Yildan yilga psixologlar soni ortib bormoqda, ushbu kasb egalari xizmatidan foydalanmaydigan soha deyarli qolmadi. (Bu nimani anglatadi? Chindan ham ruhiyatimizda muammolar ko‘payganmi yoki hayotiy vaziyatlarni psixologik baholash zaruratga aylandimi?) Deylik, psixologlar maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida ham faoliyat olib borishmoqda. Albatta, ushbu holat quvonarli, shaxsning yetuklik davridagi holati uning bolalikda ko‘rgan-kechirganlari, ruhiy ta’sirlanishlariga yuqori darajada bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari psixologlar bolalar ta’limi va tarbiyasining rejadagiday olib borilishi uchun ham ko‘makchi bo‘la oladi. Bunday gaplar quloqqa yoqimli eshitiladi, biroq asl holat qanday?
Yangiliklar orasida maktab o‘quvchilarining o‘z joniga qasd qilgani haqida o‘qib turibmiz, shuningdek, statistikaga ko‘ra, 2022-yilda maktab yoshidagi bolalarning jami sodir etilgan jinoyatlardagi ulushi 3,5 % ni tashkil etgan. Bu holatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktab psixologini ayblolmaymiz, biroq aynan uning harakatlari bilan bunday mudhish voqealarning oldi olinishi mumkin.
Oyina.uz kolumnisti aynan maktab va maktabgacha ta’lim muassasalaridagi psixologik faoliyat yuzasidan ba’zi muammolarni tahlil qilishga urinadi.
Yangilanmayotgan metodikalar
Psixologik faoliyatdagi ikki omil ahamiyatlidir – mutaxassislarning bilim-malakasi hamda kasbdagi tajribasi. Dastlab psixologlarimizning bilimiga aloqador kamchiliklar haqida bosh qotirish lozim. Kuzatganlarimdan kelib chiqib aytsam (balki faqat menga shunday ko‘ringandir), ushbu yo‘nalishdagi talabalarga o‘rgatiladigan va ular ham kelajakdagi professional faoliyatlarida qo‘llaydigan bor-u yo‘q ko‘nikma va bilim bu turli psixodiagnostik test, so‘rovnomalar, haddan ortiq universal konsultatsiya tartiblari shuningdek, o‘tilaverib suvi chiqib ketgan seminar-treninglardir. Kollejdagi davrimizda bizga yangi psixolog kelgandi – yosh, g‘ayratli, energiyaga to‘la, o‘shanda shu psixolog bizning guruhdan “Mavjud bo‘lmagan hayvon” va “Kaktus” metodikalari yuzasidan har birimiz chizgan suratlarni olgandi. Shu paytgacha bunaqa narsani ko‘rmaganligimiz tufayli qoyil qolganmiz. Natijalar qanday chiqqanidan xabarimiz yo‘q edi, lekin ushbu sinovdan olingan xulosalar bo‘yicha birortamiz bilan qayta ishlanilmadi. Hech birimizda ruhiy muammolar yo‘q edi deyish ham mumkin, lekin bunga hozir ishonishim qiyin. Harqalay, guruhimizda 17 nafar yo otasi, yo onasi, yoxud ikkalasi ham bo‘lmagan o‘quvchilar bor edi… Xullas, oradan sakkiz yil o‘tdi. Biroq bo‘lajak psixologlarimizga hamon xuddi o‘sha “Mavjud bo‘lmagan hayvon”, “Kaktus” va shunga o‘xshash eski metodikalar, testlar o‘rgatilmoqda. Bu narsalar foydasiz emas, biroq insoniyat psixologiyasida avlodlar almashgani sayin dinamik o‘zgarishlar yuz bera boshlaydi. Ruhiyatimiz “kengayadi” va yanada “boyiydi”. Nobel mukofoti sohibi Jozef Stirlitsning shunday gapi bor – “15 yoshli o‘smir IPad olish uchungina buyragini sotdi”, bunday ishlar yangi ruhiyatga ega zamonaviy yoshlargagina xosdir. Shu sabab yangi avlodlar ruhiyatini to‘liqroq tahlil qilish uchun yangicha uslublar ham kerak. Ilm-fanda, xususan, psixologiyada qanday qilib yangiliklar qilinadi? Albatta ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar yordamida. Qoida bo‘yicha, magistrlardan tortib akademiklargacha o‘z ilmiy ishida qandaydir yangiliklarni topishlari kerak. Mavzuning oldin yoritilmagan va hozirda o‘rganilishi lozim bo‘lgan jihatlari tahlil qilinishi kerak. Ana shunda ayni holatimizdagi muammolarga yechim topiladi.
Shu o‘rinda, savol tug‘ilishi mumkin. Har yili psixologiya sohasida ko‘plab ilmiy ishlar yoqlanayapti, agar bu ishlar chindan ilm-fanda yangilik qilish, qaysidir muammolarga oz bo‘lsa-da yechim topishga asoslangan bo‘lsa, uning natijasidan nima uchun jamoatchilik bexabar? Qolaversa, dotsentlarimiz, professorlarimiz va akademiklarimizning minglab yangi metodikalari, qo‘llanmalari, darsliklari chiqariladi va ta’lim muassasalarida sotiladi. Bu manbalarning ta’siri haqida nega gapirilmaydi? Ta’lim muassasalariga tadbiq etilishi lozim bo‘lgan yangi metodikalar o‘zi mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa demak, bugungi kundagi aksariyat mutaxassislar izlanishdan to‘xtagan yoki targ‘ibotgacha yetib bormagan metodikalar chang bosgan qog‘ozlarga ko‘milgan.
Maktab psixologining ilmiy darajasi
O‘zbekistonda maktab psixologi lavozimiga da’vogarlar bakalavr darajasiga ega bo‘lishi lozim. Lekin bakalavr darajasi bolalar ruhiyati bilan ishlovchi psixolog uchun amalda yetarlimi? Maktab yoshidagi bola atrof ijtimoiy muhiti va ichki olami, shaxsiyati, xarakteri, qarashlarini murosaga keltira boshlashga endigina kirishayotgan davrni ko‘z oldingizga keltiring. Juda ko‘plab buyuk olimlarning psixologik va pedogogik qarashlariga ko‘ra bolalarga katta yoshdagi insonlarga nisbatan kuchliroq munosabat bildirilishi kerak. Chunki, bolaning ruhiyati injiqliklar va ziddiyatlarga to‘la bo‘ladi. Bunday obyekt bilan ishlash davomida ijobiy natijaga erishish uchun bakalavriat darajasidagi bilimlar kamlik qilishi mumkin. Albatta, bu oliy ta’lim tizimidagi o‘quv dasturiga ham bog‘liq. Xorij tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, AQSh ta’lim sohasida psixologik faoliyatni amalga oshirish uchun kamida magistrlik darajasi va 1200 soatlik amaliyot davrini o‘tash talab etiladi. Buyuk Britaniyada bu talab yanada qattiqroq – psixolog doktoranturani tamomlagan bo‘lishi lozim. Dunyo jamiyati tobora komil insonni tarbiyalashni istayotgan bir vaqtda, bu qat’iy talablar o‘zini oqlashi mumkin.
Mashhur olim Zigmund Freyd yetuklik davridagi barcha ruhiy muammolarning bolalikdagi ruhiy jarohatlar bilan aloqadorligi borasida jiddiy dalillarni o‘rtaga tashlagan. Aytganimizdek, bola ruhiyati murakkab, u hali o‘zini yaxshi anglamaydi, psixologning o‘ziga bergan savollariga aniq va kerakli javob berolmaydi, shuningdek, hissiy holatini ham tushuntirib berolmayd. Demak, real holatda bolalar bilan muvaffaqiyatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, buning ustiga ulardagi ruhiy “buzilish”larni bartaraf etish uchun nisbatan malakaliroq, kuchliroq mutaxassislar kerak. Tajribalardan kelib chiqsak, kamida magistrlik darajasiga ega bo‘lgan psixologlar faoliyati samaraliroq bo‘lishi mumkin.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya bilan tanishmisiz?
Maktab psixologining lavozim majburiyatlari orasida shunday band mavjud – “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaga muvofiq shaxs huquqlarini himoya qilishga, ta’lim muassasasi ijtimoiy sohasini uyg‘unlashtirishga ko‘maklashish va ijtimoiy jihatdan ko'nika olmaslik hollari yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish”.
Demak, ushbu bandga ko‘ra, maktab psixologi dunyodagi bola huquqlari bo‘yicha asosiy tan olingan hujjat hisoblangan konvensiyani bilishi, o‘rganib chiqishi va o‘z faoliyati davomida unga asoslanib harakat qilishi lozim. Afsuski, aksariyat maktab psixologlari ushbu hujjat bilan hatto to‘liq tanishib chiqmagan. Bu hujjatdan xabardor bo‘lish talabi majburiyatlar qayd etilgan hujjatlarda emas, balki malaka talabini ta’minlaydigan hujjatlarda aks etishi to‘g‘ri bo‘lardi.
Mening bolam jinni emas
Maktab psixologining majburiyatlari qatorida yana shunday band bor – “Emotsional-hissiy zo‘riqishlar, xavotirlik darajasi yuqori va o‘ziga ishonchi past bo‘lgan bolalar uchun korrektsion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar tashkil etish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish maqsadida seminar-treninglar hamda soha mutaxassislari bilan davra suhbatlarini tashkil etish, shuningdek, kasbiy moyilligi bo‘yicha professional ta’lim olishi mumkin bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida kasbga yo‘naltirish”.
Shu o‘rinda tassavvur qilaylik, psixologning malakasi yetarli, belgilab qo‘yilgan vazifasini bajarmoqchi, bir qadar fikriy va hissiy jihatdan qoloq o‘quvchi bilan ishlamoqchi. Tabiiyki, dars jarayonlari vaqtida buning iloji yo‘q, demak, har qanday mashg‘ulotlar yoki muolajalarni darsdan keyin o‘tkazish mumkin. Qishloqlardagi va hatto shaharlardagi ayrim ota-onalar uchun darsdan so‘ng farzandini psixolog olib qolishi yoqimsiz, shuningdek, to‘g‘ri qabul qilinmaydigan holat. Ular atrofdagi tanishlarining gap-so‘zlari va malomatlaridan cho‘chishadi. Munosabatlari qat’iy:
– Mening bolam jinni emas!
– Falonchini bolasi ruhiy xasta ekan deyishlarini xohlamayman!
Jamiyatimiz kattalarning ruhshunosga qatnashini sekin-asta qabul qilayapti, biroq bolalar bunday huquqqa haligacha erishgani yo‘q.
Bolalar psixologi qancha maosh oladi?
Bugungi kunda maktab va maktabgacha ta’lim sohasidagi psixologlar taxminan ilmiy daraja yoki toifaga qarab 2 300 000 so‘mdan 3 000 000 so‘mgacha maosh oladi. Bir hisobda bu maosh o‘z kasbini sevadigan kuchli mutaxassis uchun yoki magistr darajasidagi psixolog uchun kamlik qilishi mumkin. Demak, ushbu kasbning moddiy statusiga ham yaxshiroq e’tibor qaratish lozim. Maktab ta’limi tizimida psixolog lavozimi egasi kimligi va mas’uliyatini yaxshi tushunilmasligiga isbot shuki, yaqin yillarda o‘qituvchilar maoshi bir qadar ko‘tarildi, biroq psixolog nazardan chetda qolib ketmoqda. Hatto ziyolilar ham shunday o‘ylashi mumkin – bolaga ta’limni o‘qituvchi, tarbiyani ota-ona beradi. Shu bilan bola kam-u ko‘stsiz voyaga yetadi. Lekin shunday vaziyatlar bo‘ladiki, bolalar ruhiy muammolar qurshovida qolib ketadi va bu vaziyatda ularga na ota-ona, na o‘qituvchi yordam bera olmaydi. Psixologlar mana shu vaqtda bolalardagi ruhiy salomatlikni ta’minlashi mumkin.
Psixolog hujjatlar bilan ishlovchi yoki maktab imidji uchun o‘ylab topilgan loyiha emas. Shu asosda, xodimlar psixologik faoliyatga shunchaki tayinki kasb, maosh va qarilikdagi nafaqaga kafolat sifatida qarashi ham adolatdan emas. Shunday ekan, muammolar ildizida sohaga munosabat tushunchasi ham yotibdi.
Agar mana shu munosabatni o‘zgartira olsak, maktablarda shunchaki ishni yo‘qotmaslik uchun kun o‘tkazayotgan psixologlardan voz kechsak, talablarni qat’iylashtirib, ortiqcha vazifalarni olib tashlasak va albatta, moddiy ta’minotni yaxshilasak, ana shunda jiddiy maqsadli mutaxassislar yetishib chiqadi va ular faoliyati ostidagi maktab o‘quvchilari orasida jinoyatlar va suiqasdlar soni sezilarli darajada kamayadi.
Javohir ERGASHEV.
Oyina.uz
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q