“Pilla”: mehnatkash o‘zbek ayolining hayoti va uning raqsdagi ifodasi


Saqlash
20:13 / 26.05.2023 1516 0

Mukarrama Turg‘unboyeva tavalludining 110-yilligiga

 

XX asrga kelib o‘zbek raqsining dovrug‘i olamga yoyildi: “Bahor” raqs ansambli milliy raqslarimizni butun olamga tarannum etdi. Shunday betakror raqslardan biri, shubhasiz, Mukarrama Turg‘unboyeva ijrosidagi “Pilla” raqsi hisoblanadi.

 

“Pilla” – ayollar ijro etadigan milliy raqslardan biri. Raqs syujeti juda oddiy: unda ipak qurtini boqish, pillani yig‘ib olish va bundan ipak tayyorlash jarayoni aks etadi. Raqqosa asar oxirida ipakdan to‘qilgan shoyi (harir) ro‘molni doirachi beliga bog‘lab qo‘yadi. Darvoqe, “Pilla” raqsi faqat doira jo‘rligida ijro qilinadi. Raqs uchun doira usullarini ustoz doirachi Usta Olim Komilov 1934-yilda yaratgan. Shu o‘rinda  Usta Olim Komilov, To‘xtasin Jalilov va Tamaraxonimning 1935-yil 17–19-iyulda Londonda bo‘lib o‘tgan xalqaro folklor festivalidagi ishtirokini eslab o‘tish joiz. Royal Albert Xoll sahnasida usta Olim Komilov va Tamaraxonim Britaniya jamoasini hayratda qoldirib “Katta o‘yin”, “Gul o‘yin, “Qari navo” bilan bir qatorda “Pilla” raqsini ham ijro etishgan paytda tomoshabinlar orasida qirol Jorj V va qirolicha Meri ham bor edi.

 

“Pilla” raqsida o‘ziga xos xarakter avvalo, doira sadosi va raqqosa xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Doira sadosi nihoyatda tiniq, jozibali va taʼsirchan, raqqosa harakatlari ham aniq ritmga asoslangan. Uning har bir qadam tashlashi nafis nazokati ila kishini hayratlantiradi. Aniqrog‘i, ushbu raqsda ipak qurtini boqish, parvarishlash, yaʼni mehnat jarayoni shunchaki mexanik tarzda ko‘rsatilmaydi, balki o‘zbek ayolining qalb tug‘yonlari, ichki kechinmalari namoyon bo‘ladi. “Pilla” raqsining ommaviy shakli – raqqosalar jamoasi va musiqa jo‘rligida ijro etiladigan varianti ham bor. Ammo, nazarimizda, yakka doira va yakka raqqosa ijro etilgan variant tomoshabin ko‘ngliga ko‘proq manzur bo‘lgan.

 

“Farg‘ona maktabiga mansub o‘zbek maqom raqslari faqat zarbli musiqa asboblari – doira, nog‘ora, qo‘shnog‘ora, qayroq jo‘rligida ijro etilib, musiqiy kompozitsiya ko‘plab usullardan tashkil topgan zanjir shaklida bo‘ladi. Bunday raqs ijrosining murakkabligi shundaki, ijrochi, aniq va cheksiz o‘zgaruvchan ritmga bo‘ysungan holda, barcha tana harakatlari kompleksi bilan ohangni “ayta olishi”, yaʼni raqsning ruhiy mazmunini tana plastikasi orqali ifodalay olishi kerak, - deb yozadi L.Avdeyeva o‘zining “O‘zbek milliy raqsi tarixidan” kitobida.  Doiraning markaziy qismi yoki halqa qismiga urib chalinganda hosil bo‘ladigan tovushlar raqqosaga usul ohangini “ayta olish”ga yordam beradi. Dinamik va ovoz-tembr effektlarini vujudga keltiruvchi turli balandlikdagi tovushlar kombinatsiyasi bir cholg‘u asbobi jo‘rligini polifonik, yaʼni ko‘p ovozli jo‘rlikka aylantiradi.

 

“Pilla” raqsining maftunkor va jozibador chiqishida, tabiiyki, uni sahnalashtirgan Mukarrama Turg‘unboyevaning xizmati beqiyos. Raqs mohiyatiga teranroq kirib borilsa, Mukarramaxonimning xalqimiz tarixini chuqur o‘rgangani, o‘zbek xalqiga buyuk ehtiromi yaqqol seziladi. Negaki, mazkur raqsda biror-bir ortiqcha harakat, o‘rinsiz qayrilish yoki burilishlar, soxta jilmayishlar ko‘rinmaydi. Raqqosaning harakatlari erkin va tabiiy, nigohlari o‘ta samimiy, bajarayotgan harakatiga juda mos. Doirachi va raqqosaning o‘zaro “dil izhorlari” ham nihoyatda o‘rinli chiqqan. Ayniqsa, raqqosaning mehnat jarayonini tasvirlashdagi holatlari: qo‘l va oyoq harakatlari, ipak qurtiga ozor bermaslik hamda undan ozgina cho‘chish harakatlari, pillani yig‘ishtirib olish, ipak tayyorlash kabi har bir detal puxta ishlangan. Ipak tolasidan ro‘mol to‘qish, unga naqsh solish manzarasi o‘ta hayajonli va ishonarli. Nazarimizda, ayni shu holatlar “Pilla”ni milliy raqsdagi “tilla”ga aylantirgan.

 

“Pilla” raqsida mehnat jarayoni va intizor ko‘ngillarning bir-biriga talpinishi raqqosaning garmonik harakatlarida mujassamlashib ketgan. Bunday xoreografik talqin har qanday asarda ham uchrayvermaydi. Mukarrama Turg‘unboyevaning topqirligi shundaki, “Pilla”da Sharq ayollari, xususan, o‘zbek ayolining turmush tarzi, o‘y-kechinmalari, dard-u iztiroblari, ishq savdosi – barchasi tabiiy. Ayni paytda Sharq ayollariga xos hayo va ibo, nazokat va shijoat ham o‘ta nafislik bilan namoyon bo‘ladi. O‘zbek raqsini boshqa xalqlar raqslaridan farqlovchi bunday jihatlar xorijiy mutaxassislar tomonidan ham eʼtirof etilgan.

 

Haqiqiy sanʼat asarining o‘ziga xos mazmun-mohiyati, maʼlum jozibasi bo‘ladi, uning ich-ichida o‘ziga xos falsafa yashirin bo‘ladi. Ijodkor ayni shu falsafani, avvalo, o‘zi anglab olishi, so‘ngra boshqalarga yetkaza olishi lozim. Boshqa sanʼat turlarida bu narsa so‘z, kuy, qo‘shiq va h.k. orqali ifodalansa, raqsda esa, asosan, raqqosa harakatlari orqali yetkaziladi. Ijrochining tana harakatlari, ruhiy holati hamda boshqalarga yetkazish usullari bunda muhim rol o‘ynaydi. “Pilla” raqsida har bir harakat, imo-ishora, ko‘z qarashlari-nigohlar – hammasi maʼlum bir kompozitsiyani tashkil etadi.

 

Lyubov Avdeyevaning yozishicha: “O‘zbek raqsi ustalari – virtuoz ijrochilar, usullarni yig‘uvchilar farg‘onacha professional va havaskor raqslarni ochilayotgan yoki so‘lib borayotgan gul bilan qiyoslaydilar. Qiyoslanayotgan g‘uncha, lola, boychechak, gulsafsar, so‘layotgan atirgul, shamolda to‘kilayotgan bodom gullari obrazli raqsning maʼnosini ochib beruvchi sheʼrlar va qo‘shiqlarda ko‘p uchraydi. Bu lirik maʼno silliq harakatlarda, joyida va sahna bo‘ylab gir aylanishlarda, yer uzra suzib boruvchi yurishlarda ham bor”.

 

“Pilla” raqsida raqqosa va doirachi liboslari ham asar yaxlitligini taʼminlab, tomoshabinga cheksiz zavq-shavq beradigan omillardan biri sanaladi. Raqqosa egnidagi harir ko‘ylak, belni mahkam siqib turadigan nimcha, to‘g‘ri tanlangan oyoq kiyimi, doirachi egnidagi libos, oyog‘idagi zarrin etik ham tomoshabinga estetik zavq beradi. Raqqosaning boshi uzra hilpirayotgan ro‘mol ham uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib turadi. Bularning hammasi kompozitsion bir butunlik hosil qiladi va kishini g‘ayriixtiyoriy tarzda o‘zga bir olamda “sayr qilish”ga undaydi.

 

 “Pilla” raqsi o‘zbek raqs sanʼatining noyob durdonasi, u allaqachon o‘zbek raqs sanʼatining “tashrif qog‘ozi”ga aylanib ulgurgan. Chunki unda xalqimizning mehnatga munosabati, nozik did-farosati, orzu-armonlari, milliy tuyg‘u va ehtiroslari, ko‘ngil kechinmalari va dil izhorlari mujassam. Biz bunday bebaho maʼnaviy merosni ko‘z qorachig‘iday asrashimiz, undagi badiiy, ritmik usullarni puxta o‘zlashtirishimiz, uni maʼnaviy durdona sifatida eʼzozlashimiz zarur. Kelgusida ham mazkur raqs ijrosi yosh raqqosalar uchun namuna, maktab bo‘lib qolishi kerak.

 

Ravshan JOMONOV,

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi

“O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi professori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 129
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//