Amir Temurning Eron va Kavkazortidagi mavqeyining ortib borishi Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxonda (1378–1395) dushmanlik kayfiyatini uyg‘otdi. U Amir Temurga qarshi Misr bilan ittifoq tuzishni rejalashtirgan edi. To‘xtamishxon Sohibqironning Erondaligidan foydalanib, hatto Movarounnahrga ham bosqinlar uyushtiradi. Amir Temur To‘xtamishxonning g‘animlik harakatlariga chek qo‘yish maqsadida 1391-yil unga qarshi yurishga jazm etadi va umumiy safarbarlik e’lon qiladi. Rossiyada mug‘ullar istilosi davom etayotgan vaqtda Amir Temur o‘zining 200 minglik askarlari bilan 1391-yil yanvar oyida Oltin O‘rda hukmdori To‘xtamishxonga qarshi yurish e’lon qildi. Ushbu harbiy harakatlarining bir qismi haqida ma’lumot beruvchi manbalardan biri bu Amir Temur bitiktoshidir. Bugungi kunda bu bitiktosh Ermitaj muzeyining (Sankt-Peterburg) O‘rta Osiyo bo‘lmida saqlanib kelinmoqda.
Ushbu bitiktoshning topilish va o‘rganilish tarixi xususida ikki og‘iz so‘z. Dastlab, mazkur bitiktosh haqidagi ma’lumot 1706-yilda fransuz xaritashunosi Giyom Delil (1675–1726)ning “Tartaria xaritasi”da uchraydi. Xaritaning tog‘lar tasvirlangan qismida “Oulouc Tac” so‘zi yozilgan va piramida shaklidagi belgi qo‘yilgan. Bunday ma’lumot boshqa biror bir xaritada mavjud emas. Giyom Delil 1702-yilda rasman Fransiyaning Qirollik Fanlar Akademiyasi geografi etib tayinlandi (М.В. Бедельбаева. Сведения о надписи Тимура 1391 г. в картографических и исторических исследованиях первой половины XVIII в. Oriental Studies. 2019. Is. 3.С. 367–377). Natijada u qirollik kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Kutubxonada ko‘plab Sharq qo‘lyozmalari, shu jumladan fors mualliflarining asarlari ham bor edi. Giyom Delil Fransiya qiroli Lyudovik XIV (1638–1715)ning arab va turk tillari tarjimoni lord Fransua Petit de la Kroy (1622–1695) yordami bilan, shuningdek, kutubxonada mavjud barcha turk va fors tillardagi asarlar katalogi, qirol kutubxonasining kitoblaridan foydalangan holda o‘z xaritasini tuzgan (Сведения о надписи Тимура 1391 г. в картографических и исторических исследованиях первой половины XVIII в.С. 369).
Mazkur bitiktosh 1935-yilda akademik K.Satpaev (1899–1964) tomonidan Ulytau tog‘larida (hozirgi Qozog‘iston Respublikasi Qoraganda viloyati Ulytau tumani) Oltin-shoki tepaligining Janubiy-g‘arbiy yonbag‘ridan topilgan Сведения о надписи Тимура 1391 г. в картографических и исторических исследованиях первой половины XVIII в.С. 368). Bitiktosh 1936-yilda Ermitajga ko‘chirilgan. Birinchi bo‘lib Temur bitiktoshidagi yozuvlar professor N.Poppe (1897–1991) tomonidan o‘rganilib chiqilgan. U Bitiktoshdagi matnlarning 11 qatordan iborat ekanligini, dastlabki 3 qator arab alifbosida, qolgan 8 qator esa uyg‘ur alifbosining belgilaridan iborat ekanligini aniqlagan. Yozuvning birinchi qatori “basmala” (Qur’on matni) sifatida ishonchli tarzda talqin qilingan. Ikkinchi va uchinchi satrlarini o‘qib bo‘lmaydi degan xulosaga kelgan. Qolgan 8 qatori uyg‘ur alifbosida bitilgan bo‘lib, uyg‘ur tilida emas, balki “turkiy adabiy til”da yozilgan deb ta’kidlaydi. Olim Amir Temurning Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxonga qarshi yurishi davomida sodir bo‘lgan aniq voqealarni o‘rganish maqsadida XV asr tarixchilaridan Nizomiddin Shomiy, Sharofiddin Ali Yazdiy va Abdurrazzoq Samarqandiy asarlarida saqlanib qolgan ushbu yurishning tavsiflariga murojaat qildi. Natijada, 1940-yilda professor N.Poppe tomonidan yozilgan yozuvning tarjimasi chop etildi, maqolada bitiktoshning umumiy ko‘rinishi va 6 qator yozuvning to‘liq matni tasvirlangan (Н.Н.Поппе. Карасакпайская надпись Тимура. Труды отдела Востока Государственного Эрмитажа. JL, 1940. Т. 2. С. 185–187).
Amir Timur bitiktoshini tadqiq qilgan tarixchilardan yana biri A.I.Ponomaryov (1886–1942) edi. Olim N.Poppening maqolasi va Ermitajda saqlanayotgan bitiktoshga asosilangan holda yozuvning umumiy ko‘rinishi haqida batafsil ma’lumot beradi: “bitiktoshning bir tomoniga hech qanday ishlov berilmagan, uning matn o‘lchami 80x40 sm, unda ikki xil yozuv turi, ya’ni yuqoridagi uchta satr arab alifbosida va uning pastki qismida uyg‘ur alifbosidagi sakkizta satr ko‘zga tashlanadi. Uyg‘ur yozuvining satrlar joylashuvi arab tilidagi satrlarga parallel, ya’ni gorizontal ko‘rinishda emas, balki vertikal ko‘rinishda joylashgan. Yozuvlarning o‘lchami 1 sm dan oshmaydi, o‘yilgan yozuvlarning chuqurligi 1,5-2 mm. Bitiktoshdagi kichik yoriqlar harflar bilan birlashib ketishi natijasida yozuvlarni o‘qishda birmuncha qiyinchiliklar yuzaga keladi. Uyg‘ur yozuvining birinchi satrining uzunligi 40 sm, birinchi va sakkizinchi qatorlar orasidagi masofa 18 sm ni tashkil qiladi”. Shuningdek, A.Ponomaryov, uch qatorli arab yozuvining ko‘rinishi va mazmuni haqida hech narsa aytmagan va N.Poppe tomonidan yozilgan uyg‘ur yozuvining o‘qilishini so‘zma-so‘z keltiradi. Keyinchalik u uyg‘ur yozuvining birinchi, uchinchi va to‘rtinchi qatorlaridagi matn va uning mazmuniga oid asosli o‘zgarishlar kiritdi. Masalan, N.Poppe uyg‘ur yozuvidagi uchinchi satrda keltirilgan Amir Temur qo‘shinlarining umumiy sonini 200 ming cherik deb o‘qigan bo‘lsa (Пономарев. С. 224., Надпись Тимура 1391 г. // Историография и источниковедение истории стран Азии и Африки, Вып), A.Ponomaryov uni 300 ming cherik deb o‘qiydi va bu fikr to‘g‘ri ekanligini ta’kidlaydi (Q.Sodiqov. Temurbekning uyg‘ur yozuvli mangutoshi. Amir Temur tavalludining 660 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Amir Temur davrida fan va ta’lim renessansi” mavzuyidagi anjuman ma’ruzalarining tezislari. Toshkent. 1996. 61-62-b). Ammo bu ko‘rsatkich G‘iyosiddin Ali, Nizomiddin Shomiy, Sharofiddin Ali Yazdiy asarlarida N.Poppe ko‘rsatgan ma’lumotga muvofiqdir. Ushbu manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra bu jangda Amir Temur qo‘shinlarining umumiy soni 200 ming kishini tashkil qilgani holda To‘xtamishxon qo‘shini Amir Temurnikidan ancha ko‘p bo‘lganligi ta’kidlangan.
1943-yilda Turkiyada Zaki Validiy To‘g‘on “Temurbekning Uyg‘ur yozuvi” maqolasida qozoq muhandisi Satpayev ushbu yodgorlikning kashf etilish tarixi haqida so‘zlab berdi. Keyinchalik u Timur yozuvining uyg‘ur matnini turkchaga tarjima qilib, uni qisqa tarixiy izoh bilan nashr qildirdi. 1977-yilda Hasan Eren N.Poppe maqolasining to‘liq tarjimasini turk tilida nashr ettirdi. Shuningdek, Q.Sodiqov ham o‘zining “Temurbekning uyg‘ur yozuvli mangutoshi” nomli maqolasida Amir Temur bitiktoshi va undagi yozuvlarning o‘qilishi xususida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tgan (Bitiktoshning arab yozuvida yozilgan qismini A.P.Grigorev, N.N.Telitsin, O.B.Frolovalar ushbu shaklda o‘qigan. А.П.Григорьев, Н.Н.Телицин, О.Б.Фролова. Надпись Тимура 1391 г. // Историография и источниковедение истории стран Азии и Африки, Вып. XXI. СПб. СПбГУ. 2004).
Bitiktoshning mazmuni xususida: Sultonning nomidan yozilgan yozma 11 qatordan iborat 3 satri arab tilida basmala va yaratganning kalomi qolgan sakkiz qatori turkiy xati bilan eski o‘zbek tilda bitilgan. Quyida ikki tilli Temur bitiktoshi matnining transkripsiyasi:
1. bi-smi-llaxi-r-raxmani-r-raxym
2. maliku-l-mulki-l-kuddusu-l-xakku-l-mu'minu-l-muxayminu-l-djabbaru
3. l-kadiru-l-xakymu-l-mumytu-l-xayyu
4. tarix yeti yüz toqsan üčtä, qoy
5. yïl yaznïŋ ara ayï Turannïŋ sultoni
6. temürbeg üč yüz miŋ čerig bilӓ islom üčün Toxtamïš xanï (bulyar?)
7. xanïğa yorïdï. Bu yergӓ yetip belgü bolsun tep
8. bu tobanï qopardï
9. tӓŋri nisfat bergäy inšalla
10. tӓŋri el kišıgӓ rahmat qïlğay, bizni duo bilӓ
11. yod qïlğav.
Bitiktosh mazmuni: “Tarix yetti yuz to‘qson uchda, qo‘y yil, ko‘klamning ora oy(ida) Turonning sultoni Temurbeg ikki yuz (uch yuz?) ming qo‘shin bilan islom uchun To‘xtamish xon(ning) xonligiga yurdi. Bu yerga yetib, belgi bo‘lsin deb ushbu bitiktoshni yozdirdi. Tangri (bizga) nisfat (ya’ni to‘g‘rilik, insof) bergay inshoolo. Tangri fuqaroga rahm qilg‘ay, (el) bizni duo bila yod qilg‘ay”.
Yuqoridagi matndan ma’lum bo‘ladiki, Amir Temur o‘z saltanatini Turon deb atagan. Demak, Amir Temur saltanati aslida shunday nom bilan atalgan. Hukmdor o‘zini Turonning sultoni, otini esa Temurbek degan: Turonning sultoni Temurbeg. Bu o‘rinda beg so‘zi “amir”ga to‘g‘ri keladi. Sultonning oti turkiy tildagi shu davrga oid hujjatlarda Temur-beg, Beg, Sohib qiron Temurbeg, Sohib qiron Beg, ulus egasi Temur-beg kabi nomlar bilan tilga olingan. Bu atama, tabiiyki, Turonning o‘zi emas, Movarounnahr va Xurosondan tortib Temurbekka qarashli butun saltanat tushunilgan. Yuqorida keltirilgan ulus egasi sifati “mamlakat egasi, hukmdori”; sohib qiron sifati esa “qiron egasi, ya’ni baxt-saodat egasi; baxtiyor podshoh” ma’nolarini anglatadi.
Bu bitiktosh haqida temuriylar davriga oid bir qancha manbalarda ma’lumotlar keltirilgan. Dastlabki ma’lumotlar Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida uchraydi. Manbada bu bitiktoshning yozilish tarixi xususida shunday keltirilgan: “Jumodi ul-avval oyining birinchi kuni (1391-yil 6-aprel) (daryoda) suv ko‘paydi. Bir necha kun to‘xtab turib, kechuv joyi izladilar, suvdan o‘tib oyning yigirma birida (26-aprel) Lashkar kichik Dog‘ga yetdi. U joydan ko‘chib, o‘rtada ikki kecha o‘tkazib, juma kuni Ulug‘ Dog‘ (Ulug‘ tog‘ – Ulu Tou (Qozog‘istonda)) mavzeyiga yetdilar. Amir Sohibqiron tog‘ ustiga chiqib, har yon nazar soldi. Atrof poyonsiz sahro va cho‘li biyobon edi. U kuni shu joyda to‘xtab, hamma lashkarga tosh keltirishni buyurdi. U joyda baland bir nishona minora ko‘tardilar. Toshtaroshlarga buyurdi, ular u kunlar tarixini toshga naqsh qildilar, toki u nishona turar ekan, zamona sahifasida bu yurish zikri boqiy qolg‘ay. (Nazm):
Eshitdimki, G‘zal tabiatli jamshid
Chashma boshida bir toshga yozgan:
“Bu chashma boshiga bizdek ko‘plar kelganlar
Ko‘zlarin ochib-yumguncha o‘tib ketganlar”
(Shomiy. Zafarnoma. Toshkent, 2019, 155-bet)
Nizomiddin Shomiy o‘zining “Zafarnoma” asarida bitiktoshning yozilish sanasi haqida batafsil ma’lumot bergan. U bitiktoshning yozilish yilini keltirish bilan kifoyalanmay, balki oy va kunini ham aniq keltirgan (Jumodi ul-avval oyining 23-sanasi, ya’ni 28-aprel 1391).
Temuriylar saltanatining yana bir tarixchisi Sharafiddin Ali Yazdiy ham o‘zining “Zafarnoma” asarida bu bitiktoshning yozilishi xususida ushbu ma’lumotlarni keltirgan: “Chorshanba kunida oyning yigirmi birida bir tog‘qa yettilarkim, ani Kichik Tog‘ der edilar. Anda tushub bir kun qo‘nub, tonglasi ko‘chub Ulug‘ Tog‘qa yettilar. Va sohibqiron Ulug‘ Tog‘ ustiga chiqib, sahrog‘a ko‘z solib, barcha olamni ko‘m-ko‘k ko‘rdi. Anda turub hukm qildikim, “Cherik munda tosh keltursunlar, to munda bir nishona qilaylikkim, bizdan yodgor qolg‘ay!” Cherik tosh kelturub, ustakorlar ul toshlar bilan anda bir minora qo‘pordilar” (Yazdiy. Zafarnoma. – Toshkent, 1997, 131-b.).
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bitikning xati arab tilida emas, balki qadimgi uyg‘ur yozuvi va turkiy tilda bitilgan. Bu ham bo‘lsa, Amir Temur o‘zining tarixiy yozmalari, yilnomalari, rasmiy yorliqlaridan bir qismini uyg‘ur xatida bitganidan dalolat beradi. Temuriylar tarixini bitgan muarrixlar o‘z asarlarini yozishda uyg‘ur yozuvida bitilgan ana shunday yilnoma, tarixiy hujjatlardan foydalanganlarini qayd etib o‘tganlar.
Demak, Amir Temur bitiktoshi o‘z ichiga keng qamrovli ma’lumotlarni jamlagan. Avvalo, bitiktosh sirtiga bitilgan yozuv to‘g‘ridan to‘g‘ri Amir Temurning tilidan yozib olingan. Bu manbaning ahamiyatini yanada oshiradi.
Unda o‘ziga xos “Zullisonayn” (ikki tilli) tarix yozish uslubi ham ko‘zga tashlanadi. Xususan, bitiktoshning boshida kirish qismi sifatida arab alifbosida basmala va yaratganning kalomi, so‘ng turkiy tilda tarixiy voqelik bayon qilingan. Bitiktoshdagi sana asl turkiy qolipda: avval yil (hijriy va muchal tartibida), so‘ng oy, kun ketma-ketligida yozilgan.
Shu bilan birga mazkur bitiktoshni harbiy safar chog‘ida o‘ziga xos tarzda tosh yoxud qoyatosh sirtiga tarix bitish an’anasining namunasi sifatida belgilab olishimiz mumkin. Bu kabi an’anani keyinchalik Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdullaxon II kabi hukmdorlar davom ettirganlar.
Kamola QAYUMOVA,
O‘zR FA tarix instituti tayanch doktoranti
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q