“Mazaxchini oʻldirish” asari Amerika adabiyoti uchun tom maʼnodagi voqealikka aylangandi. BBC talqiniga koʻra, XX asrda yaratilgan eng yaxshi asarlar roʻyxatiga kiritilgan kitob nashr etilgan yiliyoq “Eng yaxshi badiiy asar” yoʻnalishida Pulitser mukofotiga loyiq koʻriladi. Xoʻsh, romanning bu qadar muvaffaqiyatiga sabab nima boʻlgandi, nega kitobni amerikaliklar bu qadar katta hayrat, qiziqish bilan kutib olishdi va bugungi kitobxon nima uchun uni oʻqishi kerak?..
***
Asar voqealari olti yoshli qizaloq Skaut tilidan hikoya qilinadi. Qizchaning onasi vafot etgan, ellik yoshlar atrofidagi otasi Attikus shaharchada advokatlik qilar, uy ishlari, pishir-kuydirlar uchun esa qora tanli xizmatchi ayol yollangandi. Begʻamgina Skaut va uning akasi Jeremini yon qoʻshnilari boʻlgan Redlilar oilasi juda qiziqtirardi. Bunga sabab, aytishlaricha, u yerda 17 yoshida maktabda shoʻxlik qilgani uchun otasi uyga qamab qoʻygan alvasti Artur yashaydi. Oʻshandan beri Arturni hech kim koʻrmagan, biror kimsa uning na tirik, na oʻlik ekanini bilmasdi. Bolalar esa baribir uyni poylashar, derazasiga tosh otishar, daraxt kovagida xatlar qoldirishadi. Ammo javob boʻlmasdi. Bunga sari qizaloqning qiziqishi ortar, savollari koʻpayardi: Kim oʻzi bu alvasti Artur? U rostdanam mushuklarni tiriklayin yeydimi? Chindan ham oʻz onasini oʻldirganmi? Nega umuman koʻchaga chiqmaydi? Axir uni uyga qamagan otasi allaqachon oʻlib ketgan…
Farzandlarining qoʻshni uy atrofida doimiy oʻralashishini bilgan Attikus janob Redlini oʻz holiga qoʻyish kerakligini aytadi. “Kishilarning koʻchaga chiqmaslikni ixtiyor qilish huquqi bor va biz buni hurmat qilishimiz kerak”, deya tushuntiradi u bolalariga. Ammo aka-singil tez orada oilaning boshiga tushgan savdolar sabab “alvasti Artur” bilan yaqindan tanishib olishadi…
***
Yozuvchi asarda oʻquvchiga oʻz fikrini yetkazish uchun ikkita asosiy liniyani tanlaydi. Biri oʻsmir paytida nohaq ayblov tufayli uyga qamalgan va butun jamiyatdan yuz oʻgirgan odam – Artur Redli hayoti edi. Muallif u orqali har kun oʻtgan-ketganni gʻiybat qilib oʻtiradigan, janjaldan boʻshamaydigan, oqimga qarshi suzolmaydigan odamlar jamiyat hayotiga befarqmi yoki uzlatga chekingan, biroq kerak vaqtda insonlarga yordam qoʻlini uzata oladigan, ikki bolaning hayotini qutqarish uchun qotillik qilishgacha boruvchi shaxs beeʼtibor sanaladimi degan savolni oʻrtaga tashlaydi.
Ikkinchisi nogiron, oq tanli dehqonning uyida xizmat qiluvchi qora tanli xizmatkor Tom liniyasi. U bir qizga tajovuz qilinishda ayblangan va oʻsha davr qonunlariga koʻra soʻroq ham qilinmasdan qamoqqa tiqilgan edi. Sudya Tomni himoya qilish uchun davlat tomonidan beriluvchi advokat sifatida Attikusni tayinlaydi. Attikus ishni olishi bilanoq shahardoshlarining bosimi ostida qoladi. Kamiga farzandlariga ham ahmoqning, xoinning bolasi sifatida qarab, ularni mazaxlab, kamsitishadi. Sababi oʻsha davrdagi Amerika qoidalariga koʻra, istalgan qora tanli potensial jinoyatchi sanalardi. Istalgan oq tanli kishi ularni jinoyatda ayblashi va qora tanli odam oʻzini oqlolmay, oʻlimga mahkum qilinishi oddiy hol edi. Sudyalar qora tanlilar begunoh boʻlsada oqlolmas, oqlashgan taqdirda jamoatchilik bosimi ostida qolardi. Chunki birorta qora tanlining aybsiz deb topilishi oq tanlini yolgʻonchilikda ayblash, kamsitish deya qabul qilinar, shuning uchun ishning ogʻir-yengilligiga qaramay “qoralar” hech qachon jazodan qutilisholmasdi.
Umuman, AQSH kabi qonun ustuvor deb bilinadigan jamiyatlarda bor-yoʻgʻi bir asr, 70 yil oldingi bunday qabohatlar odamni sergak torttiradi. Ammo ularda vijdonli odamlarning jasorati, haqiqat, toʻgʻrilik va halollik uchun irq, jins tanlamasdan kurashishi butun bir jamiyat fikrini, hayotini oʻzgartirib yubora oladi. Ha, aynan hatto yutqazish aniq boʻlganda ham, chekinmaslik va kurasha olish muhim. Chunki vaqti kelib, bu saʼy-harakatlar natija beradi. Jamiyatni bir kunda butunlay illatlardan tozalab boʻlmaydi. Ammo yashayotgan muhitingning yanglish fikrlarini oʻz harakatlaring misolida oʻzgartirib borish vaqti kelib butun jamiyat uygʻonishiga xizmat qiladi. Attikus buni bilar, farzandlariga bu ishda gʻolib boʻlolmasligini, ammo magʻlubiyati ham jasorat ekanini, bolalarning ustidan kulayotgan oʻrtoqlari va shaharcha ahli ham vaqti kelib buni tushunib yetishini uqtiradi. Advokat sudda Tomni shu qadar himoya qildiki, hech kimda “gumondor aybdor” degan fikr qolmaydi. Biroq oq tanli olomon buni sirtiga chiqarmas, hamon Attikus qora tanliga yon bosyapti, deya undan nafratlanishardi. Sud ham Tomni oqlab berolmaydi – sudya maslahatchilari uni jinoyatchi deb topishadi. Shundan soʻng qora tanli mahbus qochishga urinadi va soqchilar tomonidan otib oʻldiriladi. Attikus uning baribir oʻlishini bilsada afsuslanadi, ammo chekinmaydi. Chunki uning maqsadi faqat Tomning oʻzinigina qutqarish emasdi, qamoqxonada yana ikki yuzga yaqin nohaq ayblangan, oʻlimga hukm qilingan qora tanli bor edi.
Asardagi advokatning harakati bitta odamni qutqarish emas, jamiyatdagi nohaqlikka, qonunsizlikka, notenglikka boʻlgan fikrni oʻzgartirishni oʻziga singdirgandi. Bu kabi chiroyli soʻzlar ozodlik, tenglik, hurriyat kabi balandparvoz shiorlar sifatida davralarda yangraydi. Ammo ularni hayotda chindan ham joriy qilish gapirilganidek oson emas, bunga baʼzan bir odamning umri yetmaydi, millionlab odamlarning hayoti qurbon beriladi…
Romanni oʻzbek tiliga tarjima qilish va nashr etishga bosh-qosh boʻlgan “Akademnashr” nashriyoti rahbari Sanjar Nazar “Aynan shu kitobni nashr qilishni juda qattiq istadim. Buning uchun hatto baʼzi prinsiplarimni chetlab ham oʻtdim. Sababi, aynan shu kitob bizning jamiyatimizda birlamchi ahamiyat kasb etadigandek tuyilavergan. Bu kitob baland gʻoyalar, fikrlardan ham koʻra ularni yashab oʻtish, yashab koʻrish muhimroq ekanligini oʻrgatadi, nazarimda”. Haqiqatan ham, gʻoyalar qanchalik qiyin boʻlmasin, insonlar hayotida yashab oʻtilsagina, jamiyat tarziga aylanadi, aks holda oʻlik gapligicha qoladi.
Xarper Li asar hayotidan olinmaganini iddao qilsa ham, otasining advokatligi, doʻsti Dill mashhur yozuvchi Kapotening prototipi ekani koʻp narsani oydinlashtiradi. Asar nashr qilingan vaqtda unda hikoya qilingan voqelik 30 yil ilgari yuz bergan boʻlsada, mavzu Amerika ahli uchun hamon dolzarb edi. Hamon qora tanlilar huquqsizligi kun tartibida turardi. Asarning nashr qilinishi va mashhur boʻlishi barobarida jamiyat bu haqda qayta oʻylab koʻrdi va qora tanlilar huquqi uchun kurash endi faqat advokat attikuslarni emas, koʻpchilikning jonini, vijdonini qiynay boshladi. Tez orada qoralar oqlarniki kabi huquq va erkinliklarga ega boʻla boshlaydi. Roman esa maktablarda oʻqitilishi majburiy kitoblar roʻyxatiga kiritiladi. Bu qoidaga hozirgacha amal qilib kelinadi. Axir jamiyatga, olomon emas, chinakam insonlar kerak. Asar esa tanqidchilar toʻgʻri taʼkidlaganidek, insonga inson boʻlishni oʻrgatadi.
Tillaniso ESHBOYEVA
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Suna Suna
12:04 / 09.04.2024
Bu asarni qayerdan topamiz
Mahmud
12:01 / 01.01.1970
Bu asarni kamina inglizcha 2-marta o'tib chiqyapman. Menga bu asar juda yoqdi. Ammo maqolangiz biroz yoqmaganini aytishim darkor. Siz nega asar ,,To kill a mockingbird" mazaxchi qo'shni o'ldirish deb nomlanganiga va u nimani ramzi ekanini eslab o‘tmadingiz. Bu asar faqat irqchilik haqidagi roman emas balki aynan to kill a mockingbird-mazaxchi qushni o'ldirish haqida u nima edi? Mazaxchi qush mehribonlik samimiyat beg‘uborlik ramzi. Garchi mazaxchi mockingbird so‘zi bor yo‘g‘i 3 va (yokim aniq esimda yo'q ) marta yozilgan bo'lsa ham Asarda mehribonlik - mazaxchini hayotini saqlab qolish holati juda ko'p. Sizlar bilan qanday bog‘lansam bo'ladi. Bir shu asar haqida dildan suhbat qurardik. Maqolani davomini ham yozishni maslahat beraman. Hurmat bilan Mahmud