Qotillik, shafqatsizlik, yolgʻizlikka sabab boʻluvchi bolalikdagi ruhiy jarohatlar. Ularni davolash mumkinmi?


Saqlash
04:31 / 20.07.2023 1489 1

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir ayolning oʻz qizlarini ayovsiz kaltaklayotgani va eri ularni boqishni istamas ekan, oʻldirib yuborishini aytib tahdid qilayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Aybi nimaligini tushunmayotgan, qarshilik qilishga ojiz norasidalarning jiqqa yosh va qoʻrquv toʻla koʻzlari butun jamoatchilikni oyoqqa qalqitdi. Bugun ayolga qarshi jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, ammo onasidan bir umrlik psixik travma olgan bolalarning keyingi taqdiri kishini oʻylantiradi. Umuman, soʻnggi vaqtlarda bunday holatlarning tez-tez takrorlanayotganining oʻzi xavotirli. Chunki bunday shafqatsizliklar bolalarda keyinchalik turli ruhiy buzilishlar kuzatilishiga, jamiyatda nosogʻlomlik koʻpayishiga olib kelishi mumkin.

 

Aslini olganda, odatiy qiyin vaziyatlarni boshdan kechirish, ular bilan kurashishni oʻrganish bola hayotining ajralmas qismi hisoblanadi. Biroq, yuzaga kelgan shikastli voqeliklardan qocholmaslik yoki ularni nazorat qilolmaslik tufayli chuqur his qilingan qoʻrquv kichkinalarda butun umrlik ruhiy jarohat qoldirishi mumkin. Koʻpincha bu hol bola jismoniy xavf ostida boʻlganida, uyda, jamiyatda tajovuz yoki zoʻravonlikka guvoh boʻlganida yuz beradi. Jahon psixologlarining xulosalariga koʻra, bolalarning taxminan 46 foizi maʼlum bosqichlarda u yoki bu koʻrinishda ruhiy jarohatni boshdan kechiradi.

 

 

Ruhiy jarohatga olib keluvchi sabablar


Kuchli ogʻriq beruvchi jismoniy, jinsiy zararlar, dahshatli voqealarning guvohi boʻlish, keng qamrovli tibbiy yordam talab qiladigan ogʻir kasallikni boshdan kechirish, oilada zoʻravonlik harakatlariga, tinimsiz stressli vaziyatlarga dosh berish, yangi joyga koʻchish va shu kabi boshqa salbiy voqealar bola ruhiyatiga eng koʻp zarar yetkazuvchi omillardan sanaladi. Kattalardek fikrlash salohiyatiga ega boʻlmagan bolalar uchun bunday voqeliklarni tushunish, tahlil qilish qiyin kechadi. Mushkul vaziyatga birinchi marta toʻqnash kelgan bola hayotiy tajriba yetishmasligi tufayli voqea mohiyatini toʻliq anglamaydi va koʻpincha oʻzini ayblay boshlaydi. Chunki ular yuzaga kelgan ogʻriqli hodisalarning sabablari va oqibatlarini tushuna olishmaydi. Shu sababdan ham katta yoshda yuzaga keluvchi turli xil ruhiy muammolar, kasalliklar bilan vaqtida hal qilinmagan, davolanmagan bolalikdagi ruhiy jarohat oʻrtasida inkor etilmaydigan bogʻliqlik boʻladi.

 

Bolalardagi ruhiy jarohat olganlikning belgilari

 

Ota-onalar, vasiylar yoki bola bilan tez-tez muloqotda boʻladigan boshqa shaxslar sezishi mumkin boʻlgan ruhiy shikastlanish belgilariga quyidagilar kiradi:

-         Baʼzi odamlar, joylar va narsalardan qochish, berkinish

-         Oʻquv faoliyati natijalaridagi salbiy oʻzgarishlar (baholarning dafʼatan pasayib ketishi)

-         Xulq-atvordagi oʻzgarishlar

-         Doimiy tashvish yoki xavotir, qoʻrqoqlik

-         Diqqatni bir joyga jamlash qiyinligi

-         Giperaktivlik, oʻta darajadagi shoʻxlik

-         Xafagarchilik yoki kuchli gina hissi kuchayishi

-         Oila va tengdoshlardan ajralib olish va oʻta mustaqillik

-         Ilgari unchalik ahamiyatsiz boʻlgan vaziyatlarga haddan tashqari munosabatda boʻlish

-         Bir vaqtlar zavq bergan oʻyinlar, harakatlar yoki oʻyinchoqlardan qochish

-         Ishtahaning oʻzgarishi

-         Uyqudagi qiyinchiliklar

-         Uni nazorat qiluvchi shaxslar bilan bogʻliq oʻtkir muammolar

-         Oʻzgaruvchan his-tuygʻular (masalan, qaygʻu, gʻazab, asabiylashish)

-         Arzimas sabablarga nisbatan oson va kuchli gʻazab, agressiya va hakozolar.

  

Ushbu belgilar bolaning yoshi, rivojlanish darajasi, qoʻllab-quvvatlash tizimi va tajribasi kabi xususiyatlariga qarab farq qilishi mumkin.
Achinarli tomoni koʻp hollarda, reaksiya hissiy alomatlardan tashqariga chiqishi va jismoniy kasalliklar koʻrinishida namoyon boʻlishi mumkin.
Bunga bolalarda koʻp uchraydigan sababsiz bosh va qorin ogʻriqlari misol boʻla oladi.

 

 

Shuningdek, boladagi ruhiy jarohatlar vaqtida davolanmasa, nafaqat oddiy kasalliklar, balki butun umr davom etadigan surunkali xastalik va ruhiy buzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu nafaqat bola va ota-ona uchun, balki butun jamiyat uchun ham xavf tugʻdiradi. Dunyo tarixida millionlab insonlarning yostigʻini quritgan, turli dahshatli voqeliklar, urushlarga sabab boʻlgan shaxslar – Adolf Gitler, Iosif Stalin, Saddam Xusayn, Augustio Pinochet kabi diktatorlar, seriyali qotilliklarni amalga oshirgan jinoyatchilarning kasallik tarixi va turmush arsi oʻrganilganda ruhiy buzilishlarning ildizi aynan bolalikdagi ruhiy jarohatlariga borib taqalishi isbotlangan.


Kattalardagi bolalik travmalarining belgilari

 

Hamma kattalar ham boshdan kechirayotgan salbiy ruhiy holatlarni bolalik jarohatining natijasi boʻlishi mumkinligi haqida oʻylayvermaydi. Ular voqelikni shaxsiy kamchiliklari, atrof-muhit omillari yoki oʻzlarining xatolariga bogʻlashadi. Ammo bolalik jarohatlari baʼzida tuygʻularni normal, mutanosib ishlash tizimini izdan chiqargan boʻladi: odam yo oʻta hissiy yoki oʻta befarq boʻlib qoladi. Bundan tashqari bolalikda “travma” olgan inson shaxs sifatida jamiyatda oʻz oʻrnini topishga qiynaladi. Koʻpincha bunga uning ijtimoiy normalarga toʻgʻri kelmaydigan reaksiyalari sabab boʻladi. Masalan, sal narsaga uzr soʻrayverish, barcha voqealarda oʻzini ayblash, kichik negativ vaziyatlarda kuchli tushkunlikka tushib qolish, yigʻloqilik va boshqa kattalarga xos boʻlmagan odatlar kuzatiladi unda.

 

Psixologiya rivojlanganiga qaramay, kattalarga bunday tashxis qoʻyishning aniq retsepti mavjud emas. Biroq bolalikda psixik jarohatga uchragan insonlarda bir qancha umumiy, ogohlantiruvchi ruhiy belgilarni koʻrish mumkin:

 

-       qarama qarshi jins vakili bilan yomon, qoniqarsiz yoki zaif munosabatlar;

-       boshqalarga ishonch yoʻqligi;

-       kayfiyat tez oʻzgarishi va hissiy beqarorlik;

-       maqsad, diqqat va konsentratsiya bilan bogʻliq muammolar;

-       alkogol, umuman kayf beruvchi istalgan moddalarga moyillik;

-       gʻazab va tajovuz;

-       giyohvand moddalarni suiisteʼmol qilish, qaramlikka moyillik;

-       stress, shaxsiyatning buzilishi;

-       xulq-atvor muammolari yoki hissiy yetuklik;

-       qarama-qarshilik yoki mojaro yuzaga kelganda ular yechimi bilan shugʻullana olmaslik.

 

 

 

 

Jismoniy belgilar:

 

-       charchoq, holsizlik, uyquchanlik;

-       mushaklarning kuchli tarangligi, ayniqsa ensa va bel mushaklarida;

-       bosh ogʻrigʻi;

-       dam olish va qayta tiklanish qobiliyatining yoʻqligi;

-       uyqu buzilishi;

-       psixosomatik kasalliklar (psixologlarning fikriga koʻra, psixosomatik kasalliklar 80 dan 100% gacha ruhiy shikast tufayli rivojlanadi).

 

Davolash choralari


Kattalardagi bolalik jarohatlari xar doim ham ularning toʻlaqonli hayot kechira olmasligini anglatmaydi. Bolalikda ruhiy jarohatlanganlik alomatlarini oʻzida sezgan va undan qutilishni istagan insonlarga quyidagi qadamlar birmuncha yordam beradi:

 

1. Oʻsha voqealikni ixtiyoriy boshdan kechirib, uni oʻsha yerda tugatish va xotiralarda oʻrnini kamaytirish kerak. Buning uchun yigʻlang, gapirib bering, yaqinlaringizning yordamlarini qabul qiling.

2. Boshqalarga ruhiy va moddiy madad bering. Koʻpincha bunday yordam sizni turli joylarga borishga, yangi odamlar bilan uchrashishga, oʻzingizni tiklash uchun kuch topishga imkon beradi.

3. Oʻz his-tuygʻularingizni, iztiroblaringizni tan oling va nomlang. Nomlash sizni ruhiy jarohat bilan ajralib turishga, unga tashqaridan qarashga imkon beradi. Chunki biz muammo bilan bir nomda, bitta muhitda boʻlib qolganimizda oʻzimizni nochor his qilamiz.

4. Ogʻriq va his-tuygʻularingizni qogʻozga toʻking. Bu holatda muhimi ogʻriqlaringiz sizdan qogʻozga koʻchib oʻtganini his qilishingiz kerak. Ushbu mashqni toki iztiroblar kamaygunicha bajarish tavsiya etiladi.

 

 

Biroq, jarohat asoratlari jiddiy boʻlib, insonning kundalik turmushiga xalal bera boshlasa, albatta, mutaxassis psixologga murojaat qilish kerak. Boisi baʼzida jarohatlarni notoʻgʻri yoʻl bilan davolashga urinish uni yanada chuqurlashishiga olib kelishi mumkin.

 

Turli qusurlar, shafqatsizliklar va hissizlik avj olayotgan ayni zamonda farzandlarimizga nafaqat toʻgʻri taʼlim, balki baxtli bolalik ham berish har doimgidan koʻra dolzarbroq boʻlib boryapti. Chunki har qanday jamiyat aqlli, intellektual va sogʻlom odamlar bilan yuksaladi. Agar sizda bolalik jarohatlari boʻlsa va ularning yashashingizga xalal berishini, farzandlaringizda ham davom etishini istamasangiz, bugun oʻzingizga oyna tutishni oʻrganing.

 

                                                                          Abdulazizxon AKRAMOV,

psixolog

 

1 Izoh

Dilrabo

11:12 / 24.12.2023

Assalomu alaykum juda chiroyli tushunarli malumot

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 117
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//