Tashqaridagi urushlar
Odam bolalari g‘orlarda yashaganda o‘zaro nimanidir talashib urushgan. Ajabki, g‘ordan chiqqandan keyin ham u o‘sha mash’um ishini tashlamadi: hali-hanuz bir-biriga qurol o‘qtaladi, bir-birini o‘ldiradi... Sirasini aytganda, o‘tgan vaqt davomida bashar ahlining yurish-turishi-yu o‘zini tutishi, tili-yu madaniyati... yaxshigina o‘zgardi. U endi g‘orda yashagan ajdodini mensimaydigan darajada oliftaga aylangan. Ammo nega ming yillar o‘tsa hamki, bir-biri bilan yovlashmoqdan tiyilmaydi u? Nima uchun zohiran o‘ta zamonaviy ko‘ringan odam bolasi botinan o‘zi haligacha burnini jiyirib eslaydigan “yovvoyi” ajdodidan ko‘p-da farq qilmaydi? Shuncha achchiq tarix nega saboq bo‘lmadi? Uzoqqa bormaylik, ana, insoniyat XX asrda ikki jahon urushini ko‘rdi, bu muhorabalar jarohatidan hali-hamon qon silqiydi. Deyarli har birimizning qalbimizda bor shunday tuzalmas jarohat. Masalan, mening Karim bobom urushda o‘lgan. Otasiz qolgan rahmatli otam esa onasi, ya’ni mening xudo rahmat qilgur enam bilan birga hayot yo‘llarida xo‘b suringanlar. Hammasi urush tufayli!.. Urush bobomni olib ketdi, ortda qolgan xotini-yu bolasining taqdirini ostin-ustun qildi. Otamning kechmishi esa bizning, mening qismatimda ham aks sado berdi. Qarang, bitta urush bir necha avlod taqdiriga dahshatli muhrini bosyapti...
Yana o‘sha sarkash savol: nega bundan xulosa chiqarilmaydi? Ha, urushlar nega bizni, unga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirmayapti? Qirg‘inbarotlar oilalarni, qishlog‘-u shaharlarni, ko‘hna hayot maromini tamomila parchalab tashlashini bilamiz-ku, boshimizdan-u yuragimizdan o‘tkazganmiz-ku! Shunda ham o‘zgarmaymizmi?! O‘rislarda “проклятые вопросы” degan tushuncha bor. Ya’ni “la’nati savollar”. Buning ma’nosi shuki, hayot, o‘lim va shu kabi bosh masalalarda shunday savollar borki, mudom insoniyat qarshisidan chiqib kelaveradi, lekin tayinli javob topilmaydi. Yuqoridagi savol ham ana shunday la’natlanganga o‘xshaydi. Axir, hammasi besh qo‘ldek ayon: urushni minba’d oqlab bo‘lmaydi. Lekin u yuz beraveradi, yuz beraveradi... Nega? “Har qanday urushning ortida katta moddiy manfaat yotadi” deya osongina javob berish mumkindir, ehtimol. Unda yana bir savol tug‘iladi – moddiy manfaat ko‘zlanmagan urushlar ham to‘lib yotibdi-ku!.. Masalan, g‘ururu or talashib, pichoqlab o‘ldirishlar sonmingta. Nega loaqal shularga chek qo‘yilmaydi?..
Mayli, “moddiy manfaat – urushlarni keltirib chiqaradigan eng katta sabab” deylik. Yana aytaylikki, “Urushni boshlaganlarning o‘zi urushda qatnashmaydi – bas, ular o‘lmaydi. Urushda, asosan, kambag‘alning bolasi o‘ladi. Shuning uchun ham magnatlar ajal olovini yoqishdan hayiqmaydi ham, tiyilmaydi ham”. Xo‘p, lekin yana hammaga – boy-u yo‘qsilga birdek taalluqli bir savol o‘rtaga chiqadi: nega urushlar nafaqat boylarning, balki o‘rtahol-u qashshog‘-u benavoning hayotga, odamlarga, tabiatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmayapti?! Ayrim ekspertlar, siyosatchilar “Dunyo uchinchi jahon urushi arafasida turibdi. Ozgina ehtiyotsizlik qilinsa, Yer yuzidagi hayotga nuqta qo‘yilishi mumkin” deya jar solayotir. Hozir Yer yuzi havosini ana shunday dahshatli xabarlar tumandek qoplagan. Ko‘chaga chiqsak ham undan simiryapmiz, uyga kirsak ham. Dunyo yana notinch: olov bilan o‘ynashish davom etmoqda. Lekin atrofingizga bir qarang-a, urush va u haqidagi xabarlarga to‘la dunyo odamlari o‘zgardimi? Yomon – yaxshiga, xasis – saxiyga, yovuz – rahmdilga aylandimi? Hayrat ila kuzatyapman: atrofimda hech kim o‘zgargani yo‘q! Hammaning parvoyi falakdek... Hatto go‘yo-po‘yolarsiz – chindan, parvolar falak! Axir, o‘zgarish sodir bo‘lishi kerak emasmidi? Bo‘lganda ham, yaxshi tomonga... Nima, oxiratdan umidvor odamlar shunchalar kammi? Statistik ma’lumotlarga qaraganda, dunyo aholisining 90 foizga yaqini xudojo‘y ekan. Amalda-chi?.. Qaytaga, dunyo jamiyatlarida “yotib qolguncha otib qol” degan kayfiyat sezilarli darajada kuchaygandek.
Mayli, o‘zgalarni qo‘yaylik, siz o‘zgardingizmi, siz?..
Men o‘zimni kuzatib yuribman: zarracha o‘zgarganim yo‘q. Ilgari yaxshi bo‘lgan esam, hamon o‘shanday yaxshi; yomon bo‘lgan esam, hanuz o‘shanday yomonman. Yoki ikki jihat aralash-quralash. Olloh bilgich. Shundan keyin tabiiy bir savol tug‘iladi: odamzodni nima isloh qiladi o‘zi? Bormi shunday kuch dunyoda? “Sho‘ro davrida dinga yo‘l berilmagan edi” deya iddao qilamiz. Mana, hozir diniy hayotimiz ancha erkin. Lekin risoladagidek mo‘min-musulmon bo‘la oldikmi?..
Nahotki, odam bolasi peshonasiga qo‘shotar miltiq tiralib, qo‘rquvdan tizzalari qalt-qalt titragandagina yomonlikdan tiyilsa? Nahotki, busiz uni o‘zgartirib, tarbiyalab bo‘lmasa? Agar shunday esa, ideal jamiyat qurish yo‘lida hali ko‘p ter va qon to‘kilishi muqarrar. O‘rtada yadro urushi bo‘lib, butun mavjudot qirilib ketmasa, albatta... Urushni boshlaganlar ham kap-katta odamlar, aslida. Kuzatsangiz, “suvboshi”da goho bir oyog‘i yerda, boshqasi go‘rda turgan qariyalarni ko‘rasiz. Bizlar bo‘lsak anchayin tomoshabin bo‘lib o‘tiramiz. E’tibor bering, XXI asrda – hozirgi sivilizatsiya darajasiga qadar olis yo‘lni bosib kelgan insoniyat, madaniyatning eng yuqori cho‘qqisida turgan davr odamlari shu ishni qilyapti. Go‘yo shuncha yo‘l bosib o‘tilmagandek. Go‘yo biz, bashar ahli hali-hamon ibtidoiy jamoa tuzumida yoki undan nari – g‘orlarda yashayotgandekmiz.
Urush – eng kichigidan eng kattasiga qadar – shunday hodisotki, g‘olib bo‘laturib ham mag‘lub sanalish mumkin. Chunki uning harbiy, siyosiy, tarixiy tomonlaridan tashqari, ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy jihatlari ham bor. Harbiy yo siyosiy jihatdan yengib, ma’naviy-axloqiy mezonlarga ko‘ra yengilish hech gap emas. Ha, ko‘pimizning kiygan kiyimlarimiz, mingan mashinalarimiz, yashayotgan uylarimiz o‘ta zamonaviy, biroq ong-tafakkur, saviya-daraja tosh asrinikidan zarracha oldinga ketmagandek tuyuladi menga. Boshqacha aytganda, butun dunyo, shoirlar topib aytganidek, poroxli bochka ustida o‘tiribdi, lekin parvo qilgani yo‘q. Qiziq, a? To‘g‘rirog‘i, dahshat! Shunday emasmi? Tug‘ilish ko‘payib tirikning qadri qolmagan edi, endi esa ajal tegirmoni muttasil aylanib, o‘likning izzati qolmayotir. Ko‘pning qadriga yetadigan jamiyatlar esa hali qurilmaganga o‘xshaydi. Ular – insoniyatning orzusi. Faqat... orzu orzuligicha qolarmikan? Mana, yana bir javobsiz savol... “La’nati” degim kelmayapti, chunki uning ro‘yobiga umidim bor.
Men negadir “XXI asrda rivojlangan mamlakatlarda katta urushlar bo‘lmaydi. Zero, ular yetarlicha tajribaga ega bo‘ldi: jahon urushlaridan xulosa chiqardi. Bas, taraqqiy topgan yoki shu yo‘ldagi davlatlarning vazifasi, maqsadi, intilishlari faqat va faqat ideal davlat, mukammal jamiyat qurish bo‘ladi. U endi shu davlat-u jamiyatga munosib komil inson to‘g‘risida qayg‘uradi” deb o‘ylab yurar ekanman. Afsuski, chuchvarani xom sanabman: odam bolasi haligacha “urush-urush o‘yini”ga qonmabdi. Demakki, tafakkuri o‘smabdi. Chiqargan xulosalari, olgan tajribalari yetarli bo‘lmabdi. Eng dahshatlisi nima, aytaymi – biz bola-chaqamiz, o‘y-u xayolimiz, o‘tmish-u kelajagimiz, san’at-u adabiyotimiz, orzu-yu umidlarimiz bilan ana shu o‘sib-ulg‘aymagan odamlar, to‘g‘rirog‘i, “odamcha”lar izmidamiz...
Ichkaridagi urushlar
Chuqurroq o‘ylab qarasak, urushlar avvalo ichimizda paydo bo‘lar, keyin maydonlarga – koridor-u kabinetlarga, cho‘l-u o‘rmonlarga, qishlog‘-u shaharlarga ko‘char ekan. Mamlakatdan mamlakatga o‘tib, ularning kulini ko‘kka sovurar, borliq tiriklikka xavf-u xatar solarkan. Bas, shunday ekan, bugunning va ertaning vazifasi – urushni ichkarisidan tashqariga chiqarmaydigan munosib insonni tarbiyalamoq bo‘lishi lozim emasmi?! Balki, bu gaplar ertakdek eshitilar, lekin oxiri xayr bilan tugaydigan ertaklar to‘qib, ularni hayotga tatbiq qilib yashamasak bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Chunki shu ketishi bo‘lsa, insoniyatning navbatdagi ming yillikni eson-omon o‘tkazib olishi dargumon. Munosib insonni tarbiya qilish – butun dunyo hamjamiyati zimmasida turgan vazifalarning, ehtimol, eng muhimidir. Zero, bugungi zamonaviy qirg‘in qurollari bilan kurrai arzni bir emas, ko‘plab martalab yo‘q qilib yuborish mumkin. Shunday yovuz imkonni o‘z “men”ini idora eta olmaydigan insonga topshirib bo‘ladimi?!
Urushlar, boya aytilganidek, XXI asrda yashab turib ham, insoniyatning bir qismi haligacha g‘or tasavvuri va tafakkurida qolganining isbotidir. Demak, bashar ahli qarshisida ulg‘ayish tomon cho‘zilgan mashaqqatli uzun yo‘l turibdiki, uni bosib o‘tish kerak bo‘ladi. Tajovuzni hatto ko‘ngilda yoqlash ham uni dastaklash, tajovuzkorning yonida turish bilan barobar. Aslida, agressiyalar ko‘ngilda zulmga moyillikdan kelib chiqadi. Buzg‘unchilik va urushga moyillikni yo‘q qilish uchun esa dunyo miqyosida juda katta ma’rifiy ishlar olib borilishi lozim va lobud.
Bundan ancha yillar burun Yaponiya bosh vazirining oliy o‘quv yurtlarida gumanitar fanlarni o‘qitmaslik haqidagi qarorini to‘rtta rektordan boshqa hammasi qabul qilgani to‘g‘risida xabar o‘qigan edim. Nima emish, ijtimoiy-gumanitar fanlarning ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qmish. Oliy o‘quv dargohlarida foyda keltiradigan, ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lgan moddiyatga xizmat qilgich fanlargina o‘qitilishi kerakmish. “Xo‘sh, buning oxiri nima bilan tugaydi?” deya mendan so‘ralsa, “Juda katta voy bilan!” deya javob bergan bo‘lardim. Albatta, mendan-u menga o‘xshash gumanitarlardan so‘raguvchi odam yo‘q hisobi. Ehtimol, shuning uchun ham dunyoni katta tezlikda jarlikka oqib ketayotgan olomon daryosiga o‘xshatish mumkindir. Siz olomonga “Oldinda xavf bor, jarlik bor!” deya qanchalik baqirmang, u beparvo – mudhish yo‘lida davom etmoqda. Bas, siz ham olomon bilan birga ketib boraverasiz. “Nega, nima uchun o‘z joningizni qutqarmaysiz?” degan haqli savol tug‘iladi. Javob bunday: olomonlik darajasi qay darajada kuchliligidan qat’i nazar, eldan ajralib qolish ham jarlikdir. Qolaversa, bugun, ne ajabki, dunyo taqdiri ana shu olomonga, uning kayfiyatiga bog‘liq. Ha, yaqin-yaqingacha dunyoning ravishi xos odamlarning (elita) kayfiyati bilan qoyim edi. Endi bo‘lsa, uni omma, ommaning istaklari boshqaryapti. Siz ulardan alohida bo‘lib hayotingizni qutqarib qola olmaysiz. Uning o‘ziga yetkazgan zarari, ertami-kechmi – mutlaqo, ha, mutlaqo sizni ham topib kelajak. Biz ana shunday zamonda yashayapmiz, zamondosh!..
Dunyoda hali-hamon vayronkor kuch birlamchi ekani meni tashvishga soladi. Insoniyatning bunyodkor ruhga ega sara farzandlari emas, balki buzg‘unchilikka moyil, tafakkur bobida tuban tabaqaga mansub kimsalarning hokimiyat tepasiga kelishi – zamonaviy dunyoning chinakam fojiasidir. Chunki yuz yil oldingi mustabid, istasa ham, Yer sharini o‘qidan chiqarib yubora olmas edi. Bugun esa hozirgi qurollar bilan kurrai zaminni yuz karra teskari aylantirib yuborish mumkin. Sakkiz milliardli Yer aholisining taqdiri bir yoki bir necha kishining kayfiyatiga bog‘liq ekani esa bundan-da ayanchli. Bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!!!
Javobsiz savollar
A’mo odamning ko‘zlari ochilishi bilan ilk qiladigan ishi qo‘lidagi hassani uloqtirish bo‘ladi, deyishadi. Real vaziyatga ko‘ra – kecha ko‘r bo‘lib, bugun ko‘rguvchiga aylangan inson pozitsiyasidan turib qarasangiz, bu tushunarli, albatta. Lekin misolni ramziy anglab, voqelikka hassa tarafdan boqsangiz, ko‘zi ochilgan insonning ishi – borib turgan ko‘rnamaklikdir. Og‘ir kunda tirgak bo‘lganni unutish bu. Inson degan so‘zning lug‘aviy ma’nosi “unutuvchi” ekanini bilamiz. So‘zlar ma’nosining qismatga daxldorlik tarafi borligidan esa ko‘pchilikning xabari yo‘q. Nima, koriga yaragan asoning qadriga yetishi uchun insoniyat umrbod ko‘r bo‘lmog‘i kerakmi? Boshqacha aytganda, urushning kulfatiga iqror bo‘lib, tinchlikning qadriga yetishimiz uchun mudom urush ichida, bugun qo‘limizdan, ertaga oyog‘imizdan ajralib yashamog‘imiz shartmi? Faqat shundagina odamzod o‘z insonlik maqomida tura oladimi? Yo‘qsa, dorilomon kunlar kelishi bilan hayvonlik darajasiga, hatto gohida undan-da tuban pog‘onaga tushib ketadimi?!
Yana o‘shanday javobsiz savollar...
Balki javob qadimiy rivoyatlarda, muqaddas o‘gitlardadir. Zotan, ular inson mohiyatida nuqson borligiga ishora qiladi-ku! Eslang, shayton Ollohga isyon qilib, “Urush chiqaradigan, qon to‘kadigan insonga sajda qilamanmi?” deya savol qo‘yadi. “Qilasan!” deydi Olloh. Insonga esa tanlash imkoni beriladi. U ezgu amali bilan maloiklardan-da yuksalishi, ayni choqda, hayvonni ham uyaltirgudek ma’siyatlarga qo‘l urishi mumkin. Olloh insonning birinchi yo‘lni tanlashiga imkon beradi, shunga chaqiradi. Tanlov o‘zimizdan... Lekin nega biz aksar holda ikkinchi yo‘lni tanlashga moyil bo‘lamiz? Ehtimol, shu yerda ideal jamiyat, mukammal davlat va komil inson tarbiyasi haqida so‘z borishi kerakdir?
Boshqacha avlod
Ammo... lekin... biroq... otamlarning avlodi ancha-muncha boshqacha edi-da, deyman. Oqibatni bilardi. Otam 1940-yilda tug‘ilgan. Uning tengdoshlari frontorti qiyinchiliklarini xo‘b tortgan. Yerda yotgan nonni ko‘rsa, qo‘liga olib o‘pib, peshonasiga surtib, oyoq bosmaydigan joyga olib qo‘yardi. Keyingi avlodlar bu ishni qilmas bo‘ldi. Tepib o‘tishga-ku tepib o‘tmas, lekin otamning avlodiga o‘xshab – xor bo‘lib yotgan non bo‘lagini peshonasiga surtib, chetga olib qo‘ymasdi-da. Undan keyingilar esa, nonni olib-o‘pib, oyoq bosmas joyga qo‘ygich avlod ustidan oshkora kuladigan bo‘ldi. Hozir esa nonni tepib o‘tadiganlar paydo bo‘lgan desam, yoqamga yopishishdan oldin atrofga yaxshilab nazar soling. Chunki ikki katta urush uzoqda qoldi, uning azoblari, yetkazgan zahmatlari unutildi hisob. Qalbda yana o‘sha javobsiz savol tug‘yon soladi: ne’matning qadriga yetmoq uchun faqat urush-u qirg‘in bo‘lib, odamlar it azobini ko‘rishi kerakmi? Katta avlodlar ko‘rgan-kechirganidan xulosa chiqarsak bo‘lmaydimi?..
Balki javob har bir avlod hayotni eng quyidan, “nol”dan boshlagani bilan bog‘liqdir. O‘z tanasida sinab ko‘rmaguncha, na moddiy va na ma’naviy ne’mat qadriga yetmas bu odamzod deganimiz. Men birovni ayblamayapman – kim bo‘libmanki, o‘zgaga qo‘limni bigiz qilib “Sen aybdorsan!” desam. Men bor-yo‘g‘i fikrlayapman, xolos. O‘sha javobsiz savollarga javob izlayapman imkonim darajasida. Garchi topmadim... mabodo topgan bo‘lsam, ularning birontasi ham “alhamdu”ga yaramayotgan esa-da...
Orzung bormi?
Biz bugun nima bilan bandmiz? Ideal jamiyat qurish haqida o‘ylayapmizmi? Yaqinda qo‘shnimiz – nafaqadagi polkovnik bilan uy oldida gaplashib qoldim. U ham jamiyat holini tahlil qilib yurgich ekan. Sobiq harbiy “Ulug‘bek, nega biz bunaqa bo‘lib qoldik? Kichik kattani hurmat qilmaydi, katta esa kichikni izzat qilmaydi. “O‘zbekmiz, o‘zimizga xon-u o‘zimizga bekmiz” deya ko‘kragimizga uramiz. Lekin, o‘ylab qarasam, ko‘krakka mushtlash bilan ish bitmas ekan. Nazarimda, millat o‘laroq talay qusurlarimiz bordek. Avvalo, ko‘p yo‘nalishlar bo‘yicha ortda qolib ketganmiz, ya’ni qoloqmiz. Maqtanish o‘rniga ko‘proq o‘nglanish haqida gapirish kerakmikan deyman-da...” deb qoldi.
Suhbatdoshim haq!
Menimcha ham kamchiliklarimiz mo‘l-ko‘l. Chunonchi, biz hali-hamon uch odim otib to‘xtayapmiz. To‘g‘rirog‘i, to‘xtatilyapmiz. O‘lim to‘xtatyapti bizni. Bu uch odimning oti: imorat, to‘y va aza... Biz necha asrlardan beri o‘z hayotiy maqsadimizni shu uch manzil bilan bog‘lab kelmoqdamiz. Imoratini qurib, bu imoratda to‘y va azasini o‘tkazib olgan o‘zbekning umri ham, orzu-yu maqsadlari ham sob bo‘ladi... Oldimizga yuksakroq maqsadlar qo‘yib yashashga esa nedir xalal beradi. Necha zamonlardan beri shunday... Ammo bu tarz mangu davom etishi mumkin emas. Mabodo, davom etsa, bir kunmas bir kun to‘y va aza marosimlari o‘tkaziladigan imorat qo‘ldan ketishi muqarrar. Uni o‘zgalar egallab oladi. Alhol, orzu-maqsadlarimiz maydalashdi. Shunga yarasha ideallarimiz ham. Nazarimda, ko‘pchilik tuzukroq orzu qilishni ham bilmaydi hozir. Ideallar haqida esa tasavvurga ham ega emas. Odamlar maishiy istaklar domida qolgan: yo‘qsillar qoraqishda issiq va charog‘on uy, saryog‘ surtilgan bir burda non istaydi. O‘ziga to‘qroqlar – dang‘illama hovli-joy, “siti”lardan “aqlli uy”, qimmat mashina-yu eng so‘nggi rusumdagi telefon. Sal ilg‘orlari – sayohat qilaman deydi... Endi el tamomila o‘zga masalalar ustida bosh qotirayotgan bo‘lishi kerak emasmi?! Nega hanuz maishiy istaklar millat kuntartibidagi bosh mavzular bo‘lib qolmoqda?! Hayotiy mo‘ljallarimiz maishiy istaklar darajasida belgilanaversa, tinimsiz o‘zgarib-turlanib borayotgan dunyo tegirmonidan eson-omon chiqa olamizmi? Xavotir shundan! Tunov kun ancha yillar burun ishlangan “Kurer” degan filmni takror ko‘rdim. Kinodagi bir epizod har gal ko‘rganimda mening bag‘rimda tanda qo‘ygan ko‘hna yarani yangilab yuboradi. Qahramon do‘stidan so‘raydi:
“– Orzung bormi?
– Bor.
– Xo‘sh?
– Palto sotib olish.
– Iya, shu ham orzu bo‘ldimi?
– Bo‘lmasam-chi, bultur paltosiz qolganim uchun qishi bilan shamollab chiqdim.
– Unda, ma, ol, – deya qo‘lidagi paltosini o‘rtog‘iga hadya etib yuboradi qahramon va qo‘shimcha qiladi: – Buyuk narsalarni orzu qilish kerak, eshityapsanmi, buyuk narsalarni! Sen esa palto deysan...”
Siz bilan biz-chi? Qayerga yetib keldik va nimalarni orzu qilyapmiz, qadrdonim zamondosh? Bizning ham ko‘zlarimiz o‘sha paltoda (issiq va charog‘on uyda, villada, qimmatbaho mashinada, mansabda, shuhratda, xorijda...) emasmi mabodo?! Ular bizni maqsadimizga olib boradigan vositami va yoxud allaqachon maqsadning o‘ziga aylanib ulgurdimi? Ha, biz orzuni istak darajasiga tushirib qo‘ydik. Istak badanning ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lsa, orzu, chinakam orzu ruhning, inson javharining ehtiyojlari bilan vobastadir. Kechagi kunimizdan xulosa chiqarib yashamasligimiz orzu-yu maqsadlarimizning maydalashib, haddan tashqari maishiylashib ketgani bilan ham bog‘liqdir, ehtimol...
Faqat istak bilan yashagan inson ham, millat ham orzu qilmoq baxtidan mosuvo. Orzu qilolmagan inson-u millat esa jismi bor-u, o‘zi yo‘q xilqatga aylanadi. U sarkash savollarga javob izlash ne, hatto bu haqda o‘ylamoqqa ham qodir emas. Qo‘lidan keladigan birgina ish – zamon daryosida oqish. Zero, boshqa daryolarda u g‘arq bo‘ladi. Bizni yuksak orzulargina o‘zgartirishi mumkin. Orzu qilishdan, qilganda ham baland-baland orzular qilishdan tolmaylik. Zero, orzumand insongina urushdan, qon to‘kishdan hazar qiladi.
Ulug‘bek HAMDAM
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 1-son.
“A’mo yo‘qotgan aso” maqolasi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q