“Qorni to‘q, usti but ijodkorlarga ham nimadir yetishmaydi” – Jasur Kengboyevdan tengdoshlariga tasalli


Saqlash
21:28 / 18.08.2023 689 0

Qaysi asrda yashayotganimizni unutmagan holda, bugun oldimizda so‘yloq tishlarini g‘ichirlatib qayrab, so‘lagini oqizib o‘ljasini kutayotgan bo‘ri misoli pistirmada turgan muqarrar bir fojia haqida so‘z ochishga ahd qildim.

 

Adabiyotda ham fojia bo‘ladimi, dersiz. Bo‘lar ekan, qadrdon, bo‘lar ekan.

 

Ijod ahli, ayniqsa bizga o‘xshash na yosh, na o‘rtayashar qalamkashlar qalbida evrilishlar bilan bir paytda depsinish, depressiya, turg‘unlik kayfiyati ham “mehmon” bo‘lar ekan.

 

Ba’zan shunday o‘y-kechinmalar iskanjasida qolasizki, ular yurakni yeb ado qiladi, qog‘ozga tushirishga istihola etasiz: xayolga kelgani adabiy yuki yo‘q narsaday tuyulaveradi, o‘qigan odam nima deydi, deysiz. Yozmasangiz esa, yon-atrofda sodir bo‘layotgan har xil voqea-hodisalarga nisbatan shaxsiy qarashlaringiz ichingizda to‘planib-to‘planib qolaveradi, zardob misoli achqimtil hislar bezovta qilaveradi. Ular chiqib ketmagunicha halovat ham topmaysiz. Yelkangiz ustida turgan dumaloq a’zoning ichidagi olam ikki qutbga bo‘linib olib, betinim jang qiladi – o‘ng tomoni aql o‘laroq tilingni tiy deydi, chap tomoni telbalarcha hayqirgin, to‘lib-toshgin, o‘zligingni namoyon qil, qalbingni yuzaga chiqar, axir, kimdan, nimadan qo‘rqasan, bir boshga bir o‘lim tayin-ku, deydi. Aslan, qalban shu telba taraf bo‘lasiz, ammo o‘ng tomon ham bo‘sh kelmaydi, u ham haq, zero, qayerda, qaysi zamon va makonda yashayotganingizni eslatib turadi...

 

Xo‘sh, o‘ng-u so‘lingiz kurashida ikkisi ham teppa-teng kelsa, nima bo‘ladi?

 

Teng-to‘shlarimizning bugungi holiga dalolat bo‘ladi. Ulkan fojiaga – qo‘rquv, depressiya, ijodiy turg‘unlikka xamirturush bo‘ladi!

 

Yo‘q, aslo vahima qilayotganim yo‘q. O‘zingiz ko‘rib turibsiz-ku bugungi ahvolni. Ilgari ijodkor degani yoshi bir joyga borib qolganida, hayot-u ijodda ne-ne orzular qilib, ularga erisholmasa, umri poyonida sarobga duch kelsa, mansabidan ayrilib, jamiyatda yakkalanib qolsa yoki qanoti qayrilib, har xil “qora ro‘yxat”ga tirkalib, ruhiy iztiroblar makoni – umidsizlik dengiziga uloqtirilsa shunday ahvolga tushar edi.

 

Umidsizlikdan ham ko‘ra kuchli iztirob, azob-uqubat, fojia bormi?

 

Afsuski, asrdan-asrga, yildan-yilga yasharib borayotgan kasalliklar qatorida depressiya, ruhiy zo‘riqish, odamlardan, jamiyatdan, o‘zidan qoniqmaslik, bir so‘z bilan aytganda, umidsizlik balosi navqiron avlodga ham hamla qilmoqda.

 

Usti but, qorni to‘q inson bo‘lmoqni, yurtni mustaqil, millatni ozod ko‘rmoqni orzu qilgan ijodkor ahli bu orzusiga yetganiga necha zamonlar bo‘ldi. Ziyodi bilan erishdi. Mana, farovonlashayotgan jamiyatni ko‘rdi ham. Ammo qani o‘sha ijodkorning ko‘ngil xotirjamligi? Qani halovati? Qani u istagan ofiyat? Qani u intilgan tole?

 

Tevarak-atrofga nazar soling, o‘zini rasmana baxtiyor sanagan ijodkor bormi? Ular ko‘pmi, kammi? (Men bu o‘rinda peshma-pesh mukofot-u unvon oladigan ijod ahlini nazarda tutmayapman, albatta. Ular uchun har kuni bayram, ular har safar ehtiros bilan rahmatnoma aytadi, tashakkurnoma bitadi, alhol, ulardan-da baxtiyor odam bo‘lishi dushvor.)

 

To‘g‘ri, o‘sha norizo ijodkorning ham qorni to‘q, usti but, davlati yetarlidir. Uy-joyi, mashina-markabi, kasb-kori, dunyoviy o‘lchovda aytganda, o‘zini saodatmand sanamoqqa asosi bordir. Ammo baribir unga nimadir yetishmaydi-da. Mudom o‘zini kamsitilgan banda deb biladi, yolg‘iz sezadi, omadi chopmagan, ezilgan, baxtiqaro bir kimsa deb his etadi. Men buni sizdan farqli o‘laroq noshukurlik deb atamagan bo‘lar edim.

 

Ilgari qari-qartanglar hayotda ko‘rarini ko‘rib bo‘lgach, oldida faqat va faqat sabr-bardosh degan og‘ir bir sinov turgani, o‘limni kutishdan o‘zga chorasi qolmagani boismi, umrning o‘tkinchiligidan, odamlarning hoy-u havasga o‘chligidan noligandir, “charxi kajraftorning shevasi”dan zorlangandir. Hozir esa aqlini taniyotgan mushtdek ijodkor ham noligani noligan. Aniqrog‘i, hammamiz yoppasiga zorlanamiz.

 

Yurtning qaysidir bir puchmog‘ida kichikroq bir amaldor “qovun tushirib” qo‘ysa ham ko‘nglimiz behad og‘rinadi, yuraklar larzaga keladi, darhol jamiyatni ayblay boshlaymiz. O‘sha maydagina amaldordan muqarrar dushman yasab olgudek shashtimiz ham bor. Qo‘yib bersangiz, hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib, ayyuhannos solgimiz, muammoni bir na’ra tortib hal etgimiz keladi.

 

Mayli, hal qildik ham deylik. Biroq olam guliston bo‘lib ketmaydi. Baribir nimadir yetishmaydi bizga. Yana ruhiy ezilishlar girdobida qolamiz.

 

Ayting, bu holning oti nima? Nega shunday bo‘ladi?

 

Ko‘ngilda shod-u xurramlikka zig‘ircha ham joy qolmadimi? Mamnunlik hissi butkul yo‘qoldimi? Shukronalik nega tark etdi bizni? Baxtiyorligimizni qaysi qaroqchi o‘g‘irladi? Halovatimizni kim to‘nab ketdi? Xotirjamligimizni qaysi qilmishimiz evaziga o‘lpon o‘laroq to‘ladik?

 

Qo‘rqmang, men bu savollarni sizga emas, o‘zimga berayotirman. Javobiga qiziqsangiz, keling, birga o‘ylab ko‘raylik, deyapman, xolos.

 

Sirasi, bo‘yinsa ijodkor safdoshlarimiz qalbini kemirayotgan bunday xayollarni men ham ko‘p kechiraman, ularning dardini sezaman. Kuchli depressiya va ijodiy turg‘unlikdan tashqari, ularni ruhiy yolg‘izlik ham ado qilyapti chog‘i.

 

Najot qo‘rg‘oni deb bilganimiz – adabiyot bizga eshigini lang ochib turgan bo‘lsa-da, uning ichkarisida qalbimizga nur indiradigan olam, jillaqursa, tirqish borligini bilsak-da, kirishga ko‘p-da shoshilmayapmiz. Menimcha, buning sababi oddiy: “ichkarida” biz kutgan, biz ishonadigan, biz talpinadigan yangilikni topish borasida hadiklar mo‘lday...

 

Aqlimiz peshlanayotgan mahaldagi bor o‘y-xayolimiz shul, degim kelyapti hozir. Ammo... manglayga naqsh urib bitilgan yozildiq buni inkor etadi darhol. Chunki iztiroblar ichra yo‘qolib ketish xavfi oldida “kiprikdagi yoshday” muallaq turgan navqiron ijodkor yaxshi anglashi kerakki, har bir ruhiy ozurda qalamkash ortida unga najot ko‘zi bilan tikilib yashayotgan minglab o‘quvchi, haqingiz ketsa, mayli, bitta bo‘lsayam o‘quvchi bor. Agar “Yevropa vijdoni” – Alber Kamyu o‘zi yozgan asarlarni shaxsiy hayotida kechirib, qo‘liga qalam tutmaganida, o‘pqonlardan chiqib keta olmaganida edi, bugun millionlab muhibi qalbining tub-tubidagi dardli tug‘yonlari ustiga kul sepolmay, ruhiy zo‘riqishlardan azob tortib, hayotning ma’nisizlik mantig‘ini chaqolmay yengilgan, balki ayrimlari o‘z joniga qasd qilgan ham bo‘lar edi.

 

Adabiyotdagi buyuk dard, ezilish, depressiya uni o‘qib va uqib turgan “tomoshabin”ga qaysidir ma’noda taskin berishi tabiiy hodisa. O‘qirman ruhiy ezilish va yolg‘izlikni o‘z tanasida yana-qayta his qilib, so‘z deya atalmish qudratli qurol yordamida ichidagi ko‘z ochib turgan norizo vulqonni chiqarib yuboribgina yengil tortishi mumkin. Shuning uchun ham, birniki – mingga, mingniki – tumanga, degan naqlga quloq tutsak, siz-u bizdagi iztiroblar, ichki norozilik kayfiyatini so‘zga solib, qog‘ozga muhrlasak, u o‘z nishonini topishi shubhasiz.

 

Chidagan – yashaydi. Chidagan – so‘z qidiradi. Chidagan – iztiroblarni so‘zga tizib, uni yengadi. Chidagan – o‘zi kabi chidaydigan, ruhi baquvvat insonlarning ko‘payishiga yordam beradi. Chidagan – o‘zgalarni ham tarbiyalay oladi.

 

Bu borada gap ketganda, perulik adib, Nobel mukofoti sohibi Mario Vargas Losa “Yosh romannavisga maktub”ida navqiron adiblarga qimmatli nasihat berganini eslab o‘tgim keladi. U aytadiki, yozuvchi bo‘lish haqidagi qat’iy qaroringiz, umringizni shunga bag‘ishlash istagi yozuvchi sifatida faoliyat boshlashingizning yagona shartidir. Tasavvurda voqea-hodisalar va odamlarni, yangi olamni yaratmoqqa intilish qachon paydo bo‘ladi?

 

Mening fikrimcha, javob bitta – kimki o‘zi yashab turgan voqelikdan o‘zgacha bir olam yaratish tasavvuriga berilib ketgan bo‘lsa, demak, u atrofini o‘rab turgan real dunyoni qabul qila olmayapti. Axir, hayotdan mamnun, real voqelikda ruhan osoyishta yashayotgan odamga xayollarga berilib, o‘tkinchi sarobga o‘xshash ro‘yolarga vaqtini ketkazishning nima keragi bor? Har bir davrda odamlar to‘qima hayot reallikka ko‘chishini orzu qilgan. Bu   – real hayotning nusxasi emas, uning niqobi, to‘g‘rirog‘i, uning orqa tomoni. Yanada aniqroq aytsak, real hayotda erishilmagan xohish-istaklarning tasavvurda ro‘yobga chiqarilmog‘idir.

 

Aslini olganda, yozuvchining fantaziyasi, ijod ishtiyoqi zamirida portlash xavfi yotadi. Ko‘pchilik buni o‘ylab ham ko‘rmagan, bizni o‘rab turgan dunyoning asosini yashirin tarzda yakson qilayotganliklarini o‘zlari bilmaydilar. Boshqa tomondan qaraganda, bu isyonkorlikni xatarli deb atamoq ham to‘g‘ri emas: tasavvurda yaratilgan olamni real olamga qarshi qo‘yishda qanday xavf bo‘lishi mumkin? Bunday raqobatda qanday tahdid bo‘lishi mumkin?

 

Bir qaraganda – hech qanday. Gap o‘yin haqida ketyapti, to‘g‘rimi? O‘yinlar agar o‘z chegarasidan chiqib real hayotga aralashib ketmasa, odatda xavfsiz bo‘ladi. Aytaylik, Don Kixot yoki Bovari xonim o‘jarlik bilan bu chegarani tan olmasa va bor kuchi bilan adabiyotda tasvirlanadigan hayotda qolsa, u holda yakuni fojia bilan tugaydi. Oqibati – qattiq umidsizlik.

 

Shunday esa-da adabiyotni, ijodni beozor o‘yin deb bo‘lmaydi. Adabiyot bu – hayotdan botinan qoniqmaslik mahsuli degani, o‘z navbatida badiiy to‘qima ham norozilik kayfiyatini uyg‘otadi.

 

Zukko o‘quvchi asarda tasvirlangan hayotni go‘yo boshidan kechiradi, masalan, Servantes va Flober romanlarida tasvirlangan voqealarda qatnashganday bo‘ladi. Real hayotga qaytar ekan, uni teranroq his qila boshlaydi. Uning nochor va illatlarga to‘la ekanini chuqurroq anglaydi, yozuvchi tasvirlagan hayotdan ko‘ra voqelik, jonli hayot o‘rtamiyonadan ham pastroq ekanini bilib qoladi.

 

Ha, bu mulohazalari bilan adib Mario Vargas Losa siz-u bizni shunchaki yupatyapti. Ammo shaxsan men uning bu gaplarni aytgunicha, yozgunicha albatta muayyan holatni o‘z boshidan kechirgan, tanasida his qilib ko‘rgan, degan yaxshi gumondaman.

 

Shunday ekan, oldimizdan chiqadigan har qanday muqarrar muammoga, ijodiy turg‘unlik va umuman payt poylab turadigan yuho musibatlarga taslim bo‘lish yo‘q!

 

Yo turmush-hayot, yo adabiyot deb emas, ikkisini birdek desangiz ham qanday soz edi!

 

Axir, yozuvchi, adabiyotchi degan nomingiz, nomimiz bor...

 

Qarang, shu gaplarni yozyapman-u, yana yelkam ustidagi a’zom ikki qutbga bo‘linib, jangga kirishmoqda: “Sen hali o‘zingni yozuvchi sanayapsanmi?..” “Ha, nima qipti?” “Sal kamtarroq bo‘laqol...”

 

Ularning bahsi to‘xtamaydi.

 

Men esa, yengil havodan to‘yib simirib bo‘lgach, xonam derazasini yopaman. Qo‘l telefonimga kelgan yangi xabarga ko‘zim tushadi. Bir adabiy do‘stimning iddaolarga to‘la iqrornomasini o‘qishga tushaman. Ko‘z oldimda uning hayotdan zada, tund qiyofasi gavdalanadi. Uning nigohida polyak adibi Yan Parandovskiyni ko‘raman va... uning malomatlari ichra g‘arq bo‘laman.

 

“Yozuvchi” so‘zini hozirgi vaqtda juda qattiq suiiste’mol qiladilar, – deydi Yan Parandovskiy “So‘z kimyosi”da.   – Yaqin-yaqinlargacha yozuvchi va adabiyotchi so‘zlarini qo‘llashda anchagina ehtiyot bo‘linar, kamsuqumlik bilan bu ikki so‘z o‘rtasidagi tafovutni saqlashga harakat qilinar edi. “Yozuvchi” deganda allanechuk ritsar unvoniga sazovor bo‘lgan olijanob inson tushunilar, “adabiyotchi” deganda esa uning qurolbardori nazarda tutilar edi. Adabiyotchi fursati kelganda yozuvchi degan faxriy nomni qo‘lga kiritib qolishdan umidvor bo‘lmog‘i mumkin edi. Bu nomni qo‘lga kiritgandan keyin esa unga ham orttirma daraja bilan kuchayib boruvchi taniqli, mashhur, yirik, dovruqli, ulug‘ degan sifatlar qo‘llanardi. Agar biror mardum, ayniqsa, hali quyilib ulgurmagan biror yosh-yalang o‘zini “yozuvchi” deb atasa, bu maqtanchoqlikka yo‘yilardi. Chunki u o‘zini “yozuvchi” atab, shu bilan go‘yo adabiyotga muqim kirib olgani, unda muayyan o‘rin tutishini e’lon qilayotgandek tuyulardi. Shuning uchun “adabiyotchi” degan ta’rif bilan kifoyalangan odam ancha kamtar, kamsuqum va olijanob deb hisoblanar, chunki bu so‘z faqat kasb-kornigina ko‘rsatar edi, xolos. O‘zining biron bir kasb-korga mansubligini aytishda hech qanaqa mutakabbirlik yo‘q edi. Hozir esa, qo‘liga qalam ushlaganlarning aksari bunaqa kamsuqumlikdan ancha uzoq turadi va chakki qiladi...”

 

Ha, qalamkash birodar!

 

Siz-u biz, hozirgi qirchillama yosh ostonasidagi avlod adabiyot atalmish dor ustida muallaq turgan dorbozga o‘xshaymiz: o‘ng tomonimiz – g‘am-g‘ussaga, depressiyaga botgan, tashvish-u ruhiy yolg‘izlik atalmish yuho chohi; so‘limiz esa oldimizdan chiqajak undan-da battar illat – shuhrat, mashhurlik atalmish choh. Biz esa qildek nozik dor ustida hayron-u lol turibmiz. Maqsadimiz – adabiyot, inson ko‘ngli tomonga adl yurish! Biroq muvozanatni salgina yo‘qotsak, ikki chohdan biriga qulashimiz tayin...

 

Ehtimol, yerdalik chog‘ingiz e’tibor bermagandirsiz, endi o‘sha yuksaklikda turib bir qarang-chi, oddiy odamlarni kuzating-chi: ular orasida naqadar baxtiyorlari bor, ko‘zlarida quvonch, mamnun qiyofalar.

 

Ammo nega siz va men bezovtamiz? Ichimizga chiroq yoqsa yorishmaydi. G‘amnok ko‘zlarimiz boshqalarning quvonchidan jillaqursa porlamaydi negadir. Birovlarning g‘amini o‘z musibatimiz deb bilamiz...

 

Nima uchun bunday?

 

Qalam ahlining botini nega bezovta o‘y-xayollarga, og‘riqli dardlarga to‘la? Qalb isyoni nega buncha ko‘p? Nimadan buncha iztirob chekamiz?

 

Savolimga bir adibimiz aytgan gap javob bo‘lganday: “Dard – ijodkorning yuragini ishga soladigan buyuk kuch, desak adashmaymiz. Uning o‘z qonuniyatlari bor. Shu dardning yog‘dusi ijod kishisini o‘ziga joduday tortaveradi”.

 

Darvoqe, dard endi bizning umrbodlik jo‘ramiz! Shu dardga chalinib bo‘lgan ekanmizki, depressiya, ezginlik va nekbinlik, tushkunlik va umidsizlik biz bilan yonma-yon yashaydi. Mudom qalbimiz isyonga to‘lib hayot kechiramiz.

 

Yoki umidsizliklarimizning bosh sababi asl maqsadlarimizni yo‘qotib qo‘yganimizmikan? Yoki orzularimiz ertaroq sarob bo‘lib chiqdimi?

 

Endi, shu holimizda ham – har qanday muammo qarshisida boshni tik ko‘tarib, qalamni mahkam tutmoq kerak! Hatto, gapim avvalida aytgan buyuk fojia – depsinishlar, ijodiy turg‘unlik va depressiya qarshisida ham mardonavorlikni yo‘qotmaslik shart.

 

Toki qalam sinib, yoza olmay qolgunga qadar bu burchni ado etmoq lozim.

Yoza olmay qolgan kunimiz esa, Ernest Hemingueyning yo‘lini tutmoq ham qo‘rqinch­li emasdir...

 

Yo‘q, yo‘q! Bunday noravo taqdirdan O‘zi asrasin! Unday demoqchi emas edim. Garchi biz Hemingueydek qalam tebratsak ham, uningdek ijodiy pog‘onaga ko‘tarila olsak ham, intihoda zinhor-bazinhor u kabi yo‘l tutmasligimiz lozim.

 

Ijodkor qalbi, fojialarda toblangan qalblar hech qachon, hech nimaga taslim bo‘lmasligi shart! Orkash yurak so‘z va adabiyot uchun doim urib tursin-u, g‘am-anduhlar dorishidan mudom hazir bo‘lsin.

 

Adabiyot maydonidagi tengdoshlarimga shu qat’iy xulosa va niyatimni yetkazgim keldi: faqat kurashmoq kerak! Cho‘lpon “Kurash” degan she’rida hayqirganidek, “Ulug‘, qattiq ag‘darguvchi bir kurash, / Yo bor bo‘lish, yo yo‘q bo‘lish, / Yo‘q – yarash!..”

 

Jasur KENGBOYEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Qaltis savol qarshisida” essesi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 228
Millat qanday tarbiyalanadi?

Tarix

17:10 / 29.10.2024 0 393
General Jo‘rabekning qotili kim?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21143
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//