Adabiyot
XX asr Turkiston xalqlari uchun erk-u diyonat boy berilgan, asriy urf-odat va an’analar qadrsizlangan, tafakkur qoloqlik va johillikka yuz tutgan davr sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. Biroq ana shunday og‘ir sharoitlarda ham o‘zbek xalqi ichidan yetishib chiqqan taraqqiyparvar ziyolilar sabot va matonat bilan yashab o‘tdilar, yurt va elning ilmiy va madaniy nuqtai nazardan yuksalishiga jiddu-jahd qildilar. Millatnign taraqqiyparvar qahramonlaridan biri Xolid Saiddir.
Xolid Said 1888-yilda Toshkent viloyatining Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlabki ta’limni Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘idagi mulla maktabida olgan. O‘qishning keying bosqichini Toshkentda, madrasada davom ettiradi. Madrasadan so‘ng Xolid o‘qishni Istanbulga davom ettirmoqchi edi. Biroq moddiy ahvoli bunga imkon bermadi.
Xolid Saidning otasi Said Ali Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida imomlikka qo‘shimcha tarzda xo‘jalik ishlari bilan ham shug‘ullangan. Said Alining o‘zi dindor shaxs bo‘lganligi sababli farzandlarining ham o‘ziga o‘xshagan xudojo‘y, halol va haromning farqiga boradigan, diniy ilmlarni egallagan komil insonlar bo‘lishini istar edi. Shu boisdan u o‘g’li Xolidni eski maktabga o‘qishga berdi. Keyinchalik Xolid Saidning o‘zi diniy (eski) maktablar to‘g’risida quyidagilarni yozgan edi: “Bolalar masjidlar yonidagi maktablarda o‘qitilardi. Ta’lim beruvchi maktablar ikki qismga bo‘linar, ularning birinchisida faqat boshlang’ich ta’lim berilardi. O‘qitish uslublari juda ham yomon bo‘lib, avval bolalarga doskaga yozilgan 36 harf va belgilar o‘qitilgan. So‘ngra Qur’ondan kichik suralar yodlatilgan. Bu suralar jamlangan kitob “Haftiyak” deyilardi. “Haftiyak” o‘qib tugatilingandan so‘ng Qur’on o‘qitish boshlanardi. Qur’ondan keyin “Chor kitob”, “So‘fi Olloyor”, “Hoja Hofiz”, “Bedil”, “Maslakul-muttaqin” nomli kitoblar o‘qitilardi. Bu kitoblardan faqatgina So‘fi Olloyorning kitobi turkcha, qolganlari forsiycha edi. Bola maktabga kirgan kundan boshlab hech narsani tushunmasdi. Kitoblar orasida “Sofi Olloyor” kitobi turkcha edi, lekin hatto u ham bolalar tushunadigan kitob emas edi. Yozuv ilmi ham хuddi shu tarzda bo‘lgan. Boshlang’ich ta’lim 5–7 yil, bazan esa 10 yilgacha davom etardi… biroq shunda ham maktabga kirganlarning 10 foizigina savodli bo‘lib chiqardi”.
Xolid Saidning 1934-yil 26-aprelda yozgan tarjimayi holi ham uning ta’limga bo‘lgan ishtiyoqi naqadar kuchli bo‘lganiga dalil bo‘ladi: “Men 1888-yilda Toshkent shahridan 25 km uzoqlikda joylashgan Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilganman. Qishloq maktabini tugatgach, meni Toshkent shahridagi madrasaga berishdi, chunki u paytlarda rus maktabi xalq orasida “kofirlar maktabi” sifatida salbiy baholanar edi. Madrasada besh-olti yil o‘qidim. 1905-yilda inqilob bo‘ldi. Butun o‘lkani qamrab olgan inqilobiy ruh menga o‘z ta’sirini o‘tkazdi va hayotimni tubdan qayta bunyod etish fikri menda uyg‘ondi. Lekin muhit hali ham kontservativ (eskicha) bo‘lgani uchun rus-tuzem maktablarida o‘qishni davom ettirishning iloji bo‘lmadi. Natijada men boshqa bir yo‘lni qidira boshladim. Bu orada atrofimdagi do‘st-yorlarimdan Istanbul haqida shunchalik ko‘p va hayratlanarli hikoyalarni eshitdimki, oxir-oqibatda bu shaharga borishni orzu qila boshladim, lekin orzuyimni amalga oshirish uchun menda moliyaviy imkoniyat mavjud emas edi. Biroq taqdirning o‘zi menga imkoniyat berdi. Yaqin atrofdagi qishloqlardan birida hukumat tomonidan yer taqsimlash ishlari boshlanib, ularga malakali va yer-o‘lchov ishlarini biladigan odam kerak bo‘lib qoladi. Madrasada o‘qib yurgan kezlarimda arabcha kitoblardan yer o‘lchash texnikasini o‘rganganligim sababli, tashkilotchilarga xizmatimni taklif qildim. Natijasida ishlab, besh-olti oyga yetadigan pul topdim. Yetarlicha pulni topgan bo‘lsam-da, biroq yana bir to‘siqni yengib o‘tishim kerak edi. O‘sha davrda turkistonliklarga general-gubernator buyrug‘i bilan chet el pasportlarini berish taqiqlangan edi. Keyin bir tanishimning maslahati bilan to‘rt-besh manatga Xitoy pasportini sotib oldim, unda na sana, na shaxsning ismi-sharifi aniq yozilgan edi. Men ushbu pasport bilan Istanbulga keldim. Istanbulga kelgach biroz vaqt o‘tib menda Misr va Suriyaga sayohat qilish istagi tug‘ildi. Lekin universitetda gazetachilikka doir ikki yillik tayyorgarlik kurslari ochilishi haqidagi e’lon mening ushbu niyatimni o‘zgaritirishga majbur etdi. Ushbu kursga 430 nafar kishi sinov tariqasida qabul qilindi. Ularning ichida men ham bor edim”.
Xolid Said Toshkentda Ubaydulla Xo‘jayev muharrirligidagi “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1914-yilgi sonlarida o‘z maqolalari bilan ishtirok etadi. Jumladan, “Fasod axloq qachon boshlandi?”, “Menga nima kerak?”, “Xayrlik umid” kabi maqolalari uning badiiy iqtidori ancha erta boshlanganligini ko‘rsatadi. Negaki, ushbu maqolalarda vatan ishqi bilan yongan qahramon millat va jamiyat dardiga da’vo izlagan.
Yosh Xolid 1914-yilda Turkiyaga borib, tibbiyot fakultetiga o‘qishga kiradi. Keyinchalik esa adabiyotga bo‘lgan qiziqishi ustun kelib o‘qishini tibbiyot fakultetidan tarix-filologiya fakultetiga ko‘chiradi va 1918-yilda tamomlaydi. Yana shuni alohida qayd etish lozimki, Istanbul universitetining talabasi Xolid Said Istanbul matbuotida, shuningdek, Qrimda Ismoil Bey Gaspirali tomonidan chop etiladigan “Tarjimon” gazetasida o‘z maqolalari bilan ishtirok etadi. “Tarjimon” gazetasining 1914-yil 23-fevral kungi sonida Xolidning “Toshkentdan maktub” maqolasi bosiladi. Istanbul va Qrim matbuotida e’lon qilingan maqolalarda Xolidning beg‘ubor yoshlik yillari, samimiy tuyg‘ulari va yorqin kelajakka nisbatan porloq orzulari aks etgan.
1918-yilda Nuriy posho boshchiligidagi harbiylar bilan Ozarboyjonga kelgan Xolid Said Ganjadagi gimnaziyada dars bera boshlaydi. Keyinchalik u, ya’ni 1920-1921-yillar o‘qituvchilik faoliyatini Toshkentda davom ettiradi.
Shuningdek, Xolid Said “Yangi alifbo yo‘llaridagi eski xotiralarim va tuyg‘ularim” asarida 1921-yilda Toshkentdagi o‘rta maktabda direktor sifatida faoliyat ko‘rsatganini qayd etib o‘tgan.
Xolid 1924-yilda “Yangi alifbo qo‘mitasi” faollaridan biri sifatida Toshkent, Qrim, Simferopol, Orenburg, Ufa, Qozon va boshqa shaharlarda tuzilgan delegatsiya tarkibida yangi alifbo tarafdorlari va muxoliflari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda faol ishtirok etadi.
Xolid Said 1926-yilda Bokuda bo‘lib o‘tgan “I Turkshunoslar Qurultoyi” ishtirokchisi sifatida yangi alifboni qabul qilishning faol targ‘ibotchilaridan biri bo‘ldi.
Turli oliy maktablarda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib, yosh avlodni tarbiyalash va o‘qitishda muhim o‘rin tutayotgan Xolid Said o‘z ilmiy faoliyatini SSSR Fanlar akademiyasi Ozarboyjon bo‘limida davom ettiradi.
1924-yildan beri birga ishlagan va yangi alifboni qabul qilishda yaqindan hamkorlik qilgan, SSSR Fanlar akademiyasining Ozarboyjon bo‘limi direktori Vali Xulufluga Xolid Saidning 1934-yilda yozgan quyidagi arizasi ayniqsa muhim ahamiyatga ega: “Men asosan O‘zbekistonning Toshkent shahrida yashaganman, o‘rta va oliy ta’limni Istanbulda olganman. 1918-yildan hozirgacha Ozarboyjondagi o‘rta va oliy maktablarda turk tili va adabiyotidan dars berib keldim. Hozirda Milliy ijtimoiy-iqtisodiyot instituti, Turk tili va oliy pedagogika institutining huquq fakultetida arab va fors tillaridan dars beraman. Men Ozarboyjon Ilmiy-tadqiqot instituti bilan ham hamkorlikda faoliyat olib borganman. Men hozirda Akademiyada lug‘atshunoslik tadqiqotlari bilan shug‘ullanayapman. Biroq men Fanlar Akademiyasi bilan yaqindan ishlash va chuqur tadqiqotlar olib borishni istayman. Shuning uchun, 16 yillik xizmatimni e’tirof etgan holda akademiyaning asosiy xodimi sifatida ishga qabul qilishingizni so‘rayman. Shu bilan birga men hozirda nashrga tayyorlab qo‘yilgan yettita asarim borligini aytishni zarur deb bilaman. Xolid, Boku, 1934-yil 26-mart.”
1934-yil 14-aprel kuni Vali Xuluflu Xolid Saidning ushbu arizasiga quyidagi javob maktubini yozdi: “Men direktorlar kengashidan birinchi darajali ilmiy xodimni (ya’ni Xolid Saidni) ishga qabul qilishni so‘rayman. Oylik maoshi uch yuz manat bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Vali Xuluflu”. Shunday qilib Xolid Said Xo‘jayev Akademiyaning tarix sektoriga birinchi darajali ilmiy xodim sifatida ishga qabul qilinadi.
Oradan bir yil o‘tib, 1935-yilda atoqli turkolog olim Bakir Cho‘bonzoda Xolid Saidning ilmiy faoliyatini yuksak baholab, hech qanday dissertatsiya yozmasdan, himoya qilmasdan unga ilmiy daraja berish tashabbusi bilan chiqadi. “Xolid Said yuksak saviyali tilshunos olimlaridan biridir. U turk, arab, fors, rus... tillarini mukammal biladi. Xolid 10 yildan buyon talabalarga turk tilining uslubi va grammatikasi, qadimiy yodgorliklarni o‘qish va boshqa fanlardan muvaffaqiyatli dars berib kelmoqda. Bularning barchasini hisobga olib, Xolid Saidga dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berish vaqti keldi” deb yozgan edi Bakir Cho‘bonzoda. Afsuski, Bakir Cho‘bonzoda ikki yildan so‘ng Xolid Saidga bergan bu ilmiy ta’rifi va yuksak bahosi o‘ziga qarshi qo‘llanilib, ikkalasini ham panturkist-millatchilik tashkilotiga a’zolikda ayblashlarini bilmas edi.
Xolid Saidning “Yangi alifbo yo‘llarida eski xotiralar va tuyg‘ular” (1929-yilda nashr etilgan) asari yangi turk alifbosida yozilgan birinchi kitobdir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Xolid Saidning qo‘lyozma asarlari uning nashr etilgan asarlari va kitoblaridan ancha ko‘p edi. Afsuski, o‘sha qo‘lyozma va kitoblarning katta qismi Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) va uning xodimlari tomonidan olib ketildi va yo‘q qilindi. Filologiya fanlari doktori, professor Buludxon Xalilov Xolid Saidning ilmiy faoliyati haqida gapirar ekan, uning “Stilistika nazariyasi”, “Sintaksis”, “Turk tillarining tarixiy grammatikasi” nomli kitoblari ham borligini ta’kidlaydi. Biroq bu asarlarning barchasi yo‘q qilingan. Bakir Cho‘bonzoda Xolid Saidning 14 bet hajmdagi “Sintaksis” nomli asariga muharrirlik qilgan. Bu asar ham tahrirdan keyin nashr qilinmasdan yo‘q qilinadi. Xolid Saidning 1936-yil o‘rtalarida nashrga tayyor bo‘lgan “Uslub nazariyasi” va “Turk tillarining tarixiy grammatikasi” asarlari ham yo‘qotiladi.
Shuningdek, Xolid Said tomonidan “O‘rxun bitiklarini izohli o‘rganish”, “Turk tilining tarixiy grammatikasi”, “Chig‘atoy adabiyotidan ma’ruzalar”, “Turkiston tarixiga qisqacha sharh”, “Mufassal sintaksis” va boshqa qator asarlar yozilgan. Ayniqsa, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit-turk” asarini Xolid Said ozar tiliga tarjima qilgani katta tarixiy ishlardan biri bo‘lgan.
Quyida uning ba’zi asarlari xususida qisqacha to‘xtalib o‘tish zarur:
1) “Usmonli, o‘zbek, qozoq tillarining qiyosiy sarfi” – 1926-yilda “Ozarboyjonni o‘rganish jamiyati” nashriyoti tomonidan chop etilgan, asar 108 sahifadan iborat (Xolid Saidning aytishicha, ushbu asar Bakuda bo‘lib o‘tgan turkshunoslarning I qurultoyi ishtirokchilarining taklifi bilan yozilgan).
2) Muhtasari uslubiyat – “Qisqacha uslub” – 1937-yilda Ozarboyjon Pedagogika instituti Tillar kafedrasi mudiri Abdulla Tog‘izoda bilan hammualliflikda yozilgan (Kitob Bokuda ikki marotaba – 1933-1934-yillarda Bakir Cho‘bonzoda muharrirligida “Azernashr” o‘quv-pedagogik bo‘limi tomonidan nashr etilgan). U 91 sahifadan iborat.
3) “Turkiy maktablar uchun rus tili” – 1934-yilda Bokuda nashr etilgan. Muallifning e’tirof etishicha ushbu darslik, orginal asar bo‘lib, Ozarboyjon Maorif xalq komissarligining ko‘rsatmasiga ko‘ra yozilgan.
4) “Chig‘atoy adabiyoti bo‘yicha ma’ruzalar” – asar qo‘lyozma holda bo‘lib, 5-6 bosma varaqdan iborat. Asar Xolid Saidning Ozarboyjon davlat universitetida “O‘rta Osiyo adabiyoti” fanidan o‘qigan ma’ruzalari asosida tayyorlangan. Tasavvufning O‘rta Sharq adabiyotiga, jumladan, chig‘atoy adabiyotiga ta’sirini yoritib beruvchi asar “Muqaddima”, “Arab adabiyotiga umumiy nazar” va “Arab adabiyotining Chig‘atoy adabiyotiga ta’siri” kabi bo‘limlardan iborat.
5) “Turk tilining tarixiy grammatikasi”. Muallif kitob haqida quyidagi ma’lumotlarni beradi: “U 12 bosma varaq hajmdagi qo‘lyozma shaklida. Bu kitob XI asr umumturkiy tilining tarixiy grammatikasi to‘g‘risida ma’lumot beradi. Kitob Mahmud Qoshg‘ariyning tarixiy asari asosida tayyorlangan”.
6) Xolid Said mohir tarjimon ham bo‘lgan. U Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini ozar tiliga tarjima qiladi va bu adabiy jamoatchilik ichida katta rezonansga sabab bo‘lgan. Tarjimonning o‘zi shu xususda to‘xtalib: “Bu roman O‘zbekistonda har bir savodli odam tomonidan sevib o‘qilmoqdadir. Bu asar O‘zbekiston davlat nashriyot idoralari tomonidan uch daf’a nashr etilmishdir. Shuning uchun O‘zbekiston va Ozarboyjon mehnatkashlarini bir-birining hayoti va turmushi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ushbu asarni tarjima qilib, nashr etish lozim topildi. Ayni paytda bu roman o‘zbek xalqi hayoti va madaniyati bilan yaqindan tanishishga yordam beradi” deb yozgan edi.
Biroq Xolid Saidning ilmiy faoliyati 1930-yil boshidan “aksilinqilobiy panturkistik-millatchilik tashkiloti a’zosi sifatida” sovet xavfsizlik organlari tomonidan diqqat bilan kuzatila boshlandi. Davriy matbuotda uning ijtimoiy va ilmiy faoliyati qoralangan buyurtma maqolalar chop etildi.
Xolid turkiy tilli xalqlar o‘rtasida umumiy alifbo bilan birga “barcha turkiylar bir-birini tushunishi uchun umumiy adabiy til bo‘lishi kerak” degan g‘oyani ilgari surdi va umum turkiy adabiy tilini yaratish zarurligini qayd etdi. U turkiy tilli xalqlarning irsiy qarindoshligini, umumiy madaniyat va etnografiyaga ega ekanligini ilmiy dalillar bilan isbotlab, mushtarak turk alifbosi bilan birga mushtarak adabiy tilni qurultoy darajasida muhokama mavzusiga aylantirish tashabbusini ko‘tarib chiqdi. Albatta bunday tashabbus sovet hukumati tomonidan g‘azab bilan kutib olindi.
Xolid Said 1937-yil 3-iyundan 4-iyunga o‘tar kechasi hibsga olindi. Xuddi shu kuni Ozarboyjonning atoqli adibi Husayn Jovid ham qamoqqa olinadi. O‘sha kechasi bolsheviklar Xoliq Saidning uyida tintuv o‘tkazadi. Tergovchilar tomonidan o‘tkazilgan tintuv paytida Xolid Saidning pasporti, uning Ozarboyjon Fanlar akademiyasining xodimi ekanligini tasdiqlovchi №59 guvohnomasi, Turkiyada nashr etilgan 5 ta jurnal, 1933-yilda Turkiyada nashr etilgan “Jumhuriyat” gazetasi, 2 ta fotosurat, “Alifba” kitobi, 27 ta turli nomdagi kitoblar va ko‘p sonli qo‘lyozmalar musodara qilindi.
Xolid Said hibsga olinganining ertasigayoq SSSR Fanlar akademiyasi Ozarboyjon filiali Tarix, til va adabiyot instituti rahbarining 1937-yil 4-iyundagi buyrug‘iga ko‘ra, uning nomi institut ilmiy xodimlari ro‘yxatidan o‘chiriladi.
1937-yil 5-iyunda Xolid Said birinchi tergov so‘roqlariga jalb qilinadi. Birinchi so‘roqda u dadil holda aksilinqilobiy millatchilik tashkilotiga a’zo, shuningdek, xalq dushmani emasligini aytib, barcha ayblovlarni rad etadi. Masalan, Xolid Said birinchi so‘roq paytida tergovchining savollariga quyidagicha javob bergan:
Savol: Siz talabalar o‘rtasida aksilinqilobiy, millatchilik targ‘ibotini olib borganingiz uchun yotoqxona mudirligidan haydalganmisiz?
Javob: Menga hech qachon bunday ayblov qo‘yilmagan.
Savol: Siz atayin savolga javob berishni istamayapsiz. Tergovga ma’lumki, siz aksilinqilobiy panturkistik tashkilot a’zosisiz. Tan olasizmi?
Javob: Men ushbu ayblovni mutlaqo rad etaman.
Ammo 1937-yil 21-iyun kuni o‘tkazilgan ikkinchi so‘roqda Xolid Said birinchi so‘roqqa zid ravishda: “Ha, tan olaman, 1916-yildan to qamoqqa olingunimga qadar panturkistik g‘oya tarafdori bo‘lganman” deb ta’kidlaydi. Albatta, uning ushbu “iqrori” qattiq qiynoq va bosimlar ostida yangragan edi.
Xolid Said qamoqqa olinganidan so‘ng uning turmush o‘rtog‘i Sora Xo‘jayeva ham 1937-yil 13-oktabrda qamoqqa olinadi. NKVDning qonxo‘r tergovochilari uni so‘roq qilishadi, jasur Sora erini oqlab, uning hech qanday aksilinqilobiy faoliyat olib bormaganligini aytadi. Biroq sovet tuzumining eski ssenariysiga binoan Sora Rizo qizi ham hibsga olinib, 1941-yilgacha SSSRning turli lagerlarida ming bir azoblar ichida jazo muddatini o‘taydi. Ozodlikka chiqqach, Sora erining qayerdaligi “so‘rab” turli “manzillar”ga murojaat qiladi, ammo Xolid Said to‘g‘risida sovet organlaridan hech qanday ma’lumot ololmaydi. Uning 1941-yilda Ozarboyjon SSR harbiy prokurori nomiga yozgan quyidagi arizasi Soraning iztiroblarini o‘zida jamlagan: “Mening erim Xo‘jayev Xolid Said 1888-yil tug’ilgan, millati o‘zbek, Ozarboyjon Ichki ishlar organi tomonidan 1937-yil 3-iyunda hibsga olingan. U Ozarboyjon SSR Fanlar Akademiyasida ilmiy xodim bo‘lib ishlar edi. Erimning mutaxassisligi sharqshunos edi va, shu bilan birga, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega edi. Sizdan o‘tinib so‘raymanki, erimning ishini qayta ko‘rib chiqsangiz va menga u haqida ma’lumot bersangiz. Mening erim hech qachon xalq dushmani bo‘lmagan”. Maktub manzili: Baku shahri, “Qizil askar” ko‘chasi, 16-mavze, 141-xonadon.
Xolid Said Sora Xo‘jayeva qamoqqa olingan kunda, ya’ni 1937-yil 13-oktabrdayoq otib tashlangan edi.
I.V.Stalin vafotidan keyin Sora xonim yana turli sovet organlariga murojaat qiladi. 1955-yil 16-aprelda Sora huquq-tartibot idoralari rahbarlari va siyosiy arboblardan erining ishini qayta ko‘rib chiqishni qat’iy ravishda talab qiladi. 1955-yilda yozilgan shikoyatga nihoyat 1957-yilda rasmiy javob beriladi va Xolid Said SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1957-yil 16-maydagi qaroriga binoan to‘liq oqlanadi.
Muslimbek ALIJONOV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat
muzeyi katta ilmiy xodimi
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q