Ilmiy tadqiqot: Chiroyda tengsiz Yusuf alayhissalom necha pulga sotilgan?


Saqlash
16:59 / 02.06.2023 2006 1

“Yusuf va Zulayxo” qissasi Islom Sharqida go‘zal qissa ekanligi ta’kidlanadi. Bu haqda Qur’oni karimning “Yusuf” surasida ham “ahsan ul-qasas” deya marhamat qilinadi. “Qisasi Rabg‘uziy”da “ahsan ul-qasas”ning hatto 10 ta afzal jihati ham ta’kidlanadi.

 

Hozir mazkur qissaning boshqa bir tomoni, kompozitsiyasiga tegishli o‘rinlar haqida, yanayam to‘g‘rirog‘i, qissa tuguni va unga yechim bo‘lgan syujet liniyasi hamda turkiy tilli adiblarimizning Yusuf alayhissalomga bergan “sotuvdagi bahosi” haqida mulohaza yuritmoqchimiz.

 

Qissalarga ko‘ra, Yusuf alayhissalom nihoyatda ko‘rkli bo‘lgan. Kunlarning birida u ko‘zguga qarab “Аgar sotilsam, kim mening bahomni bera olardi?” deya kibrga ketadi va shu yerda qissa tuguni boshlanadi. Buning oqibatida “Haq taolo g‘ayrat ko‘rguzib” (Navoiy ta’biri) Yusuf alayhissalom arzimas chaqalarga sotiladi.

 

Yusuf alayhissalomning akalari tomonidan necha pulga sotilgani to‘g‘risida Yusuf qissalarida turlicha qaydlar uchraydi (Ravshanov F. Xolis va uning adabiy merosi: filol. fanl. nomz. ... diss-ya. – Samarqand, 1997. – B. 73). Fazliddin Ravshanov dissertatsiyasida Xolisning “Yusuf va Zulayxo” dostoni Durbekning shu nomdagi dostoni bilan qiyosiy tahlil qilingan:

 

Og‘olari sotay deb tilga oldi,

Bahosi o‘n sakkiz tangaga (qoldi) (Xolis).

 

Moliki Tojirkim edi mushtariy,

Berdi yigirma diramini bori (Durbek).

 

Sayqaliyning “Ravzat ush-shuhado” dostonida esa bunday deyiladi (Sobir Sayqaliy Hisoriy. Ravzat ush-shuhado. – T.: Movarounnahr, 2004. – B. 62):

  

Ani(ng)dek podshohi ro‘yi olam,

Bahosi bo‘ldi chun o‘n yetti dirham.

 

“Qisasi Rabg‘uziy”da shunday deyiladi: “Kunlardin bir kun Yusuf (alayhissalom) quzug‘g‘a boqdi, o‘z yuzini ko‘rdi, tongladi. Ko‘nglida kechdi, bu ko‘rk bila qul bo‘lsam erdim, bahomni kim bera olg‘ay erdi. O‘z ko‘rkiga kuvandi ersa, qul teb o‘n sakkiz pul yarmoqqa sotdilar”. Quyiroqda akalari Yusuf (alayhissalom)ni tojirga sotganlari haqida xat qilib beradilar. Unda jumladan shunday deyiladi: “...Yusuf otlig‘ qulumuzni Molik Za’rga o‘n yetti og‘ri yormoqg‘a sotdimiz(Rabg‘uziy. Qisasi Rabg‘uziy. Birinchi kitob. – T.: Yozuvchi, 1990. – B. 110).

 

“Ahsan ul-qisas”ning turkmancha nashrida esa Molik Za’r Yusuf (alayhissalom)ning akalariga ot va tuya bermoqchi bo‘lganda “Biz mundan ko‘p zerikkandurmiz, sal nimarsa berib rozi qilsangiz bo‘ladur”, deydilar. Molikda esa mayda tangadan “o‘n sakkiz po‘chak tanga bor edi, ani berdi. Yana topib bermoq bo‘lib edi, “Ushbu bo‘lur”, deb oldilar. Savol: Hazrati Yusuf (alayhissalom) muncha kambaho bila sotilmoqda, sabab ne erdi? Javob ul, ki Yusuf (alayhissalom) bir tun oynaga boqib aytdikim: “Agar men qul bo‘lub sotilsam, hech kim pul va mol berib ololmas. Meni(ng) bahomga kim yetar?” deb erdilar. Ul boisdan o‘n sakkiz po‘chak yarmaqqa sotildilar(Якуп пыгамбер ве Юсуп алейх-эс-салам (Түркменистан мусулмаңларының казысы Насруллах ибн Ибадуллахың дүзедишлари). – Ашгабат: “Берекет-Бина” неширяты, 1993. – Б. 32).

 

Yusuf (alayhissalom)ning bahosi “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida o‘ziga xos navoiyona badiiyat bilan ifodalangan: “Bir kun o‘z yuzin ko‘zguda ko‘rub, andoqki, husn istig‘no-yu g‘ururg‘a muqtazodur, ko‘nglidin kechtikim, oyo, agar men qul bo‘lsam erdi, mening bahomni kim bera olg‘ay erdi. Chun bu xayol dalolati bemisllikka qilur... Haq ta’olo g‘ayrat ko‘rguzub, andoq qildikim, og‘olari Yusuf (alayhissalom)ni o‘n yeti qalb (qalbaki ma’nosida. – S.X.) diramg‘a sottilar(Alisher Navoiy. Tarixi anbiyo va hukamo // Mukammal asarlar to‘plami (XVI jild). – T.: Fan, 2000, – B. 122-123).

 

XIV asrga oid bir turkiy “Qisas ul-anbiyo”da Yusuf (alayhissalom)ning bahosini ko‘ramiz: “Ul karvonboshi Molik ibn Za’r aytdi: “Qamu aybi ila manga soting, olayin. Ammo menda hozir naqd yo‘qdur, illo qo‘moshim ko‘b”. Aytdilar: “Har neki bo‘lsa ham soturmiz”. Molik aytdi: “Hozir menda o‘n yetti eski Misr aqchasi bor, ortiq yo‘qdur, berurmisiz (14. Yuz Yila Ait Bir Kisas-i Enbiya Nushasi Uzerinde Senteks Incelemesi. Çevriyazi: Dr. Ismet Cemiloglu. – Ankara: 1994. – S. 100).

 

“Ravzat ush-shuhado” dostonida Sayqaliy Yusuf (alayhissalom)ning akalari tomonidan necha pulga sotilgani haqidagi bobning atalishidayoq haqiqiy turkona so‘zlar va badiiyat bilan qo‘llagan: “Molik Zag‘ar kelib Yusuf alayhissalomni chohdin chiqorg‘oni. Og‘olari anda hozir bo‘lib, o‘n yetti o‘tmas tangag‘a sotganlarini bayonidur(Sobir Sayqaliy Hisoriy. Ravzat ush-shuhado. – T.: Movarounnahr, 2004. – B. 61).

 

Yusuf (alayhissalom) bahosi haqidagi bahs to‘g‘risida Navoiy davom etib shunday yozadi: “... oti Molik binni Zi’ar, xazoiy erdi, o‘n yeti, yo yigirma diramg‘a sottilar(Alisher Navoiy. Tarixi anbiyo va hukamo // Mukammal asarlar to‘plami (XVI jild). – T.: Fan, 2000. – B. 123). Navoiyning ushbu o‘rindagi ishtibohi o‘rinli. Chunki asarlardan yuqorida keltirilgan parchalarda 17, 18 hatto 20 dir(h)am singari variantlarga duch kelamiz.

 

Yuqorida tilgan olingan turkmancha “Ahsan al-qisas”da mazkur masalaning yechimi berilgandek: “Naqldurkim, Rasul (sallallohu alayhi vasallam) vaqtlarinda bir iyd bo‘ldi. Rasul (sallallohu alayhi vasallam) iydgohdin kelur edilar. O‘shal bolalar tutub, “Bizga hayitlikka yong‘oq olib bering”, deydilar. Ko‘p tang bo‘ldilar. Oxir ayttilarkim, “(Meni) sotinglar, bir kishi yong‘oq berib olur”, deydilar. Ul go‘daklar etaklaridin tutub erdilar. Umar (raziyollohu anhu) ko‘rub, bolalarga haybat qildilar. Rasul (sallallohu alayhi vasallam) ayttilarkim: “Bu bolalar yong‘oq tiladilar. Meni yong‘oqqa sotadurlar”. Hazrati Umar (raziyollohu taolo anhu) olti yong‘oq berib oldilar. Payg‘ambar (sallallohu alayhi vasallam) aydilarkim: “Hazor rahmat birodarim Yusuf (alayhissalom)ga: Ag‘olari yigirma dirham baho qo‘yub, o‘n sakkiz dirhamga sotibdurlar” deb, shukrlar qildilar(Якуп пыгамбер ве Юсуп алейх-эс-салам (Түркменистан мусулмаңларының казысы Насруллах ибн Ибадуллахың дүзедишлари). – Ашгабат: “Берекет-Бина” неширяты. 1993. – Б. 33). Demak, akalari Yusuf (alayhissalom)ni 20 dirhamga baholashgan bo‘lsa-da, Molik Za’r savdo-sotiq qonun-qoidalariga ko‘ra, bor baraka qilib, 17 (yoki 18) dirhamga sotib olgani ma’lum bo‘ladi. Bu savdo-sotiqqa ishi tushgan har bir kishiga ma’lum azalgi qonuniyatdir.

 

Qur’oni karimda Yusuf (alayhissalom)ning necha pulga sotilgani haqida aytilmagan bo‘lsa-da, arzon bahoga sotilganiga ishora qilingan: “Vasharavhu bisamani baxsi darahima ma’dudati va kanu fihi mina-z-zahidiyn”. Tarjimasi: “Uni (Misr bozorida) arzon – sanoqli dirhamga sotdilar va (bu ishda go‘yo ular) tarki dunyo qiluvchilardan bo‘ldilar (“Yusuf” surasi, 20-oyat). Mazkur sura tafsirida qayd qilinishicha, Yusuf (alayhissalom) o‘n yetti yoshida xarid qilingan ekan (Qur’oni karim (Tarjima va tafsir muallifi Abdulaziz Mansur). – T.: Toshkent islom universiteti, 2004. – B. 240). Mana shu o‘n yetti yosh mumtoz adabiyotda ko‘chma ma’noda “o‘n yetti dirham” tarzida badiiy talqinini topgan bo‘lsa, ajab emas.

 

“Yusuf” surasining 20-oyati (Uni arzon bahoda – bir necha tangaga sotib yubordilar, chunki ular Yusuf (alayhissalom)ga qiziqmagan edilar) tafsirida ibn Jarir avval ulug‘ mufassirlarning Yusuf (alayhissalom) baholangan “bir necha tanga”ning miqdori to‘g‘risidagi ixtiloflarini keltirib, keyin o‘z fikrini bayon qiladi: “Eng to‘g‘ri gap shuki, Alloh taolo Qur’onda Yusuf (alayhissalom)ning bir necha tangaga sotib yuborilgani haqida xabar beradi. Mazkur tangalarning soni ham, vazni ham na Qur’onda, na hadisda aytilgan. Ehtimolki, tangalar soni yigirmatadir, yigirma ikkitadir, qirqtadir, ehtimolki ozroq yoki ko‘proqdir. Qanday bo‘lsa ham arzimas bir necha tangadan (ta’kidlar bizniki – S.X.) iborat. Uning miqdorini bilishdan foyda yo‘q, bilmaslikdan zarar ham. Eng muhimi, o‘sha paytda Yusuf (alayhissalom)ning qadrsizlangani, akalari tomonidan ham xo‘rlangani, mana shu xo‘rlikka sabr qilgani evaziga Alloh uning martabasini baland ko‘targani, haqiqat ro‘yobga chiqqani haqidagi xabarga ishonmoqlikdir. Bundan ortiqchasi takallufdan va gumondan iborat (Ibn Jarir at-Tabariy. Jomi’ ul-bayon fiy tafsir ul-Qur’on // http://www.shera.ucoz.ru/publ/6-1-0-40).

 

“Ravzat ush-shuhado” nashrida xuddi shu voqea syujeti bilan bog‘liq bayt bor (Sobir Sayqaliy Hisoriy. Ravzat ush-shuharo. – T.: Movarounnahr, 2004. – B. 69):

 

Ki, kuyi ishq erur – kuyi malomat,

Tushar bul kuya har kim qilsa toat.

 

Nashrga ko‘ra, “melodika”, “ohang”, “navo” ma’nosidagi “kuy” tarzida berilgan. Mazkur baytda gap ishq ko‘yi – ishq ko‘chasi haqida ketyapti. Shuningdek, baytda “har kim bu ishq ko‘chasiga toqat (toat emas) qila olsagina tushishi mumkin”, deyilmoqda. Bu jihatdan “Ravzat ush-shuhado”ning qo‘lyozma nusxalarida keladigan bayt mantiqan to‘g‘ri (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Hamid Sulaymonov fondi, № 1815 qo‘lyozma, 19a sahifa; № 1057/VII qo‘lyozma, 98b sahifa):

 

Ki ko‘yi ishq erur – ko‘yi malomat,

Tushar bul ko‘ya har kim qilsa toqat.

 

Mazkur o‘rinda shunga diqqat qilish kerakki, Yusuf qissasi faqat ibodatni – toatnigina emas, balki sabrni, toqatni vasf etuvchi qissa hamdir. Yusuf payg‘ambar (alayhissalom) barcha malomatlarga sabr qilib oxirida yuqori martabaga erishgan edi. Bu hodisa sohibqiron Amir Temur faoliyatida ham bevosita o‘z aksini topgan. “Muhim qaror qabul qilishdan oldin Sohibqiron Amir Temur Qur’onda fol ochgan va oyatlarning umumiy ma’nosidan kelib chiqib ish yuritgan. “Temur tuzuklari”da, jumladan, shunday deyiladi: “Lekin biror ishni qilmoqchi bo‘lsam, kengashib olib, keyin Qur’ondan fol ochar edim. Tug‘luq Temurxon oldiga borishdan avval Qur’ondan varaq ochsam, “Surai Yusuf alayhissalom” chiqdi va Qur’oni majid hukmiga amal qildim” (Temur tuzuklari (Forschadan Alixonto‘ra Sog‘uniy va Habibullo Karomatov tarjimasi). – Toshkent: 1991, – B. 17-18)... Temur tuzuklarida “Yusuf” surasining bashorati bilan Sohibqiron o‘z sa’y-harakatiga ishonch hosil qilgani ta’kidlanadi. Ammo ne sababdan mazkur sura Amir Temurga madad bergani sharhlanmaydi. Bunga hojat ham yo‘q edi, chunki ahli islom uchun “Yusuf” surasining mazmuni ravshan bo‘lib, Amir Temur taqdiri Yusuf (alayhissalom) taqdiriga muqoyasa qilinishi orqali chuqur ma’no-mazmun kasb etardi. Yusuf (alayhissalom) akalaridan tahqirlar ko‘rib, quduqqa tashlanadi, qutqarilib, arzimagan pulga qullikka Misrga sotiladi. Qamoqqa tushib, aziyatlar chekadi. Bariga sabr-toqat qiladi va oxir-oqibat ulug‘ martabaga erishadi, akalarini ham kechiradi. Eslang, Sohibqiron Amir Temur taqdiri orasidagi o‘xshashliklar Qur’ondan fol ochganida kelajakda ulug‘ martaba bashorat qilinadi. Shu sababdan ham Sohibqiron Tug‘luq Temurxon oldiga tap tortmay yo‘l oladi va natijada, Movarounnahrda hukmron bo‘ladi. Shu bilan Amir Temurning zafar yulduzi yuqoriga ko‘tarila boshlaydi” (Karomatov H. Qur’on va o‘zbek adabiyoti. – T.: Fan, 1993. – B. 17-18).

 

Yana bir e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan jihat: Qur’oni karim tarjimasida “Yusuf (alayhissalom)ni (Misr bozorida) arzon bahoga sotildi” deyilgan. “Qisas ul-anbiyo”larda tasvirlanishicha, akalari Yusufni hali o‘z yurtlarida – Kan’ondayoq arzon bahoda sotib yuborishadi. Misr bozorida esa Misr azizi (Zulayxoning eri) Yusuf (alayhissalom)ni katta pulga sotib oladi. Mazkur o‘rinda ilohiy kalom – Qur’oni karimning tarjimasi izohidagi mazkur o‘rinlar bahsli holatni yuzaga keltirganini ko‘rish mumkin.

 

Saidmurod XOLBEKOV,

Chirchiq davlat pedagogika universiteti tadqiqotchisi

1 Izoh

Sayyora

12:01 / 01.01.1970

Maqlani o'qigach,Yusuf pay'g'ambarning juda go'zal bo'lganligini,uni 18 qora pulga sotilganini,qadrsizlangani, akalari xo'rlaganini,bularning barisiga sabr qilgani evaziga Alloh marhamatiga sazovor bo'lganini angladim.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//