Qo‘noq, qo‘nmoq, qo‘shni – “Uyatli mehmonlar” va ularning dasturxoni ma’nosida qo‘llangan “qo‘nuq” so‘zi etimologiyasi


Saqlash
02:12 / 13.07.2023 1078 0

80-yillar, bolalik davrimizda qo‘nuq so‘zi bizning shevada ko‘p ishlatilardi: “Falonchining uyiga qo‘nuq tushdi”, “Falonchining uyidagi mehmonlarga qo‘nuq bering”. Bu kabi xitoblarni asosan to‘ylarda eshitish mumkin edi, chunki o‘sha davr to‘ylarida uzoqdan kelgan yoki alohida e’tiborda bo‘lgan mehmonlar uchun to‘yxonadan tashqari qo‘ni-qo‘shni, yaqinlarning uylarida alohida ziyofat berilar va bu mehmonlar guruhiga nisbatan “qo‘nuq” (“qo‘noq”) maqomi qo‘llanardi (“Falonchining uyiga qo‘nuq tushdi”). Mehmonlar dasturxoniga qo‘yish uchun yemaklar, biror ovqat qilish uchun masalliq, go‘sht, non, aroq kabi mahsulotlar bir tugunga tugilib to‘yxonadan keltirilardi. Shunday qilib, o‘sha paytlarda to‘yga oid atamaga aylanib ulgurgan “qo‘nuq” so‘zi ikki ma’noda: birinchisi, to‘yxonadan boshqa xonadonga tushgan mehmonlar guruhi; ikkinchisi, ular uchun to‘yxonadan keltiriladigan yemaklar tuguniga nisbatan aytilardi.

 

Keyinchalik to‘ylarning shakli o‘zgardi. Oqibatda “qo‘nuq” ham iste’moldan chiqib qoldi. Bu so‘zning adabiy tildagi “qo‘noq” shaklini bilamiz. Ammo bu so‘z kitobiy tuyulgani uchun mahalliy so‘zlashuv tilimizga ko‘chmadi. Shunday qilib, so‘zlashuv tilimizda “qo‘nuq”dan ham, “qo‘noq”dan ham voz kechib, asli forscha “mehmon”ni saqlab qoldik.

 

Qo‘nuq” – aslida adabiy tildagi “qo‘noq”ning qadimiy ko‘rinishi, Koshg‘ariy bobomiz ham “Devonu lug‘otit-turk”da aynan shu shaklda keltiradi: “قُنُقْ qonuq – mehmon. She’rda shunday kelgan:

 

Bardї ӭrän qonuq,

Bolub qutqa saqar,

Qaldї alїg‘ ujuq

Köro‘b ӭwnї jїqar.

 

Ma’nosi: Mehmonni baxt deb hisoblovchi erlar o‘tib ketdi, sharpani sezsa, kirib qolmasin deb chodirini buzadiganlar qoldi (“Devonu lug‘otit-turk”. I tom. T.: 1960. 365-bet).

 

“Devon”da boshqa bir o‘rinda esa “qo‘nuq” so‘zi “mehmon” emas, ikkinchi ma’noda, ya’ni “mehmonga beriladigan ziyofat” ma’nosida qo‘llangan: “Qїsh qonuqi o‘t (Qishning ziyofati o‘t (olov) dir)” (“Devonu lug‘otit-turk”. I tom. T.: 1960. 320-bet). Demak, ming yil oldin ham bu so‘z ikki ma’noda va aynan shevadagi kabi “qo‘nuq” shaklida qo‘llangan.

 

Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida “mehmondorchilik” ma’nosida bir o‘rinda “qonuqluq” so‘zi ishlatiladi: “Telim tүrlүg-ul qonuqluq ashi (Bu mehmondorchilik oshi ko‘p turlidir)” (“Qutadg‘u bilig”. T.: “Fan”. 1971. 682-bet).

 

Buni qarang, bu so‘z, ming yil oldin Koshg‘ariy va Yusuf Xos Hojib bobolarimiz qanday shakl va ma’nolarda qo‘llagan bo‘lsa, shevada aynan shu shakl va ma’nolarda to bizgacha yetib kelgan. Bizning avlod – bu so‘zni ayni shu shakl va ma’nolarda qo‘llagan so‘nggi avlod bo‘lib qoldi, afsus.

 

“Qo‘nuq” va shu kabi ko‘plab so‘zlar “qo‘nmoq” fe’lidan yasalgan, ammo keyingi paytlarda bu fe’lning ma’no ko‘lami torayib, hozirda asosan qush, uchoq kabilarning uchib kelib qo‘nishiga nisbatan ishlatilmoqda. Ilgari esa bu fe’l shu bilan birga: “biror joyda yerlashmoq, joylashmoq, ko‘chib kelib qo‘nmoq” kabi ma’nolarda ham keng qo‘llanilgan. Xususan, “Devon”da bu fe’l shunday izohlanadi: “qondї – qo‘ndi, biror narsaga joylashdi. Qush qondї – qush qo‘ndi, biror narsaga joylashdi. Buḋun qondї – qabila (biror yerga) ko‘chgandan so‘ng qo‘ndi” (“Devonu lug‘otit-turk”. III tom. T.: 1963. 201-bet).

 

Tilimizdagi bir qancha so‘zlar “qo‘nmoq” fe’lining aynan ana shu: “joy oldi”, “yerlashdi” ma’nolari asosida yasalgan.

 

QO‘SHNI – bu so‘z ham “qo‘nmoq” fe’lidan “qo‘n+shi” shaklida yasalgan bo‘lib, keyinchalik “n” va “sh” tovushlari almashinuvi sodir bo‘lgan. “Devonu lug‘otit-turk”da har ikkala shakli keltiriladi: “Qoshnї – qo‘shni. O‘g‘uzlar “n” harfini “sh” harfidan oldin qo‘yib “qonshї” deydilar. Har ikkisi ham qoidaga mos va to‘g‘ridir” (“Devonu lug‘otit-turk”. I tom. T.: 1960. 408-bet). Navoiy ham bu so‘zni “qo‘shni” emas, “qo‘ngshi” shaklida qo‘llaydi. Demak, “qo‘shni” so‘zining lug‘aviy ma’nosi: “yonma-yon qo‘ngan, ya’ni yerlashgan, joylashgan”, deyish mumkin. QO‘NI-QO‘SHNI deganda esa mazkur fe’ldan yasalgan ikki so‘z “qo‘nuq” va “qo‘shni” ishtirok etadi: aslida QO‘NUQ-QO‘SHNI – keyinchalik QO‘NI-QO‘SHNIga aylangan. Shuningdek, tilimizda “qo‘nim topmoq”, “qo‘nimsiz”, “qo‘nolg‘a” kabi ibora va so‘zlar mavjud.

 

Mahmud Koshg‘ariy “Devon”da mazkur o‘zakdan yasalgan “qonum” so‘zini “urug‘-aymoq” ma’nosida keltiradi. “Qutadg‘u bilig”da esa Yusuf Xos Hojib “o‘rin, joy” ma’nosida – “qonut” so‘zini qo‘llaydi (“Yanuti bayat bergә eḋgү qonut” – “Evaziga Tangri ezgu o‘rin (jannat) beradi”. “Qutadg‘u bilig”. T.: “Fan”. 1971. 668-bet).

 

“Devon”da, shuningdek, “qo‘nuq” otidan yasalgan qator so‘zlar ham keltiriladi: “qonuqladi – mehmon qildi, qonuqluq – mehmondo‘stlik, qonuqluq ev – mehmonxona” va hokazo.

 

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham: qo‘noq (mehmon), qo‘noqxona (mehmonxona), qo‘noqlamoq (tunash uchun qushlarning qo‘nolg‘aga chiqishi yoki safardagi kishining biror joyda tunashi) kabi so‘zlar keltirilgan, ammo, afsuski, bu so‘zlar ham keyingi paytlarda iste’moldan chiqib bormoqda. Ularga qayta hayot baxsh etish esa siz-u bizga bog‘liq.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 283
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//