Adabiyot
Keling, bir tajriba qilib ko‘raylik. Xo‘sh, o‘tgan mingyillik ichida tilimizda qanday o‘zgarishlar yuz berdi? Bu jarayonni turli asrlarda yashagan mumtoz adabiyotimizning yirik vakillari asarlari asosida o‘rganishga harakat qilamiz:
XI asr
Yusuf Xos Hojib, “Qutadg‘u bilig” asaridan:
“Sevug savchi iḋti bag‘irsaq iḋi
Buḋunda talusi kishidә kәḋi”,
(Ma’nosi: “Mehribon egam sevikli rasul yubordi,
(U) xalq orasida sarasi, kishilar orasida yaxshisi edi”).
Mazkur baytda bitta ham arabcha yoki forscha so‘z yo‘q. Shuning uchun foiz hisobida:
Turkiy so‘zlar 100%.
Qariyb olti yarim ming baytni o‘z ichiga olgan “Qutadg‘u bilig”ning ko‘pchilik baytlari xuddi shunday, asarda o‘zlashgan so‘zlar nihoyatda kam, taxminan 5–10 foizni tashkil etadi, deyish mumkin.
XIV asr
Sayfi Saroyi, “Gulistoni bit-Turkiy” asaridan:
“Bu so‘zdan bir necha kun kechti dag‘i sultong‘a bir og‘ir dushman cheriki keldi. Bular dag‘i cherik yasab, qarshi yuridilar. Ikki cherik muqobil bo‘ldi. Avval maydong‘a sultonning ul qisqa bo‘yli o‘g‘li kirdi...”
Sayfi Saroyi asaridan olingan ushbu ko‘chirmada hammasi bo‘lib 31 so‘z bor. Shulardan:
25 so‘z (bu, so‘z, bir, necha, kun, kechti, dag‘i (2 marta), bir, og‘ir, cherik (3 marta), keldi, bular, yasab, qarshi, yuridilar, ikki, bo‘ldi, ul, qisqa, bo‘yli, o‘g‘li, kirdi) – turkiy (80,5%);
4 so‘z (avval, sulton (2 marta), “muqobil”) – arabiy (13%);
2 so‘z (“dushman” va “maydon”) – forsiy (6,5%).
Foiz hisobida:
turkiy – 80,5%;
arabiy – 13%;
forsiy – 6,5%.
Bu ko‘rsatkichni butun asarga nisbatan ham qo‘llash mumkin.
XV asr
Alisher Navoiy, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” asaridan:
“Va bu faqirni faqr tariqig‘a dalolat va irshod qilurlar erdi va nazm ayturg‘a targ‘ib ko‘rguzurlar erdi. Chun ul avqotda faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutub erdi, alar dag‘i iltifot qilib, ba’zi abyotni ko‘p o‘qurlar erdi va majolisda xushvaqt bo‘lurlar erdi”.
Navoiy asaridan olingan ushbu parchada hammasi bo‘lib 39 so‘z ishlatilgan. Shulardan:
17 so‘z (bu, qilurlar, erdi (5 marta), ayturg‘a, ko‘rguzurlar, ul, tutub, alar, dag‘i, qilib, ko‘p, o‘qurlar, bo‘lurlar) – turkiy (43,5%);
19 so‘z (va (4 marta), faqir (2 marta), faqr, tariq, dalolat, irshod, nazm (2 marta), targ‘ib, avqot, shuhrat, iltifot, ba’zi, abyot, majolis) – arabiy (49%);
2 so‘z (chun, Xuroson) – forsiy (5%); va
1 so‘z (xushvaqt) – forsiy+arabiy (2,5%).
Foiz hisobida:
turkiy – 43,5%;
arabiy – 49%;
forsiy – 5% ;
forsiy+arabiy – 2,5%.
Bu nisbatlarni butun asarga nisbatan ham qo‘llash mumkin.
XV asr oxiri – XVI asr boshi
Zahiriddin Muhammad Bobur, “Boburnoma” asaridan:
“Bizning cherik va mo‘g‘ul cheriki xabar topib, bir pora kishini ot yalang‘ochlanturub, suvdin kechurdilar, ko‘mak kelganlar oldarab kemani yuqqori tortmay kechgan yeridin-o‘q qo‘yaberdilar. Qo‘rg‘ong‘a o‘ta olmay quyi tushtilar. Bizning cherik va mo‘g‘ul cheriki tush-tushdin ot yalang‘ochlab kira boshladilar. Kemadagilar hech urusha olmadilar”.
“Boburnoma”dan olingan ushbu parchada 42 so‘z ishlatilgan. Shulardan:
37 so‘z (bizning (2 marta), cherik (4 marta), mo‘g‘ul (2 marta), topib, bir, kishi, ot (2 marta), yalang‘ochlanturub, suv, kechurdilar, ko‘mak, kelganlar, oldarab, kema (2 marta), yuqqori, tortmay, kechgan, yeridin-o‘q, qo‘yaberdilar, qo‘rg‘on, o‘ta, olmay, quyi, tushtilar, tush-tushdin, yalang‘ochlab, kira, boshladilar, urusha, olmadilar) – turkiy (88%);
3 so‘z (va (2 marta), xabar) – arabiy (7%);
2 so‘z (pora, hech) – forsiy (5%);
Foiz hisobida:
turkiy – 88%;
arabiy – 7%;
forsiy – 5%.
Bu nisbatlarni butun asarga nisbatan ham qo‘llash mumkin.
XIX asr
Muhammadrizo Ogahiy, “Jome’-ul voqeoti Sultoniy” asaridan:
“Va tonglasi dushanba kuni tali’ai subhdin so‘ng ul hazrat ba’zi sarkardalarning xizmat va g‘ayrat umurida bag‘oyat kohil va noqobil erdilar, tug‘larin olib, umaroyi ezom va sipahdori kiromdin ba’zi sadoqatandesh va shijoatkesh mulozimlarg‘a in’om qildilar”.
Ogahiy asaridan keltirilgan ushbu jumlada 34 so‘z ishlatilgan. Shulardan:
8 so‘z (tonglasi, kuni, so‘ng, ul, erdilar, tug‘larin, olib, qildilar) – turkiy (23,5%);
19 so‘z (va (5 marta), tali’ai, subh, hazrat, ba’zi (2 marta), xizmat, g‘ayrat, umur, kohil, umaro, ezom, kirom, mulozim, in’om) – arabiy (56%);
3 so‘z (dushanba, sarkarda, sipahdor) – forsiy (9%);
4 so‘z (bag‘oyat, noqobil, sadoqatandesh, shijoatkesh) – arabiy+forsiy (11,5%).
Foiz hisobida:
turkiy – 23,5%;
arabiy – 56%;
forsiy – 9%;
arabiy+forsiy – 11,5%.
Bu nisbatlarni butun asarga nisbatan ham qo‘llash mumkin.
Misollardan ko‘rish mumkinki, Deylik, ming yil oldin yashagan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida arabiy, forsiy so‘zlar taxminan 5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiyda bu ko‘rsatkich 56,5 foiz (turkiy so‘zlar – 43,5%), Ogahiydan keltirilgan parchada esa o‘zlashgan arabiy-forsiy so‘zlar – 86,5 foizni (turkiy so‘zlar – 23,5%) tashkil etyapti. Ogahiyda forscha so‘zlar ham ko‘p emas (9%), bundan ko‘rinadiki, so‘nggi asrlarda tilimizda asosan arabiy so‘zlar (arabiy – 56%; arabiy+forsiy – 11,5%) ko‘paygan. Buni qarang, Ogahiy o‘z asarida taxminan 23–25% turkiy so‘zlardan foydalangan ekan.
Misollardan ham ko‘rinadiki, yozma adabiyotimizda yildan-yilga, asrdan-asrga o‘tgan sari sof turkiy so‘zlar kamayib, arabiy so‘zlar miqdori oshib borgan. Buning oqibatida albatta juda ko‘p turkiy so‘zlar arxaiklashgan, ko‘p hollarda arabiy-forsiy so‘zlar ularni iste’moldan siqib chiqargan. Yaxshiyamki, ko‘pgina so‘zlarimiz oddiy xalq so‘zlashuv tilida, shevalarda, xalq kitoblarida saqlanib qolgan.
Tilga e’tibor borasida Bobur ijodi tahsinga sazovor, yuqorida keltirilgan misolimizda Bobur 88 foiz turkiy so‘zdan foydalangan, uning lug‘atida (yuqoridagi misolda) arabiy so‘zlar – 7 foiz (bor-yo‘g‘i 3 so‘z) va forsiy so‘zlar ham 5 foizni (atigi 2 so‘z) tashkil etgan. Menimcha, “Boburnoma” tilining jozibadorligi, samimiyati, sehri ham shunda bo‘lsa kerak.
Abduvohid HAYIT
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q