“Bugun fan yaxshi tilak insonning geniga taʼsir
qilishini oʻrgandi. Demak, xalqimizning
oltin olma, duo ol deganlarida bir gap bor...”
Shomirza Turdimov
Uch yili kam bir asr umr koʻrgan Malika momomni eslarkanman, koʻz oldimga hassaga tayangan kampir emas, jelagining shamol ermaklayotgan etaklarini yengi shimarilgan qoʻllari bilan yigʻishtirib, tez-tez odimlayotgan inson keladi. Bolaligimda u kishini juda yaxshi koʻrganman, desam aldagan boʻlaman. Sababi, men arzandani juda koʻp koyirdi. Yangi kiyim kiysam, “Buningni Kenja “poson”ga oʻxshatib koʻp siniga qarayvermagin!” deya uqtirardi enamga. Tilim yechilsa bormi, “Saʼdulla kalga oʻxshamay kamroq gapir!”, deya bitta gap bilan mum tishlatib qoʻyardi. Rosti, kamina na Kenja “posonni”, na Saʼdulla kalni tanimayman, taxminimcha, ular biri qizlarga oʻxshab oʻziga oro beradigan, ikkinchisi tilli-jagʻli, burungi hamqishloqlarimizdan boʻlishsa kerak.
Menku men, boshqalar, deylik opam ham gap eshitib turardi, rahmatlidan. Kaminaning biyronligi yoqmagani kabi, opamning kulishi yoqmasdi momomga. “Qiz bola degan xuda-bexudaga hiringlayversa yaxshi boʻlmaydi! Labingni jiy, toki birov jonosholmasin!” derdi, qovoqlarini solib. Nafsilamrini aytganda, u kishining biz bolalarga maʼqul odatlari ham yoʻq emasdi. Masalan, nafaqasi kelsa hammamizga pul ulashar, qoʻy soʻysak, iligini bizga qoqib berardi. Eldoshlarning qattiq hurmat qilishlarini, u kishini kayvoni, koʻp narsani tushunadi, deb hisoblashlarini barimiz yaxshi bilardik.
Adabiyotda “ayol, hamisha ayol” degan ibora bor. Halokat tufayli bobomni erta boy bergan momomning fikri esa nechukdir boshqacharoq edi. “Ayol, eri boʻlsa ayol. Boʻlmasa, u erkak!”. Bu borada mening bir narsa deyishim qiyin, balki oʻz umri, vaziyatidan kelib chiqib gapirishgandir...
Darvoqe, ayol deganday...
Qandaydir sabab bilan uyimizga yigʻilgan juvonlar, bir gal momomdan “Ena, ayal zoti nechida qariykan?”, deya soʻrab qoldi. “Ayal zoti jetmishidayam jilqiday boʻladi. Saksandan oshqach suyaklari shovshaydi” deb javob berdi u kishi. U paytlari kamina yuqoridagi fikrning maʼnosi haqida koʻpam bosh qotirganim yoʻq. Menga iboradagi ohangdoshlik yoqib qolgandi. Hozir esa ushbu gapni eslab, demak ul davrda odamlar bizdan haqiqatda ancha baquvvat boʻlishgan ekanda, degan oʻylar kechada xayolimdan. Axir bugun qishlogʻimizda yetmishga kirib yilqiday boʻlgan zotlar yoʻq. Aksincha, ayrimlarimiz yigirmaga kirmay qarib qolyapmiz.
Yana latifa, matal, rivoyat deganlariga ham usta edi, baraka topkur. Oʻzi kam kulsayam, aytgan latifalari hammani kuldirardi. “Bir kuni odamlar apandidan xotiningiz kasalxonadan qaytdima deb soʻrapti. Qaytqani joʻq, depti apandi, haliyam kasalxona haqida gapirib jotibti...”. Eng eʼtiborni tortadigani nima, bilasizmi? Shu qochirimni uy toʻla odam tushunib, gurullab kular, gapni-gapga ulashardi. Biroq uni yaqinda ijtimoiy tarmoqqa qoʻygan edim, negadir koʻpchilik tushunmadi. Fikrlari oʻtlab ketgan uloqchalarday har yoqqa tiraqaylab, ezib muhokama qilishdi.
U kishi gapirib beradigan rivoyatlar hech esimdan chiqmaydi ayniqsa. Shunday rivoyatlardan birida ilm talabidagi odam oʻn yil madrasada oʻqib, olim boʻlibdi. Soʻng uyga qaytayotgan ekan, kech tushib, yoʻl boʻyidagi uydan tunab qolishga joy soʻrabdi. Uyga kirganida beka uning yoniga ikkita yaqinda yopilgan non keltirib qoʻyibdi.
– Oling, mehmon, – debdi manzirat qilib, – nonni hali yopgan edik. Oʻzingiz harom-halolini ajratib yeng.
Beka ketgach, uning gapi olimni ikkilantirib qoʻyibdi. “Shoshma, mezbonning ayoli harom-halolini ajratib yeng, deydimi? Bu bilan nima demoqchi? Tavakkal gapirdimi desam, oqila ayolga oʻxshayapti... Nonday aziz neʼmatning haromi boʻladimi?”. Xoʻp oʻyga tolibdi, oʻsha olim. Tuz totay desa, tomogʻidan oʻtmasmish. Ertalabgacha oʻylab ham jumboqni yecholmabdi. Tongda keta turib, oxiri uy bekasining oʻzidan soʻrashga majbur boʻlibdi:
– Singlim, kecha non qoʻyganingizda harom-halolini ajratib yeng, deganday boʻldingiz. Men tushunolmadim, nonning haromi boʻladimi?
– Boʻladi, mulla aka – javob qaytaribdi beka. – Ehtiyot boʻlmasak, hatto nonning ham haromi boʻlishi mumkin, — keyin biroz sukut saqlab, qoʻshib qoʻyibdi, – Men sizga tagiga tandirdan kesak yopishgan boʻlsa, oʻzingiz tozalab yeng, demoqchi edim. Buni eshitgan olim oʻz omiligidan xijolatga tushgan, hali nondan kesagini ajratib yeyishni bilmas ekanmanku, deb uyiga emas, yoʻlni yana madrasaga solgan ekan.
Momom gapirib beradigan tagʻin bir rivoyatda esa, Olloh taolo oʻlimni yaratib, uni togʻ-toshlarning boshiga solibdi. Ammo togʻlar koʻtarolmabdi. Biri qulashi bilan qolganlari zirillab, tutday toʻkila boshlabdi. Shunda Olloh oʻlimni ularning boshidan olib, daraxtlarga solibdi. Daraxtlar ham koʻtarolmabdilar: biri yiqilsa boshqalari charsillab-qarsillab sina ketipti. Olloh hatto hayvonlarning boshiga solganda ham koʻtarisholmabdi oʻlimni. Bir-birining musibatiga kuyibdi, boʻkirib dunyoni larzaga keltiribdi. Nihoyat insonning boshiga solgan ekan, inson bu musibatni koʻtaribdi. Yaʼni, biri bir yoqda qavmdoshiga kuysa, ikkinchisi ikkinchi tarafda qoʻshiq aytib, childirma chalayotgan emish. Shundan oʻlim, yaʼni ajali yetib jonni egasiga topshirish, bandalarga meros boʻlib qolgan ekan...
Albatta mazkur rivoyat toʻqima, bundan yuqorisida boʻlgan kabi, bunda ham roviy aytmoqchi maʼlum hayotiy xulosa berkingan. Biroq bolalikda mol boqib yurganda, biror jonliq nobud boʻlgan joy chiqsa, sigirlarim oʻsha yerni hidlab dahshatga tushganini, boʻkirib yer timdalaganlarini koʻp koʻrganman. Bandalar tanimaydigan insonlarining oʻlimi uchun bu qadar kuyunganini, rosti, hech koʻrganimni eslolmayman...
Topishmoqlari bundanda gʻaroyib edi, Malika momomning. Ularni biz bolalarga asosan kechalari, fonusning yorugʻida paxtani chigitdan ayirib oʻtirganda aytardi:
“Tepdim teshik,
Mindim beshik.
Oldim ajriq,
Orqamda qamish...
U nima?”
Yoki:
“Oppon-opponni koʻrdim,
Qora choponni koʻrdim.
Suyaklari taram-taram,
Odam jutqanni koʻrdim”.
Biz bu topishmoqlarga javob topguncha xayolan ming bitta koʻchaga kirib chiqar, bir-birimiz bilan kengashar, obdon bosh qotirardik. Orada hamishagiday hamma oʻz kamchiligi uchun: men koʻp gapirganim, opam kulgani, akam dangasalik qilayotgani uchun dakki eshitardi.
Sheʼrlar, aytimlar ham yodlatishardi u kishi:
“Halin-o, namata,
Joʻrajo-on, kelaqo-ol.
Mushtday qorning toʻymaymaa,
Enang qurgʻur qoʻymaymaa...”
Rost, folklordagi ramzlarga qiziqmaydigan zamonaviy inson uchun mazkur aytimlar u qadar maʼnoli tuyilmasligi mumkin. Ammo bugungi kunda ayniqsa yoshlar orasida koʻp uchraydigan xotira sustligi bilan bogʻliq muammolarning bir uchi, farzandlarimizning shu kabi aytimlardan, sheʼrdan, topishmoq-jumboqlardan olislashib ketganiga ham borib taqalmasmikin?
Momom bilan bogʻliq bu xotiralarimda, menga taʼlim va tarbiyani bir-biriga esh bilgan donishmand elning umumiy qarashlari, falsafasi aks etganday tuyilaveradi...
***
Dastlab soʻz ochganimdek, baʼzida qochib berkinadigan xilvatgohim – yod uyimdagi munavvar insonlar ichida “Birgad bobom”, yaʼni, oilada yetti ogʻa-ini boʻlishgan otamning eng katta akasi Joʻra bobo ham bor. U kishi ilgari kolxozda brigadirlik qilgan, shundan hamma eldoshlarimiz “Birgad bobo” deb chaqirardi. Lekin hozir sizga aytib bermoqchi boʻlayotgan voqeam brigadirlik yillari bilan emas, bobomning ancha keksaygan, yetmishga yaqinlashgan nuroniy davrlari bilan bogʻliq.
Hamqishloqlarning toʻy-hashamlarda eslab oʻtishicha, bobom yellik yoshgacha ot chopgan ekan. Biz esimizni tanigan vaqtlarga kelib chavandozlikni yigʻishtirgan boʻlsa ham, u kishi doimo oq-oppoq ot minib yurardi. Men esa aynan shu tulporga juda havasmand edim. “Bolajonim Miyo” filmida boʻlgani kabi, unga “Merames” deya nom ham qoʻygan edim. U paytlari otlarga ism berish unchalik rasm boʻlmagani uchun, bobom bundan kulardi. Oʻzlari biyasini oddiygina qilib, “ogʻot” (oq ot) deb atardi.
Qachon, kim Birgat bobomlarnikiga boradigan boʻlsa, chavandozlikka havasmand kamina dum boʻlib ortidan ergashar, rahmatli shunda ortga qaytishimizda otiga mindirib, meni uyimizga qoʻyib ketardi. Oʻsha kun ham shunday boʻldi. Enamning Birgat bobomlarnikiga bormoqchiligini eshitidim-u, menam qoʻshilib boraman, deya turib oldim. Uydagilar ul-deyishdi, bul deyishdi, koʻndirisholmadi. Shoʻxlik qilmaslik sharti bilan, oxiri borishimga rozi boʻlishdi.
Enam bir qoʻliga tovuq shoʻrva solingan termosni koʻtargan, ikkinchi qoʻli bilan bilagimdan tutgan – ikkimiz uzun-qisqa boʻlib Birgat bobomlarnikiga kirib bordik. Ichkari kirganimizda bobom oyoqlarini adyolga oʻrab, uyning toʻrida yotishgan ekan. Men enamdan yashirib shuncha im-ishoralar qildim, necha bor tashqariga chiqib-kirdim, boʻlmadi. Odatda imlashimni tushunib, “qaniy, ogʻotdan xabar olayikchi” deb tashqarilaydigan odam, bu safar unamadi. Shu orada safarimiz qaridi. “Qaytsak, yanayam soz, – fikr kechdi xayolimdan. ̶ Endi aniq otga minaman!”
– Birgat bova, qamchingizni topib chiqaymi?
– Hali uyda nima devding?! ̶ jahli chiqdi enamning. ̶ Qani, sesingni (sasingni, demoqchi) chiqarmay tez oldimga tush!
Najot kutib Birgat bobom bilan Yorqinoy momomga qarasam, ular enamning gapini sassizgina maʼqullab turar, faqat bobomning koʻkala soqolli oppoq yuzida allaqanday umidbaxsh tabassum borday edi. Men buni ilgʻadim-u, tixirlikni avjiga chiqardim. Va bu ish berdi ham. Birgat bobom avval emakladi, soʻng tizzalariga qoʻl tiradi, oxiri qariyalarga xos inqillab-sinqillab qad rostladi – oʻrnidan turdi. Yorqinoy momomning hayhaylashiga qaramay, polvon kelbatlarini lapanglatgancha otxonaga, otini egarlashga joʻnadi...
Shunday qilib, birozdan keyin ikkalamiz “ogʻot” – “Merames”ga oldinma-ketin mingashib, koʻchada sekin-asta ketib borardik. Shu vaqt boʻynimga termi, koʻz yoshmi – qaynoq bir tomchining sitilib tomganini his etdim. Tezgina tepamga qaradim-u, Birgat bobomning negadir qorayib ketgan, azbaroyi burishib, kuchli azob zuhr topgan yuz-koʻzlariga nigohim tushdi. Nimaga buncha sekin yurayapmiz, desam haligacha sezmagan ekanman: u kishi otning ustida tishini-tishiga bosib, zoʻrgʻa kelayotgan ekan. Buning sababini esa hovlimizga borgach, bobom ketganidan ozgina oʻtib yetib kelgan enamdan gap eshitganda tushundim. Oʻshanda borganimizda bobom otdan yiqilib, belangi boʻlib yotgan, harhasha qilaverganimdan keyin noiloj turib, meni otiga mindirishga majbur boʻlgan ekan, rahmatli. Enam bilan Yorqinoy momom esa u kishining oʻz oldilarida “bobong kasal, turolmaydi” deyishga istihola qilishibdi...
Boʻynimning bobom koʻzlaridan yosh tomgan shu yeri xuddi biror jarohatdan qolgan izday hali hamon bezillab turadi. Ayniqsa, qarindosh-uruqqa mehrsiz odamlar yoki soppa-sogʻ boʻla turib, oʻziga kasalligi toʻgʻrisida hujjat toʻgʻrilatishgacha borayotgan oriyatsiz kimsalarni eshitsam, oʻsha joyimga igna sanchilganday boʻlaveradi...
***
Men faqat Malika momom yoki Birgat bobomni emas, umuman oʻsha odamlar, oʻsha damlarni gohida qattiq sogʻinaman. Mehrini-da maʼlum pardalarga oʻraydigan, bir uy boʻlib rivoyat aytishib, topishmoq topib oʻtirgan, dardmandligini, joni ogʻriganini birovga sezdirishni or hisoblagan zotlarni bugunda koʻrgim keladi. Hozir bitta uyda yashayotganlardan, oʻsha paytlar bitta qishloqda yashaydigan odamlar bir-biri bilan yaqinroq boʻlganday, hozirgi odamlardan koʻra eskining odamlari oriyatliroq, tantiroq boʻlganday tuyilaveradi xayolimda...
Toʻgʻri, har bitta avlod umr sahniga oʻz odatlari, tajribasi, tafakkur shakli bilan kirib keladi. Kechadan bugunning, bugundan kechaning hayot tarzini talab qilish, katta ahmoqlik boʻlar, ehtimol. Faqat meni hayron qoldiradigani: oʻsha paytlari bola tarbiyasi haqida kitoblar chop etilmagan, bola tarbiyalashning yaponcha yo ovroʻpacha usuli degan gaplar yoʻq boʻlgan. Lekin ular tarbiya borasida biz mansub avloddan koʻproq narsaga erishmadimikin? Ular motivatsiya, afirmatsiya va yana allambalolar haqida hech narsa bilmagan. Lekin bizning avlodga qaraganda ancha irodali, shiddatliroq emasmikin?
Ha, bir gap borga oʻxshaydi, eskining odamlarida bir gap borga oʻxshaydi...
Bayram ALI.
Oyina.uz
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
3 Izohlar
Yuriy
14:09 / 21.09.2023
“Oppon-opponni koʻrdim, Qora choponni koʻrdim. Suyaklari taram-taram, Odam jutqanni koʻrdim. Mana shuni javobi adashmasam kurashchi polvon haqida
Bayram Ali
16:09 / 04.09.2023
Assalomu alaykum. Birinchisi ot, ikkinchisi qora uy - o‘tov.
Abbos
00:08 / 01.08.2023
Assalomu alaykum. Topishmoqlarning javoblari nima ekan?