Demokratiya, so‘z erkinligi sarhadi toraygan sari qarsaklarning jarangi ortib boraveradi – Jurnalist Gulmira Musajonova bilan suhbat


Saqlash
22:07 / 18.07.2023 1516 2

Publitsist Iqbol QO‘SHSHAYEVA bilan telejurnalist Gulmira MUSAJONOVA suhbati

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA: Gulmira opa, kinoshunos Hamidulla Akbarov otangiz, atoqli adib Farhod Musajonovni ta’riflab, “U televideniyega haqiqatni, rost so‘zni olib keldi”, degan edi. Bugun siz ham rost so‘z uchun kurashayotgan kamyob jurnalistlar safidasiz. Markaziy televideniyeda efirga uzatilayotgan ko‘rsatuvlaringizda achchiq haqiqatlardan bahs etasiz. Sizni maishiy muammolardan ko‘ra ijtimoiy-siyosiy voqelik ko‘proq qiziqtirishiga aminman. Keling, “Tafakkur” jurnali minbar berganidan foydalanib, yurakdan bir suhbatlashaylik.

 

Yevgeniy Yevtushenkoning sovet qo‘shini Chexoslovakiyaga kiritilganiga bag‘ishlangan she’rida bunday fikr bor: “Bas, dod solmang! “Rus yozuvchisi rus tanki ostida majaqlandi”, deb yozib qo‘ying, vassalom”. Chinakam ziyoli o‘zini mudom millat va mamlakat taqdiriga mas’ul deb biladi. Bugun bizning oydinlar javobgarlik tuyg‘usidan mahrumligi bois jamiyatdagi o‘rnini boy berib qo‘ymadimikan? Hay-hay demasangiz, ayrim qalamkashlar tankni “najot qal’asi” deb alqamoqqa tayyor! Ijod ahlining chekinishi, ta’bir joiz bo‘lsa, haqdan yuz o‘girishi qachon, ne sabab ro‘y berdi?

 

 

Gulmira MUSAJONOVA: Yozuvchi-shoir, olim-u jurnalistlarimizning “holi taboh”i haqida ko‘p o‘ylayman. Bir chekkada jim tursa-ku mayli, ammo ayrimlari riyo va munofiqlik, maddohlik va xushomadgo‘ylikning kimo‘zar musobaqasida bellashayotgandek... Nega bu ko‘yga tushdik? Nazarimda, sabab ikkita: qo‘rqoqlik va nafsga qullik!

 

Aslida, yo‘qotishlarimiz chor Rusiyasi mustamlakasidan boshlangan. “Xaloskor” niqobini tutgan sho‘ro hukumatining yovuzligi  undan-da oshib tushdi. Totalitar tuzumning asosiy dushmani –  mustaqil fikrga ega shaxslar. Hamma yagona g‘oya tegrasida birlashishi, yakrang fikrlashi, yakka partiya a’zosi bo‘lishi, hatto bir xil kiyinishi kerak! Zulm va zo‘ravonlikka asoslangan sho‘ro davlati ham hurfikrlilikka qarshi urush ochib, millat oydinlarini qatag‘on qildi.

 

Albatta, hamma ham jasorat bobida Abdulla Qodiriy bo‘lolmaydi. Xo‘sh, Qodiriy qo‘rqmagan, tahlikaga tushmaganmi? Menimcha, qo‘rqqan, tahlika qilgan. Biroq xalq, jamiyat oldidagi mas’uliyat tuyg‘usi yozuvchiga “ichidagi xoinni o‘ldirmoq”qa kuch bergan. Mash’um o‘ttizinchi yillarda ayrim shoir-yozuvchilar shirin joni yoki qorni uchun emas, yaqinlari hayotini saqlab qolish uchun e’tiqoddan voz kechishga majbur bo‘lgan. Ne tongki, bu hozirgi ma’naviy inqiroz tomon qo‘yilgan ilk qadam edi. “Qatag‘on mashinasi”dan jismonan omon qolganlar esa ruhan majaqlandi. Pajmurda qalblar qanday qilib katta adabiyot yarata olsin?! Lekin bugun boshqa toifa iste’dodlar ham bor – ularga bosim o‘tkazishning hech hojati yo‘q. Qul bor ekan, quldor topiladi-da. Sirasi, bir asr avval qalam ahli yaqinlarini o‘ylab tuhmatnomaga imzo chekkan bo‘lsa, bugun moddiy manfaat, imtiyoz-u nufuz vijdonni jiddiy sinovdan o‘tkazayotir.

 

Dunyodagi eng inobatli tanlovlarda ham ba’zan siyosat aralashayotganini sezib-bilib turasiz. Yegan og‘iz uyalar deydilar, hukumat yoki biron bir tashkilot sizni taqdirlasa, uni tanqid qilmoqqa istihola etishingiz tayin. Kim bilsin, sizni iste’dodingiz uchun emas, aynan og‘zingizni yopmoq uchun siylagandirlar?! Xom sut emgan bandamiz-da, gohida e’tibor-u e’tirofning o‘zi odamga huzur bag‘ishlaydi. O‘sha huzurni takror va takror tuyish istagida ijodkor unvon-u mukofotlarga ko‘z tikib qolishi hech gapmas. Endi u o‘z-o‘zidan “bildirilgan yuksak ishonch”ni oqlamoqqa bel bog‘laydi, qo‘li ko‘ksidan tushmaydigan bo‘lib qoladi.

 

Har doim ham fikrlovchi, isyonkor, vijdonli ziyolilar xalqni uyg‘otgan, olg‘a boshlagan. Endi tasavvur qiling, kiroyi mansab, shinam markab va boshqa turli imtiyozlar domidagi odam Yevtushenkoning adabiy qahramoni singari xalqqa qarata o‘q uzishga shay turgan tank ostiga o‘zini tashlay oladimi?!

 

Isyonsiz ijod – chin ijod emas. Ayrim qalamkashlarning ochiqchasiga maddohlik qilayotganini ko‘rib o‘ylab qolaman: nima jin urdi uni, boyoqish gaplariga o‘zi ishonarmikan? Lenin va Stalin nomidagi davlat mukofoti sohiblarining asarlari hozir o‘qilyaptimi? Nega xulosa chiqarmaymiz, axir?! Kitobxonning milliy adabiyotdan uzoqlashib borayotganida shunday qalamkashlarning ham aybi bor deb hisoblayman.

 

Hayotda har bir odamning o‘z missiyasi bo‘ladi. Zimmaga olingan ul majburiyatni bajarmoq qarz-u farz! Shoir-yozuvchi esa missiyasidan, maslagidan chekinar ekan, o‘zigina emas, xalqni ham Haqdan yiroqlashtiradi. Unutmaylikki, Xudo kimga mo‘l iste’dod ato etsa, so‘roq-savoli ham shunga yarasha og‘ir bo‘ladi.

 

Uyg‘onish-chi, nimadan boshlanadi u? Fikrdan! Fikrlashdan! Fikr uyg‘onsa – ijod nash’u namo topadi, kashfiyotlarga yo‘l ochiladi. Ijodkorda fikr bilan birga vijdon ham bedor bo‘lmog‘i lozim. U o‘zi va so‘zi uchun mas’ul ekanini teran anglamas ekan, erkin fikr, adabiy yuksalish haqidagi  gaplar quruq safsataga aylanadi.

 

Albatta, adabiyot ahliga ko‘mak ko‘rsatish, g‘amxo‘rlik qilish kerak. Nazarimda, buning eng to‘g‘ri yo‘li – risoladagidek qalam haqi tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerak. Ana shunda ijodkor tirikchilik uchun o‘zini har ko‘chaga urmaydi.

 

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA: Shoira Zulfiyaning “Ona qalbi oyoqqa tursa, / O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush!” degan misralarida jon bordek. 2022-yilda ikki birodar xalq o‘rtasida boshlangan urushga yevropalik ayol siyosatchi Ursula fon der Lyayen birinchilardan bo‘lib qarshi chiqdi. Hamon maslagida sobit u. Ana shunday qaltis pallalarda ayollar tavakkalchilikni dadil bo‘yniga olganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Siyosiy o‘yinlar, qirg‘inbarotlar bir kun kelib tugar, lekin ungacha zambarak o‘qidan ko‘ksi pora bo‘lgan ona zamin nonko‘r bolalaridan o‘ch olmaydimi?! Dunyoning tinchligi, sayyoraning omonligi, boringki, insoniyatning azob-uqubatlarini yengillatmoq uchun ham ayollar siyosat bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lishi kerakka o‘xshaydi...

 

 

Gulmira MUSAJONOVA: Bahstalab mavzuni qo‘zg‘adingiz. O‘tgan yili qo‘shni o‘lkaga urush ochgan shimoldagi davlat o‘z armiyasiga “ko‘ngillilar”ni majburan yolladi. O‘shanda aksar onalar farzandlarini faxr bilan o‘zga yurtni talon etmoqqa yubordi. Lekin Rasul Hamzatov vatani onalari o‘g‘illari qotil bo‘lishini istamadi, ayol boshi bilan bu bedodlikka qarshi chiqdi ular.

 

Ilgarilari ayolning bir og‘iz so‘zi bilan urushlar tugatilar, nizolar barham topar edi. Ayollar erkaklarga kuch beradi, ularni jasoratga chorlaydi, ilhomlantiradi. Lekin nega ko‘pincha hayot-mamot masalasi hal bo‘layotgan pallada erkaklar ikkilanadi? Balki asosan mantiq kuchiga tayangani boisdir? Bu yerda ayolning aynan ona ekani alohida ahamiyatga ega, nazarimda. Ona – yaratuvchi, tiriklik timsoli, hayot daraxtining ildizi. Tug‘ish-tug‘ilish qanday azob ekanini vujudida his qilgan ming bir jon egasi “o‘lim-o‘lim” o‘yiniga tomoshabin bo‘lib tura olmaydi-da!

 

Ayollarning siyosatda yanada faol bo‘lishini qo‘llayman. Ular mansabni  bezovchi chiroyli qo‘g‘irchoq bo‘lib qolmasin! “Bizdayam siyosatchi ayollar bor”, deb kerilish uchungina ulardan foydalanmaylik. Chunki dunyoni ayolning husni emas, ma’sum qalbi qutqaradi.

 

Xonasi kelib qoldi, ayol qavmi ham xos xilqat emasligini tushunishimga sabab bo‘lgan bir tarixiy voqeani eslab o‘tsam.

 

1979-yilda sovet qo‘shini Afg‘onistonga bostirib kiradi. O‘shanda taniqli akademik, Nobel mukofoti sohibi Andrey Saxarov bu hodisani qoralab bayonot beradi... 1989-yilda bo‘lib o‘tgan SSSR xalq deputatlari syezdida esa o‘zbekistonlik deputat ayol akademik Saxarovning sha’niga haqoratlar yog‘dirgani hamon ko‘z oldimda. Bilmadim – u o‘z xohishi bilan minbarga chiqqanmi yoki kimdir majbur qilganmi, lekin o‘sha dam yurtdoshimning, hamjinsimning qilmishidan yerga kirgudek bo‘lganman...

 

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA: Darvoqe, 1989-yilgi tarixiy syezdda jahonga dong‘i ketgan akademikni “vaysaqi chol” atab, uni zabun holga solgan yana bir o‘zbekistonlik xonim bor. Mashhur balerina, xalq artisti! Lekin negadir ko‘pchilik uni eslamaydi. Holbuki, internetda “Saxarov – syezd” deya qidiruv berilsa, nuqul u aks etgan videolavha chiqadi.

 

 

Gulmira MUSAJONOVA: Balerinamizning chiqishi ham esimda. Ehtimol, andishaning toshi og‘irligi vajidan bu mavzuga ko‘pchilik daxl etmas... Alqissa, o‘shanda deputat degan nom hamisha vijdonli, saviyasi baland ziyolini anglatmasligiga iymon keltirganman. Gohida manfaatning umumiy qozonida erkag-u ayol, san’atkor-u soxtakor – hammasi bir tusga kirar ekan. Deputat xonimning og‘iz ko‘pirtirishidan keyin zalda yangragan gulduros qarsaklarni eshitib esa, chapaklar har doim ham zo‘r fikr yoki haqiqat uchun chalinmasligini anglaganman. Demokratiya, so‘z erkinligi sarhadi toraygan sari qarsaklarning jarangi ortib boraveradimi deyman...

 

Gohida kichik bir jussada butun insoniyatning qayg‘usi mujassam bo‘lishi mumkin. 1982-yilda Samanta Smit ismli amerikalik qizcha SSSR rahbari Yuriy Andropovga maktub yozib, ikki yirik davlat o‘rtasida yadro urushi boshlanib ketishidan xavotirda ekanini bayon qiladi. “Siz urush tarafdorimisiz yoki unga qarshimisiz? Agar qarshi bo‘lsangiz, uning oldini olish yo‘lini bilasizmi?” deya savol beradi Samanta SSSR rahbariga. O‘n yashar qizaloq urush odamzodga kulfat keltirishini anglab yetganini qarang!

 

Hozir-chi? Urush borasida pozitsiyangiz qanday deb so‘ralsa, ayrim erkak ijodkorlar chuchmallanib tursa, yana ayrimlari bosqinchilikni oqlamoqqa urinsa!.. Nahotki, birovning zaminiga bostirib kirib, uni vayron etish mudhish jinoyat ekanini Navoiy, Qodiriy, Dostoyevskiy, Chexov, Hemingueylarni o‘qigan, Bergman, Fellinining filmlarini ko‘rganlar tushunmasa?! Ochig‘i, shunday lahzalarda adabiyot va san’atning xaloskor kuchiga shubha bilan qaray boshlaysiz. San’at yog‘dusi tafakkur va  qalb zulmatini yorib o‘tolmaydimi?..

 

So‘z ayol va siyosat mavzusida ketar ekan, bir zamondoshimizni yodga olmasam bo‘lmaydi. O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova nafaqat betakror ijrosi, siyosat-u san’at bobidagi dadil fikrlari bilan ham tilga tushgan. Dilorom opa “Birgalikda ko‘ramiz” teledasturimizning doimiy ishtirokchilaridan. Afsuski, fikriy yakranglik televideniyemiz, jamiyatimizga xos holat. To‘g‘riso‘z, zakovatli aktrisamizning fikrlari ana shu yakranglikda bir parcha olovdek ko‘zga tashlanadi.

 

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA: O‘zim hali bir to‘xtamga kela olmagan bir mavzuda ham fikringizni bilsam. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda mutaassib dindorlar va radikal feministlar to‘qnashuviga tez-tez duch kelmoqdamiz. Ochig‘i, nihoyasi yo‘q bu bahslarga ko‘pincha e’tibor bermayman. Chunki ikkala tomon fikr-qarashida ham teranlikdan yiroq qaysarlik, o‘rlik manaman deb turadi. Muxtasar aytganda, inkorlar jangi! Nazarimda, oltin halqa – uyg‘unlik buzilayotir. Shaxsan men ayol falsafasini kecha – bugun – erta birligida, qadriyatlar, tiriklik va taraqqiyot mushtarakligida ko‘raman. Sizningcha, feminizm ayolga imtiyozmi yo jazo? Shaxs va ayollik chegarasi, uyg‘unligi qay jihatlarda namoyon bo‘ladi?

 

 

Gulmira MUSAJONOVA: Hamma narsada me’yor bo‘lgani, oltin o‘rtalik topilgani yaxshi. Feminizm ham me’yordan oshsa imtiyozdan jazoga aylanadi. Bundan nafaqat ayol, balki jamiyat ham jabr ko‘radi. Umuman, tabiatda uyg‘unlik, mutanosiblik yo‘qolsa, muqarrar halokat yuz beradi. Inson avvalo o‘ziga, tabiatiga qarshi bormasligi kerak. U botinida qanday tuyg‘ular kechayotgani, ko‘ngli nimani istayotganini yaxshi anglaydi. Ayol feministlikni hayot mazmuni deb bilyaptimi, uni sindirish kerak emas, atrofdagilarga ziyon keltirmasa bo‘lgani. Ammo feminizm bizning jamiyatda imtiyoz sanalishiga hali ancha bordek. Chunki bizda bu ta’limotga ijobiy, hatto betaraf munosabatda bo‘ladiganlar safi siyrak. Turg‘un tasavvur va qarashlar hukmron bo‘lgani bois feminizm ayol uchun jazoga aylanishi hech gapmas. Ammo ayol botiniy talab-ehtiyojga ko‘ra emas, bu tushuncha rasm-rusumga aylanib, dunyoda keng quloch yoyayotgani uchungina uni bayroq qilsa, bu hol o‘ziga kulfat keltiradi. Zamon shiddatiga hamqadam bo‘laman deb insonning o‘z tabiatiga qarshi borishi hamisha fojia bilan tugaydi.

 

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA: Siz bolalikdan kino dunyosi bilan hamnafas o‘sgansiz, bugun ham unga begona emassiz. “Birgalikda ko‘ramiz” teledasturidan asosan jahon kinosiga moyilligingiz seziladi. Hatto o‘zaro suhbatlarda ham keyingi yillar o‘zbek kinosi haqida lom-mim demaysiz. Bilaman, “afsonaviy” deb sifatlanadigan kinorejissorlarimiz ijodiga muxlislik maqomidan allaqachon o‘tgansiz. Lekin baribir qiziq-da, sukutingizning boisi ne?

 

 

Gulmira MUSAJONOVA: O‘zbek kinosi men uchun dardli mavzu. Siz nazarda tutgan ustoz rejissorlarning aksari sho‘ro tuzumi davrida ijod qilgan, ularning aksar filmlari ham o‘sha mafkura mahsuli. Kinochilar o‘z ijodiy ishlarini  farzandim deyishni yaxshi ko‘radi. Lekin men ba’zi filmlarni o‘zbekning o‘gay bolasiga o‘xshataman, yuragimda ularga nisbatan iliqlik yo‘q. Chunki bu filmlar tomoshabinda mehr uyg‘otmaydi. O‘tkinchi g‘oya targ‘ib qilingan kinokartinalarda xalqimizga hamdardlik, yaqinlik tuymaysiz. O‘zbekning ismi bor-u, o‘zi yo‘q...

 

Bugun millatga ko‘zgu bo‘la oladigan haqqoniy kinoasarlar kerak. Yuksalishning yo‘li faqat shu! Buning uchun rejissor avvalo shaxs bo‘lmog‘i darkor. Bizda esa aksar kinochilarimiz yo “tepa”, yo ommaga yoqish ilinjida film suratga oladi. So‘nggi yillarda buyurtma filmlarga ruju qo‘yilayotir. Davlat buyurtmasini birov iqtidori darajasida durust bajarayotgani, yana birov haminqadar film olib ham, uyalmay uni ko‘z-ko‘z qilib yurganining guvohi bo‘lyapmiz. Boz ustiga, yuzaki yondashuv, jo‘n talqin, bachkanalik... tomoshabin umidini puchga chiqarmoqda. Ijod va buyurtma bir-biriga zid tushunchalar, asli. Har qancha dohiyona iste’dod sohibi bo‘lmasin, ijodkor anchayin ijrochiga aylansa, yaxshi kartina yarata olmaydi. Chunki o‘lik ruhdan faqat o‘lik asar tug‘iladi.

 

Milliy kino ravnaqiga fikr sayozligi, ijodkor dardining mahdudligi, shaxsiyat maydaligi ham to‘g‘anoq bo‘layotir. Katta qalb egasi bo‘lmish ijodkor boshqa millatlar dardini ham his qiladi, o‘zini sayyora grajdani deb biladi. Professionalizm-chi, deb so‘rashingiz mumkin. Agar ijodkor – shaxsi butun, fikri teran bo‘lsa, professionalizm ham albatta bo‘y ko‘rsatadi.

 

Jahon san’atining yuksak mezonlarini qo‘yaturing, hozir suratga olinayotgan kinokartinalarimiz o‘zbek tomoshabinining kamtarona talabiga javob beryaptimi? Nazarimda, filmlarimiz na san’at darajasiga chiqa olyapti, na sanoat o‘laroq daromad keltiryapti. Kinoga mas’ul dargohni ham ijodxona, ham korxona deb atash mumkin. Demak, ijod ahlini tushunib, uni himoya qila oladigan, shu bilan birga, korxona ishini halol yuritadigan kadrlar kerak.

 

Kino san’ati vakillari – rejissor, ssenariynavislarimizni qanday o‘ylar o‘rtayapti? Ular bizga, dunyoga qanday savollar bilan murojaat etyapti? Umuman, bugungi o‘zbek kinosi zamondoshlarimiz tafakkuri, qalbini nima bilan oziqlantiryapti?..

 

Bugungi kunda Eron rejissorlari nafaqat o‘z xalqi, balki butun insoniyatga ko‘zgu tutib, tahlil-taftishga undayapti. Fors jamiyatidagi kabi dard-iztiroblar bizda yo‘qmi? Agar ijodkor ko‘ngli sarkash savollardan bedor bo‘lmas ekan, filmi ham dardsiz chiqishi aniq. Deylik, Yusuf Roziqov, Sobir Nazarmuhammedov, Jahongir Qosimov, Ayub Shahobiddinovda fikr bor, dard bor, lekin ularga ham nedir xalal berayotgandek.

 

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA: “Men bilgan haqiqatlar” ko‘rsatuvingiz uzoq vaqt suratga olinadi. Qahramoningizdan kerakli gapni sug‘urib olmaguncha uni ekranga chiqargingiz kelmaydi. Ko‘nglingiz to‘lmagan holatlar ham bo‘lib turadi deb eshitaman. Suhbatdoshingizdan ko‘proq jur’at kutasizmi yo fikr? Siz uchun shaxsiyat muhimmi yo tafakkur?

 

 

Gulmira MUSAJONOVA: Xotirjamroq ishlashimiz rost. Boshqa bir “ayb”imni ham bo‘ynimga olsam – qahramonimga asosan o‘zimga tinchlik bermayotgan savollarni beraman. Sirasi, ko‘rsatuvni ruhiy kechinmalarimga ko‘ra tayyorlayman, shunga mos qahramon – darddosh qidiraman. Ehtimol, bu unchalik to‘g‘ri emasdir, ko‘rsatuvda qahramonni tomoshabinga yaqindan tanitish asosiy maqsad bo‘lmog‘i lozimdir. Lekin baribir o‘zingiz uchun to‘g‘ri javob, maqbul yo‘l topmoq uchun zakiy odamlarning ham fikr-munosabatini bilishni istarkansiz.

 

“Jur’atmi yo fikr” masalasiga kelsak, suhbatdoshning jur’ati mo‘l-u, fikri sayoz bo‘lsa-chi? Yoki fikri quvvatli-yu, jur’ati zaif bo‘lsa? Xullas, ikkisiyam muhim.  Odamning maslagi kuchli bo‘lsa, unda fikr ham, jur’at ham poydor keladi. “Butun odam” deganimiz ham asli shu. Hozirga qadar fikrsiz yoki jur’atsizlarni ekranga olib chiqmadik degan umiddaman. To‘g‘ri qayd etdingiz, fikr va jur’at obi-tobiga yetmagunicha, savollarim  puxta bo‘lmadi, o‘zimdan ko‘nglim to‘lmadi, deb qayta-qayta suhbatga taklif qilaveraman. Afsuski, shaxsiyati mayda ijodkorlar ham uchraydi. Ko‘p kitob o‘qigan, aqlli, dunyoqarashi keng, ammo shaxsiyati kemtik. O‘zi bilan kurashda mag‘lub bo‘lgan bunday odamlarga ham rahmingiz, ham hayfingiz keladi.   

 

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA: “Vatan xoini”, “xorijiy agent” kabi tushunchalar biryoqlama gap, asl dushmanlik ichkarida ham kechadi. Masalan, bizda nodir bisot – arxivga munosabatni millatga xiyonat deb baholagingiz keladi. MTRKning “oltin fondi”da ko‘plab spektakllar, portret-ko‘rsatuvlar saqlanib qolmagan. Nazarimda, uch sababga ko‘ra xalq xotirasiga ziyon yetkazilgan: shaxsiy xusumat vajidan, “texnika tanqisligi” bahonasi bilan noyob tasvirlar o‘chirib tashlangan; befarqlik va qo‘rqoqlik. Hozir ham allaqanday qora ro‘yxat” sabab ayrim adabiyot va madaniyat arboblari  suhbatlarini tasmaga muhrlashga jur’at etmayapmiz. Bu borada o‘zingizni ham aybdor  his qilasizmi? Tarozining bir pallasiga turli bunyodkorlik ishlari-yu O‘zbekiston bayrog‘ining olimpiadalarda hilpirab turishini, ikkinchi pallaga nomatlub nomlar-u OAV va kinodagi senzurani qo‘ying – qay birining toshi og‘ir keladi?

 

 

Gulmira MUSAJONOVA: Javobni o‘zimni aybdor his qilishni tan olmoqdan boshlasam. O‘ylab qo‘ygan bir loyihamni dangasaligim sabab bir yildan beri amalga oshirolmay yuribman. Holbuki, hozir xususiy studiyalar ko‘p, texnikani ijaraga olib, nomi “ro‘yxat”ga tirkalgan mo‘tabar shaxslar bilan kelajak uchun bemalol suhbat qilib qo‘ysa bo‘ladi.

 

Sir emas, ilm-fan, madaniyat ahli xo‘rlangan, ta’qibga uchragan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Hur fikr, erkin so‘z bo‘g‘ilgan, ziyolilari uzlatga chekinishga majbur bo‘lgan jamiyat nainki ma’naviy, iqtisodiy tanazzulga ham yuz tutadi.

 

Siz esga olgan “qora ro‘yxat” bizga bolsheviklardan meros qolgan balo, qanchalar johil ekanimizni tasdiqlovchi “vasiqa”! Mustaqil bo‘lganimizga o‘ttiz ikki yil bo‘lyapti, ammo hanuz mustabid tuzumning ayrim illatlaridan voz kecholmayapmiz. Shunday ro‘yxatning bo‘lishidan birovlar manfaatdormikan degan xayolga boraman. Harqalay, ular millat saviyasi, xalq kelajagi haqida qayg‘urmayotgani aniq. Xo‘sh, unda maqsad-muddao ne? Qo‘rquv, tahlika muhitini saqlab qolishmi? Abulqosim  Firdavsiy “Haqiqat – kuchliligimizdan dalolat, yolg‘on – zaiflikni ko‘rsatar faqat”, deb yozgan edi. Demak, kuchli bo‘lish uchun ham sharmandali ro‘yxatlarni yo‘q qilishga iroda topmoq lozim!

 

Milliy teleradiokompaniyamiz adabiyot, fan arboblari, umuman, millat oydinlarini tasvirga muhrlashni o‘zining asosiy vazifasi deb hisoblashi kerak. Bu xayrli yumushga befarqlik yaramaydi. Teleradiokompaniya fondida shunday ko‘rsatuv, videomateriallar saqlanishi shart. Taassufki, iste’dodlilarning taqdiri gohida iste’dodsizlarning qo‘lida bo‘ladi. Rus tilida “порядочность” degan so‘z bor. Or-nomus, insof-diyonat degani. Ana shu sifat bizda kamyob bo‘lib ketyapti. Ziyoli faqat bilimi, tafakkuri kengligi bilan emas, or-nomusi, insof-diyonati bilan tom ma’noda ziyolidir.

 

Chinakam demokratik davlat qurishni istagan jamiyatda avvalambor ommaviy axborot vositalari erkin bo‘ladi. Demak, soha rahbarlaridan ham shaxsiy jasorat, siyosiy iroda ko‘rsatmoq talab etiladi.

 

Sportchilarimizning g‘alabalari bilan faxrlanaman, O‘zbekistonning dovrug‘ini dunyoga yoyishda ularning xizmati katta. Zafarlarga erishish yo‘lidagi mehnat-u mashaqqatlarini e’tirof etgan holda bir narsani aytishim shart: jismonan kuchli, lekin ilm-fan, adabiyot, madaniyat, san’atga ixlossiz odamni raso demoqqa tilim bormaydi. Qolaversa, maqtanishga arzigulik yutuqlar faqat sport bilan cheklansa, boshqa sohalarda taraqqiyotni kutish foydasiz.

 

Iqtisodi haminqadar bo‘lgan mamlakatlarda ham ayrim sport turlari rivojlanar ekan. Ta’lim tizimi qoloq jamiyat yoshlari uchun sport pul topish, dunyo ko‘rishning yagona yo‘liga aylanadi. Mutaraqqiy, o‘ziga to‘q davlatlarda esa odamlar sport bilan shaxsiy kamolotini ko‘zlab shug‘ullanadi. Medal olmasa, bundan fojia yasamaydi. Musobaqada g‘alaba qozonsa, hukumat uy ham, mashina ham bermaydi. Zotan, yaxshi o‘qisa, munosib mehnat qilsa, bariga o‘z kuchi bilan erishishi mumkin.

 

Bizda ham ta’lim muammolari hal qilinsa, ko‘p masalalar o‘z-o‘zidan yechim topadi. Hatto poytaxt Toshkentda maqtanishga arziydigan maktablar sanoqli, ularda ham asosan hukumat a’zolari, senator, deputat va puldorlarning farzandlari ta’lim oladi. Imkoni borlar esa bolalarini chetda o‘qitadi. Bunday katta-kichik mansabdorlar o‘zi, farzandlari kelajagini O‘zbekistonda ko‘rsagina chinakam rivojlanish bo‘ladi.

 

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA: O‘tgan asrning qirqinchi yillarida suratga olingan bir necha yapon filmini tomosha qildim. Birida muhabbat motivi orqali yapon jamiyatidagi siyosiy vaziyat, ijtimoiy hayot aks ettirilgan. Xalq bilan bir chaqalik ishi yo‘q partiyaning nomi – “Xalq birdamligi”! Holbuki, u uch-to‘rttagina odam manfaatiga xizmat qiluvchi to‘da, xolos. Yana bir filmda an’anaviy kabuki teatridan keyin zamonaviy sahna san’ati, ijodiy novatorlik qanday mashaqqat bilan vujudga kelgani hikoya qilingan. Tomosha asnosida kino san’ati yapon uyg‘onishi, milliy tafakkurga qanchalik ta’sir etgani haqida o‘yladim. O‘z-o‘zidan  bugungi o‘zbek jamiyati ko‘z oldimga keldi: xalqi – siyosatchisiga nisbatan vatanparvar, shoir-yozuvchisidan ko‘ra ziyoli, hokimidan ma’rifatli, ma’naviyatchisidan ma’nili, san’atkoridan ilg‘or, jurnalistidan dadil jamiyat. Albatta, bu o‘ta subyektiv kuzatuv...

 

 

Gulmira MUSAJONOVA: Mulohazalaringizni tinglayapman-u, “jamiyatimiz xasta” degan o‘jar fikr kelmoqda xayolimga. E’tibor berganmisiz, xalqning haqqini yeyishga ruju qo‘ygan, uchiga chiqqan poraxo‘rlar vatanparvarlik, insof-diyonat haqida ko‘p gapiradi. Ehtimol, shu bois ham yoshlar bizga ishonmay qo‘ygandir. Gapimiz bilan amalimiz boshqa-boshqa-da! Kattalar mudom yoshlarning tarbiyasizligi, bilimi pastligidan noliydi. Ular shunday ekaniga avvalo o‘zimiz aybdormiz-ku! Yoshlar hamma masalada kattalardan andaza oladi, axir.

 

Iqtidorli, bilimli yoshlarimiz o‘z kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lashni istamayotgani – jiddiy muammo. Bu haqda bosh qotiryapmizmi? Korrupsiya, ko‘zbo‘yamachilik ildiz otgan, qonun oldida hamma tengligi to‘liq ta’min etilmagan muhitda yashashni istamagani uchun yoshlarni ayblash to‘g‘rimi?..

 

Jamiyatimizga chinakam shaxslar zarur deb takrorlashdan charchamayman! Shaxs – har bir masalada mustaqil fikrga ega inson. Hatto kiyinishida ham u shaxs ekani bilinib turadi. Rahmatli rejissorimiz Bahodir Yo‘ldoshev san’at va madaniyat instituti talabalariga oq ko‘ylak, qora shim shart emas, ular  “men”i, ichki dunyosi, individualligini ko‘rsatuvchi kiyimda yurgani ma’qul, deb aytardi. Chindan ham, bo‘lajak ijodkor jillaqursa kiyinishda erkin bo‘lishi kerak-ku!

 

Dunyo evrilishga yuz tutyapti. Buni oxirgi vaqtlarda yanada yaqqol his qilyapman. Jadal taraqqiyotga monand odimlamasak, holimizni o‘zgartirmasak, qoloqlikdan qutula olmaymiz.

 

 

Iqbol QO‘ShShAEVA: Gulmira opa, gohida “qayta qurish” yillarida boshqa millat adiblarining g‘aladonidan qo‘lyozmalar topildi, lekin bizdan hech narsa chiqmadi, degan ma’nodagi nadomat quloqqa chalinib qoladi. Bu bo‘shliqning sababini endi tushungandekman. Qaysi bir mashhur shoirning ayoli azbaroyi eriga “yaxshi bo‘lishi uchun” she’rlariga qalam urgan, yana bir atoqli adibimizning rafiqasi turmush o‘rtog‘i vafot etgandan keyin uning qo‘lyozmalarini o‘qib, dahshatga tushganidan yoqib yuborgan, degan gaplar yuradi. “Otasi,  qo‘ying, bunaqa qaltis she’r-u maqola yozmang,  bizni o‘ylang” qabilidagi gaplar hur fikrga moyil ijodkorlarning oilasida tez-tez takrorlanadi. Yoki yana bir katta shoiramizning turmush o‘rtog‘i uning har bir satrini siyosatchi senzor ko‘zoynagi bilan o‘qib chiqardi. “Hayotimni mahv etgani yetmaganidek, xayollarim, o‘y-fikrimni ham tahrir qiladi”, deb yozg‘irgan damlari ham bo‘lgan...

 

Adabiyotimizning yaqin tarixidagi ma’naviy mag‘lubiyatlar, bugungi yutqiziqlar ildizini tahlil qilaturib, o‘ylab qoldim: agarda “Ityurak”, “Usta va Margarita”, “Doktor Jivago” kabi romanlarni yozish saodati o‘zbek yozuvchilarining chekiga tushganida bu noyob asarlar xonadon ostonasidan hatlab chiqarmidi? Yoki qo‘lyozmalar faqat oila o‘chog‘ining koriga yararmidi? Haqrost, ijodkorning vafodor ayoli, bolalarining mehribon onasi bo‘lish hammaga ham nasib etmaydigan tole, og‘ir  va sharafli imtihon! Lekin sadoqat tuyg‘usi maishiy biqiqlikdan yuksalib, ijtimoiylashuvi butkul boshqa masala. Masalan, Margaritaning prototipi bo‘lmish Yelena Bulgakova ziddiyatliroq siymodir, biroq aynan uning sharofati bilan yozuvchining qo‘lyozmasi “yonmadi”, dardi va hayoti tahrirga uchramadi-da...

 

 

Gulmira MUSAJONOVA: Shoir Osip Mandelshtamning rafiqasi Nadejdani  ham farishta deb bo‘lmasdi, ammo eri hibsga olingach, uning ijodiy merosini saqlab qoldi. NKVD xodimlari qo‘liga tushsa yo‘q qilinishini bilgan ayol turmush o‘rtog‘ining nafaqat she’rlari, balki nasriy asarlarini ham yodlab olgan ekan. Keyinchalik ularni biron so‘z, biron satriga xiyonat qilmay chop etdi. Shu ayolning matonati sabab Mandelshtam asarlari bizgacha yetib keldi.

 

Umr yo‘ldoshining ijodiga umuman qiziqmaydigan, biror asarini o‘qimagan ayollar ham bor. To‘g‘risi, aralashib, ijodiga xalal bergandan ko‘ra bilmagani, o‘qimagani ham yaxshi. Biroq o‘zini dono,  siyosiy hushyor, ma’naviyatning ishonchli qo‘riqchisi deb hisoblasa – ana unda urdi Xudo! Bunday ayol o‘zining tang-u tor, daqqi qarashlardan iborat dunyochasiga erini egib-bukib sig‘dirishga harakat qiladi. Oqibatda ne-ne asarlar dunyoga keliboq bo‘g‘iladi, yo tug‘ilmasdan o‘ladi.

 

Bordi-yu ayoli shon-shuhrat,  moddiyat, yaltiroq narsalarga o‘ch bo‘lsa-chi? Va erini zamonasozlik qilish, yolg‘on yozishga undasa-chi?.. Har jabhada ijodkorni tushunadigan, hamdard-hamfikr bo‘ladigan, qo‘llab-quvvatlaydigan insonni topish qanday saodat!

 

Ijodkorga hamnafaslik yukini hamma ham ko‘tara olmaydi. Aynan shu ikki odamning bir-biriga munosabati kezi kelganda millat adabiyotining taqdirini  hal qiladi. “Boshqa chorang qolmasa, dod sol! Sukut saqlash – insoniyatga nisbatan jinoyatdir”, deb yozgan edi Nadejda Mandelshtam “Esdaliklar”ida. To‘g‘ri, sukut saqlash – donolik alomati, harholda, yolg‘on so‘zlash, tilyog‘malik qilishdan ko‘ra afzal. Ammo hayotda jim turish noravo, baralla gapirish shart bo‘lgan holatlar ham bor. Sukutimiz sabab adolatsizlik tantana qilmasligi uchun ham qo‘rquvni yengishimiz kerak.

 

Suhbat davomida bu tuyg‘u haqida qayta-qayta gapirdim, a? Chunki menga ham qo‘rquv begona emas. Qani edi, uni butkul yenga olsam!..

 

Tafakkur jurnali, 2023-yil 2-son.

“Andishaning toshi og‘ir” suhbati

2 Izohlar

Maftuna

10:07 / 19.07.2023

Agarda To'maris shu zamonda yashasa, kamida sizdek fikrlardi deb o'ylayman. Xaloskor, jasur To'marislar ko'paysin

Dilshod

02:07 / 19.07.2023

Juda yaxshi suhbat bo'libdi. Har ikkala ijodkorning millat dardi bilan og'rigani sezilibdi. Salomat bo'lishsin.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19314
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16391
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi