Uzoq vaqt oqmagan ariqqa kelgan suv dastlab xas-xashak, chiqindilarni olib keladi. Saksoninchi yillar oxiri, to‘qsoninchi yillar boshida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan tilimizdagi ba’zi ruscha, baynalmilal so‘zlarni o‘zbekchalashtirishda ham shunday holat kuzatildi. Misol uchun, “rayon” avvaliga “nohiya” ataldi, lekin bu xashak so‘z edi, hech kim uni hazm qilolmadi, ammo tilimizda mingyillar osha yashab kelgan, kichik hududiy birlikni bir chet so‘z – “rayon”dan ham yaxshiroq ifoda etadigan “tuman” bor edi. “Tuman”ning qayta tiklanishi shunday topilma bo‘ldiki, “rayon” tezda unutildi. Biroq o‘sha paytlarda qabul qilingan ba’zi xashak so‘zlar hali-hamon yashab kelmoqda, ularni eshitganda ko‘ngil behuzur bo‘ladi. Ba’zilarini keltirib o‘taman.
Boshlovchi
O‘sha davrda “boshlovchi”ni boshida miyasi bor odam taklif qilgan deb o‘ylamayman.
Xo‘sh, tele yoki radioboshlovchi kim? Teleboshlovchi ko‘rsatuvni olib boradi yoki taqdim etadi, radioboshlovchi radioeshittirishni. O‘zbek tilida “boshlovchi” deganda biron ish-harakatni boshlab beruvchi shaxs tushuniladi. Chunki bu so‘z “boshlamoq” fe’lidan yasalgan. Mantiqan boshlovchining o‘sha boshlangan ishni davom ettirishi yoki nihoyasiga yetkazishi shart emas. Chunki u boshlovchi. Deylik, Qodiriy – o‘zbek romanchiligi boshlovchisi, lekin davom ettiruvchi yoki nihoyalovchi emas. Teleboshlovchi ham biror ko‘rsatuvni boshlab berib, keyin g‘oyib bo‘lib qolmaydi, oxirigacha olib boradi, nihoyalab biz bilan xayrlashadi. Boshqacharoq aytganda, u ko‘rsatuvni boshdan oxirigacha bizga taqdim etadi. Shu bois turk qardoshlarimiz bu kasb egasini – “sunuvchi” (“sunucu”, “televızyon sunucusu”), ya’ni “taqdim etuvchi”, ozarboyjon qardoshlarimiz: “olib boruvchi” (“televiziya aparıcısı”) deb ataydi. “Olib boruvchi” deganda ruscha “телеведущий”dan nusxa ko‘chirganday tuyuladi, lekin televizor paydo bo‘libdiki, tilimizda shu ibora bor: “ko‘rsatuvni falonchi olib boradi” yoki “taqdim etadi” deymiz, lekin hech qachon “ko‘rsatuvni falonchi boshlab beradi” deyilmaydi.
Shu o‘rinda yana bir misol: mazkur kasb egasining fransuzchada atalishi diqqatga sazovor: fransuz tilida ko‘rsatuv olib boruvchi jurnalist – “animator” (ayol kishiga nisbatan: “animatris” – “animateur”, “animatrice de télévision”) ataladi. “Animateur (-rice)” – “jon ato etmoq”, “jonlantirmoq” kabi ma’nolarga ega fransuzcha “animer” (yoki lotincha: “animare”) fe’lidan yasalgan bo‘lib, “jonlantiruvchi” demakdir. Ya’ni, fransuzcha animator – ko‘rsatuv yoki eshittirishni jonlantiruvchi, unga ruh bag‘ishlovchi shaxs (Fransuz tilida “animator”, shuningdek, biron bir guruh, ish-harakat, san’at asariga “jon baxsh etuvchi” ma’nosida boshqa sohalarda ham ishlatiladi). Shuningdek, fransuz tilida ba’zan ko‘rsatuv taqdim etuvchisiga nisbatan – “prezentator” (“présentateur” – “taqdim etuvchi”) deyilishi ham mumkin. Ingliz tilida ham xuddi shu ma’noda “radio/television presenter”, ya’ni “radio/televizion taqdim etuvchisi” nomi qo‘llanadi.
Suxandon
Ruscha “диктор” so‘zining “suxandon”ga almashtirilishini aql bilan tushunib bo‘lmaydi. Diktor – bu radio yoki televizor orqali eshittiriladigan matnlarni o‘qib beruvchi xodim. Ingliz tilida mazkur kasb egasi – “announcer”, turk tilida “anönsör”, ya’ni “e’lon qiluvchi”, “bildiruvchi” deb ataladi. “Diktor” ham, “announcer” ham shu kasb egasi bajaradigan amalga mos nom, fors-tojikcha: “suxandon” esa: “so‘zga chechan, so‘zamol, notiq” kabi ma’nolarga ega. Lekin “diktor” deb tayyor matnni o‘qib beruvchi shaxsga nisbatan aytiladi, yoqimli ovoz, so‘zlarni yaxshi talaffuz qila olish qobiliyati uning asosiy fazilatlari, diktor umuman gapga chechan, notiq bo‘lmasligi ham mumkin. Ehtimol, so‘zga chechan, notiq, suxandon so‘zini siyosatchi, adabiyotchi yoki boshqasiga nisbatan qo‘llash mumkindir, lekin aslo diktorga nisbatan emas.
Negadir bizda bir chet so‘zni boshqa chet so‘zga almashtirish an’anasi mavjud, nafaqat chet so‘z, hatto ko‘pincha o‘z so‘zimizni ham chet so‘zga almashtiramiz, ehtimol, shu xislatimiz bilan dunyoda yagona millat bo‘lishimiz mumkin. Deylik, “radiotinglovchi” so‘zi yaqin o‘tmishda – radio paydo bo‘lgandan keyin chet so‘z emas, o‘z so‘zimizdan yasalgan. Ana shunday topilmalar bizga ko‘proq kerak.
Oliy majlis
1995-yildan boshlab bizda qonun chiqaruvchi eng yuqori kengash – parlament – “oliy majlis” nomi bilan atala boshladi. Ungacha, mustaqillikning dastlabki yillarida, bu institut – “oliy kengash” deyilgan. Ona tilimizda “kengash” degan juda qadimiy so‘z bor. Ushbu so‘z “Devonu lug‘otit-turk”da ham: “kӭnäsh – ishlarda kengashish, mulohaza yuritish”, deb izohlangan (DLT. III. T. 1963. 376-bet). Bu so‘z qadimgi “kӭnädї”, ya’ni “kengashdi, maslahatlashdi” fe’lidan yasalgan. Kengash Chingizxon davrida ham, Temur davrida ham davlatning asosiy instituti bo‘lib kelgan. Parlament kabi millat taqdirini hal qiladigan yig‘inni ifodalash uchun tilimizda “kengash”dan munosibroq so‘z yo‘q. 1994-yil Oliy Kengash chaqiriqlaridan birida esa negadir bu qadim so‘zimizdan, bizni ajdodlar an’analari bilan bog‘laydigan siyosiy atamadan voz kechilib, uning o‘rniga arabcha “majlis” so‘zi afzal ko‘rildi. Ilgari “oliy kengash” deganda faqat “oliy” so‘zi arabcha bo‘lgan bo‘lsa, “oliy majlis” – butunlay arabcha bo‘ldi. Aslida “oliy” o‘rnida “yuqori” deyilsa, to‘g‘riroq, xalqimiz uchun yanada tushunarliroq bo‘lardi. Aytaylik, qoraqalpoq qardoshlarimiz – “jo‘qorg‘i kenges”, qirg‘izlar – “jogorku kenesh” deb bu idorani sof turkiycha atashadi. Shunday ekan, nega biz ham YUQORI KENGASH emas, “oliy majlis” deyishimiz kerak, axir arablarning o‘z parlamentlarini turkcha nomlashlarini tasavvur qilish mumkinmi?
Alqissa, bu kabi misollar sizda ham ko‘p bo‘lishi mumkin, agar ularni izohlarda qoldirsangiz, mavzu yanada oydinlashardi. Qani, qancha xashak yig‘ilarkin.
Abduvohid HAYIT
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q