishtirok etgan ilk o‘zbek huquqshunoslari Ubaydulla Xo‘jayev, Toshpo‘lotbek Norbo‘tabekovlar unga ustozlik qiladi. Jumladan, 1925-yil 9-dekabr kuni Sa’dulla Qosimov raisligida Toshkent viloyat sudi plenar majlisida 1926-yil 5-yanvarda 1-Toshkent viloyat sud ishchilari konferensiyasini o‘tkazish bo‘yicha qaror qilinadi. Unda Ubaydulla Xo‘jayevning “Viloyat sudi va yuridik kurslar faoliyati”, Toshpo‘lotbek Norbo‘tabekovning “Joylarda huquqiy yordam holati”, shuningdek, “Sud ishchilari orasidagi ayollar faoliyati”, “Nikoh qonunchiligi loyihasi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglanishi belgilab olindi[1].

 

Sa’dulla Qosimov 1925-yil dekabrdan (25 yoshida) O‘zSSR MIK Prezidiumining qarori asosida O‘zSSR Oliy sudi raisi bo‘lib ish boshladi. U O‘zSSR Oliy sudi raisi sifatida hali Samarqandda, hali Andijonda, hali Qashqadaryoda, hali Buxoroda bo‘lar, har bir ishni diqqat bilan o‘rganib, halol, adolatli va xolis yechimga kelardi. Sa’dulla Qosimov vijdon qonunini proletar qonunlardan yuz bor ustun qo‘yardi. Bu esa proletar diktaturasi qonunlariga zid edi.

 

Sa’dulla Qosimov shijoatli, huquqshunos sifatida haqiqiy iste’dod sohibi edi. U hamisha amaliyotni ilm bilan uyg‘un rivojlantirishga intildi. Uning tashabbusi bilan 1928-yil 5-mart kuni Samarqand shahridagi Oliy Sud binosi zalida O‘zbekiston yustitsiya ishchilarining 1-Respublika syezdini o‘tkazishga qaror qilindi. Shu munosabat ila 1928-yil 14–19-fevral kunlari O‘zSSR Adliya xalq komissarligi prokurori Ahmadbek Mavlonbekov SSSR Oliy rahbariyatiga, jumladan RSFSR Adliya xalq komissari Yansonga, uning o‘rinbosari Krilenko va SSSR Oliy Sudi prokurori Krasikovlarga taklifnoma yo‘llaydi[2]. Ittifoqning bosh huquqshunosi bo‘lmish Yansonga “O‘ylaymizki, mazkur Syezd Respublikamizda Yustitsiya idoralarining faoliyatini yaxshilashga yangi turtkilar beradi. Umid qilamizki, Siz bizning Syezdimizda ishtirok etasiz. Salom bilan: A.Mavlonbekov” deb murojaat etadi. Syezd kun tartibida birinchi ma’ruza O‘zSSR prokurori Ahmadbek Mavlonbekovning “Adliya xalq komissarligi ishi va inqilobiy qonunchilik amaliyoti haqida” bo‘lsa, uchinchi ma’ruza O‘zSSR Oliy sudi raisi Sa’dulla Qosimovning “Jinoyat va sud siyosatining boshlang‘ich asoslari haqida” edi. Shuningdek, anjumanda “Sud-tergov apparatini ratsionallashtirish haqida”, “Yustitsiya idoralarida ijtimoiy-siyosiy ish”, “Jinoyat-protsessual Kodeksining yangi loyihasi haqida” kabi o‘ta jiddiy mavzulardagi ma’ruzalar tinglanishi rejalashtirilgani ta’kidlandi. O‘zSSR OGPU rahbari, o‘rinbosarlari va okrug bo‘limlari boshliqlarini ham tadbirga taklif etib, ulardan syezd ishtirokchilarini qisqa muddatda yotoq bilan ta’minlashda ko‘maklashishni so‘raydi. Ayni paytda Tojikistondagi va boshqa ittifoqdosh respublikalardagi hamkasblarini ham chorlaydi. Maxsus xat bilan “Qizil O‘zbekiston”, “Правда” kabi gazetalardan jarayonni keng targ‘ib va tashviq etish so‘raldi.

 

Qurultoy o‘ziga xos hashamat, yuksak tashkiliy intizom va bahs-munozaralar ostida qizg‘in ruhda o‘tdi. Tantanali ochilishdan so‘ng 7-mart kuni ilk ma’ruzani Ahmadbek Mavlonbekov o‘qidi. U fikrini sho‘ro an’analariga mos balandparvoz gaplar bilan emas, jonli misollar asosida tahlil qilib berdi. Davlatning mustahkamligi uning adolat tamoyillariga naqadar asoslanganiga bog‘liqligiga urg‘u berdi. Mavjud vaziyatni qat’iy tanqid ostiga olib, har bir jabhada qonuniylikka amal qilishda malakali va ma’lumotli xodimlarni ko‘paytirish zarurligiga to‘xtaldi. O‘zSSR Oliy sudi raisi Sa’dulla Qosimov ma’ruzasi ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

 

Hozirda tadbirning to‘liq tafsilotlari aks etgan hujjatlar qo‘limizda mavjud emas, albatta. Hatto ma’ruzalarning matni ham keyinchalik yo‘q qilingan ko‘rinadi. Boisi, o‘sha vaqtda o‘zini O‘rta Osiyoning norasmiy egasi deb bilgan Sredazbyuro rahbarlari anjumanda yosh o‘zbek huquqshunoslarining tashabbuslarini ko‘rib talvasaga tushib qoladi. Imkon qadar tadbirning ahamiyatini pasaytirib ko‘rsatishga, sho‘ro matbuotida yoritmaslikka harakat qildi. Aksincha, Markazga syezd haqida turli xil bo‘htonli axborotlar yo‘llandi.

 

1928-yil 20-iyun sanasi bilan O‘zSSR Oliy Sudi raisi Sa’dulla Qosimovning Samarqand syezdidagi JPK islohoti haqidagi savollarga javob berishlarini so‘rab Moskvaga murojaat etishi vaziyatni yanada olovlantirib yuboradi. Jumladan, murojaatda qurultoyda ko‘tarilgan Tergov apparatini to‘liq prokuratura nazoratiga o‘tkazish, tuman sudlarida tayinlov majlislarini bekor qilish kabi masalalarning javobini talab qiladi. Faqat talab qilmasdan savollarning mohiyatini anglatadi va ma’lum bir yechimlarni ham taklif etadi. Bu murojaat aslida sud-huquq tizimida qonuniylik va adolatni o‘rnatish uchun prokuror va sudlarga kengroq imkoniyat berish va shu orqali GPUning kundan kunga avj oldirayotgan qonunsiz qiynoq-qatag‘onlariga chek qo‘yishga qaratilgan edi. Buni anglagan Markaz shu vaqtdan Sa’dulla Qosimovga qarshi e’lon qilmay urush boshlaydi.

 

1929-yil boshlarida Markaz Sa’dulla Qosimovning ustidan millatchilik va poraxo‘rlikda shikoyat tushgan, degan bahona bilan uning mehnat faoliyati ustidan tekshirish belgilaydi. Shu maqsadda Moskvadan Rastopchin, Kornilov (OGPU)lar hamda mahalliy vakil Ahmadbek Mavlonbekovlardan iborat komissiya tuziladi. Komissiya 1929-yil 3-mart kuni S.Qosimovni o‘z vazifasidan rasman ozod qilib, qamoqqa oladi. Uch oy davom etgan tekshirish va tergovlarda birorta ayblov o‘z isbotini topmaydi. Natijada Sa’dulla Qosimov ozodlikka chiqib, hatto o‘z ishiga tiklanishga erishadi. Komissiya Moskvaga borishi bilan jiddiy tanqidga uchraydi. Ular uchun haqiqat emas, har qanday holda o‘zining siyosatiga qarshi chiqqan S.Qosimov mahv etilishi kerak edi.

 

Tez orada Ahmadbek Mavlonbekov ham sirli ravishda o‘lim topdi. Sho‘ro matbuoti “Qosimovchilik” ishi haqida deyarli har kuni bir-biridan vohimali buyurtma maqolalar bosib xalqni hadik va qo‘rquv iskanjasida tutishga intiladi. Bu soxta kampaniyaga nafaqat oddiy jurnalistlar, turli soha xodimlari, oddiy ishchi-dehqonlardan tortib, adabiyot, fan va siyosat arboblarigacha jalb etildi. Jumladan, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi birinchi kotibi vazifasida ishlagan Akmal Ikromov o‘zining Samarqanddagi “Qosimovchilik” ishiga bag‘ishlangan ma’ruzasida sho‘rolarning davlat apparatini “milliylashtirish” borasida amalga oshirilayotgan siyosatning maqsadga nisbatan teskari ekanligiga e’tibor qaratib: “...Men sizga bir necha raqamlarni misol keltiraman: siz bilasizki, 1930-yilning sentabr oyigacha ba’zi birinchi navbatdagi idoralarning o‘zi apparatlarini 100 foiz o‘zbeklashtirib, o‘zbek tilida ishlashlari to‘g‘risida Markaziy qo‘mita O‘rta Osiyo byurosi, O‘zbekiston KP(b) markaziy qo‘mitasining qarori va O‘zbekiston markaziy ijroqo‘mi bilan xalq kamissarlari sho‘rosining dekreti chiqqan edi. Bu qarorni chiqarganimizdan ikki yil o‘tkandan keyin mana shunday natija hosil bo‘ldi: 1928-yilning mart oyida 23,5 foiz o‘zbeklashtirilgan bo‘lsa, 100 foiz o‘zbeklashtirilishi lozim bo‘lgan bir vaqtda 22,6 foiz o‘zbeklashtirilgan, ya’ni o‘zbeklashtirish 0,9 foizga kamaygan. Partiya va hukumat qaroriga muvofiq idora ishlarining ikki tilda olib borilishi lozim, men (yevropalik – muallif) mutaxassislar o‘ltirgan savdo xalq komissarligi, xalq xo‘jaligi oliy sho‘rosi va gosplan kabi idoralar to‘g‘risida gapirmay, omma bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lgan idoralar haqida gapiraman. Masalan, Samarqand okrug ijroqo‘mi yozuv-chizuv ishlarining 57% ini faqat rus tilida olib borgan bo‘lsa, shahar sho‘rosi 90% ini ruscha olib borgan. Faqat o‘zbekcha kitoblar chiqarib tura turgan O‘zbekiston davlat nashriyotida ish va yozuv chizuvning 58% ruscha olib boriladi. Sud bilan aloqador bo‘lgan adliya xalq komissarligi o‘z ishlarining 60% ini ruscha olib boradi. Faqat dehqonlar bilan muomalada bo‘lgan yer ishlari, xalq komissarligidagi ishlar 80% ruscha olib boriladi. Siz bu idoralarda qanday kallavaramlar o‘tirganini ko‘rib kularsiz, haqiqatda esa bunda g‘oyat qiziq siyosat yashiringan... Masalan, mehnat birjasidan marhamat qilib mol do‘xtiri yuboringiz, lekin albatta rus tilini bilgan kishi bo‘lsin deb so‘raydilar”[3] deydi.

 

Bu masalada so‘zga chiqqan Usmon Yusupov yanada muhimroq ma’lumotlarni o‘rtaga tashlaydi. U ham qog‘ozda o‘zbeklashtirish siyosati kuchaytirilayotgan holda amalda butunlay aksincha siyosat yuritilayotganligini ma’lum qiladi. U “Yerli xalqni sanoatga tortish ishida jiddiy yo‘qotishni ko‘ramiz, yerli xalq ishchilarining soni ishchilarning umumiy soniga nisbatan so‘nggi yilda 71% dan 59% ga tushib qoldi. Sanoat to‘xtovsiz o‘sib turgan paytda ham shunday ahvolni ko‘ramiz. Xuddi shunday ahvol, apparatni o‘zbeklashtirishda ham hukm suradi. 1928-yil mart oyidan 1930-yil yanvarigacha adliya komissarligida yerli xalqning soni 2%, O‘zdavnashrda 9% kamaygan va hakozo... Mana shular hammasi bizning tomondan qat’iy choralar ko‘rilishini talab qiladi. Buyuk davlat shounizmining yuziga boqmay beliga tepish kerak... Apparatning haqiqatda butun ishni olib boradigan va yerli xalq bilan ishlashi kerak bo‘lgan asosiy qismi bo‘lsa, bundagi xizmatchilarning eng ko‘pi ovro‘polilardan. Yuqorida o‘tiruvchilar qog‘ozga qo‘l qo‘yadi, majlislarda o‘ltiradi, yerli xalqdan bo‘lgan kuryerlar xat tashiydilar, bugungi yerlilashtirishning manzarasi mana shu. Hatto yerli kuryerlardan ham rus tilini bilish talab qiling‘anini ko‘rsatuvchi bir qator hujjatlar bor. Endi, temir yo‘lidagi o‘zbeklashtirishga kelsak, bundagi ahvol tag‘in ham achinarliroq. Bu yerdagi mas’ul xodimlar o‘rtasida shu vaqtga qadar bironta o‘zbek yo‘q. Bular mutaxassislar o‘rtasida 0,5% xolos, konduktorlar o‘rtasida o‘zbeklarning soni bir yil ichida 4,9% dan 3,3%ga kamayib ketdi; katta konduktorlar orasida 9,6% dan 7,8% ga, kichik konduktorlar orasida 24%dan 7,3% ga, provodniklar 27% dan 9% ga tushib qoldi…”[4] deydi. Demak, yuqoridagi holatlarning ayni sho‘rolar o‘z qarorida belgilab bergan va yuz foiz (100%) o‘zbeklashtirilishi lozim deb ko‘rsatilgan 1930-yilda sodir bo‘layotgan voqe’lik edi. Ya’ni o‘zbeklar soni ko‘paytirilishi o‘rniga kamaytirilishi sodir bo‘lgan va tabiiyki, bu mahalliy rahbarlarning qat’iy noroziliga sabab bo‘lgan. Natijada sho‘ro apparatining markazida faoliyat olib borayotgan rahbarlar o‘z qilmishini yashirish maqsadida turli ig‘volar tashkillashtirib, milliy rahbarlarning yetakchilariga nisbatan keskin “urush” ochdi. Hatto strategik sohalardan mahalliy ishchilarni turli usullarda chetlashtirish siyosatini olib bordi. Bu borada ham U.Yusupov ma’lumot berib, “Yerli xalqlar apparatdan qay tariqada “chiqarib” tashlanadilar? RKI brigadasining ma’lumotlari, o‘zbeklarning apparatdan chiqarib tashlash sabablarini quyidagilar deb ko‘rsatadilar:

 

Apparatchilarning yuqoriga chiqarilganlarga jonsiz va byurokrat ko‘zi bilan qarashlari, ularga e’tibor qilmasliklari, ularni masxara qilishlari (O‘zpaxtasoyuz tashkilotida);

 

Yuqori chiqariluvchilar orasida tarbiyaviy ishning yo‘qligi;

 

Yuqoriga chiqarilgan o‘zbeklardan qutilish uchun ularni komandirovka qilib yuborish;

 

Yuqori chiqariluvchilardan texnika ishida foydalanish (O‘zbek selpromda);

 

Yerli xalqdan yuqori chiqariluvchilarga oylik miqdorini kamaytirish (O‘zgusseltrestda ovro‘poli instruktor 200 so‘m olgan hamda yerli xalqdan bo‘lgan instruktorga 175 so‘m oylik tayin qilganlar).

 

Yerli xalq ishchilarining maishiy ahvolining ovro‘poliklardan yomonroq sharoitda qolishi (O‘zelstoy)[5] kabi qator holatlar orqali o‘zbeklarni davlat va idoralar apparatidan siqib chiqarishning usullari haqida so‘zlab o‘tadi. Bu fikrni o‘sha davrda yana bir yirik partiya arbobi, keyinchalik mash’um stalincha qatag‘on qurboni bo‘lgan Abdulla Karimov ham davom ettiradi. U “Aksilinqilobiy millatchilik saboqlaridan ba’zi xulosalar” nomli maqolasida “Kuchayuvchi mahalliy millatchilikning muhim omillaridan biri ulug‘ davlat shovunizmidir... Velikarus shounizmi uncha aktiv emas, shu bois uning qo‘rqinchi mahalliy millatchilikka qaraganda kamroq deb o‘ylash va buning uchun Velikarus shovunizmi aksil inqilobiy ish qilgani yo‘q, deb dalil keltirish, ulug‘ davlat shovunizmiga, demak mahalliy millatchilikka ham yordamchi bo‘lish, degan narsani bildiradi”[6] degan fikrlarni bildirib, amalda mazkur muammolarning ildizini ulug‘ davlatchilik shovunizmiga olib boradi. Garchi ma’ruzalarning nomi “Qosimovchilik ishi” muhokamasiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, mazmunan mazkur davlat rahbar xodimlarining umumiy xulosasi stalinizm siyosatining nomaqbul jihatlarini ochiq tashlashga qaratilganligi ma’lum bo‘ladi. Vaziyatning qanchalik qaltisligiga qaramay O‘zbekiston davlat rahbarlari o‘zligiga, millatiga xiyonat qilmagani Stalin hukumatining siyosiy nayranglariga uchmagani, ularning kuchli irodasi va e’tiqodi ifodasidir.

 

1930-yil mart kuni S.Qosimov ayblov bayonnomasi SSSR Oliy sudi prokuraturasining muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi tomonidan tuzildi. Samarqandda ochilgan sud ishi 1930-yil 25-martdan 21-iyungacha bo‘lib o‘tadi. Uch oy davom etgan bu sud insoniyat tarixidagi eng manfur sahna sudi bo‘ldi. Davlat qoralovchisi R.I.Katanyanning hissiyotga to‘la nutqlarida huquqshunoslikka oid lotincha terminlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, haqiqatdan, adolatdan, eng oddiy insoniylikdan zarracha nishon yo‘q edi.

 

Sud zalida ataylab unga qaratilgan tahqirlovchi so‘zlar, kesatishlar aytiladi. U haqidagi maqolalar S.Qosimovni sho‘rolar mamlakatini ag‘darib tashlovchi kuchga ega haqiqiy xalq dushmani deb ayyuhannos soladi. Sa’dulla Qosimov aslo o‘zini yo‘qotmadi. Tiz cho‘kmadi. Ming marta talab qilishsa ham hech kimdan biror marta kechirim so‘ramadi. Karuskiy sud zalida “mana, o‘zini xuddi milliy qahramon burgut qilib tutayapti, hech narsa demaydi” deydi. Shunda S.Qosimov tilga kirib, uyimni tintuv qilishganida hamma qog‘ozlarimni olib ketishgan edi. Qolganlarini ham ko‘zimning oldida yoqib tashlashdilar. Bugun mening nomimga aytilayotgan bo‘hton va yolg‘onlarni hujjatlarimsiz qanday qilib isbotlayman. To‘g‘ri, sudda menga qancha bo‘hton aytishsa ham indamadim. Xo‘sh, nimani gapiraman. Kimgadir men ham tuhmat qilayinmi. Vijdonsiz yashagandan men uchun pok vijdon bilan o‘lim afzal-ku, deydi.

 

Albatta, sudda garchi ochiqligiga qaramay kerakli odamlar kiritilmasa-da S.Qosimov o‘zini juda yaxshi himoya qiladi. Har zamonda yozma savollar bilan sudning qanchalik tuban ahvoldaligini fosh qilib turadi. Quyidagi S.Qosimov va R.Katanyanning savol-javobi sovet sudining asl basharasini aynan ifodalaydi. Qosimovning “Agar men aksilinqilobchi bo‘lsam, buni menga isbot qilib beringlar!” degan talabiga, Katanyan “Siz o‘z xatti-harakatlaringizning oqibatlari qanday bo‘lishini oldindan ko‘rgansiz, siz o‘z faoliyatingiz bilan sovet hokimiyatining obro‘yiga putur yetkazayotganingizni oldindan bilgansiz. Shuning o‘zi bizga kifoya!” deb javob beradi.

 

1930-yil 25-martdan boshlangan matbuotdagi shovqin 3 yilgacha tinim bilmadi. Sovet matbuotida “Qosimovchilar sudi” jarayonining tayyorlanishi va amalga oshirilishi haqida poyga tashkil etildi. “Qizil O‘zbekiston”, “Правда Востока”, “Sharq haqiqati”, “Yangi Farg‘ona” gazetalarida keng miqyosda tinimsiz maqola va xabarlar bosildi. Birgina “Qizil O‘zbekiston” gazetasida (1930-y., aprel-sentabr) sud jarayoni haqida 75 ta maqola bosildi. Albatta, bu maqolalarning nomi qanchalik xilma-xil bo‘lmasin ichida zarra haqiqat yo‘q. Bari xalqning ko‘zini bo‘yash va qo‘rquvda ushlash uchun yozilgan edi.

 

1930-yil 9-may kuni so‘roqda Ubaydulla Xo‘jayev “Узбекистанское Правда” gazetasining 1930-yil 28-apreldagi 94-sonida bosilgan bo‘htondan iborat maqoladagi Sa’dulla Qosimov bilan bog‘liq “jinoyatlar”ning xatolarini birma-bir ko‘rsatib beradi[7]. “Milliy ittihod” ishining 16-tomida “Qosimov ishi”dan Badriddin Sharipovning so‘roq stenogrammasi keltirilgan. Unda Badriddin Sharipov o‘zining 1920-yil boshlarida Kattaqo‘rg‘onda militsiya boshlig‘i bo‘lgani va Urgutda tuman partiya komiteti kotibi Hoji Abduqodirning 1921-yil 70 ta vintovka va patronlarni olib yigitlari bilan Bahrombekka qo‘shilganini hikoya qiladi. Qoraqulbek avvaliga Bahrombek uchun odam yig‘ish bilan shug‘ullangani, keyinroq o‘zi guruh tuzib uning boshlig‘i bo‘lganini aytadi. “...Qoraqulbek Anvar poshsho, Zaki Validiylar bilan uchrashgan qo‘rboshilardan edi. U 1921-1922-yillar butun Kattaqo‘rg‘onga egalik qilardi. Hoji Abduqodir keyinroq “Tilla tish” nomi bilan Bahrombekda xizmat qilgan va Jumadan Chorjo‘ygacha temir yo‘lni buzish topshirig‘ini olgan edi. Lekin bolsheviklar ayovsiz qirg‘inni boshlab yubordi. Niyoz kuchuk Badriddin Sharipovning qarindoshiman, deb Qoraqulbekka bo‘ysunmay qo‘yadi. Shuning uchun 1922-yil bahorida Ochildov uni o‘ldirib yubordi. Keyinroq fitnalarga aldangan Ochildov Bahrombekni ukasi Shahriyor bilan birga Mussa bozorda otib, bir ungurga ko‘mib yuboradi. Uning odamlari bizga ularning kallasini keltirib tilla soat ham olgan edi. 1923-yil “Tillatish” menga yordam so‘rab bir necha marta xat yozgandi. So‘ng kurash maydalashib, endi maydonda Qoraqulbek va Yormuhammadlarga qolgandi” deydi. Albatta, bu guvohliklar Badriddin Sharipovning nafaqat milliy istiqlolchilar kurashidan xabardorligi, balki bevosita ichida bo‘lganidan dalolat beradi. Uning Sa’dulla Qosimov ishiga tortilishidagi asosiy sabab ham shu yerda. Ya’ni, Sa’dulla Qosimovning bosh maqsadi xalqni, ayniqsa uning ilmli, sha’n-u g‘ururi yuksak qismini “bosmachilik” tamg‘asi bilan g‘orat qilinishiga chek qo‘yish bo‘lib, bunga qarshi u hayot-mamot kurashiga kirishgan edi.

 

Sudga raislik qilgan SSSR Oliy sudi sudyasi Vasilyev-Yujin Sa’dulla Qosimovni qoralar ekan, asosiy ayblari sifatida Andijonda bir el oqsoqoli bo‘lgan boyning ishini ko‘rganida, xalq uning o‘limini kutayotgan bir vaqtda boyga 6 yil qamoq jazosi bergani, uning Ubaydulla Xo‘jayevning yaqin do‘sti ekanligi, bir necha sudda unga oqlovchilik vazifasini topshirganligi, hatto suratni ko‘rsatib, mana, uning yonida suyukli shogird sifatida turibdi, degan iddaolarini aytadi hamda qaynotasining savdogarligi, Eshonxo‘ja Xoniy qozi bo‘lganida unga katta hurmat ko‘rsatgani kabi gaplardan nariga o‘ta olmadi.

 

1931-yil 21-iyun kuni SSSR Oliy sudi nomidan Sa’dulla Rashidovich Qosimov, Badriddin Sharipov, Nasriddin Olimov, Vyacheslav Petrovich Spiridonovning hammasi oliy jazoga hukm qilindi. “Qizil O‘zbekiston” sahifalarida katta harflar bilan S.Qosimov ishi haqidagi so‘nggi hukm barchani larzaga soldi. Samarqandda maktab bolalari ko‘chalarga jamlanishib “Qosimovni otish hukmi to‘xtatilsin” deb yig‘lab qichqirishar edi. Bu voqeadan so‘ng milliy ziyolilar ham dahshatga tushdilar. Ular endi GPU xohlagan aybini o‘ylab topib, xohlagan insonni yo‘q qilib tashlaydi. Yaxshisi, ta’limni qo‘yib, eng qora ishlarga kiramiz. Shu yo‘l bilangina jonimizni saqlab qolishimiz mumkin ekan, degan xulosa keldilar. Albatta, O‘zbekistonning hukumat rahbarlari, jumladan, Akmal Ikromov ham bolalikdan do‘sti bo‘lgan S.Qosimovni tashlab qo‘ya olmas edi. Biroq osmon uzoq, yer qattiq. U qosimovchilik bilan bog‘liq nutqida bu holni “GPU mustamlakachiligi” deb ta’riflaydi. A.Ikromov S.Qosimov ishi bilan bog‘liq jarayonga yaqinlashtirilmadi. Hatto sudga ham hech kim yo‘latilmadi. Ular bu ishni o‘z bilganlaricha to‘qib bichdilar.

 

Aslida “Qosimovchilik ishi” Stalinning A.Ikromovga sovg‘asi edi. Fikrimni asoslash uchun D.Rizayevning guvohligidan keltirish mumkin: “Moskvada V qurultoy asnosida O‘zbekistonning doimiy vakili Muhiddin Tursunxo‘jayevni ko‘rgan edim. Unga xalq “Qosimov ishi” uchun A.Ikromovdan norozi, turli xil gaplar ko‘payib ketyapti. “Qosimov ishi” endi nima bo‘ladi, dedim. Muhiddin: Tamom, u otiladi. Moskvada Sa’dullaning qarindoshi Abdulhay Tojiyev ham butunlay tamom bo‘lgan, murdaday bir ahvolda. A.Ikromov ham ketishi mumkin. Ishlarni Moskvaning o‘zi kuzatib, tashkillashtirib turgan bo‘lishi mumkin, deydi... Shu tariqa Sa’dulla Qosimov “ishi” sho‘ro hukumati uchun abadiy dars bo‘ldi. Endi sud tizimiga hech qachon jadid ta’limini ko‘rgan, milliy g‘ururi yuksak zotlarni yaqinlashtirmaslik harakatiga kirishdilar. “Qosimovchilik” ishidan “dars” olgan boshqa sudyalar ham S.Qosimov “xato”sini qayta takrorlamaslikka harakat qildilar. Xulosa shulki, “Qosimovchilik” millat taraqqiyparvarlarining hurriyat orzusiga dahshatli zarba bo‘ldi. Uning ta’siri Cho‘lpon, Fitrat – butun milliy adabiyotda o‘zining mash’um izini qoldirdi. Bir so‘z bilan aytganda “Qosimovchilik” ishi “Katta qirg‘in”ning ibtidosi bo‘ldi.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori



[1] R Fond – 904, 8-ro‘yxat, 7-yig‘ma jild, Protokol №30, 93-bet.

[2] F-904, r-1, 153 ish, 8-varaq.

[3] Qosimovchilik milliy aksil inqilobchilik. A.Ikromov, U.Yusupov, A.Karimov. 1930. O‘znashr. Samarqand. 8-b.

[4] Sinfiy hushyorligimizni bolsheviklarcha kuchaytiraylik. Siyosiy natijalar va navbatdagi vazifalar. Usmon Yusupov. Qosimovchilik milliy aksilinqilobchilik. A.Ikromov, U.Yusupov, A.Karimov. 1930. O‘znashr. Samarqand. 28-b.

[5] Sinfiy xushyorligimizni bolsheviklarcha kuchaytiraylik. Siyosiy natijalar va navbatdagi vazifalar. Usmon Yusupov. Qosimovchilik milliy aksilinqilobchilik. A.Ikromov, U.Yusupov, A.Karimov. 1930. O‘znashr. Samarqand. 29-b.

[6] Abdulla Karimov. Aksilinqilobiy millatchilik saboqlaridan ba’zi xulosalar. Qosimovchilik milliy aksilinqilobchilik. A.Ikromov, U.Yusupov, A.Karimov. 1930. O‘znashr. Samarqand. 31-b.

[7] Munavvar qori yoxud “Milliy ittihod” ishi. 12 tom, 7078-betlar.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19292
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16363
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi