Xudoga qarab qochgan odam


Saqlash
22:08 / 10.08.2023 910 0

Shunday shaxslar borki, seni tanimasa ham, bu olamda mavjudligingni bilmasa ham ularning borligidan quvonib yurasan. Ularga ich-ichingdan, yuraging bilan suyanasan. Borligi hayotingga ma’no berib turadi. Mabodo, ular dunyoni tark etishsa ko‘ngling huvillab qoladi. Bir o‘zing qolib ketgandek, ichikib, og‘rib qolasan. Ko‘ngilda bir yara paydo bo‘ladi. Teran mung yurakni simillab tig‘lab yuraveradi. Ruhimizdagi bunday nozik o‘zgarishlarni anglashning o‘zi og‘ir, ammo insonlikning belgilaridan biri ham shu, ehtimol. Bunday kishilar mayoqqa o‘xshaydi. Ularga talpinib, ishonib, olisdan kuzatib, yutug‘idan o‘zidan ortiq quvonib, hayot tarziga qiziqib, boshqalardan qizg‘onib yashaysan. Shu kechinmalarning o‘zi zerikarli hayotingga katta zavq beradi.

 

Abxaziyalik Fozil Iskandar, Gabriyel Markes, Chingiz Aytmatov, Shukur Xolmirzayev kabi adiblar hali tirik paytlarida men maza qilib yashardim. Hayotning tuzi, toti bo‘lgan – Adabiyotning shunday vakillari bor. Ular men yashayotgan sayyorada, men eshitayotgan axborotlarni eshitib-bilib, qor-u yomg‘irda, issiq-sovuqda xuddi men kabi yashamoqdalar, degan bir o‘y-xayollar meni mast qilardi. Xo‘p, Shukur aka – o‘zimizniki, o‘zbek adibi, narigi uch yozuvchining borligi meni nega quvontirardi?

 

Gap shundaki, ko‘ngilning, adolatning, insonlikning tarafini oluvchi juda yirik yozuvchilar bor, insonlik degani bir mansab bo‘lsa agar, juda katta arboblar bor, degan to‘xtam,  ko‘ngilto‘qlik ichimni yoritardi. Bilardimki, ko‘ngil doim yaxshilikka, adolat tantanasiga muhtoj. Shu boisdan ham haq gapni eshitganimizda quvonamiz. Tiklangan adolatni o‘z yutug‘imizdek qabul qilamiz. Bu adiblar esa haqiqat va insonparvarlik degan ulug‘ g‘oyalar tadriji uchun kurashdilar, shu kechimlar qismatini tarannum etdilar. Endi esa bu yozuvchilar chin dunyoga ketishdi. Ular foniy bo‘lganda ramziyroq qilib, o‘kinib “Endi tuzukroq ulfat ham qolmadi” deganim aniq esimda. Ko‘ngilda katta bo‘shliq paydo bo‘lgan edi. Ammo hali Nizom Komildek erkin odam bor edi. Abdulla Orifday katta shoir tirik edi, ustoz Erkin Vohidovning  salobati hali botin bo‘lmagandi, Ibrohim Haqqulning nigohlari yoniq edi. Ular ham o‘tgach, tag‘in yolg‘iz bo‘lib qoldim. (Gapimni vafot qilgan zotlar haqida boshlashim noxush tuyulmasinki, gap ul muqarrar mavzuda emas. Balki, bir-birini olislardan yaxshi ko‘rish, suyanish haqida.)

 

Lekin Xudo – mehribon! Taskinsiz qo‘ymas ekan bandasini! Hanuz biror narsa – she’rmi, hikoyami, maqolami – yozar bo‘lsam, yelkam osha “qarab” turadigan zotlar bor. Haliyam bu hayot shatranji menga qiziq. O‘ziga tortib turibdi. Haliyam ulug‘ insonlarim bor. Ularning borligining o‘zi menga bayram. Borligining o‘zi kifoya menga. Bu meni hayotga bog‘lab turgan ko‘rinmas ildizdir. Biroq bunday insonlarim, shaxslarim, kumirlarim juda oz.

 

Ana shunday tansiq, ko‘nglim kishilaridan biri bu Erkin A’zam degan adib. O‘zbekning qo‘llari qadoq, katta yozuvchisi.

 

Quyidagi gurung, ko‘nglim ardoqlab, ich-ichimdan ayab yuradiganim shu yozuvchi xususida.

 

***

Erkin A’zam katta yozuvchi, mahoratli, zargar qalam egasi. Usta. Halol muharrir. O‘z dastxatiga ega adib. Hayotiy tutumini to‘g‘rilikka qurgan. So‘zi qanday bo‘lsa, o‘zi ham shunday. Do‘st-u yoronlari ham shunday o‘lchovda. To‘g‘ri gapini yashirmay aytsa bo‘ladigan davrasi bor. Xuddi tanlab, imtihon qilib saralangandek. Shaxsiy hayoti ham mazmunli, zavqqa to‘la. Muharrir sifatida u Tvardovskiyning ishini o‘zbek jamiyatida ado etdi. Balki undan ko‘ra qiyinroq yo‘lni bosib kelayotir. Bular, havas qilsa bo‘ladigan ishlar, albatta. Ammo bu gaplar qariyb hammaga ma’lum. Yozmasa ham bo‘ladi. Ammo yozmasa bo‘lmas ham ekan. Bunday deyishimga sabab bor.

 

***

Yolg‘on, soxtalik bilan ado etilayotgan biror ishning ustidan chiqib qolgan va bu soxtalikni qalbi bilan anglab, ammo tahlil qilib berishga so‘z boyligi, yosh chegarasi, imtiyozi yetmay turgan o‘n yoshli bolani ko‘z oldingizga keltirolasizmi? Masalan, o‘sha bolaning otasi boy qo‘shni bilan boshqacha so‘rashadi-yu, kambag‘al hamsoya bilan mutlaqo boshqacha gaplashadi. Buning sirini, sababini bola biladi, ammo isbotlashga, inkor etishga, to‘g‘rilashga, ko‘ngli istaganidek ko‘rishga qurbi yetmaydi. Shu bolaning ichida norozilik paydo bo‘ladi. Ammo bu hali kirlanmagan go‘dak isyonni ham bilmaydi unchalik. Uning qo‘lidan bitta ish keladi. Uning yuragi og‘riydi, bo‘layotgan ishlarga ensa qotirib qaraydi. Ensasi qotib, biroz istehzo bilan boqadi u.

 

Erkin A’zam – bu dog‘uli dunyoga g‘ussali, hasratli yurak bilan, otasining iznisiz rostini aytib yuboruvchi, aytganda ham burro-burro qilib aytib yuborayotgan o‘sha o‘n yoshli boladir!

 

Bir odam bilan qirq yil birga yurib ham uning kimligini bilmaslik mumkin ekan. Bu gapni ko‘p eshitgansiz. Biroq isbotlangan haqiqat bo‘lgani uchun ham parvo qilmaymiz. Ammo bu mantiqni yashab o‘tgach boshqacha bo‘ladi odam.

 

Erkin akani taniganimga o‘ttiz yillar bo‘ldi. O‘zimizning boysunlik yozuvchi bo‘lgani uchun ham, asari asosida olingan kinolarda o‘zimizning odamlarni ko‘rganim uchun ham eslab qolganman. Maktabimizga goho adashib borib qoluvchi “Tafakkur” degan jurnal sababli ham bilganman. Biroq hoziroq aytib qo‘yay: o‘sha adabiyotga qiziqqan maktab o‘quvchisining ko‘nglida bu adibga qancha hayrat-u qiziqish, mehr-u havas bo‘lgan bo‘lsa, bu tuyg‘ular haliyam o‘sha-o‘sha – putur yetmay omon kelmoqda. Ko‘p shukr!

 

U kishining asarlarini Shukur akaga dastxat bilan yozib bergan kitoblari orqali birinchi bor o‘qidim. (Bu voqealarga yigirma yil bo‘libdi.) Juda kech tanishdim, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Ilk o‘qiganim uning “Javob” qissasi edi. Ochig‘i, o‘sha asarni o‘qiganimda ichimda katta bir faxr tuydim. Erkin aka o‘zimizning Boysundan bo‘lgani uchun ham juda quvonganim esimda. Boz ustiga o‘zbekning shunday yozuvchisi borligi uchun! U paytda Erkin aka mansub avlodning yozuvchilaridan Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor”ini, Tog‘ay Murod asarlarini o‘qigandim. Xayriddin Sultonning sof milliy ildizdan kuch olgan qissalarini ham so‘ng o‘qidim. Xullas, o‘shanda Erkin A’zam asarini o‘qigach, ko‘nglimdan “Dumbadzedan zo‘r-ku!” degan gap o‘tdi. Ko‘ngilga shu gap keldi eng avval. Va bu fikrni ovoz chiqarib Shukur akaga aytdim. Yunusoboddagi bir xonali uyda, kech kirib qolgan bo‘lsa ham, xuddi bir joyga ketadigandek oppoq ko‘ylak, oq shim kiyib, bo‘yinbog‘ taqib qahva ho‘plab o‘tirgan Shukur aka menga shlyapa ostidan bosib tikildi, birozdan so‘ng tabassum qilgach, “Endi bildingmi?” dedi dag‘algina ta’na bilan. Men shu choqqacha Erkin akaning asarlaridan bexabarligimdan uyaldim.

 

Keyinchalik yozuvchining boshqa asarlarini topib o‘qib ketdim. “Shoirning to‘yi”, “Otoyining tug‘ilgan yili”, hikoyalar va hokazo...

 

Uning “Shovqin” romanini yaqinda o‘qidim. Ilgari cho‘qib-cho‘qib, anglamay o‘qigan ekanman. (Buni ham endi his etyapman.) Romanning saviyasi, unda qo‘llangan adabiy usullar, shakli, til xususiyatlari haqida so‘z aytish niyatim yo‘q. Eplolmasman ham. Bilgichlar aytar. Ammo asarni o‘qigach tinchim yo‘qoldi. Qo‘lim yetmaydigan joyimga to‘mtoq tikan kirgandek beorom yuribman haliyam.

 

Romanni o‘qiganlar biladiki, bosh qahramon – kinonavis Farhod Ramazon. Asar har bir kinoasar yozadigan kishining hayotida bo‘ladigan voqelardan iborat. Olamshumul voqea, kutilmagan biror hodisa yo‘q. Hammasi bo‘lishi mumkin, bo‘lib o‘tgan, bo‘lib o‘tayotgan gaplar. Yozuvchining biror katta ijtimoiy g‘oyalarni yoqlab, boshqasini yerparchin qilish niyati ham yo‘q. Unday “ilgari surilgan, dolzarb g‘oyalar-u, qahramonini kutib yotgan masalalarning” o‘zi yo‘q asarda. Biroq eng kerak narsa bor: KO‘NGIL! Insonning ko‘ngli, nozik, ne istayotganini o‘zi ham ba’zan anglolmaydigan inja bir ko‘ngilning og‘riqlari bor. Maysa quyoshga qanday yoniqib talpinsa, qaqragan yer yomg‘irga qanday tashna bo‘lsa, odamning ko‘ngli ham erkka, adolatga, poklikka shunday tashnadir, aslida. Odam qanchalar kirlanib ketmasin, baribir shu aziz hislarga muhtoj. “Shovqin” romani qulog‘idagi shang‘illashi tinmaydigan kinochining o‘zi eshitadigan, o‘zigagina azob beradigan og‘riqlarning notalarida taraladi. Uning og‘rig‘i esa bevosita ko‘ngilga ko‘chgan. Muhimi shu. Bu og‘riq quloqdagi shang‘illash o‘rniga oyoqdagi og‘riq tarzida ham bo‘lishi mumkin edi, ammo o‘sha majhul beoromlikni (kasallik, dard ham deb bo‘lmaydi bir qarashda) ko‘ngilga ko‘chirish og‘ir masala. Romandagi Farhod Ramazonning sabiy qalbi, hayoti, qilib yurgan ishlari, anchayin qurum bosgan turmushi bilan sira murosa qilolmasligi, shu jarayondagi ichki kurashlar – sof adabiyotga keragi shu. Shu to‘lg‘oq o‘quvchi yuragida ildiz otishi muhim. Burilishlar esda qolsa bo‘ldi, deydi dono yo‘lovchi. Asar hayotning ming bitta o‘zi amal qilmaydigan qonunlari-yu ular kesimida ro‘y beradigan beadoq chigalliklar ichra qandaydir maqsad bilan, qayoqqadir ketayotgan odam haqida. Va shu odamning o‘ylash, his etish kabi tuyg‘ularining o‘lishi, tirilishi, yarador bo‘lishi haqida.

 

Katta daryoda oqib ketayotgan cho‘p ustidagi chumolining ham o‘z rejasi bor bo‘lganidek, Farhod Ramazonning ham o‘ylagan narsalari bor. Neajabki, orzu va armon deb kataklarga bo‘lib, oq-qoraga ajratgan kechimlardan o‘zga, oraliq, nom qo‘yilmagan hislar ham borki, yozuvchi shu narsalardan so‘ylaydi. Bu inson ruhiyati bilan bog‘liq nozik, murakkab tadqiqod. Kafkaning “Jarayon” romanidagi kabi muntazam davom etuvchi, o‘lib ham qutulib bo‘lmaydigan teran og‘riq Farhod kinochining botinida biroz boshqacha yo‘sinda, quloqning shang‘illashi tarzida davom etadi. Ammo bunga ham chidasa bo‘lar, biroq ko‘ngilni yupatib bo‘lmaydi. Uning og‘rig‘i qariyalar aytgandek, “bu dard umrimga o‘lchov”. Shu aziz, mukarram og‘riq, odam bo‘lib qolishga betiyiq talpinish talabi qulog‘i shang‘illamaydigan, ammo kar o‘qirmanni o‘ziga tortadi.

 

Kimgadir “avval unday bo‘ladi, keyin bunday bo‘ladi, uylanadi, amaldor bo‘ladi, qamaladi” deb bosqichma-bosqich hikoya qilib bo‘lmaydigan bu roman insonning ichki hayotidagi tartibsizliklar va azal qoidalarning goho ulug‘lanishi, goho toptalishi haqidagi achchiq izhor. Ichiga kirib o‘qigan o‘quvchi miriqib og‘riydi. Og‘rib maza qiladi. Romanning shakli ham balki shu ruhdagi talotum, shovqin-suron sababli o‘zgachadir.

 

Alqissa, “Shovqin” mahoratli qalam egasining katta xirmonlaridan biri bo‘lgan. Uning hajmi nisbatan ixcham – 200 bet nari-berisida. Aytar so‘z, dard ulug‘ bo‘lsa, uning haybati hajmga bo‘ysunmas ekan-da. Romandagi zalvor ham, odamni bosib, yurakka yuk bo‘ladigan hasrat ham shu bois juda katta mahobat kasb etadi.

 

***

Biror hamkoringiz qandaydir ishning rejasini sizga aytsa, chamalab, foyda-ziyonini o‘ylab, hisob-kitob qilib deysiz: “Qoplamaydi bu ish!” yoki “Qilsa bo‘ladi!”

 

Yashirmasdan aytish kerak, romanni o‘qigach o‘zimga shunday dedim: “Bu yozuvchining hayoti qoplabdi – kelganiga, qo‘liga qalam tutganiga yarasha baraka topibdi”. Erkin A’zam behuda yashamabdi. Anglabdi, his etibdi. Izhor ham eta olibdi! Juda og‘ir yukni manzilga ko‘tarib kela olibdi! Dangasalik qilmabdi. Yengilning ostidan, og‘irning ustidan yurmabdi. Sotilmabdi. Aslo! Yer ostida 80 milliard odam yotibdi, ustida 8 milliard kishi umrguzaronlik qilyapti. Bu ilmiy taxmin. Shuncha katta izdihom ichra o‘z muhrini hayotning kitobiga o‘ziga xos tarzda qo‘ya olgan adib baxtiyordir.

 

Bunday to‘xtamga olib kelgan sabablarim bor. Uning asarlari orasida qissalariga ko‘proq e’tibor qaratish lozimdek ko‘rinadi. Birgina “Javob” qissasini olsak. Asar o‘tgan asrning 80-yillari mahsuli. Adabiyotga gurillab kirib kelgan yozuvchilar qatorida Erkin akaning ham muqim o‘rni bor. Va bu avlod nosirlarining milliy adabiyotda qilgan eng katta ishi shulki, ular oddiy odamlar hayoti va ko‘nglini topdilar. Maishiy hayotning ming turli ikir-chikirlarini, turli xil mayda-katta munosabatlarni ijikilab tahlil qildilar.

 

Ular orasida Erkin A’zam alohida yo‘l tortgan sobit qalam egasi. “Javob” qissasida ham, “Atoyining tug‘ilgan yili”, “Kechirasiz, o‘rtoq muallim” kabi asarlarning hammasida nekbin bir yurakning adolattalab, haqtalab, odamga yaxshilik sog‘inuvchi bir ko‘ngilning fig‘oni bor, isyon-u savollari jam. “Javob”dagi Nuriddin Elchiyevning hayoti, o‘ylash tarzi juda boshqacha. Bu odam g‘irt ahmoqqa ham o‘xshab ketadi. Ammo uning ko‘ksida ham bitta kechinma g‘olib. U ham bo‘lsa, poklik. Ko‘p noyob narsani izlaydi, yo‘q istaydi. Ammo yetishish uchun ko‘pincha o‘ziga o‘zi xalal beradi. Bir qarashda bilib turib qilganday tuyuladi bu ishlarni. Lekin bu odamning botiniga boqsangiz, titrab ketasiz. U nimaga intilgandi-yu, nimaga erishdi? Mayoq qayda-yu, kelgan joyi qayer? Katta jamoaning kichik bir vakili. Oilasi ham el qatori. O‘g‘il-qiz, risoladagidek ro‘zg‘or (bir qarashda shunday). Shukr qilib yurgan bir kishi. Lekin qaysar fe’li shuki, birovning marhamatini xushlamaydi. Shunga tob kelmaydi sira. O‘lsa-o‘ladiki, biror yutug‘i zamirida birovning qo‘l izlarini ko‘rishni istamaydi. Hech bir xayrixohlik beminnat emasligini botinan anglaydi Elchiyev. Noodil olamning bu qarori o‘zgarmasligini qalban sezadi u. Shuning uchun ham yelkasini qisib birovdan ko‘mak so‘rash hamiyatiga tegadi. Bu dunyoda erkin yashash qanchalar zavqli bo‘lsa, shunchalar og‘irligini uning hayotiga qarab chuqur his qiladi, kishi. Asarda shu Elchiyevni ko‘cha bezorilar hech bir aytarli sababsiz kaltaklab ketishdi. Hayotdan adolat istagan bu odam ichki ishlar xodimlari siquvida qamalishgacha borgan bezori to‘daning qilmishiga yarasha jazo olishini istadi. Ammo shu oddiy, qonuniy ish ham amalga oshmaydi. Bezorilar shunchaki ko‘chadagi sho‘x-shum bolalar emas, balki tomiri suvga yetgan to‘da bo‘lib chiqadi.

 

Kap-katta, otasi tengi odamni masxaralagandek do‘pposlab, keyin uzr-ma’zur qilib, o‘rtaga odam qo‘yishlar, ishni “yopdi-yopdi” qilishga urinishlar Elchiyevni bezor qiladi. Ko‘ngli o‘ksigan, “nega?” degan so‘roq orom bermayotgan bu odam oxiri o‘zi bilmagan, xohlamagan holda “Hech qanday da’vom yo‘q. Kechirdim.” degan xat bitib berganini o‘zi ham bilmay qoladi. Dasti uzun razolat g‘olib keladi. Buning evaziga Elchiyev Iqtisod bo‘limiga boshliq, qizining yurishmay yotgan ishlari avj olgan, o‘g‘lining o‘qishi o‘zi xohlagan yo‘nalisha ko‘chgan... Ammo yozuvchi, Elchiyevning tilidan Xudoning zorini qilib so‘rashda davom etadi: Axir, ko‘ngil-chi? Vayron bo‘lgan, tahqirlangan, dunyoning kir moli hisobiga sindirilgan qalb-chi? Uni kim tushunadi, kim tinglaydi, qanday qilib tiklasa bo‘ladi uni..?

 

Afsuski, javob yo‘q.

 

Yozuvchining yuragiga botib ketgan, bir qirrasigina bizga ko‘rinib turgan ana shu insoniy og‘riq Erkin A’zam asarlarining, hayotiy tutumlarining bosh mezonidir. Shu sababli ham yozilganiga qirq yildan ortiq vaqt o‘tgan asarlari, xususan, “Javob” qissasi ham o‘z hayotini yashab kelmoqda.

 

E.A’zam ichki, maishiy hayotimizni maydalab, erinmay tadqiq qildi. Uning qahramonlari shoh-u sultonlar, tarixiy yoki mashhur shaxslar emas, biroz hazilomuz qilib aytganda “va boshqalar” deya ataluvchi oddiy, o‘zimiz qatori odamlar. U shunday odamlarga mahliyo bo‘ldi, ularning qalbini yashab o‘tdi. Biroq ularning ko‘ksidagi savollar, to‘xtamlar oddiy emasligini tushundi.

 

Yozuvchining biroz kinoyaga moyil o‘tkir tili bor. Bu til kimgadir muallifning muddaosini tushunishiga monelik qilganday taassurot qoldirar, ammo bu til uning mohiyatiga eltadi. Erkin A’zam tili, dunyoni ko‘rish joyi shunday. Unda biroz istehzo ham, chimdib olish ham bordek, ammo sin solib boqsangiz, odamga, u mansub jamiyatga nisbatan teran bir ichkuyarlikni, achinishni ilg‘aysiz. Achinishki, bolaning otaga achinganiday, akaga achchiq qilganiday achinish...

 

Savol tug‘iladi: Yozuvchining vazifasi nima?

 

Ming marta berilib, ming marta turli javobi aytilgan bu so‘roqqa shunday javob bergim keladi: Yozuvchi – odamiylikning qo‘riqchisi. Ko‘ngilning qo‘riqchisi. Bu esa ko‘p og‘ir ish.

 

Erkin akaning asarlaridagi obrazlar ham, voqelar ham zamonabop bo‘lmadi sira. Bunday yozishni udda qilolmadi bu adib. Nomiga bo‘lsa ham qalam tebratib ko‘rmadi. Bunga uning mahorati kamlik qilgani yo‘q, albatta. Bor-yo‘g‘i bir narsa bunga yo‘l bermadi. U ham bo‘lsa, ko‘ngil buyurganini yozish ishtiyoqi.

 

Uning “Tanho qayiq” nomli pyesasini birinchilardan bo‘lib, qo‘lyozma holida o‘qigandim. Asar Orol fojiasi, bu fojia taqdirini o‘zgartirib yuborgan odamlar haqida. Bir o‘qishda zamonabop, hozirjavobdek tuyuladi. Biroq asardagi quriyotgan dengiz odamlar ko‘ksida egasiz qolayotgan insof, oqibat, halollik degan orolga timsol. Yana ko‘ngil..!

 

Yozuvchi shu ko‘ngilga quloq berdi. Ko‘ngilning ko‘ngliga qaradi. Yolg‘ondan, nohaqlikdan jirkanib o‘tdi mudom. Xudodan qo‘rqdi. Har ne bo‘lgan vaziyatda ham, bir qirda, bir sirda turoldi. Xudoga qarab qochdi hamisha.

 

Yaqinda yozuvchining to‘rt jildlik saylanmasi qo‘limga tushdi. O‘qib chiqdim. O‘qimaganlarim ko‘p ekan. Kitobni semirtirish uchun shunchaki qo‘shilgan biror asarni topolmadim. Erkin A’zamga xos did, sinchilik, zarofat ufurib turibdi. Ich-ichimdan tasanno dedim. Manglay teri, yurak qoni bilan bunyod bo‘lgan bu katta xirmon bizning xazinamizga zo‘r ko‘shish bo‘lganini angladim. Erkin A’zam degan nomga hech bir loyqa chaplanmay, shikast topmay, dog‘ tushmay kelayotganining sirini bilgandek bo‘ldim. Toza palakdan toza hosil unadi. Bir umr elning oldi bo‘lib, xalqqa kamarbasta bo‘lgan, ziyoli ota – Normamat boboning, yuragi matallarga to‘la, sirli sandiqday Ruxsat momoning aziz xonadonida unib-o‘sgan bu atoqli so‘z ustasining biz bilmaydigan yana boshqa, muqaddas burchi borligini ham teran tuydim. (Ammo bu o‘zi boshqa bir gurung...)

 

Biz tilimizdan qo‘ymay, nimaligini ko‘pincha anglamay yurgan baxt, saodat deganlari shudir, ehtimol.

 

Shodmonqul SALOM

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023-yil 43-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//