O‘zbek folklorining himoyasi yo‘lida qatag‘onga uchragan Shokir Sulaymon


Saqlash
21:07 / 26.07.2023 1047 0

Azim Qo‘qon shahridan yetishib chiqqan jadidlar XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasining maorifi, madaniyati, siyosiy jarayonlardagi faoliyati bilan yorqin iz qoldirgan. Jumladan, Ashurali Zohiriy, Abduvahob Ibodiy, Muhammadjon Xoliqiy, Akbar Islomov, Nazir To‘raqulov va shu kabi ko‘plab ziyolilar o‘lkada ilg‘or g‘oyalarning yoyilishida o‘zining munosib hissalarini qo‘shgan. Qo‘qonlik taraqqiyparvar yoshlar ichida, ayniqsa, Shokir Sulaymonning ham alohida o‘rni va roli bor.

 

Shokir Sulaymon 1900-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Sobirxo‘ja ilmli inson, onasi Tiniqoy ham o‘qimishli ayol bo‘lganligi manbalardan ma’lum. Shokirning birinchi ustozi otasi Sobirxo‘ja bo‘lib, keyingi ta’limni qo‘qonlik jadid Abduvahob Ibodiyning “Irfon” maktabida davom ettiradi. Abduvahob Ibodiy o‘z maktabida mukammal ta’lim tizimini ishlab chiqqan, ushbu maktabdagi tahsil, shubhasiz, yosh Shokirning hayotida muhim o‘rin tutdi.

 

Bo‘lajak adib, shoir va nosir Shokir Sulaymon 1912-yildan boshlab Qo‘qondagi rus-tuzem maktabida, 1917-yildan esa Orenburg shahridagi Husayniya madrasasida o‘qishni davom ettirdi. Husayniya madrasasi 1891-yildan faoliyatini boshlagan va o‘z navbatida, tatar taraqqiyparvarlarining harakat markazlaridan biri edi. Shokir Sulaymon bu yerda yosh jadidchilik g‘oyalarining ijtimoiy-siyosiy jihatlari to‘g‘risida ham keng ma’lumotga ega bo‘ladi. U 1921-yilda madrasani tamomlab, Qo‘qonga qaytadi va pedagoglik faoliyatini boshlab yuboradi. Tarixchi Bahrom Irzayevning qayd etishicha, Shokir Sulaymon 1922-yili Qo‘qon va Uchko‘prik hududlarida to‘rt yillik “usuli jadid” maktablarini ochadi hamda shahar taraqqiyparvarlarining yetakchisi Obidjon Mahmudovning uyida Ashurali Zohiriy, Mirzohid Miroqilov, Yunus Og‘aliqov, Nosir hoji Ziyoyev, Abdulla Rahmat, Muxtor Muhammadiylar yig‘in o‘tkazadi. Nemis millatiga mansub bir kishini topib, iqtidorli yoshlarga olmon tili darsini tashkil etadilar.

 

Shokir Sulaymon 1922-yilda tuzilgan “Ko‘mak” uyushmasining faoliyatida ham faol ishtirok etdi hamda millat boylarini ushbu ezgu ishda jonbozlik ko‘rsatishga da’vat qilib, o‘zining ko‘plab she’r va maqolalarida mazkur tashabbusni olqishladi. Jumladan, u “Turkiston” gazetasining 1923-yil 1-yanvar sonida chop etilgan “Ovro‘pada Turkiston o‘quvchilari” nomli maqolasida “Chetda o‘quvchi bolalarini yo‘qlab turg‘on boshqa millatlar kabi bizning Turkiston ziyolilari, maorifparvarlari ham o‘zlarining “jiyda xaltalari” bilan chetdagi o‘quvchilarini yo‘qlasalar, yordam etsalar yaxshi bo‘lur edi. Yurti, elidan uzoq turg‘on o‘quvchilar Turkistondan shuni kutarlar. Shunday bo‘lsa, istipendiyasiz turg‘on yuzlab o‘quvchilarimizga bir oz madad bo‘lur edi. Yurtidagi kamchiliklarni ko‘rib, yuragi achinadurg‘on yoshlarimizning kundan-kun, yildan-yilga ko‘payishi lozimdir deb yozdi. Bundan tashqari u Moskvadan turib Turkiston davriy matbuotida “Uchqun” nomli she’rini e’lon qilib, unda muallif Germaniyaga o‘qishga yuborilgan o‘quvchilarni uchqunga o‘xshatadi va bir kun kelib ular nur bo‘lib vatanga qaytishiga, jaholat, ilmsizlik soyasi ostida zulmatga cho‘mgan Turkiston zaminini yoritishiga umid bildiradi:

 

Chetda uchqun, chetda yolqin gurkirab kuchli yonar,

Yong‘on o‘t o‘chmas, biroq zo‘r yoqitliq, shu’la berar.

Qop-qorong‘i tilsimot, yo‘lsiz yobon sharq ustiga,

G‘arbdagi dard yolqini bir kun chiqib uchqun sochar…

 

Shokir Sulaymon o‘z bilimini oshirish maqsadida Moskva davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qishni davom ettiradi. Talaba Shokir tahsil olish bilan birga Moskvada ilm olayotgan turkistonlik yoshlarning muvaffaqqiyatlari xususida ham muhim ma’lumotlarni davriy matbuot nashrlariga xatlar orqali ma’lum qilib borgan.

 

 

Shokir Sulaymon Moskvada.

 

Masalan, u “Moskovda adabiyot to‘garagi” nomli xabarida turkistonlik yoshlar tomonidan Moskvada tashkil etilgan adabiyot to‘garagi to‘g‘risida ma’lumot beradi: “Moskovda, o‘rta, oliy bilim yurtlarida o‘qig‘uvchi turkistonlik o‘zbek, qirg‘iz, qozoq istudentlarining yaqinda adabiyot to‘garaklari ochildi. To‘garakning tub maqsadi Moskovda o‘qig‘uvchi Turkiston isdutentlarini bir nuqtaga to‘plab, maxsus leksiyalar vositasi bilan siyosiy, ilmiy, fanniy kuchlarini o‘stirmoq va Turkiston jumhuriyatining Moskov vakolatxonasi bilan yaqin aloqada bo‘lub, Turkiston istudentlarini har yoqdan ta’min etmak va ko‘paytirishga tirishmoqdir. To‘garakning 1) Maorif va madaniyat, 2) Adabiyot-nashriyot, 3) Moddiy ta’minot bo‘limlari bo‘lub, prezidiumga Akmal Ikromov, Botu, Shokir Sulaymon, Hanafiy Burnash, Abdulla Qamchinbek o‘rtoqlar saylandilar. To‘garak jiddiy ishga kirishib Turkiston o‘quvchilarig‘a tezlikda yordam qo‘lini cho‘zar, ishchi-yoshlar bilan juda yaqin aloqada bo‘lur”.

 

Bundan tashqari u “Dorulfununga yana 5 kishi” nomli maqolasida Moskvada tahsilni tamomlagan Fayzulloh Rahimboyev o‘g‘li (Хo‘jand), Olimjon Halim o‘g‘li (Qo‘qon), Vose Muhammadiy (Qayyum o‘g‘li), Otajon Hoshim o‘g‘li, Sayyidg‘ani Valiy o‘g‘li (Toshkent)larni o‘zlari istagan fakultetlarga muvaffaqqiyatli kirganliklari bilan tabriklaydi. Ayniqsa, uning “O‘qishning shundoq qiyin va og‘ir minutlarida ortiq chidamlik bilan har bir to‘suqlarg‘a qarshi kelib o‘zining maqsad va planini vujudga chiqarg‘on qahramon o‘rtoqlarimizni olqishlab, o‘qishlarini yigitlarcha itmom (tamom – M.Alijonov) qilishlarini so‘rab qolamiz. Elimizning, yurtimizning – chin ilmiy kuchlariga muhtoj bir vaqtlarida bundoq nodir al-vujud o‘smirlarning qadamlari muborak va shoyon iftixordur” so‘zlaridan chinakam sevinchini sezish mumkin.

 

Alohida qayd etish kerakki, uning ijodiy merosi aynan ana shu talabalik yillarida gurkirab rivojlandi. Jumladan, u “Turkiston”, “Farg‘ona”, “Yangi Farg‘ona”, “Qizil bayroq” gazetalari hamda “Ma’orif va o‘qitg‘uvchi” kabi jurnal sahifalarida o‘zining ko‘plab maqola va she’rlari bilan ishtirok etdi. Shu bilan birga u “Erk kuylari”, “G‘alaba marshi”, “Yangi saroy”, “Davr hayqirig‘i”, “Ikki yo‘l”, “Saylanma”, “O‘tganlarni eslaganda”, “Surgun Sayfiy” nomli she’riy to‘plamlar hamda “Achchiq xotiralar”, “Kolxozda”, “Jama ham Hamo”, “Yosh ixtirochi”, “Sayohat”, “Hindistonda”, “Jim ham Ellen”, “Butun dunyoga sayohat”, “Yangi turmushda”, “Baxtli Halima”, “Podachi”, “Bizda ham ularda”, “Parij bolalari”, “Farmuza otasi” kabi nasriy asarlarni ijod etdi. Shokir Sulaymon tarjimon sifatida ham A.Mixaylovning “Spartak”, V.Biankining “Bu kimning oyoqlari”, “Kakku bolachasi”, “Qush qanday sayraydi” va shular kabi ko‘plab badiiy asarlarni o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi.

 

Shokir Sulaymonning Turkiston davriy matbuotida maqolalari ayniqsa o‘zining milliy ruhda ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Masalan, “Farg‘ona” gazetasining 1923-yil 15-aprel sonida chop etilgan “Xalq adabiyoti”, xuddi shu gazetaning 1923-yil 24-avgustda e’lon qilingan “Milliy kuy va ashulalarimiz” nomli maqolalari shular jumlasidandir. Shokir Sulaymon “Xalq adabiyoti” nomli maqolasida o‘zbek xalqining jonkuyar folklorshunos muxlisi sifatida namoyon bo‘ladi. Muallif mazkur maqolada adabiyotni 1) Xalq adabiyoti va 2) Qalam adabiyoti kabi ikki qismga bo‘lib, ushbu ikki adabiyot turiga o‘z ta’riflarini bergan. Shokir Sulaymonning fikricha xalq adabiyoti bu xalqning o‘zidan – otadan bolaga, boladan o‘g‘ilga, og‘izdan og‘izga, bo‘g‘umdan bo‘g‘umga, quloq bilan eshitilib kelib, doim xalqning o‘zi bilan birga jonli tarixiy tarjimayi holi bo‘lib yetib keladigan adabiyotdir. Qadimgi hikoyat – ertak, afsona, topishmoqlar, masal va maqollar, ashula va laparlar, bular xalq va yo og‘iz adabiyotidir deydi muallif. Qalam adabiyoti esa muharrirlar, shoir va adiblar tarafidan turli ustaliq nasr, nazm bilan yozilg‘on teatr-u ro‘mon, qissa, hikoyat va boshqa turli tasviriy majmua asarlardirki, buning ham o‘qub foydalanguvchisi yana shu yozg‘uvchilar, o‘qish va yozishni bilgan savodli kishilar hisoblanadi. Shokir Sulaymon xalq adabiyoti haqida to‘xtalib “Muvarrixlar (tarixchilar – M.Alijonov) ko‘pincha o‘zlariga ochqich etib xalq adabiyotini oladurlar. Chunki, xalq adabiyoti shu xalqning ahvoli ruhiyasini, shu vaqtdagi zamon, muhit va dunyoga qarashini din, e’tiqod va kechirgan kunlarini hech bir yashirmasdan, qo‘rqmasdan ochib beradur. Ustidan xalq adabiyoti, xalqning borliq ahvoli ruhiyasin, chiroylik yomonligin ochub, tez ko‘rsatadurgan qiymatli oyinadir. Ko‘p vaqtlar qalam adabiyotidan xalq adabiyoti ustun yuradur. Xalqning ruhi, ozig‘i, borliq tilagi o‘z adabiyoti bilangina anglashadur. Shoirlar, adib va muharrirlar xalq adabiyotidek ochib avomfaxm qilib, xalqning joniga yoqarlik qilib bera olmaydur.  Hech bir narsasi ko‘zga ko‘rinmagan bechora o‘zbeklarning sonsiz, saxtsiz yetishmagan ishlaridan – qatorda yo‘qolishga yetar darajada xalq adabiyoti turadur”  deb yozadi.

 

Muallif xalq adabiyotiga nisbatan o‘zbek yoshlarining bepisandligi, folklor namunalarini yig‘ishga nisbatan harakatning sustligidan xafa bo‘ladi: “Moskovda chiqadurgan rasmiy bir jurnalga: “O‘zbek adabiyoti, aynuqsa xalq adabiyoti to‘g‘risida bir narsa taftish va qarash yozib bering” deyilganda, bir nechalar qarashib ko‘rib, qo‘lda tayyor bir narsa bo‘lmag‘onligidan qizarub javob berishdan boshqa bir narsaga yaramadiq. Lekin unda-munda Farg‘onada yurgan vaqtlarda o‘rtoqlarimizning tillaridan suyib aytilgan ashulla-qo‘shiqlardan oz-moz parchalar bilsak ham borlig‘imizni durustroq ko‘rsatishga hech bir iktifo qilib bo‘lmaydurg‘on darajadadur. Oxirida shuni deyish kerakki, Farg‘onada 4-5 yillik bir o‘zgarishda, aynuqsa bosmachilar davrida tarix ulgurtirib, bitkizib ololmayturg‘on qiziq xotirali, fojiali va dahshatli hollar kechirdi. O‘ylamayman, hech bir yozg‘uvchi muvarrix Farg‘onaning sirli, qonli tarixin xalq adabiyoticha ochub, yozub, aytub bera olmaydur. Bilganimizcha: Farg‘onada o‘tmish qo‘rboshilar, beklar, ularning kechirmish kunlari, xotiralari va shu zamonda hukumatga qarashlari, ularning tilaklari nihoyat o‘lishlari, bitishlari – hammasi aynan nuqtama-nuqta o‘zining usta, mahoratli to‘qig‘uvchilari tarafidan to‘qilib qolinmishdur va to‘qilmoqdadur. Bir necha yillar davom etgan o‘zining kuyli, jonli hazin ovozlari bilan Farg‘ona cho‘llarida, sahrolarida, tog‘larida, dalalarida eshitilar-da tarixning shoshig‘chiligi orqasida jonli kuylari, ismlari tez unitilur. Mana shu kun sayin, soat sayin har qishloqda, har shaharda chiqib turgan va turadurgan xalq adabiyotining kuylarin notaga oldirish qo‘limizdan kelmasa, bo‘ldira olmasaq ham, aqalli, so‘zlarin, qiymatli borliqlarin saqlab qolish biz  yoshlar, qalam ahllari uchun farzi ayndir”. Shokir Sulaymon ushbu maqolasida milliy istiqlol qahramonlari to‘g‘risida kuylangan noyob xalq og‘zaki ijodi bo‘lmish she’rlardan ham na’munalar keltirgan:

 

Bek akamlar soy kechdi, omon yor,

Shohi to‘nini yechdi, omon yor,

Din va islom yo‘lida, omon yor,

Aziz jonidan kechdi, omon yor.

 

Yana:

 

Bu tog‘larda kim yotgan?

Askar bolalar yotgan;

Yonboshiga tosh botub,

Oxir xudoga yetgan.

Voyy o‘rtoqlar!

Do‘st, jo‘ralar!

Bu dunyoning savdosi

Hammamizni hayron ayladi.

 

Aytib o‘tish kerakki, ushbu maqola yozilgan paytda Turkiston o‘lkasida istiqlolchilik harakati ayni avjiga chiqqan, minglab o‘zbek yigitlari qo‘llariga qurol olib, mustamlakachi sovet hukumatiga qarshi mardonavor jang olib borayotgan paytlar edi. Shokir Sulaymon  esa ushbu maqolasida Turkiston uchun kurashayotgan qo‘rboshilarni milliy qahramon sifatida e’tirof etib, ular to‘g‘risida xalq ichida aytilayotgan, kuylanayotgan she’r va qo‘shiqlarni asrab-avaylashga da’vat etdi: “Shuning uchun men Turkiston, aynuqsa Farg‘ona yoshlaridan, qalam egalaridan so‘rar edim: Har qaysingiz yo‘qsul elimizning qorong‘i, ongsiz, bilimsizligi o‘zimizning hammadan ham pastda – tubanligimizni esda tutib, birdan-bir elimizning kelgusi bolalariga umrlik bir sovg‘a qilishlik niyati ila va chindan xalq adabiyotini yig‘ishga urininggiz… Mumkin qadar markazdan borgan va ham hay’atimiz tomonidan yuborilgan va yuboriladurgan o‘rtoqlarga berib, kerakli haqinggizni olishingiz bilan barobar bo‘yninggizda bor bir xizmatni ado qilg‘on hisoblanar edingiz”.

 

 

O‘ngdan: Cho‘lpon, Shokir Sulaymon va Botu

 

Shu bilan birga Shokir Sulaymonning “Farg‘ona” gazetasining 1923-yil 24-avgust sonida chop etilgan “Milliy kuy va ashulalarimiz” nomli maqolasi ham uning nechog‘liq xalq adabiyotini asrab-avaylashda fidokor shaxsiyat bo‘lganligini anglatadi. Muallif ushbu maqolasida har bir elning va har bir xalqning yuragidan qaynab chiqqan oh-zorlarini, shodlik va qayg‘ularini o‘z ohang va ruhiga muvofiq kuylari, ashulalari va shu kuy, ashulalarni xalqning o‘ziniki qilib aytadigan qo‘shiqchilari borligini qayd etib, xalqning aksariyati, xususan, omma qismi har vaqt o‘z ashulachilari bilan faxrlanib, shularni eshitib, ruhlarini sug‘orib, tetiklantirishlarini yozadi.

 

Shokir Sulaymon o‘zbek yoshlarining milliy kuy va qo‘shiqlardan uzoqlashib ketayotganini yozib, iztiroblarini “Milliy kuylarimizning qadriga yetmagan, milliy ashulalarimizni lazzat, ingichka tuyg‘u va taassurotlariga anglasha olmagan, xalqimiz af’oli qabixalariga qo‘shib milliy ashulalarimizga qo‘l siltaydurg‘on yoshlarimiz-da yo‘q emasdir, bordir. Lekin yana shul yoshlarimiz, ulargina emas, turli mamlakat va chet ellarda o‘qib yurg‘uvchilarimiz-da ko‘p vaqt o‘z ashulalarini aytib bo‘lar-bo‘lmas g‘iringlab yuradirlar. Rus kuylariga muhabbat qo‘yub, suyub yurgan va tatarcha “Oliyabonu”, “Oq Edilkay”, “Mahbus” kuylarin kuylab, jirlab yurgan mening o‘zim-da so‘nggi vaqtlarda o‘zimizning kuylarimizga, milliy ashulalarimizga borlig‘im bilan berilib, bor hasratlarimni, qayg‘u alamlarimni, shodliq va o‘ynoqi tilaklarimni shundan topadirgan bo‘ldimki, hozir bilar-bilmas, undan-bundan cho‘qilab, sog‘inib-sog‘inib kuylab yuraman. Ho‘qandda bir necha o‘rtoqlarimni, Namaganda Rafiqning “Farg‘ona”larini (Namanganlik shoir va yozuvchi Rafiq Mo‘min nazarda tutilmoqda – M.Alijonov), Maskovda Muhiddin qorining ashulalarini eshitganda tamom berilib, kuylarimizning nafis ohanglariga erib qimirlaydirgan edim. Qrimga borganda erka Qrim qizlarining yarim tatarcha, yarim usmonlicha (yoqimli ovozlari bilan) aytgan kuylaridan o‘zimizning farg‘onacha Cho‘lponning “Uyqu”si, Rafiqning “Farg‘ona”si  va shularni aytgan qo‘pol tovushim o‘zimga tuyuladi. To‘g‘risi-da, ruhimga yaxshi oziq bo‘ladir, dardlarimni, hasratlarimni yozadir edi. Boshqa xalqlarnikiga qaraganda oz bo‘lmasa-da, ko‘proq bizning ham ota-bobo va eski zamonlardan qolgan ko‘pgina kuylarimiz, ashulalarimiz bordirki, bu kunda ularning ko‘plari unutilib ketmoqda. Kundan-kunga deyarli yangilari chiqmodadir. Mutaraqqiy ellarning kuyshunoslarining nazarida, eski kuylar juda ahamiyatlik qiymatlikdir. So‘nggi taraqqiy zamonlarda ularning borli kuylari yig‘ilib, notaga olinib, kelgusi dunyoga bisot qilinib, saqlanib kelayotgan bir zamonda Turksitonga maxsus sovuqqonlik ahamiyatsiz qarashimiz bilan eskilarni-da, yangilarni-da unutib, yo‘qotib boramiz” deb urg‘ulaydi.

 

Shokir Sulaymon 1926-yilning avgustidan 1929-yilgacha Samarqandda tuzilgan “Qizil qalam” adabiy jamiyatining raisi sifatida faoliyat olib bordi. U ushbu jamiyat ishlarida ishtirok etgan holda, “Qizil qalam” adabiy majmuasini yangidan-yangi asarlar bilan boyitishda faollik ko‘rsatdi. Jumladan, u adabiy almanax yaratish uchun “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1926-yil 8-dekabr sonida “Butun o‘zbek adib va shoirlarig‘a!” nomli e’lon xabarini chop etdirdi. Shokir Sulaymon bu e’lonida Moskov, Leningrad, Berlin, Baku va boshqa shaharlardagi yosh kuchlarni ishga solgan holda, o‘zbek adabiyoti maydonida zo‘r namoyish qilish tilagidaligini bildirib, almanax uchun yuboriladigan adabiy na’munalar uchun “Yuboriladurg‘on adabiy parchalar (she’r, sochma, hikoya, doston) bu kungacha matbuotda ko‘rilmagan, yozilmag‘on yangi narsalar bo‘lishi” kerakligini shart qilib qo‘yadi.

 

Afsuski, qattol tuzumning qonli qilichi aksariyat o‘zbek ziyolilari qatori qahramonimizni ham chetlab o‘tmadi. Iste’dodli shoir, nosir va folklorshunos Shokir Sulaymon 1941-yilning 27-avgustida qamoqqa olindi. U O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-67-moddalari, ya’ni “Aksilinqilobiy faoliyat olib borganlikda”, Turkiston jadidlarining “Milliy ittihod” maxfiy tashkilotiga a’zolikda, milliy kuy va qo‘shiqlarni targ‘ib qilganligi uchun millatchilikda ayblandi. Garchi, sovet hukumati 1956-yilda xotini Zaynab Mirsalimovaga eri Shokir Sulaymonning 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinganligini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, u 1942-yilning 22-dekabridayoq otib tashlangan edi. O‘zbek adabiyotining,  xususan o‘zbek folklorining jonkuyar himoyachisi, tolmas targ‘ibotchisi Shokir Sulaymonning tergov bayonnomasiga yozgan so‘nggi so‘zi quyidagicha bo‘ldi: “Men xoin emasman!”.

 

Shokir Sulaymon 1956-yil 27-sentabrda oqlangan.

 

Muslimbek ALIJONOV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat

muzeyi katta ilmiy xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19304
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16378
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi