Abdulla Qahhor adabiyotga qaychisi bilan kirib kelgan, degan qanotli ibora yuradi. Bunday o‘ylab qaralsa, har bir yozuvchi-shoir haqida shunga o‘xshash payrov qilish mumkin ekan. Payrovki, andak hazil, andoq haqiqat…
Oyina.uz milliy matbuot bayrami munosabati bilan adiblarimizning qitiq patiga tegishga haddi sig‘di. Kim adabiyotga nima bilan kirib kelgan, degan savol qo‘ygan edik, do‘st-u birodarlardan qiziq-qiziq gap-so‘zlar chiqdi. Aytildiki…
Adabiy makonga Murod Muhammad Doʻst o‘rkach-o‘rkach dasht-u dalalar oshib, Xurshid Davron Samarqandning minora-yu gumbazlarini orqalab, Xurshid Do‘stmuhammad “Jajman” bilan eski shahar bozorini oralab, Luqmon Bo‘rixon jaziramada cho‘l-u biyobon kezib, Isajon Sulton bitik toshlarni, Anvar Suyun esa Gʻo‘bdintog‘ni ortmoqlab kirib kelgan.
Erkin A’zam pakana oshiq, Yoʻldosh Eshbek yigʻlayotgan qiz, Nurilla Chori bir guruh qariyalar bilan adabiyotni zabt etgan.
Adabiyotga biror hayvon bilan kirib kelganlar talaygina ekan: Said Ahmad qoplon (it) bilan, Husniddin Sharipov oddiy baliq, Abdulla Oripov esa tilla baliq bilan (mitti yulduz varianti ham bor), Tog‘ay Murod tarlon (ot), Usmon Azim karvon (tuya), Azim Suyun burgut, Sirojiddin Sayyid qaldirg‘och, Nazar Eshonqul maymun bilan, Zulfiya Moʻminova va Adiba Umirova oq ilon, Xolyor Safar jiyron (ot), Najmiddin Ermat ko‘k bo‘ri bilan.
Tabiat shaydolari: adabiyot bog‘iga Oybek na’matak, Mirtemir majnuntol, Asqad Muxtor chinor, Muhammad Yusuf terak, Uygʻun Roʻzi atirgul ekkan bo‘lsa, Gʻafur Shermuhammad esa quduq qazgan. Bunga Shavkat Rahmonning gullagan toshi ham qo‘shilib, bamisoli landshaft dizayni hosil bo‘lgan.
Qurol ko‘tarib kelganlar: Shukur Xolmirzayev yashil “Niva”da ov miltigʻi, Chori Avaz tortilgan kamon, Faxriyor oybolta, Qoʻchqor Norqobil tanka bilan. Shavkat Rahmon sermagan qilichni bugun Shahriyor Shavkat ham o‘qtalib yuribdi.
Soz chalib kelganlar: Eshqobil Shukur sibizgʻa, Rustam Musurmon doʻmbira, Aziz Said chiltor, Shodmonqul Salom chanqovuz bilan.
Hasharotlar bilan: Toʻxtamurod Rustam kapalak, Jasur Kengboy esa chigirtka bilan uchib kirgan adabiyot derazasidan.
Avval taom, bad’az kalom, deydiganlar: Erkin A’zam bir savat jaydari olma, Sobir Oʻnar katta tarvuz, Jontemir esa may bilan kirgan.
Zamonaviyroq narsa-buyum ko‘targanlar ham bor: Xayriddin Sulton plastinka, Nabijon Boqiy “delo”, Abduqayum Yoʻldosh mix, Salim Ashur telefon, Fozil Farhod jeton olib kirgan adabiyotga. Shoir Elyor Murod esa “Matiz” bilan kirib, “Malibu” bilan chiqib ketgan.
Yana, O‘tkir Hoshimov adabiyotga tushda kirgan. Shuhrat shineli bilan, Shuhrat Orif Shuhrat Daryo bilan, Alisher Ibodinov olov bilan…
Elshunos shoir Rustam Musurmon haqida ustoz Mahmud Sa’diy aytgan hazilni eslaganlar ham ko‘p bo‘ldi. Ammo ro‘yxatga kiritishga ma’naviyatimiz yo‘l bermadi.
Sanoqni istagancha davom ettirish mumkin edi, ammo buni musavvir nigohi orqali planshetga ko‘chgan sharjlarda ko‘rgan ma’qul bildik. Rassom Umid Sulaymonov el suygan ijodkorlarni o‘xshatolganmi? Karikaturalarda kimlarni tanidingiz? Adabiyotga nimadir olib kirgan yana qaysi adiblarni bilasiz? Izohlarda yozib qoldiring.
Til
Ma’naviyat
Til
Tarix
San’at
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
5 Izohlar
Azamat
07:08 / 30.08.2023
Oʻtkir Hoshimov nurdan soya qidirib kirib kelgan, Xudoyberdi Toʻxtaboyev Omonboy va Davronboyni yetaklab kirib kelgan, Iqbol Mirzo yurak shaklini chizib kirib kelgan, Javlon Jovliyev Stalinga maktub yozib kirib kelgan
Otabek
04:08 / 01.08.2023
Assalomu alaykum miriqib kuldim. Menda ham bor ijodkorlarga hazil. Xudoyberdi Toʻxtaboyev Sariq devni minib kelgan, Qobiljon Shermatov Buvasini oshqazonidagi mamlakatdan kelgan, Ahmad Muhammad Tursun sohilsiz dengizdan suzib kelgan.
Jamshid
03:07 / 13.07.2023
Assalomu alaykum menda ham ajoyib sharjlar bor. Qanday yuborishim mumkin
Abbosjon Hakimov
21:07 / 08.07.2023
Ajoyib.O'qib, ko'rib mazza qildik. Charchamanglar ,oyinachilar!📷📸
Iroda
07:07 / 03.07.2023
Sharjlarga gap yo’q! Suratga qarab muallifni topish qiyin bo’lmadiz bu rassomning mahorati!