Men ilonman, men taroziman, men ko‘zoynakman – jurnalistlar o‘zini nimalarga o‘xshatadi?


Saqlash
20:41 / 27.06.2023 2091 0

 

Bugun 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Xoʻsh, bu kunda taqvimlar yarqiraydimi yoki qaltiraydimi? Xarakteri soatlab tahlil qilinadigan murakkab personajlar – jurnalistlar bilan hazilona soʻrovnoma oʻtkazdik… Bir qarashda mashhur askiyani eslatadi:

 

–   Men sizni oʻxshatdim!..

–   Nimaga oʻxshatdingiz?

 

Lekin savol bu safar biroz boshqacharoq: Siz jurnalist sifatida oʻzingizni nimaga oʻxshatasiz? Bir-biridan qiziq javoblar va aynan jurnalistlarning bayram qiyofalarini sizlarga ulashamiz, maxsus fotosuratlarni bonus sifatida qabul qiling.

 

  

Men qalamman!

Sindirishsa, ikkita qalamga aylanaman. Lekin o‘chirg‘ich bitta qoladi-da...

Hamza Jumayev

 

 

 

Men soyabonman!

Lekin jurnalist hech kimni hech narsadan himoya qila olmaydigan soyabonga aylanmasligi kerak...

Sharifa Murod

 

 

 

 

Men taroziman!

Doim muvozanatni tutib turishga harakat qilaman. Ba’zan tarozi bolganimdan, ikkita pallaning birini kesib tashlamaganimdan afsuslanaman. Lekin ikki tomonni ham o‘lchay olish allaqachon mening xarakterimga aylangan.

Shohira Hamro

 

 

 

 

Men Duracellman!

Uzoq yillardan buyon dam olmasdan ishlayman. Aslida Duracell o‘chib qolsa ham, jurnalist ishlab turishi kerak!

Nasriddin Asriddinov

 

 

 

Men olovman!

Jurnalist qismatiga yonib yashash bitilgan! Bu olov xalqqa xizmat qilish bilan yanada alangalanadi.

Yulduz Fayziy

 

 

 

 

Men kamonning oqiman!

O‘ychi o‘yini o‘ylaguncha sayyod kamondan o‘q otib ulguradi. Jurnalist sifatida tavakkalchiman va nishonni tog‘ri kozlay olaman!

Sardor Kamilov

 

 

 

 

Men ilonman (Ophidia)!

 

Ha, ilon qo‘rqinchli, eshitganda seskantiruvchi va unchalik yoqtirilmaydigan jonzot. Ammo unutmaslik kerakki, ilonning zahri tibbiyotda juda muhim davo hisoblanadi. Kimyogarlar haligacha ilon zahari uchun sun’iy o‘rinbosar topa olishmadi.

 

Jurnalist ham shunday, achchiq yozadi, ammo uning yozgani bilan ko‘plab bemor sohalar davo topadi (o‘ldirishi ham rost).

 

Afsuski, bugun hukumatda “ilonlar”ga nisbatan faqat zaharli degan qarash kuchayib bormoqda. Davo xususiyati esdan chiqarilmoqda. Bu ketishda zaharli ilonlar tugab, faqat suv ilonlar qoladi, shekilli.

 

Ilyos Safarov

 

 

 

 

Men sharsharaman!

Koʻrinishimdan suv taftni bosgandek vaziyatlarni sokin tahlil qilsam-da, shashtim, mehrim va qahrim toshni yoradi…

Navbahor Karimova

 

 

 

 

Men ko‘zoynakman!

Koʻpincha boshqalar ilgʻamagan jihatlarga bamisoli koʻzoynak orqali yaqindan e’tibor qaratishga harakat qilaman.

Yulduzxon Olimova

 

 

Jamoatchilik va xalqimiz uchun xizmatda bo‘lgan faol jurnalistlarimiz juda ko‘p. Sharoit, iqlim, mavsum, davr va zamon tanlamas noyob soha egalarini bugungi ayyom bilan chin dildan tabriklaymiz! O‘zini aynan oynaga o‘xshatadigan “Oyina.uz” jamoasi har biringizga yorqin va haqqoniy faoliyat yo‘lini tilaydi: adashmang, adashtirmang!

 

Aytgancha, “o‘xshatish” chellenjiga Siz ham qo‘shilishingiz mumkin. Surat va izohingizni Facebook ijtimoiy tarmog‘iga Oyina.uz portalini belgilagan holda joylang va #jurnalistningbayramqiyofasi heshtegini qoldiring.


Sirojiddin RUSTAMOV tayyorladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//