Ommaviy ta’sir yoxud “Verter effekti”


Saqlash
11:10 / 11.10.2021 2921 2

“Verter sindromi” yoki “Verter effekti” deb matbuot va televideniyeda, qaysidir film yoki badiiy asarda yoritilgan o‘z joniga qasd qilish holatidan so‘ng ommaviy ravishda suitsid to‘lqini yuzaga kelishiga aytiladi. Mazkur sindromni birinchi marta 1974-1975-yillari Kaliforniya universiteti sotsiologi Devid Fillips XVIII asr oxirida butun Yevropa bo‘ylab tarqalgan shunday hodisa ustida izlanish olib borishi jarayonida aniqlagan. Bunga Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romani turtki bergani bois sindrom nomi ham ayni asar qahramoni ismiga qo‘yilgan.

Devid Fillips va Lindi Karstensen 1973–1979-yillari o‘smirlar orasida sodir bo‘lgan 12 585 ta suitsidning matbuot va telereportajlar bilan bog‘liqligini o‘rganar ekan, o‘z joniga qasd qilish haqidagi har bir yangilik, maqola va telereportajdan keyin bunday mudhish voqealar sezilarli darajada ko‘payganini aniqlaydi. Kuzatuvlar natijasida o‘g‘il bolalardan ko‘ra qiz bolalar Verter sindromiga ko‘proq moyil ekani ma’lum bo‘ladi.

“Yosh Verterning iztiroblari” asarini keng kitobxonlar ommasi iliq kutib oladi, hatto yoshlar vertercha uslubda kiyina boshlaydi. Ammo kitobga eng ko‘p shuhrat  olib kelgan narsa ommaviy suitsid to‘lqinining yuzaga kelishi bo‘ldi. Asarda sevgisiga erisha olmagan Verter yakunda o‘z joniga qasd qiladi. Roman shaklan epistolyar, ruhan sentimental mezonlarga asoslanib yozilgan.

Asar bosh qahramoni Verter eri bor ayol – Lottaga ko‘ngil qo‘yadi, sevgisiga o‘zi xohlagandek javob ololmagach, o‘zini otib tashlaydi. Romanni ma’lum bir ma’noda avtobiografik romanlar qatoriga kiritish mumkin. Sababi, Gyotening o‘zi shu kabi holatning guvohi bo‘lgan. Advokatlik amaliyotini o‘tab yurgan Gyote Sharlotta Buff bilan tanishadi, – bu asardagi Lotta edi. Verterning o‘limi prototipi bo‘lib Gyotening yaqin do‘sti bo‘lgan Karl Vilgelm Iyeruzalemning eri bor ayolni yoqtirib qolishi va yakunda o‘z joniga qasd qilishi xizmat qiladi.

Asar chop etilgandan so‘ng o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payadi, shu sabab ba’zi davlatlarda nashr taqiqlab qo‘yildi. Asar mutolaasidan keyin muhabbatda omadsizlikka uchragan o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari keskin ko‘paygan. Bunga sabab nima edi? Sabab shuki, asarda o‘z joniga qasd qilish ma’lum bir ma’noda oqlanadi. Ya’ni, asarda omadsiz muhabbatning tugamas azoblaridan qutulishning yagona chorasi sifatida o‘z joniga qasd qilish varianti o‘rtaga tashlanadi. Bu esa “o‘tish davri”da bo‘lgan, hayotning keskinliklariga moslashishga qiynalayotgan, javobsiz sevgi azobidan xalos bo‘la olmayotgan o‘smirlar uchun eng afzal yo‘l bo‘lib ko‘rinadi. Ommadan bunday munosabatni kutmagan Gyote “Verter sindromi”ni to‘xtatish uchun asar bosh qahramonining qilgan ishi noto‘g‘ri ekanligi haqida so‘zboshi yozishga majbur bo‘ladi. Asarni yozishdan asosiy maqsad Gyoteni turmush qurgan ayol – Sharlottaga nisbatan baxtsiz muhabbat qiynaydi. Muallif o‘z sentimental xarakteri va dunyoqarashidan kelib chiqib mazkur romanni yozar ekan, bu orqali Sharlottaga bo‘lgan tuyg‘ularidan qutulishni maqsad qiladi. Lekin asar kutilmaganda yuqorida aytib o‘tilganidek salbiy effekt yaratadi va keyinchalik “Verter effekti” deb nomlanuvchi atamaning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

1980-yilda Germaniyada “Talabaning o‘limi” seriali namoyishi vaqtida talabalar orasida o‘zini poyezd tagiga tashlash holatlari ko‘payadi. Talabalar suitsidning aynan shu variantini tanlashiga sabab “Talabaning o‘limi” serialining har bir qismida bir talabaning o‘zini poyezd tagiga tashlash sahnasi bo‘lgan va bu namoyish ortidan o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish holati 175% ga ko‘paygan. Avstriyada ayni turdagi ko‘ngilsizlik ko‘paygandan so‘ng, Vena metropoliteni o‘ziga xos tajriba qilish fikriga keladi: o‘zini poyezd tagiga tashlab joniga qasd qilish holatlarini matbuotda yoritmaslik yoki bunday holatlarga katta e’tibor qaratmaslik. Natijada poyezd bilan bog‘liq suitsidlar Avstriyada avvalgi ko‘rsatkichdan uch martaga kamayadi. Shundan beri Avstriya matbuotida shunga o‘xshash tragedik voqealarni yoritishga taqiq qo‘yilgan.

Yaqinda Rossiya hududida bo‘lib o‘tgan o‘z joniga  qasd qilish holatlarini ham “Verter sindromi” bilan bog‘lash mumkin. 17 yoshli qiz ijtimoiy tarmoqda 17 yoshli qiz jonli efir vaqtida “ЛСП” guruhining “Номера” qo’shig’i ostida baland binoning tomidan o‘zini pastga tashladi. Qo‘shiqqa to‘xtaladigan bo‘lsak, u 2014-yilda yaratilgan bo‘lib, “o‘zida suitsidga chorlaydigan ma’no jamlagan” deya 2018-yilda taqiqqa uchragan edi. Qo‘shiq mazmunida suitsidni targ‘ib qiladigan qatorlar bor va ayni shu qatorlar yangrayotgan vaqtda qiz o‘z joniga qasd qiladi.  Qizning bu fojeaviy qaroriga sabab sifatida har xil vajlar ko‘rsatildi, bizga ayni vaziyatda sababdan ko‘ra bu holatdan keyingi oqibatlar muhimroq. Rossiyada ushbu “eski ssenariy” yana takrorlandi. Bu safar 19 yoshli yigit ijtimoiy tarmoqdagi jonli efir vaqtida ayni shu qo‘shiqning ayni o‘sha qatorlari yangrayotgan vaqtida o‘zini baland binoning balkonidan tashladi. Bu ikki suitsid namoyishidan so‘ng o‘smirlarning yolg‘ondakam o‘z joniga qasd qilish videolari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘paydi. Bunda ijrochi o‘z joniga qasd qilmasa-da, tomoshabinda shunday kayfiyat uyg‘otadi. Ya’ni, ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilgan suitsid haqidagi xabar shu ko‘rinishda “Verter sindromi”ni keltirib chiqardi.

Yuqoridagi holatlardan so‘ng “ЛСП” guruhining menejeri internetda o‘z sahifasidan qo‘shiqni o‘chirib yuborishga qaror qilganini ma’lum qildi. Ammo “o‘rgimchak to‘rining” qaysidir burchaklarida qo‘shiqning saqlanib qolishi turgan gap.

Yuqoridagi tahlillardan ko‘rinadiki, ommaviy ta’sirga tushuvchilarning asosiy qismi yoshlar va o‘smirlar. “Kasallikni davolashdan ko‘ra oldini olgan afzal” deyilganidek, ma’lum bir resurslarni cheklash orqali kutilgan natijaga erishish qiyin. Ommaviy ta’sirga berilish holatlari kuzatilmasligi uchun har bir o‘smir va yosh o‘z dunyoqarashini kengaytirishga, vaqtini foydali narsalarga sarflashga harakat qilishi kerak. Hech qaysi sabab insonning o‘zini yashash ne’matidan mahrum qilishiga arzimaydi.

Mironshoh HASANOV 

2 Izohlar

Sunnat

16:01 / 10.01.2024

Tushunish sal qiyin ekan bu asarni

Husenova Visola

06:01 / 01.01.1970

Assalomu alaykum. Men Buxoro davlat Universiteti, xorijiy tillar fakulteti, 1-kurs talabasiman. "Yosh Verterning iztiroblari" asari haqida maqola yozyapman. Maqolamning asosiy mavzularidan biri "Verter effekti" haqida. Shu maqolada keltirilgan ma'lumotlardan ham foydalanmoqchi edim. Menga yana biror maslahat bera olasizmi? Oldindan rahmat!

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 153
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 33
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar

Vatandosh

11:03 / 27.03.2024 0 687
Azizaning qora va oq tuflilari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15375
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi