Eshik qoqqan kim boʻldi: “Men olis va chekka hududda oʻqituvchi boʻlib ishlamoqchiman”


Saqlash
22:37 / 22.06.2023 8690 1

Oyina.uz tahririyat “eshig”ini qoquvchilar uchun informativ ijtimoiy loyiha taqdim etadi: “Eshik qoqqan kim boʻldi?”

 

  Taq-taq!

  Kim u?

  Men oʻqituvchiman...

  Qanday savolingiz bor?

  Olis va chekka hududda ishlamoqchiman...

  Xoʻsh?

 

  Me’yorlar qaysi hujjatlar asosida tartibga solingan? 

  Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi “Olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi 471-sonli qaroriga koʻra, olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga ustamalar toʻlanadi.

 

  Juda zoʻr-ku! Olis va chekka hudud deganda oʻzi qaysi hududlar tushuniladi?

  Bunday hududlar roʻyxati qarorda ilova qilingan.

 

  Ustama haqida gapirdingiz, ustamalar miqdori barcha uchun bir xil boʻladimi? Yoki ish stajiga koʻra belgilanadimi?

  Ustamalar albatta, xodimning ish stajiga nisbatan belgilanadi. Misol uchun:

6 oydan – 3-yilgacha ish stajiga ega boʻlgan oʻqituvchiga 10 %;

3-yildan – 5-yilgacha ish stajiga ega boʻlgan oʻqituvchiga 20 %;

5-yildan – 10-yilgacha ish stajiga ega boʻlgan oʻqituvchiga 30 %;

10-yildan – 15-yilgacha ish stajiga ega boʻlgan oʻqituvchiga 40 %;

15-yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan oʻqituvchiga esa 50 % ustama toʻlab beriladi.

 

  Tushunarli, yana qanday imtiyozlar bor?

  Olis hududdagi maktabga borib ishlamoqchi boʻlgan oʻqituvchilarni yanada ragʻbatlantirish uchun 2021-yil 11-yanvarda Prezidentning PQ-4940 sonli qarori ham imzolangan.

Unga koʻra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oʻqituvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi toʻlab berish yoʻlga qoʻyilgan.

 

 

  Olis hududdagi maktabga borib ishlash niyatida boʻlgan pedagog xodim oliy yoki birinchi toifali oʻqituvchi boʻlishi kerak, toʻgʻrimi?

  Albatta. Endigina oliy ta’limni tamomlagan oʻqituvchilarga bunday imkoniyat mavjud emas. Qolaversa, pedagog xodim beriladigan imtiyozlardan foydalanishi uchun, albatta, boshqa hududdan kelgan boʻlishi kerak. Yanada tushunarliroq qilib aytadigan boʻlsak, oʻqituvchining oʻzi shundoq ham olis hududdagi manzilda yashaydigan boʻlsa, ularga bu imtiyozlar berilmaydi. Oʻqituvchi boshqa tuman yoki viloyatdan kelib ishlagan taqdirdagina, ustama toʻlanishi mumkin. Shuningdek, olis hududdagi maktabga borib ishlash uchun jalb qilinayotgan pedagog xodim oʻzining ish joyida kamida bir yil ishlagan boʻlishi kerak.

 

  Men aynan olis hududdagi maktabda ishlamoqchiman, fanlar kesimida dars soatlari boʻyicha ma’lumotlarni qayerdan topsam boʻladi?

  Bu ma’lumotlar ish.mehnat.uz saytida berilgan va bu manbada vakant dars soatlari ham e’lon qilib boriladi. Shu sayt orqali ariza bilan murojaat qilsangiz ham boʻladi.

 

Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi PQ-4940 sonli  hamda  Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-oktabrdagi 646-sonli qarorida olis hudud va past koʻrsatkichli maktablarga malakali xodimlarni  ishga jalb etish normativlari koʻrsatilgan.

 

Olis hududlarda ishlash uchun PQ-4940 sonli qaror boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlari va (yoki) tibbiyot muassasalarida oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimiga boʻlgan ehtiyoj boʻyicha boʻsh ish oʻrinlari yuzasidan ma’lumotlar har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-kuniga qadar rasmiy veb-saytlarida joylashtirib boriladi. Zarur ma’lumotlarni shu manbalardan koʻrib borish mumkin.

 

 

  Ta’lim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxatini qayerdan olaman?

  Bu roʻyxat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan shakllantiriladi hamda har yili 1-sentabrga qadar vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

 

  Olis hudud yoki past koʻrsatkichli maktablarga kelgan xodimlarning avvalgi ish joylaridagi lavozimlari va dars soatlari saqlanib qolsa yaxshi boʻlardi yoki avvalgi ish stavkasi va dars soatiga teng darajada ish taklif etishsa ham yomon boʻlmasdi...

  Har ikki qarorda bu jihatlar nazarda tutilmagan. Shuning uchun rasmiy veb-saytlarda e’lon qilingan lavozimlar va dars soatlari boʻyicha ishga joylashganingiz ma’qul.

 

  Tushunarli... Hamma savolimga javob oldim. Sizga katta rahmat,  Oyina.uz!

  Yordamimiz tekkan boʻlsa xursandmiz!

 

 

Ushbu loyihani tayyorlashda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Inson resurslarini rivojlantirish boshqarmasi mutaxassislari koʻmagiga tayanildi.

 

Xayrullo ABDURAHMONOV tayyorladi.

1 Izoh

Nazokatxon

04:06 / 25.06.2023

Men Jizzax viloyati olis maktablaridan biriga bormoqchiman.Rus tili fani o'qituvchisiman. Qanday bog'lansam bo'ladi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22168
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//