Ushbu maqolani yozishimdan avval oʻzimda uch kundan beri ochlikni sinab koʻrishni boshladim. Shunday qilsam bu haqida yozish, oʻrganganlarim bilan boʻlishishga maʼnaviy haqqim bordek goʻyo. Maqolada gʻarbda millionlab nusxada nashr etilgan asar “Ochlik moʻjizasi” kitobi hamda zamonaviy ilmdagi ochlik natijasida ishga tushadigan moʻjizaviy jarayon “avtofagiya” haqida suhbatlashamiz.
Breggning ushbu kitobiga qiziqish talabalik davrimizda, universitetga kelib doʻkonlardan topish qiyin kitoblarni sotadigan amakining bisotidan boshlangan. Dugonam bilan kitobni sotib olib 15 betini oʻqishimiz bilanoq ochlik eʼlon qilish qaroriga keldik. Toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga amal qilmay yurgan talaba qizlar birdaniga uch kun och yurgach, kitobning davomini oʻqigani holimiz qolmadi hisob. Uchinchi kuni buyuk ish qilgan daholardek bekatdagi mazali tandir somsalar bilan ochlikni yakunladik. Kechga borib ikkimizning ahvolimiz yomonlashdi, kitob muallifini soʻkkancha sessiya oldi bir necha kun dars qoldirishga majbur boʻldik. Bu ochlikdagi birinchi tajriba, aniqrogʻi muvaffaqiyatsiz urinish edi. Keyinchalik kitobni oxirigacha oʻqib bu kabi ochlikdan avval va keyin parhez qilish, yengil taomlar, sharbatlar bilan oziqlanish kerakligini bildik.
Pol Bregg oʻzining eng mashhur kitoblaridan biri “Ochlik moʻjizasi”da ochlikka tayyorlanish, amalga oshirish va undan chiqish, shuningdek, sogʻlom ovqatlanishga oʻtish haqida maʼlumot beradi. Oxirgi yillarda avtofagiya termini ommalashishi esa ochlik bilan davolanish tarafdorlarini yanada ruhlantirdi. Bregg sogʻlom turmush tarzi boʻyicha koʻplab asarlar nashr etgan. Uning sharofati bilan Amerika jamiyati organik mahsulotlarga qiziqib qoldi. Koʻpchilik uchun Amerika, birinchi navbatda, tez tayyorlanadigan taom fast-foodlar vatanidir. Koʻp miqdorda konservantlar, lazzat kuchaytirgichlar, tanaga foyda keltirmaydigan boʻyoqlar mavjud boʻlgan bu kabi taomlar oʻziga nisbatan qaramlik keltirib chiqaradi. Amerikalik olimlar bolalar va oʻsmirlar ishtirokida tadqiqot oʻtkazib fast-food bolaning ruhiyatiga salbiy taʼsir qilishini aniqlagan. Afsuski, hozirgi kunda yurtimizda ham bunday taomlar yoshlar oʻrtasida ommalashib bormoqda.
Avtofagiya oʻzi nima?
Avtofagiya (αὐτός auto — “oʻzi” va φαγεῖν — “yemoq”) maʼnosini anglatib, u hujayralarda sodir boʻladigan jarayondir. Inson tanasi turli xil hujayralardan iborat. Voyaga yetgan odamning tanasida oʻrtacha oʻttiz trillion hujayra mavjud. Har bir hujayraning ichida “oshqozon” — “lizosoma” boʻlib, ular hujayra ichidagi murakkab oziq moddalarni parchalab, energiya ishlab chiqaradi. Ochligimizda esa hujayralarimizga keraksiz narsalardan xalos boʻlish imkoniyatini beramiz. Albatta, bu holat tanada doimo sodir boʻladi, ochlik vaqtidagi qisqa muddatli stress avtofagiya jarayonni sezilarli darajada kuchaytirishi mumkin.
Koʻpchilik “avtofagiya” terminini yapon biologi Yoshinori Oxsumi bilan bogʻlasa-da, aslida bu hodisani ilk marta belgiyalik biokimyogar Nobel mukofoti sovrindori Kristian De Duve 1963-yilda oʻrgangan. De Dyuve hujayra biologiyasiga 1955-yilda “lizosoma”, 1956-yilda “peroksisoma”, 1963 yilda esa Londondagi kongressda “autofagiya”, “endotsitoz” atamalarini kiritdi. Avtofagiya bir qator omillar, jumladan, ochlik, roʻza tutish, kaloriyalarni cheklash va jismoniy mashqlar bilan shugʻullanganda faollashadi. Ushbu jarayon bu hujayra darajasida sodir boʻladigan, baʼzi kasalliklar ehtimolini kamaytiradigan va hayotni uzaytiradigan tabiiy yangilanish jarayoni boʻlib vazn yoʻqotish, salomatlik va uzoq umr koʻrishga faol yordam berishi olimlar tomonidan koʻp taʼkidlanadi.
Kundalik salbiy odatlar
Pol Bregg “Ochlik moʻjizasi” kitobi avtofagiya jarayonini ishga tushirishdagi muhim tavsiyalarga boy. Tarixdan maʼlumki, diniy ulamolar va qadimgi olimlar ochlikdan davolovchi vosita sifatida keng foydalangan. Faqat kasal payti yoki organizmni yoshartirish, yangilash payidagina emas, balki ruhiy chiniqish uchun ham och yurishgan.
Faylasuf Pifagor oʻz falsafasini oʻrgatishdan oldin oʻquvchilaridan 40 kun och yurishni talab qilgan. Uning fikricha, 40 kunlik ochlikdan soʻng oʻquvchilar fikri aniqlashib, uning falsafiy qarashlarini oson oʻzlashtirishlari mumkin ekan. Demak, ochlik avvallari ham, hozir ham faqatgina organizmni tozalabgina qolmasdan, insonning aqliy va ruhiy faolligini ham yaxshilaydi. Inson ongli ravishda ovqatlanadi, chanqogʻini bosadi, lekin bila turib oʻzini tuta olmagani sababli yashashi mumkin boʻlgan muddatning yarmiga yetmasdan vafot etadi. Yovvoyi hayvonlar ularni tashqaridan yoʻq qilishmasa, oʻzlariga ajratilgan muddatni toʻla yashab, soʻngra oʻladi. Insongina oʻziga belgilangan hayot muddatini toʻla yashamasdan dunyodan oʻtib ketadi. Yovvoyi hayvonlar oʻz instinktiga suyanib, qanday yashash, nima yeyish va nima ichishni sezadi. Ular kasalligida parhez qilib, ovqatlanmaydi. Davolovchi oʻsimlik va boshqa vositalarni qidirib topadilar. Inson esa barcha narsani isteʼmol qiladi, hatto hazm boʻlishi qiyin boʻlganlarini ham, buning ustiga zararli ichimliklar ichadi. Keyin esa nima uchun yuz yoshgacha yashamaganiga ajablanadi.
Zaharli kislota kristallari qanday hosil boʻladi?
Tabiatan biz insonlar ovqat isteʼmol qilamiz, suyuqlik ichamiz, nafas olamiz. Koʻpchilik odamlar esa haddan ziyod koʻp ovqatlanadi, ochlikdan emas odatiga binoan. Bunday katta hajmdagi ozuqani maydalash, hazm qilish, ortiqchasini chiqarib tashlashga organizmning kuchi yetmaydi.Oqibatda esa doim toksik, zaharli qoldiqlar qoladi, ular choʻkadi va kristallarga aylanadi.
Bu ancha sekin jarayon boʻlib, koʻp yillar notoʻgʻri ovqatlanish natijasida boʻgʻinlar orasida kristallar yigʻiladi va ogʻriqlar paydo boʻla boshlaydi. Oyoqlarda harakatlanuvchi suyaklar boshqa aʼzolarga nisbatan koʻpligi sabab ular avval oyoqda paydo boʻladi. Chunki har bir oyoqda 26 ta harakatlanuvchi suyak mavjud.
Dushmaningiz ichingizda!
Koʻpchilik odamlar nafs quliga aylanganligiga urgʻu bergan muallif, insonlar ochmi yoki toʻqmi, koʻp yeyish, ayniqsa, sifatsiz ovqatlanishdan aziyat chekishini taʼkidlab quyidagi maslahatlarni beradi:
Avval haftasiga 24-36 soatli, faqat distillangan suv ichib och yurishni odat qiling, taom yeydigan kuningizda faqat tabiiy ozuqa bilan ovqatlaning. Tanangizni aql boshqarsin, istak emas! Istak — aqlsiz!
Haddan tashqari koʻp ovqat yeyish sizni muddatdan oldin oʻldiradi. Sabzavot va mevalar tabiiy tozalovchi hisoblanadi. Boshlanishiga oz-oz isteʼmol qiling, toksik zaharlardan tozalanguningizga qadar haftasiga 24 soatli och yurish organizmni toʻliq tozalaydi.
Agar siz 3-7 kun och yurishga kuch topsangiz, organizmingiz toʻla tozalanadi. Haftasiga bir kun och yuring, shuning oʻzi yiliga 32 kunni tashkil qiladi. Bu vaqt ichida hayotiy kuch organizmda koʻpayadi va zaharli kristallarni chiqarish uchun yetarli boʻladi. Har bir ochlikdan soʻng siz oʻzingizni erkinroq sezasiz.
Inson pichoq va qoshiq bilan oʻziga choh qaziydi
Koʻpchilik oshqozoniga dam berishmaydi. Ovqat hazm qiluvchi aʼzolarni shunchalik toʻldirishadiki, oxir-oqibat ular faoliyati ishdan chiqadi. Organizmdan toksin va zaharli moddalar chiqayotganda, qon tozalanayotgan vaqtda siz oʻzingizni aʼlo darajada sezmaysiz, albatta. Shunday vaqtda hammasi oʻtib ketadi, deb oʻzingizga qayta-qayta tasalli bering. Maqsadingiz yoʻlida qattiq turing, ajoyib natijalarga erishasiz.
24 soatlik ochlikdan soʻng birinchi isteʼmol qiladigan ozuqa
Yangi uzilgan sabzavotdan salat, qirgʻichdan oʻtkazilgan sabzi va karam, unga ozroq apelsin yoki limon sharbati qoʻshilsa, taʼmi yoqimli boʻladi.
Esingizda boʻlsin, ochlikdan soʻng hech qachon goʻsht, baliq, pishloq, sariyogʻ, yongʻoq va shunga oʻxshash ozuqalar isteʼmol qilmang. Sizning birinchi ovqatingiz salat va pishirilgan sabzavot boʻlishi kerak.
24 soatlik ochlikdan soʻng ikki kun oʻtgunicha ogʻir hazm boʻladigan taom isteʼmol qilmang.
Muallif oʻquvchilarga irodasiz, achinarli ahvoldagi inson darajasiga tushib qolishingizga yoʻl qoʻymaslik uchun eng toʻgʻri yoʻl sifatida yuqoridagi tavsiyalarni beradi. Doimiy tarzda tetik va sogʻlom hayot kechirishimizda ushbu tavsiyalar foydadan holi emas.
Qoʻshimcha oʻrnida. Hozirgi kunda hayotimizda, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda ozish, parhezning turli usullari haqida tavsiyalar koʻpayib ketgan. Oʻquvchi ularni oʻzida sinab koʻrishidan avval mutaxassis bilan maslahatlashishi, sinalgan usullarni qoʻllashi, turli manbalardan oʻqib oʻrganishi lozim. Unutmang, salomatlik – eng katta boylik!
Laylo ISMAILOVA.
Oyina.uz
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Mohinur
07:07 / 12.07.2023
Ajoyib maqola bòlibti ,amalda sinab kòrish kk ammo juda qiyinga òxshaydi