Turkiston tarixi, bosmachilik harakati va qoʻrboshilar taqdirini oʻrgangan farang olimi – Jozef Antuan Kastanye nimalarni yozib qoldirgan?


Saqlash
19:38 / 21.06.2023 2819 0

Oʻtgan asr boshlarida Toshkentda yashagan fransuz olimi Jozef Antuan Kastanye ijodida Turkiston mavzusi alohida oʻringa ega. U avvalo arxeolog-oʻlkashunos, qadim tarix bilimdoni, etnograf, tilshunos sifatida koʻrinadi. Oʻzi eʼtirof etganidek, jahon tamadduni beshiklaridan biri Turkiston tarixiga ixlos va qiziqish J.A. Kastanyeni bu oʻlkaga yetakladi. Yigirma yildan ziyod V.V. Bartold, V.L Vyatkin va boshqa koʻplab atoqli tarixchi-qadimshunoslar bilan yelkama-yelka ishladi. Umrining navqiron yillari oʻtgan yurt haqida xotirlab, Parijga qaytgach, shunday yozadi: “Bepoyon, bir tusdagi mahzun kengliklari, unumdor vohalari va qumli sahrolari bilan – Turkiston chindan ham kontrastlar hamda ulugʻvorlik diyori. Unda hamma narsa odamni hayrat va hayajonga soladi...”

 

Monmartrdan Chorsugacha

 

Olimning qisqacha tarjimayi holi: 1875-yilda Fransiyada tugʻilgan, Tuluza litseyini tugatgan. Fransuz tili muallimi sifatida Payatigorsk (Kavkaz)dagi gimnaziyada ish boshlab, keyinchalik oilasi bilan Orenburgga koʻchib oʻtgan. Kastanye Dashti Qipchoqqa tutash ushbu manzilda oʻqituvchilikni bir chekkaga qoʻyib, arxeologiya sohasi bilan shugʻullanadi. Asr ibtidosida bir necha marta Turkiston safarida boʻladi. Uning “Turkistonga sayohat hisoboti” va “Orenburg guberniyasi va qirgʻiz(qozoq) dashti arxeologik qazishmalari sharhi” oʻsha yillarda yaratiladi. Mahalliy aholi hayotiga qiziqish, ularning urf-odat va anʼanalariga hurmat Kastanyeni etnografiya bilan ham shugʻullanishga undaydi: “Antik tamaddun beshigi boʻlgan Turkiston tuprogʻida asrlar silsilasida qancha el-elatlar yashab oʻtmadi: skiflar, saklar, massagetlar, forslar, Aleksandr jangchilari, xunlar, turkiylar, arablar, moʻgʻullar, oʻzbeklar, ruslar. Xalqlarning ushbu chorrahasida dunyodagi eng qadimgi dinlar tugʻilib, voyaga yetdi”, deya taʼkidlaydi u “Bosmachi” asarida.

 

 

Kastanye Toshkentning oʻlka maʼmuriy poytaxti sifatidagi maqomini taʼriflar ekan, shahar manzaralarini chizishda ijobiy boʻyoqlarni ayamaydi. Yevropalik sifatida uni Yangi shaharda qurilgan modern uslubidagi imoratlaru zamonaviy doʻkonlar, bogʻ va parklar hayratga solmaydi. U Eski shahardagi qamish bilan yopilib, loysuvoq qilingan tomlarda oʻsgan qizgʻaldoqlarga maftun boʻladi. Chorsu bozorini olam markaziga qiyoslab, shaharning turli chekkalaridan unga qarab intilayotgan quyoshda qoraygan insonlar, qipchoqlar va qirgʻizlar qiyofasini chizadi. Muallif bozordagi olomon gʻala-gʻovurini Parijning Monmartr koʻchasidagi shovqin-surondan aslo qolishmasligini taʼkidlaydi. 

 

 

Koʻhna Navtakani izlab...

 

1912-yildan u Toshkent real bilim yurtida fransuz tilidan dars bera boshlaydi. Tarixiy shaharlar, arxeologik hududlarga safarlar, tadqiqotlarni kuchaytirish aynan shu palladan boshlandi. Fargʻona vodiysidagi Axsikent shahri va Qarshi atrofidagi Yerqoʻrgʻon xarobalarini oʻrganadi. Ushbu xarobada u turli koʻrinishdagi qoʻrgʻonlarni qayd etib, eramizdan avvalgi 328-yilda Aleksandr Makedonskiy qishlagan Navtaka shahrini shu yerdan izlash lozimligini aytadi. Keyinchalik (1965-yil) Kesh arxeologik-topografik ekspeditsiyasi qazishmalari buni isbotladi. J. Kastanye Abdullaxon majmuasi, Koson, Boʻzachi, Dabusiya, Nurota, Gʻozgʻon manzilgohlarida arxeologik-qazishma tadqiqotlari olib bordi.

 

Farangistondan kelib Turkistonni oʻrganayotgan Kastanye hammaga ham, jumladan, oʻzlarini shu yurt xoʻjayinlari bilgan ayrim rus ziyolilariga yoqmagan. Xususan, 1914-yilda “Turkestanskiye vedomosti”da arxeologning Axsikent xarobalariga qilgan safari maʼruzasi tahlil etilib, unda “yodgorlikning tashqi tavsifidan boshqa maʼlumot yoʻq. Axsikent shahri va xarobalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar afsuski hech qanday yangilik bermaydi, eski dalillarni xiralashtiradi”, deya tanqid qilinadi.

 

 

Holbuki, J. A. Kastanyening arxeologik va etnografik bisoti Turkistonda eng yaxshi kolleksiyalardan biri hisoblangan. Mazkur kolleksiyaning katta qismini Markaziy Osiyoda badiiy kulolchilikning turli maktablari haqida tasavvur beruvchi XII-XX asr ga tegishli sopol buyumlar tashkil etgan. Arxeologik toʻplamlardan tashqari u salmoqligina etnografik ashyolar ham yiqqan edi. Olim tomonidan toʻplangan arxiv materiallari va arxeologik ashyolar – sopol va mis idishlar, chiroqlar, terrakota haykalchalari tosh, mis va shisha taqinchoqlardan iborat boʻlib, u metsenat sifatida topilmalarning bir qismini Ermitajga va 500 dan ortiq ashyolarni Turkiston xalq muzeyiga tuhfa qilgan. Ular bugungi kunda Oʻzbekiston davlat tarixi muzeyining bisoti sanaladi. 

 

 

Oktyabr toʻntarishidan keyin

 

 

Uni Turkistondan ajrata oladigan kuch yoʻqday edi. Ammo 1917-yilda yuz bergan oktyabr toʻntarishi vaziyatni butunlay oʻzgartirib yubordi... Toʻgʻri, u yangi hukumat bilan ishlashda davom etdi. V.L.Vyatkin bilan birga Turkiston Arxiv ishlari markaziy boshqarmasi huzuridagi qadimgi yodgorliklarni asrash komissiyasida faoliyat koʻrsatdi. Ammo odamlarning qadim meʼmoriy durdonalarga qilayotgan shafqatsizliklari kundan kun uning asabini egovlardi. Buxorodagi koʻplab madrasalarning goh mehmonxonaga, goh kasaba uyushma klubiga aylantirilayotgani, Govkushon masjidining teatrga berilishi, amirning Sitorai Mohi Xosa hamda Karmanadagi saroylarining turli davlat idoralariga berilishi oʻta achinarli edi. Ayniqsa, yarim vayronaga aylangan Qoʻqondagi Xudoyorxon saroyining GPU maxsus boʻlimi otxonasiga aylantirilganiga umuman chidab boʻlmasdi. Bu narsa Toshkent va boshqa shaharlardagi yodgorliklarga nisbatan munosabatda ham koʻzga tashlanardi. 1918-yilda VCHK(Butunrossiya favqulodda komissiyasi) Kastanyeni aksilsovet fitnaga aloqadorlikda ayblab hibsga olishga urinadi. Avvalroq bundan ogoh etilgan Kastanye yashirinishga ulguradi. Keyinchalik Toshkentga qaytib, harbiy asirlar bilan birga Fransiyaga joʻnab ketadi. Hujjatlarga koʻra, bu 1921-yilga toʻgʻri keladi. 

 

 

Bosmachilar kim edi?

 

J. Kastanye Parijga borgach Turkiston tarixiga oid bir nechta kitob yozadi. 1919-1920-yillarda, taʼqibdan qochib yurgan paytda u Fargʻona vodiysi bosmachilari orasida yashab, ular hayoti, oldiga qoʻygan maqsadlarini  puxta oʻrganadi. Vataniga qaytgan zahoti “Bolshevizm va islom”, “Bosmachi” hamda “Birinchi rus inqilobidan keyingi Turkiston (1917-1922-yillar)” asarlarini eʼlon qildi. Afsuski, bu manbalar uzoq yillar koʻzdan panada qoldi. U 1922-yilda Parijda chiqadigan “Musulmon dunyosi” jurnalida “Bolshevizm va islom” maqolasini eʼlon qildi. 1917-1922-yillarda Turkiston, Buxoro va Xorazmda roʻy bergan voqealar, inqilob va sovet hokimiyatining ilk yillari, fuqarolar urushi manzaralari bayon etilib, bolsheviklarning asl basharasi ochilgan edi

 

J. Kastanyening “Bosmachi” asari chiqqan paytda harakat hali davom etayotgan edi. Muallif 1925-yildayoq bosmachilar harakatiga toʻgʻri, xolis baho berib, shunday degan edi: “Garchi maqsadlar turlicha boʻlsa-da, bosmachilar va rus aksilinqilobchilarini asosan bolsheviklarga qarshi kurash istagi birlashtirdi. Bu hol Turkistonda aksilshoʻro harakatini ikkita aspektda koʻrib chiqishni taqozo etadi, deydi Kastanye. – Bir tomondan bolsheviklarga qarshi kurashayotgan oqlar harakati, ikkinchi tomondan, qoʻrboshilar rahbarlik qilayotgan milliy ozodlikka intilayotgan bosmachilar harakati.”

 

Muallif bosmachilik harakati Qoʻqon muxtoriyati tashkil etilgan davrlarda boshlanganini aytib, muxtoriyat tugatilgach, bosmachilar sovetlarga ters yoʻlga oʻtib olganini taʼkidlaydi. Ha, odamlar koʻngliga roʻshnolik bergan mustaqillik umidi oʻsha kunda soʻngan edi. Bosmachilik harakatining ichki tuzilishini tahlil etarkan, u har bir otryad komandiri(qoʻrboshi) oʻz shtabi, instruktorlari, otliq boʻlinmasi, qurol yaroqlariga egaligini qayd etadi. Muallif bosmachilarda qurollanish masalasi oʻta nochorligiga alohida eʼtibor qaratadi.

 

 

U milliy-ozodlik kurashining zaif nuqtalariga toʻxtalib, avvalo qoʻrboshilar oʻrtasida yakdillik yoʻqligidan, har bir qoʻrboshi oʻz bilganicha ish qilishidan afsuslanadi. Bu bolsheviklar uchun ayni muddao edi. Menshevik, eser va bolsheviklar, shuningdek, muvaqqat hukumat aʼzolaridan iborat 1917-yilda Toshkentda tuzilgan ishchi va soldat deputatlar soveti Moskovning Turkiston xalqlarining oʻz taqdirini oʻzi belgilash qaroriga qarshi chiqdi. 

 

 

Bolsheviklar zugʻum va terroriga qarshi boshlangan milliy-ozodlik harakati, yarim asrdan buyon mustamlakachilik zanjirida qolgan xalqning milliy davlatchilik yoʻlidagi dadil qadami – Turkiston muxtoriyatining tashkil etilishi boʻldi. 1917-yil 26-28-noyabrda Qoʻqonda boʻlib oʻtgan oʻlka musulmonlarining IV qurultoyida Turkiston muxtoriyati eʼlon qilindi. Mamlakatda amalda ikkita hukumat vujudga keldi. Muxtoriyat xabari butun Turkiston ahlini qanchalik quvontirgan boʻlsa, bolsheviklarni shunchalik xafa qildi. Bolsheviklar Turkiston muxtoriyatini tugatish qasdida 1918-yil 31-yanvarda Qoʻqonga hujum boshladi. 19-fevralda Toshkentdan qizil askar va arman dashnoqlaridan iborat Ye.Perfilyev boshliq 11 ta eshelon jangarilar yetib keldi. Shahar uch kun oʻt ichida qoldi, muxtoriyat magʻlub etildi. Bolsheviklar muxtoriyat binosiga hujum qilib, 59 kishini qamoqqa oldi.Ergash qoʻrboshi Qoʻqondan qochdi. 5 ta qizil askar otryadi va 300 arman dashnoqlari hujumi paytida kichik Ergash oʻldirildi. Manbalarda mana shu qirgʻinlarda 10 mingdan ziyod odam halok boʻlgani aytiladi.

 

J.Kastanye Qoʻqon muxtoriyati haqida soʻz yuritarkan, garchi uzoq davom etmasa-da, u Fargʻona xalqi hayotida muhim rol oʻynaganini, milliy tuygʻularni junbushga keltirganini qayd etadi. Milliy hukumat tuzilishi bir tomondan sovet hukumati zaifligini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, mustaqil yashash uchun  keng imkoniyatlar ochdi, deydi.

 

Istiqlolchilik harakati Fargʻonadan Zarafshon vodiysiga, Samarqand viloyatining chekka hududlarigacha yetib bordi. Qizil armiya va sovetlarga  bu jiddiy tashvish tugʻdirdi. Ochiq kurashda gʻalaba qozonish mushkulligini payqagan bolsheviklar bir paytlar oʻzlari “yoʻltoʻsar”, “qaroqchi” deya tamgʻa bosgan bosmachilar bilan teng darajada muzokaralarga oʻtdi. Mahalliy sudlarni tiklash, odil sudlov shariat asosida boʻlishi, vaqflarni qaytarish kabi istiqlolchilar qoʻygan shartlar qabul qilindi. Vaqflar egalariga qaytarildi, erkin savdo tiklandi va mahalliy va holiga hukumat bilan yaqin hamkorlik taklif etildi.

 

 

Ushbu tadbir-choralar bosmachilar va bolsheviklarni ancha yaqinlashtirdi. Sovet hukumati qurolni tashlagan bosmachilarni xizmatga oldi. Qoʻrboshilarga 30-40 nafar qurollangan yigitni ushlab turishga ruxsat berildi. Shunday qilib, Madaminbek, Rahmonqul, Muhiddinbeklar sovetlar tomonga oʻtdi. “Pravda” gazetasi ( 1923-yil 2-avgust soni) 1922-yil boshida bolsheviklarga taslim boʻlgan bosmachilar sonini 4000 nafar deb baholaydi. Ammo inqilob hammaga rahm-shafqat qilavermasdi. Qoʻlga olingan 50 nafar qoʻrboshi bolsheviklar tomonidan otib tashlanadi. Samarqandlik 2 nafar qoʻrboshi Bahrombek va Qori Komilning ( Ular haqida Mustafo Choʻqayev Parijning “Soʻnggi yangiliklar” gazetasida (1924-yil 30-avgust) maʼlumot bergandi) kallasi olinib, Toshkentda oʻtgan Kommunistlar konferensiyasiga yuborilgandi. 

 

 

Amir bilan kelishuvga qaramay, M.V.Frunze boshliq qizil armiya 2-sentyabr kuni Buxoroni shturm qilib egalladi. Amir Said Olimxonning Sharqiy Buxoroga qarab qochishi bilan istiqlolchilar va qizil armiya oʻrtasida janglar kuchayib ketdi. Keyinchalik Buxoro respublikasida nufuzli lavozimlarni egallab turgan yosh buxoroliklar partiyasining bolsheviklar bilan aloqani uzishi  ziddiyatni yanada chuqurlashtirdi.Oʻshanda Buxoro MIQ raisi Usmon Xoʻja, ichki ishlar vaziri Ali Rizabek va Termiz shahar harbiy komendanti Xoʻja Samibeklar isyonchilar tarafiga oʻtib ketgandi. Yuzaga kelgan ahvoldan tashvishga tushgan Moskva vaziyatni oʻnglash uchun Anvar poshshoni Buxoroga yoʻlladi.

 

Vaziyatga moslashuvchanlik, kelishuv va ayyorlik, baʼzan esa zoʻravonlik hamda terror siyosatini yurgizib, bolsheviklar sezilarli yutuqlarga erishdi. Fargʻonadagi kommunistik va va harbiy tashkilot mahalliy aholi ishonchini qozonish uchun jiddu jahd qilib turgan paytda Anvar poshshoning Turkistonga kelishi kutilmagan hodisa boʻldi.

 

– Anvar poshshoning holatini anglash uchun u shakllangan muhitni tasavvur qilish lozim, deydi J.Kastanye. – Millati turk boʻlgan Anvar ota-bobolari ildizlarini unutmagan edi. Shu paytgacha zoʻrlik va qurol bilan ushlab turilgan turk-tatar millatlari bolsheviklar saʼy-harakati bilan tezda qullikdan ozod boʻladi, deb ishonardi u. Vaʼda qilingan muxtoriyat va mustaqillik tili, dini, urf-odatlariga koʻra bolsheviklarga begona boʻlgan Turkiston xalqlarining qalbini quvonchga toʻldirardi. Moskva amaldorlari xaritadan Sovet federatsiyasidagi har bir muxtor davlatning chegaralarini koʻrsatib, Anvarga yuz bergan ulkan oʻzgarishni tushuntirishga urinardi. Anvar poshsho esa ushbu davlatlarning amalda mavjudligini har qancha tasavvur etmasin, milliy aholiga yot boʻlgan rus amaldorlari armiyasi tomonidan boshqarilayotgan maʼmuriy birliklarni koʻrardi, xolos.

 

 

Anvar  poshsho Turkiston tuprogʻiga qadam bosiboq, shoʻrolarning vaʼdalari  yolgʻon ekanini angladi. Oʻsha ondan eʼtiboran u oʻz oʻrnini bosmachilar safida koʻrdi. J.Kastanye Ibrohimbek, Anvar poshsho, Davlatmandbek va boshqa oʻnlab qoʻrboshilarning sharqiy Buxoroda Qizil armiyaga qarshi olib borgan istiqlolchilik kurashlarini tahlil etar ekan, bu hududlarda Sovet hokimiyatini  oʻrnatish yanada qiyin kechganini taʼkidlaydi. Muallif kitob soʻngida 60 nafardan ziyod qoʻrboshilar nomini keltirib, ular faoliyatiga qisqacha toʻxtalib oʻtadi. 

 

 

J.Kastanye Parijda yashagan yillarda Mustafo Choʻqay bilan muntazam yozishib, uning Turkistonga oid asarlari chop etilishiga koʻmaklashib turgan. M.Choʻqayning 1928-yilda eʼlon qilingan “Turkiston bosmachilik harakati” maqolasi ularning ushbu masalada hamfikr ekanini tasdiqlash bilan birga, farang olimining Turkistonga bir umr sodiq qolganini bildiradi.

 

Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23217
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//