Yomonlik qarshisida qo‘rquvga berilsang,
qo‘rquvning yomonligini ichdan seza boshlaysan.
Bomarshe
Shavkat Rahmonning bizning mavzuga daxldor she’ri bunday boshlanadi:
Titroq sezdingmi hech
bir shum lahzada –
xatar-la yuzma-yuz turgan chog‘ingda?
Tubsiz jar labida oniy larzadan
titrab kelganmidi joning og‘zingga...
Ingliz adibi Jorj Oruellning “1984” romani bosh qahramoni Uinston Smit bu “shum lahzadagi oniy larza”ni Okeaniya atalmish saltanatning yer ostidagi jazo makoni – 101-xonada boshdan o‘tkazadi. U shunga qadar jismoniy qiynoq va xo‘rlov, ochlik hamda tashnaliklarga dosh bergan, hatto ko‘zga ko‘rinmas Katta og‘a siyosatini bekam-u ko‘st yurituvchi O’Brayen bilan yuzma-yuz tortishishga ham o‘zida kuch topgan edi. Bu tuzum fuqarolarning nafaqat zohiriy hayoti tafsilotlari, balki eng yashirin sirlaridan ham to‘liq voqif bo‘lmoq yo‘llarini kashf etgan va Uinstonning nozik yerini – nimadan qo‘rqishini yaxshi bilardi. Va uni aynan shu joyidan tutadilar. Natijada, agar qafasdan chiqarib yuborilsa, ozg‘in va rangpar yuzini hash-pash deguncha tishlab-uzib yeb tashlashi tayin bo‘lgan och kalamushlar qarshisida taqdirga tan bermoqdan o‘zga chorasi qolmaydi uning. Ana shu qo‘rquv – “og‘izga titrab kelgan jon” talvasasi uni inson o‘laroq tutib turgan ruhiy umurtqasini sindirib, majaqlab tashlaydi: Uinston qalbi tubida sevib asragani Juliyani o‘zining o‘rniga ochofat kalamushlar hukmiga berilishini so‘rashga majbur bo‘ladi...
Holbuki, u shu kunga qadar aqlining taslim bo‘lganini tan olsa-da, qalbini daxlsiz saqlamoqdan umidvor edi. Biroq muxtor vakili O’Brayen bo‘lgan hukmron partiyaga bu yetarli emasdi: ular fuqarolarning Katta og‘aga nafaqat so‘zsiz itoat qilishi, balki uni sidqidildan sevishlarini istar edi. Ularning nazarida, “Hokimiyat keyin undan voz kechish, birovga berish uchun egallanmaydi. Hokimiyat – vosita emas, hokimiyat – maqsaddir. Individning individualligi o‘lgandagina hokimiyat sohibi bo‘la oladi. Hokimiyat odamlar ustidandir. Vujudlar va, eng asosiysi, ong ustidan hukm yuritmoqdir. Hokimiyat – odamlarning ongini parchalab, yana o‘zingizga maqbul tarzda tiklamoqdir”. O‘zini ana shunday cheksiz vakolat sohibi hisoblaydigan O’Brayen uchun Uinstonning aqli va jismini taslim qilishdan muhimroq masala – uning qalbidagi javharni mahv etish, bu qalbni ham xuddi uning hilviragan jismi-yu joni singari abgor holga solish edi. U ayni hukmni qat’iy ohangda e’lon qiladi: “Biz sizni shunday bukib qo‘yamizki, avvalgidek bo‘lolmaysiz. Siz bilan shunday narsa yuz beradiki, ming yil yashasangiz ham o‘zingizga kela olmaysiz. Siz hech qachon oddiy insoniy tuyg‘ularni his etishga qobil bo‘lmay qolasiz. Ichingizdagi hamma sezgilar o‘ladi. Muhabbat, do‘stlik, hayot quvonchlari, tabassum, zavq-u shavq, jasorat, halollik – bulardan zarracha qolmaydi. Siz g‘ovakka aylanasiz. Biz ichingizni bo‘shatib, keyin o‘zimiz bilan to‘ldiramiz”. Va ular maqsadga to‘liq erishadilar (Jorj Oruell. “1984”. Toshkent, “Nihol” nashriyoti, 2020).
* * *
Zolimlik va qo‘rquv bir-birining
qo‘lini siqishadi.
Balzak
Afsuski, mustaqil fikrdan qo‘rqadigan mustabid hukmdorlar har qachon xalqni qayoqqa yetaklasa o‘sha yoqqa ketaveradigan poda holiga solishni o‘zining bosh a’moli deb bilgan. Frans Kafkaning “Jazo koloniyasida”, “Evrilish”, Dino Bussatining “Taqiq” hikoyalarida ham; Gabriel Garsia Markesning “Mustabidning paymonasi”, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanida ham; Xurshid Do‘stmuhammadning “Oromkursi” qissasida ham ayni shunday maqsad-muddao egalarining qilmishlari va bu kirdikorlarning ayanchli oqibatlari turli rakurslardan talqin etiladi.
Chingiz Aytmatov bir suhbatda sho‘rocha boshqaruv tabiati xususida quyidagi mulohazani aytgan edi: “Stalin xalqni xuddi tiriklay pati yulib olingan tovuqqa o‘xshatib qo‘ygan edi. Davlat va jamiyat boshqaruvini to‘liq o‘z ixtiyoriga olgan “dohiy”ning bir qo‘lida sevimli trubkasi bo‘lsa, boshqa qo‘lida tovuq ochdan o‘lmasligining kafolati – don bo‘lar edi. Har qanday xavfdan qo‘rqib-titraydigan tovuq ham changalida don tutgan kimsa qay tomon burilsa, o‘sha yoqqa yurardi. Hammaning nazarida g‘oyat zabardast, millionlarning boshini silaydigan marhamatli bu qo‘l obdan zoriqtirgach, tovuq ochlikdan o‘lmasligi uchun, keyingi manzillarga olib boradigan yo‘llarga uchta-to‘rttadan don sepib qo‘yardi. “Xo‘jayin”dan (Stalinning yugurdaklari orasidagi mashhur laqablaridan biri – “Xozyain” edi!) uzoqlashishga bo‘lgan har qanday harakat ochlik va sovuqdan, egasizlik va himoyasizlikdan keladigan halokatdek qo‘rqinchli tuyulardi...” Stalin o‘lgan kunlari millionlab odamlarning chin dildan qayg‘uga botib yig‘lagani, hatto “Endi nima bo‘ladi?” degan o‘y ularni vahima va qo‘rquvga solgani ham tarixiy fakt!
Mutaxassislar postsovet davlatlaridagi aholi tabiatiga o‘rnashgan siyosatdan qo‘rquv hissini Lenin va Stalin tomonidan haddi a’losiga chiqarilgan siyosiy terror natijasi deb hisoblashadi. Buning isboti uchun biri biridan dahshatli ko‘plab hayotiy misollar, hujjatlarni keltirish mumkin. Jumladan, sho‘roviy tuzumning “tongotari”dayoq uning “ko‘chada yetishgan” mafkurachilaridan biri Martin Latsis GPUchilarga (Bosh siyosiy boshqarma) shunday ko‘rsatma bergan: “Ishda ayblanuvchining sho‘ro hukumatiga qurol yoxud so‘z bilan qarshi chiqqan-chiqmagani to‘g‘risidagi ma’lumotni izlab o‘tirmang. Birinchi navbatda siz undan so‘rashingiz kerak: u qaysi sinfning vakili, kelib chiqishi qanday, uning ma’lumoti qanaqa va kasbi nima? Mana shu savollarning o‘zi ayblanuvchining taqdirini hal etish uchun yetarlidir” (“Красный террор” gazetasi, 1918-yil 1-noyabr).
Rus yozuvchisi Boris Lavryonev shu xil ko‘rsatmalar orqasidan ro‘y bergan xunrezliklar, jumladan, Turkiston frontida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan vahshiyliklarga chiday olmay 1923-yilda kompartiya safidan chiqib ketgan edi. Maksim Gorkiyning “Bemavrid mulohazalar” (1918), Ivan Buninning “La’natlangan kunlar” (1919), Vladimir Korolenkoning “Lunacharskiyga maktublar” (1920) asarlarida keltirilgan faktlar stalinizmning qonli poydevori aslida leninchilar tomonidan qo‘yilganini yaqqol isbotlaydi. Bu ziyolilar nafaqat kechayotgan dahshatlarni qoralagan, balki bunday tuzum va uning ishboshilari yuziga tupurib, yurtni tark etishga majbur bo‘lgan. Biroq bunday misollar har qancha ko‘p bo‘lmasin, odam ich-ichdan his qiladiki, o‘zbekning “O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” degan maqoli sho‘ro davri mahsuli emas, bu hikmatga asos bo‘lgan hisning ildizlari ancha chuqur. “Shum bola”da Hoji bobo tomonidan tashkil etilgan takyaxonadagi “portlash” yoki “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Dahshat” hikoyalari, “O‘tmishdan ertaklar” qissasi voqealarini olaylik – ularning har biridan millat ruhiyatidagi mutelik va qo‘rquv hissi suzmaning sariq zardobidek sizib, chakillab tomib turadi. Axir, bu davrlarda sho‘roviylar davlat tepasiga hali kelmagan edi-ku! Demak...
Qo‘qon xonligining chor qo‘shini tomonidan bosib olinishi davriga bag‘ishlangan kitobda xon saroyidagi tadbir-tamoyillar qatori gunohkorlardan ko‘rsatmalar olish, aybini bo‘yniga qo‘yishning turfa usullari ham sanab o‘tiladi (Юдин М. Взятие Ак-Мечети в 1853 году как начало завоевания Кокандского ханства. Москва, 1912). Ularning eng “beozori” – odamning qo‘l tirnog‘i va go‘shti orasiga zirapchalari archa novdasidek sachrab turgan yog‘och ponani tiqish bo‘lgan. Buxoro amirlari, Xiva xonlari o‘ylab topgan “gap olish” usullari, masjid-u madrasalar qatorida, ochiq maydonlarga qurilgan jazo uskunalarini ham eslaylik. (Omon Matjonning “Qirq birinchi xotinlikka, Asiljon, Seni keltirdilar Isfandiyorga...” deb boshlanuvchi she’ri yodingizdami?) Bularning bari odamlar ruhiyatining ich-ich qatlamlarida o‘zgarish yasamasligi, davlat, siyosat va bu siyosatni yurituvchilardan qo‘rqish hissini uyg‘otmasligi mumkin emas edi, albatta.
Adabiyot ahli bu hisning ma’naviy, axloqiy, ruhiy jihatlariga ko‘proq urg‘u bersa, faylasuf va jamiyatshunos olimlar uning vujudga kelishida ijtimoiy-siyosiy omillar ta’siriga e’tibor qaratadi. Jumladan, Erix Fromm “Inson qalbi. Uning ezgulik va yovuzlikka moyilligi” nomli tadqiqotida odamga xos bo‘lgan birbiriga zid ikki xil tabiat haqida yozadi: biofiliya (hayotsevarlik) va nekrofiliya (o‘limsevarlik). Faylasuf har ikki xil fe’l-atvor egalarining dunyoqarashi, yurish-turishi, qiziqish va qadriyatlar olamini batafsil bayon etar ekan, tarixda o‘tgan va zamonaviy hayotda yangicha shakllarda o‘zini namoyon qiladigan barcha tiranlar, yakkahokimlikka da’vo qilgan diktatorlar aynan nekrofil – o‘limsevarlar ekanini ko‘plab dalillar bilan asoslaydi (Фромм Э. “Душа человека”. Москва, изд. “Республика”, 1992. стр. 14–108).
* * *
Qul bo‘lish oson, ozod bo‘lmoq esa
qiyinligi uchun ham kishilar quldirlar.
Nikolay Berdyayev
Albatta, hamma zamonlar va makonlarda ham nekrofil “dohiy”ning o‘zi singari o‘limsevar tarafdorlari ko‘plab topilgan. Ular o‘z ichidagi qo‘rquvni daf etish (to‘g‘rirog‘i, uning ta’siridan qochish) uchun “xalqlar otasi”ni, “dohiy”ni, “fyurer”ni, “duche”ni, “ulug‘ yo‘lboshchi”ni o‘zlaridan kechib olqishlaydilar, uning xizmatiga oshiqadilar. Hayot mazmunini to‘liq shu faoliyat tashkil etadi, shundan keladigan daromad evaziga kun ko‘rishadi, o‘zlarini ovutguchi ruhiy rag‘batlar – qo‘rquv, qullik, mutelik o‘rnini to‘ldiruvchi tovon tizimini o‘ylab topishadi. Ularning boshqacha fikrlaydiganlar, har kimning yetovidan xalos bo‘lishni xohlaydiganlarga qarshi qo‘yadigan vajlari ham, bundoq qaraganda, mantiqli va to‘g‘ridek tuyuladi: “Nima yetmayapti o‘zi sizlarga? Ochlikdan o‘lmayapmiz-ku! Ust-boshimiz but bo‘lsa, dunyoda shunga ham yeta olmayotganlarning son-sanog‘i qancha! Boriga shukr qilib, yo‘g‘iga qanoat qilsak bo‘lmaydimi? Siyosatga aralashib, kim nima foyda ko‘rdi? Shuncha karillab, nimani o‘zgartira oldi? Zarar qilsa, faqat o‘ziga, bolalariga zarar qildi. Siyosat hech bir izini qoldirmay yo‘q qilib tashlagan Kirov, Troskiy, aka-uka Kennedilar, ona-bola Gandilar oldida siz bilan biz kim bo‘pmiz? Mana, och qornim – tinch qulog‘im, deb biz kam bo‘lmayapmiz-ku!..”
Biroq Shoir avvalo o‘ziga, qolaversa, siz-u bizga ham mana bu singari og‘ir savollarni berishda davom etadi:
Nopoklar poklarga qilganda tuhmat,
Titramay aytdingmi keskir so‘zingni?!
Bolangning yodiga ne qilding tuhfa,
Asrab qololdingmi o‘zing o‘zingni?!
Bunday savollar qarshisida mening yodimga, xohlaymanmi-yo‘qmi, beixtiyor turli arxivlarda o‘qiganim, sahifalari sarg‘ayib ketgan tarixiy hujjatlarning guvohliklari, ijodiy uyushmalarda o‘tgan yig‘ilishlarning stenogrammalaridagi gap-so‘zlar tushaveradi. Deylik, hali qirq yoshga bormagan Abdulla Qodiriy shaharning Samarqanddarvoza deparasidagi hovlisida ekinlar tagini yumshatib, yovvoyi o‘tlardan tozalash asnosi yaqinda yoza boshlagani “Amir Umarxonning kanizi” asari voqealarini xayolida jonlantirib turgan bir vaqtda, o‘sha hovlidan besh-o‘n chaqirim narida joylashgan Yozuvchilar uyushmasida uning qachon, kim bilan, nima haqda gaplashganini o‘z qavmdoshlari – qalamkashlar jiddiy muhokama qilishadi, bir-birlarini so‘roq-savolga tutishadi. Qozon shahriga safari davomida unga hamroh bo‘lgan qalamkashlardan o‘zaro suhbatlar chog‘ida adib qaysi yozuvchi haqida nima gap aytganigacha so‘rab-surishtiriladi. Va bu jarayonda Qodiriyning xayoliga ham kelmagan gaplar unga nisbat beriladi, yozuvchining sinfiy dushmanligiga “dalillar” yig‘iladi. Abdulla Qahhorning “Sarob” romani muhokamasida millat va mamlakat g‘amida boshini kundaga qo‘ygan Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov singari “xalq dushmanlari va ularning dumlari” nomiga aytilmagan tuhmat qolmaydiki, zalda o‘tirgan biror kimsa yurak yutib qarshi so‘z aytsa, hechqursa, ularning oldini olishga harakat qilsa! Aksincha, yig‘ilish ishtirokchisi “Endi bilayotibsizmi uni?..” deya siyosiy hushyorligini namoyish etadi. (Bular haqda batafsil qarang: Rahmon Qo‘chqor. “Men bilan munozara qilsangiz”. Toshkent, “Ma’naviyat”, 1998. 43–45-betlar.)
Osmondan kelganda tuban odamlar –
biri chinorkesar,
biri kesar til.
Butun qilmishlarin qarasang jamlab,
Namoyon bo‘ladi suvrati qotil.
Nega shunday? Nega yagona tur, yagona zot vakili bo‘laturib odam bolalari birbirovini mahv etmoqqa, biri ikkinchisini ezib-yanchmoqqa bunchalar ishtiyoqmand? Axir, biz yirtqich deb nomlaganimiz yo‘lbars, sirtlon, bo‘ri, ilon, hatto chiyabo‘rilar – shoqollar muhitida ham ahvol bunday emas-ku! Ular bir-biroviga shunday munosabatda bo‘lmaydi, biri ikkinchisi oldida titrab-qaqshamaydi-ku! Yo bu hol odam zotining o‘zgarmas yashash tarzi, peshonasiga to qiyomat bitgan tavqila’natmi? (Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi”ni eslaylik!) Bu savolga javob berishdan avval, endi ochig‘iga ko‘chib, boshqa bir savolni o‘zimizga berib ko‘raylik: hamma zamon va makonlarda omma orasida haq gapni aytishga o‘zida jur’at topadiganlar ko‘p bo‘lganmi yoki “faqir kishi panada”, “ko‘zni yumsang – boy bo‘lasan” singari “hayotiy qoidalar”ga amal qilganlarmi? Bu savolga, hech bo‘lmaganda, o‘zimiz hozirga qadar qatnashganimiz eng tinch tadbirlar – katta-kichik anjuman-u majlislarni ko‘z oldimizga keltirib javob aytaylik. Nazarimda, agar vijdonga xilof ish qilmay ochiq tan oladigan bo‘lsak, har qachon va har yerda panadagi faqirlar ko‘pchilikni tashkil etgani – achchiq haqiqat! Demak, uzoq zamonlar mobaynida boshqa tuyg‘ularning bosh ko‘tarishi, “namoyishga chiqishi”ga yo‘l qo‘ymagan qo‘rquv hissi odamzodning tabiatida dominant bo‘lgan – hukmronlik qilgan. Qanchalik paradoksal eshitilmasin, bu his ko‘pchilikning yashash uchun kurashida bosh omil, jon saqlashning asosiy sharti bo‘lib keldi. Bizning milliy tariximiz va taqdirimizda ko‘p kuzatilgan bu alamli haqiqatni teran anglagan Erkin Vohidov ham, taassuflar bo‘lsinki, o‘zining mana bu savollariga javob ko‘rmay dunyoni tark etdi: G‘ofil xalqim! / Tinglarmanmi sening na’ra – uningni, / Ko‘rarmanmi zuluklardan ozod bo‘lgan kuningni?..
Xo‘sh, bugungi dunyoning hamma joyida ham ahvol hamon shundaymi?
Bu savolga ko‘nglimizning bir chetida umid uchqunlarini yoqguvchi YO‘Q degan javobni aytsak bo‘ladi, nazarimda. Chunki insoniyatning o‘z taqdiriga befarq bo‘lmagan bir qismi, aksariyat ilg‘or G‘arb jamiyatlaridagi aholi davlat boshqaruv tizimi, siyosat va siyosatchilar qarshisidagi qo‘rquv hissidan deyarli qutulgan deyishga asoslar yetarli. Albatta, u o‘lkalardagi odamlar ham o‘lim, bedavo kasalliklar, turli ofatlar qarshisidagi tabiiy qo‘rquvdan xalos bo‘lgan emas. Biroq instinkt bilan bog‘liq bu hislar o‘limiga qadar inson ruhiyatida qolishi aniq. Hatto, aytish mumkinki, bu tabiiy hislar odam bolasini juda ko‘plab nafsiy qutqular, pala-partish hayot ortidan keladigan turfa xil balolardan himoya qiladi. Zero, donishmand Arastu bekorga “Agar kishi hech narsadan qo‘rqmasa, u ehtimol quturgan yoki tentakdir” demagan. Biroq siyosat va rahbarlar qarshisidagi ojizlik, siyosiy tuzumga mutelik singari orttirilgan qo‘rquv hissini biz eslayotgan jamiyat a’zolari deyarli unutgan. Holbuki, u xalqlar ham imperator, qirol va podsholar hukmronligi kezlari Sharqdagidan-da vahshiyroq, qo‘rqinchliroq va noinsoniy siyosiy tuzumlarni, zulm-u istibdodni boshdan o‘tkazgan. Birgina inkvizitsiya davri vahshatlari erkin fikrlashga moyil kishilar boshiga ne-ne azoblarni solmagan, siyosatdan qo‘rquv hissi ulkan maydonlarda uyushtirilgan qatllar namoyishiga haydab chiqilgan odamlar qon-qoniga, ongostiga qadar atay singdirilgan. Bu xususda guvohlik beruvchi tarixiy manbalar, badiiy va publitsistik asarlarning son-sanog‘i yo‘q. Ayni o‘rinda, hechqursa, Sharl de Kosterning “Til Ulenshpigel qissasi”, Viktor Ferealning “Inkvizitsiya” asari, Viktor Hyugoning “Parij Bibi Maryam ibodatxonasi” romanini yoxud Jordano Bruno, Galileo Galiley hamda faranglarning jasur qizi Janna d'Ark qismatini eslash kifoya. Qarangki, ayni dahshatli hodisalar yuz bergan, shular orqali ajdodlari qon-qoniga hukmronlardan, davlat siyosatidan qo‘rquv hissi asrlar osha singdirilgan xalqlar ruhiyatidan bu his deyarli o‘chib borayotir. Demak, orttirilgan o‘sha mash’um tuyg‘udan nafaqat bir-ikki individning, balki butun xalqning ham xalos bo‘lish imkoniyati bor ekan-da! Xo‘sh, bunga erishmoqning ne yo‘l-yo‘riqlari bor-u bu jarayon qancha vaqtni talab qiladi?
* * *
Xulqlarni o‘zgartirib millatni
ulug‘lamoq yoki obro‘sizlantirmoq
hukumatga bog‘liqdir.
Volter
Biz bugun havas-la qarayotgan ilg‘or G‘arb jamiyatlari chinakamiga yuksak insoniy mavqega, avvalo, demokratik qadriyatlar, erkinlikning eng muhim me’yor va talablarini turmush tarziga aylantirish orqali ko‘tarilgan.
Demokratiyaning bosh talabi – rahbarlarni saylashdir. Faqat shu yo‘l bilangina “demos” – xalqning “kratos”i – boshqaruviga rostakamiga erishish mumkin. Demokratik mamlakatlarda eng quyi amaldorlardan tortib president-u bosh vazir, gubernator-u parlament a’zolariga qadar – barchasini saylash deganda ularni saralab tanlash tushuniladi. Ya’ni mas’ul lavozimga da’vogarlarning ma’lumoti va mehnat faoliyati, ilgari surayotgan g‘oya va rejalari, erishgan yutuqlaridan tortib oilaviy holatiga qadar sinchiklab o‘rganish, ularning “siyosat maydoniga qilgan yurishi”ni ancha avvaldan kuzatish imkoni yaratiladi. Saylovga qadar bo‘lgan faoliyatida nedir shubhali hodisalarga aralashib qolgan nomzodlar saralash-tanlov jarayonining muayyan bosqichida ro‘yxatdan tushib qolishlari aniq. Mabodo, kimdir o‘tmishiga doir shunday tafsilotlarni ommadan yashirishga urinsa, uning yangi lavozim tugul, avvalgi ish joyida ishlashi ham katta so‘roq ostida qolishi tayin.
Jarayonning oshkora kechishida muhim vosita o‘laroq erkin, mustaqil ommaviy axborot vositalari maydonga chiqadi. OAVga biror nomzod yoki uning komandasidan nedir bosim, ta’sir o‘tkazishga urinish bo‘lsa, bu hol ham darhol oshkor qilinadi: nomzod, o‘zbekcha aytganda, “o‘ziga o‘zi qiladi”, marafondan chiqib ketadi. Bu jarayonlarning hammasi to‘la huquqiy makonda, qonun talablariga qat’iy amal qilingan holda kechadi.
Endi ayting: mana shu sharoitda, shuncha talab va tanlovlardan so‘ng mas’ul lavozimga (bu yerda vazifaga desak o‘rinliroq bo‘ladi) saylangan odam o‘zini saylagan odamlarning yuziga oyoq qo‘yishi, ulardan o‘zini yuqori tutishi, xalqni mensimasligi mumkinmi? Qo‘l ostidagilarni haqorat qilish bir yoqda tursin, birovni senlab gapirishga jur’at etadimi? Eng muhimi, jamiyat a’zolari o‘zi saralab saylagani bu odamlardan, o‘zlari singari insonlar va ular yuritadigan siyosatdan nega qo‘rqishlari kerak? Modomiki, siyosat deganlari xalq taqdiriga daxldor qonunlar, qarorlar, nizomlar, buyruqlar va hokazo huquqiy hujjatlar orqali amalga oshirilar ekan, saylangan odamlar o‘zlarini xizmatchi sifatida tanlagan kishilar manfaatiga zarar yetkazadigan, ayniqsa, ularni qo‘rquv va vahimaga soladigan hujjatlar qabul qilishi, kimlargadir shu ruhdagi topshiriq yoki buyruq berishi sog‘lom aqlga qanchalik mos keladi? Yoxud oshkoralik, OAV tezkorligi sharoitida har qanday noqonuniy harakat, inchunin, inson hayoti va erkinligiga tahdid qilish zumda oshkor bo‘ladigan muhitda qaysi amaldor shunday kirdikorni o‘ziga ep ko‘radi? Ayniqsa, bunday harakat, birinchi navbatda, o‘sha amaldorlarning o‘z taqdiriga salbiy ta’sir qilishini hamma juda yaxshi bilsa! Bu davlatlarda, har qancha katta mansab egasi bo‘lmasin, yakka shaxs qosh-qabog‘iga qarash, ichki va tashqi siyosatni uning istaklariga moslash, bir so‘z bilan aytganda, volyuntarizm illatiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha muammolar yechimi kollegial tarzda, ko‘pchilikning fikri va taklifi inobatga olingan holda hal etiladi. Mamlakat kelajagi va millat taqdiriga daxldor masalalar yuzasidan esa butun xalq fikrini so‘rab – referendumlar o‘tkazish orqaligina bir to‘xtamga kelinadi.
Agar G‘arbning jiddiy mavzulardagi badiiy va hujjatli filmlariga e’tibor bersak, politsiyachi bo‘ladimi yoxud maxsus xizmat xodimi bo‘ladimi, biror kishining erkinligini cheklashga harakat boshlagani zahoti aksar fuqarolar ularga qarata “Janob (yoki xonim), lutfan, mening saylovchi va soliq to‘lovchi ekanimni yodingizdan chiqarmang!” deya ogohlantirib qo‘yishiga guvoh bo‘lamiz.
Bu nima degani?
Bu shu deganiki, “Bilib qo‘ying, parlament a’zolari-yu vazirdan tortib prezidentgacha o‘z lavozimiga men bergan ovoz tufayli saylangan yoki men saylagan odamlar ularni shu ishga tayinlagan. Bunga qo‘shimcha, ularning barchasi va sizlarning maoshingiz men to‘laydigan soliqlardan shakllanadigan byudjetdan beriladi. Shunday ekan, men bilan obdan o‘ylab, qonunga muvofiq muomalada bo‘lishingizni talab qilaman!”
Asosan mehnatkash xalq to‘laydigan soliqlar hisobiga vujudga keladigan byudjet mablag‘lari sarfi haqida ham bu mamlakatlarda tiyin-tiyinigacha xalqqa muntazam hisob berib boriladi. Bu borada uzoqqa bormay, yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bir faktni eslash kifoyadir: korrupsiyaga barham berish borasida dunyoda eng oldingi o‘rinda borayotgan Daniyaning bosh vaziri Mette Frederiksen xonim davlat byudjetida ko‘zda tutilmagan bir chiqim xususida parlament oldida hisob bermoqda. Gap shundaki, bir yil avval Daniyada sirklarda ekzotik hayvonlardan foydalanish man qilinishi munosabati bilan fillarni egalaridan byudjet hisobidan sotib olishga qaror qilinadi. Ittifoqo ma’lum bo‘ladiki, bir sirkdagi Ramboline laqabli urg‘ochi fil Ali laqabli tuya bilan qalin do‘st ekan. Mutaxassislar ularni bir-biridan ayirish har ikkisiga zarar keltirishini aytishadi va hukumat filga qo‘shib boyagi tuyani ham sotib olishga majbur bo‘ladi. Bir yillik yalpi ichki mahsuloti hajmi qariyb 350 milliard dollarni tashkil etadigan davlatning bosh vaziri byudjetdan sarf etilgan ana shu arzimagan mablag‘ xususida ham parlament huzurida hisobot berishni o‘z lavozim vazifasi deb bilmoqda...
Bizningcha, ham katta-kichik mansabdorlar, ham fuqarolar ommaviy tarzda shu darajaga yetganida – o‘zining davlat-u jamiyat boshqaruvidagi bevosita va bilvosita ishtiroki va mas’uliyatini teran anglab yetganidagina odamlar siyosatdan qo‘rqish hissidan xalos bo‘lishi mumkin.
* * *
Podadagi eng namunali qo‘y bo‘lish uchun
eng avvalo qo‘y bo‘lish lozim.
Albert Eynshteyn
Ana endi mana bu savol o‘rtaga chiqadi: bizda ham saylovlar amaliyoti joriy etilgan-ku, biz ham qonun chiqaruvchi organlar a’zolarini, mahalliy kengashlarni mustaqil saylay boshlaganimizga qariyb o‘ttiz yil bo‘ldi-ku, natija-chi, natija qani? Bu savolga javobni yana birgalikda, haqiqatning yuziga tik boqib izlashimizga to‘g‘ri keladi. Agar demokratik, erkin fuqarolik jamiyatlaridagi saylov jarayoni bilan bizdagi holat solishtirilsa, ancha-muncha narsaga oydinlik kiradi.
Avvalo, biz o‘zimiz saylashimiz lozim bo‘lgan deputatlar haqida nimalarni bilamiz? Saylov komissiyalari va nomzodlarning o‘zlari tomonidan tayyorlab tarqatiladigan, saylov uchastkalariga qo‘yiladigan saylovoldi tashviqot varaqalarida ularning qachon, qayerda tug‘ilgani, o‘qigan va ishlagan joylari, ilmiy darajasi-yu olgan unvonlari xususidagi ma’lumot bo‘ladi, xolos. Siz bilan bizning hayotimizga daxldor qarorlar qabul qilinishida kamida besh yil bevosita ishtirok etadigan (ayni talab ko‘pincha ideal holida – xomxayolligicha qoladi!) bu odamlarning real bilimi, tafakkur darajasi, intellektual quvvati, hayotiy va kasbiy ko‘nikmalari, xarakter xususiyatlari, insoniy fazilatlari saylovga qadar ham, saylanganidan keyin ham aksar holda noma’lumligicha – qorong‘iligicha qoladi. Beistisno barchasi o‘z nizomlarida ilmiliq gaplarni boshqacharoq shakl-u shamoyilda o‘nlab yillar davomida takrorlayveradigan partiyalar tomonidan ko‘rsatiladigan bu nomzodlarning aksari siyosat deganlari o‘zi nima; davlat va jamiyat boshqaruvining qanday usul-uslublari bor-u ularning qay biri zamon sinovidan qanday o‘tgan; har bir konkret davlat tuzumida siyosatga bosh qo‘shayotgan odamdan qanday fazilatlar talab etiladi-yu uni ne yo‘qotishlarga majbur qiladi... singari yuzlab savollarning javobini bilish u yoqda tursin, dunyoda mana shunaqa masalalar borligidan ham bexabar bo‘ladi.
Goh bevosita, ko‘pincha esa televideniye orqali namoyish etiladigan turli darajadagi majlislar, yig‘ilishlar, tadbirlarni kuzatib, somelarning ahvol-ruhiyasiga boqib, xayolga beixtiyor Hamza Hakimzodaning 1917-yilning birinchi yarmida – Turkiston xalqlari oldida istiqlolga erishishning noyob imkoniyati paydo bo‘lgan kunlari yozgan “Muxtoriyat yoki avtonomiya” pyesasidagi manzaralar keladi. Adibning cheksiz nafrat va g‘azabini qo‘zg‘agani uchun ham insoniy ismga loyiq ko‘rilmay, “T. domla”, “J. domla”, “S. domla” singari nomlar bilan atalgan, muxtoriyat bilan haftabil – avtomobilning farqiga bormaydigan, millat va mamlakat taqdiri muhokamasidan ko‘ra Abdurasulboynikidagi ulamo oshini afzal biladigan “el peshvolari”ning shiori ham yakrang: “Biz nima xayolda-yu, falak qanday xayolda, nima bo‘lsa bo‘laversin!”
Bu vaziyatda e’tibor talab qiladigan jihat shuki, hamma zamonlarda xalq noiblarining ayni shunday bo‘lmoqlarini har narsadan ko‘ra ko‘proq xohlaydigan kuchlar ushbu manzara o‘zgarmay qolmog‘idan manfaatdordirlar. Ular bu maydonda biron bir “oq qarg‘a” paydo bo‘lib qolishining oldini olish uchun ne usullarni o‘ylab topmaydi deysiz?!
* * *
Agar uni saqlab qolish uchun kishilarning
terisini shilish zarur bo‘lsa, unday sivilizatsiyaning
manfaatiga, hatto uning o‘ziga ham la’natlar yog‘ilsin!
Fyodor Dostoyevskiy
Ko‘pchilik biladigan bir gap bor: har bir xalq o‘z hukmdorlariga loyiq bo‘ladi. Agar masalaga sal boshqacharoq rakursdan qarasak, hukmdorlar risoladagidek bo‘lmog‘i uchun o‘sha xalq darajasi har tomonlama yuksalmog‘i darkor. Demak, muammo yechimi, xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘zimizda, o‘zimizning sa’y-harakatimizda ekan. Zero:
Qaltis lahzalar yo‘q,
qaltis umr bor,
mo‘r-malax nom aro yolg‘iz noming bor.
Lahzada titroqqa aylanib tursang,
demakki, ichingda bitta xoin bor.
O‘ldir,
ichingdagi xoinni o‘ldir,
volida ko‘ziga boqishdan avval,
ma’shuqa qo‘ynida yotishdan avval,
zulmat ummoniga botishdan avval.
Yo‘ldir bu,
nafsning botqog‘i emas,
qilichning damiday chaqnagan yo‘ldir.
Bu yo‘lga yuzingni burishdan avval,
O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir.
Darhaqiqat, avvalo o‘zi, hech bo‘lmaganda, kelgusi nasllari bu dunyoda hur va erkin hayot kechirishi haqida qayg‘uradigan har bir inson butun umrini, har qancha qaltis bo‘lmasin, hayotni yaxshi tomonga o‘zgartirishdek olijanob kurash jabhasiga baxsh etmog‘i lozim. Shundagina uning nomi zulmat ummoniga botmaydi. Buning dastlabki va muhim talabi esa ichdagi xoinni – QO‘RQUV HISSIni o‘ldirmoqdir. Zero, shu ayanchli, g‘oyat uyatli hisdan qutulgan qalbdagina boshqa jamiki insoniy hislar, ozod tuyg‘ular bor tarovati bilan bosh ko‘taradi. Ular o‘z sohibini ruhiy yuksakliklarga olib chiqadi.
Rahmon QO‘CHQOR
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.
“Ichimizdagi xoin” maqolasi
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Mo'minjon Ismatillo o'gli
12:01 / 01.01.1970
Ha albatta haq gaplar biz kechasini unutgan, bugunini anglolmagan ertasiga befarq millat bo'lib qolmoqdamiz. Biz kimga ergashishni bilmagan olomon bo'lib qoldik. Erkin davlat bo'lib etkinlikni his qilmagan o'zbeklarmiz.