Murod Muhammad Doʻst tavsiya qiladi: pichirlab oʻqish sinoati, “Navoiy”dan ustunroq “Qutlugʻ qon” va yuristlar taqriz qilgan “Shum bola”


Saqlash
23:10 / 23.05.2023 1455 0

Kitob va kitobiylik

 

Lugʻat titib bildimki, ogʻzaki tilda uchramaydigan yoki kam ishlatiladigan soʻzlarni yozmada qoʻllash “kitobiylik” deb atalar ekan.

Shahri Kitobda tugʻilgan shoir yoki olimlarning taxallusi sifatida ham uchrar ekan.

Sunʼiy, yasama, yaltiroq soʻzlar ham shu jinsdan ekan.

Ongi atala ulus orasida chiroyli soʻzlash ham kitobiylik boʻlar ekan.

“Romantika” atalmish koʻhna dardning oʻzbekcha muqobili ham ayni shu – kitobiylik ekan.

Menga oxirgi taʼrif koʻproq yoqdi.

Alqissa, umrning adogʻida, onda-sonda holga yarasha soʻz bitayotgan chogʻlarimda kitobiylik degan dardga ozgina chap berishni oʻrgandim.

Aslida kitobiylik, aniqrogʻi – kitoblarda bitilgan turli xayol-u orzularga ortiqcha berilish ayb emas. Xayolot ogʻushida yurish mumkin va koʻp maroqli. Lekin bu tarzda yashamoq qiyinroq.

Koʻp orzularimiz sarob boʻlib chiqqanini koʻrdik, bildik, azobini chekdik, lekin baribir koʻngil qurgʻur yana va yana orzu etarga undaydi. Lekin endi, keksalik chogʻida, eski otashin undovlar choʻgʻi soʻnib bitganday. Kul tepasida oʻzimiz ham ijobatiga ishonmaydigan tilaklar, oʻta joʻn, biri biridan ojiz, ammo birday nek va yorugʻ tilaklar qoldi, xolos. Aytaylik, bu koʻngli ozurda millatga ham roʻshnolik bergin, degan kabi...

Albatta, yaxshi kitob oʻqiganda uygʻonadigan hayajon, koʻngilni yengil qitiqlab qoʻyadigan titroq hisob emas. Yillar zalvari yelkadan bosib, koʻng­li toshday qotgan odamning ham (jillaqursa oʻziga) ojiz boʻlib koʻrinmoqqa haqqi bor.

 

Bola pichirlab oʻqiydi

 

Ancha orif odamlardan bolalikda oʻqigan kitoblarini soʻrasangiz, dabdurustdan uyatchan boʻpqoladi, soʻng, goʻyo bugungi aqli yetuk odamning qachonlardir bola boʻlganidan aybsingandek, nechadir kitob nomlarini qimtinibroq sanaydi.

Harholda, shuncha yashab Arastuning “Aflotun bilan suhbatlar”ini goʻdaklik kezlari oʻqigan odamni uchratganim yoʻq.

Tabiiyki, kitoblar roʻyxati juda qisqa boʻladi (bugungi nomai aʼmol va umuman tarjimai hol qarshisida eslashga ham arzimaydi, shunchaki zarra, zarradan ham zabunroq).

 

Kitobxonligim kitob oʻqishdan emas, rahmatli otam oʻqib bergan turli paygʻambarnoma-yu jangnomalarni, uzun qish tunlari sandal atrofida aytilgan sanoqsiz doston-u ertaklarni eshitishdan boshlangan.

Keyinroq harf tanib, ilk bor soʻz tuzishni, bir soʻzni boshqasiga zarb etishni oʻrgandim. Burro oʻqishdan hayratga tushganim yoʻq. Endi bilsam, hayrat degani jimit barmoqlari harfdan harfga, soʻzdan soʻzga koʻchayotgan serhadik bolaning tepasida turgan muallimning koʻlankasida qolib ketgan ekan.

Haqiqiy hayrat keyinroq – kitob bilan yolgʻiz qolganimda keldi.

Yana esda asralgani – pichirlab oʻqiganim. Hali-hanuz bolaning pichirlab oʻqishida nedir sinoat izlayman. Balki ne azobda tuzgan soʻzlarini hurkitib yubormaslik uchun baralla ovoz chiqarmas...

Bugunga qadar soʻzdan hayiqib, hayiqmoq ne – qoʻrqib turishimni yana qanday izohlashim mumkin?!

 

Qoʻrqoq kitobxon

 

Qoʻlga nima tushsa oʻshani oʻqiganman. Bilmasvoy, Gulliver, Robinzon Kruzo, Alpomishu Gilgamesh, xullas, “Tohir-Zuhra, Yoriltosh, / Oyni uyaltirgan qosh"... toki kapitan Grantning yetimchalari qadar...

“Boshsiz chavandoz” haqida alohida gapirmasam boʻlmaydi. Negaki, Mayn Ridning qahramonlarini bugun ham nom-banom sanashim mumkin: Kassiy Kolhaun, yilqichi Moris, iskovuch chol Zeb Stump, boshsiz chavandoz Henri Poyndeksterning masʼum singlisi Luiza Poyndekster, ispan goʻzali Isidora Kavarubio de Los Lanos… Ayniqsa, oxirgisi zoʻr jaranglardi!

Endi anglasam, jomlik mishiqi bola oʻsha kezlardayoq qishlogʻini tark etib ulgurgan ekan.

Keyinroq Jonatan Sviftni oʻrischada oʻqib, Gulliverning aslini koʻrdim. Baʼzida Gulliver oʻzbekchaga tugal oʻgirilmaganmikan, deb ham oʻylab qolaman. Toʻgʻrisi, yaxshilab surishtirishga hafsala ham yoʻq. Shunchaki, Gulliver degani sarguzasht roman emas, balki irlandcha zarbulmasal – haqiqiy siyosiy satira ekanini xiyla kechikib anglaganimni tan olmoqchiman, xolos.

 

Bolalikdan oʻsmirlikka koʻchsak, Shukur Xolmirzayevning “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor?", Odil Yoqubovning “Muqaddas”, “Tilla uzuk” degan qissalarini oʻqiganimni eslayman. Bu qissalarni qaytib qoʻlga olganim yoʻq. Qayta oʻqisam yoqmay qolishidan qoʻrqaman. Takror mutolaadan koʻra, qoni endi gupura boshlagan oʻspirin kitobxonning enti­kishlarini eslash shirinroq tuyuladi.

Ayni odat bora-bora irimga aylanishini tasavvur ham qilmaganman.

Abdulla Qahhorning “Sarob” romani – tasvir etilmish muhit nafasini tuyganim bilan qadrli. Oʻqiganda negadir salbiy qahramon – Saidiy tarafida turganman. Keyin bilsam, Qahhor domla ham aslida biz tarafda turgan-u, lekin zamona talabiga quloq tutmoqqa majbur boʻlgan ekan…

“Sarob”ni ham qayta oʻqishdan choʻchiyman.

 

“Oʻtkan kunlar”ni oʻsmirlikda yigʻlab xatm qilganman. Roman voqealarini mayda tafsilotlari qadar eslayman. Bir vaqtlar “Oʻtkan kunlar” – oʻzbek milliy ongining ajralmas parchasidir”, deb yozganimdan tonmayman.

 

Oybek domlaning “Navoiy” romanidan bugungi qoliplarga koʻpda mos kelmaydigan “Qutlugʻ qon” romani ustunroq tuyuladi.

 

Mavridsiz iqror

 

Yigitlik chogʻida kitobxonlik rasmana dardga aylandi. “Kitobxoʻr”, “kitob jinnisi” degan iboralar ham boʻlardi. Dardga davo beradigan eng yaxshi tabiblarimiz Mahkam Mahmudov, Murod Xidir va Mahmud Saʼdiy edi. Biz istab topolmagan neki kitob boʻlsa – Hammurapi qonunlaridan toki Hegelning “Metafizika”si qadar – shu uchovida, juda boʻlmaganda, uchovidan birida albatta topilardi.

Baland gʻurur bilan oʻta xokisorlikning goʻzal sulhini shu uch aziz insonning tabiatida koʻrganman. Uchovidan ham birday qarzdorman. Bizga – egni yupun, qorni och va ochligi barobar orzumand musofir yigitchalarga vaqtida mehr-u marhamat koʻrsatgani, oʻzlari nochor boʻlaturib qornimizni toʻygʻazgani, koʻchada qolgan chogʻlarimizda boshpana berganini bot-bot eslayman. Bemavrid boʻlsa-da shuni aytgim keldi...

 

Dunyo ayvoni keng

 

Qalam qitirlatib, oʻzimizcha “raqib” izlab, torgina maydon ichida gʻimirlab yurgan chogʻlarimiz ayniqsa kulgili edi. Yangi kitobmi yoki gazet-jurnalda bosilgan hikoyami – barini titkilab oʻqirdik. Chimxoʻrroq boʻl, vaqtingni ayagin, nodon, deb aytadigan maslahatgoʻy boʻlmagani bugun alam qiladi.

Biz yigitlikda havas qilgan, keyinchalik qadrdon akalarimizga aylangan Oʻlmas Umarbekov, Uchqun Nazarov, Shukur Xolmirzayev, Oʻtkir Hoshimovning qissalarini oʻqish naqd bayram edi.

Yana bir akamiz – Neʼmat Aminov keyinroq “Yelvizak”ni bitgani Buxorodan keldi.

U kezlar el suygan adiblar Odil Yoqubov bilan Pirimqul Qodirov davrasi bizdan ancha yuksakda edi. Keyinroq ular bilan ham tanishdik...

Odil Yoqubovning “Diyonat” romani peshdek. Odatda, “Ulugʻbek xazinasi” koʻproq maqtaladi. Muallif tarixiy asarni yozaturib talay manbalarni oʻrgangani, koʻproq mehnat qilgani aniq. Lekin “Diyonat” romani katta hayajon bilan yozilgani bilan ustunroq tuyuladi. Romanda muallifning issiq nafasi seziladi.

Rahmatli Odil muallim oʻta gʻayratli edi. Tabiatida sahroyilarga xos bir junun, oʻjar asovlik boʻlardiki, qimmatli vaqtini yolgʻon takalluflarga sarflab yurmasdi. Oʻylaganini aytar, birovni ayab oʻtirmas edi. Shu sabab, shoʻroviy mafkura dargʻalari yozuvchi eski zamon vakili – sulton Ulugʻbek haqida roman yozganida ham unga daxl qila olmagan, ochiqrogʻi, qoʻrqqan.  Koʻtarilgan gurzilar boshqa birovning – Mirzo Bobur haqida roman bitgan Pirimqul Qodirovning boshiga tushgan.

Rahmatli Pirimqul muallim Odil muallimning aksi – oʻta joʻyali, tabiati andak biqiq boʻlsa-da, birday yumshoqfeʼl va birday tartibli odam edi. Tarixni sinchiklab oʻrgandi, “Yulduzli tunlar”ni yozib, oʻzini oʻzbek sanagan odamlar olqishini oldi.

Balki yoshlik hayajoni bilan oʻqilgani uchundir, menga Pirimqul Qodirovning hadiksiz, samimiyat bilan yozilgan, bugun salkam unutilgan ilk romani – “Uch ildiz” aziz boʻlib tuyuladi.

 

Eski zamonlarda yashab oʻtgan mumtoz va muborak zotlarga kelsak, hazrat Navoiyni oʻqiganman, lekin tuzukroq bilmayman. Yaxshiroq anglashga qurbim yetmagani sabab, ustozlarimiz Erkin Vohidov, Aziz Qayumov, doʻstimiz va ustozimiz Ibrohim Haqqulning suhbatlariga ishqiboz edim.

Men uchun hazrat Navoiyning buyukligi – Attor majozini mahv etib, Semurgʻ vasliga intiq turfa xil qushlarni nechadir vodiylardan olib oʻtgani va turfa qushning har biriga uning oʻzi Semurgʻ ekanini anglatgani.

 

Boburni ham koʻp oʻqiganman, gʻazal-u ruboiylarini yod olganman, lekin uni ham yaxshi bilaman deb aytolmayman. “Boburnoma”ni ancha tushunib mutolaa qilganman. Yana oʻqish niyatim bor. Zabardast shoir, zabardast olim. Iqror borasida koʻrsatgan jasorati askariy jasorati bilan barobar inson.

 

Ahmad Yassaviy, Lutfiy, Soʻfi Ollohyor – alohida dunyo. Turkiy soʻz aytmoq istagan odam eng avval buloq boshida turgan shu zotlarni bilmogʻi, izzat qilmogʻi kerak.

 

Gulxaniyning “Zarbulmasal”i – koʻngil toʻrida asrashga arzigulik asar. Serjilo istehzo va sharqona tavoze tufayli zahri chandon oshgan mazax – oʻz yoʻliga, meni hayratga soladigan boshqa jihat – muallifning soʻzlash uslubi, yuzlab maqol-u matallarni sanoqli sahifalarga joylay olgani. Neki hol bor – shunga yarasha maqol.

Oʻrish-u arqogʻida turkiy, forsiy va arabiy soʻz iplari qorishib ketgan, bu kun odamlarining yuksak nazariga ilinmogʻi gumon boʻlgan “Zarbulmasal”ning nimasi yaxshi, degan xayolga boraman. Javobini yana bolalik kezlarimda quloqqa singib qolgan ohangdan topganday boʻlaman: roviylar andoq   rivoyat qilibdurlarkim...

Nedir aniqroq maqsad bilan oʻrganmaganim sabab, xalq dostonlari haqida koʻp gapirishga kuchim yetmaydi. Menga ne-ne baxshilarni mast qilgan muhtasham ohanglarni eslashning oʻzi yetib-ortadi.

“Alpomish”ning turli talqinlari, “Goʻroʻgʻli” dostonlari turkumidan ozmuncha xabarim bor. Termalar ham, terma orasida kelgan “qora” soʻzlar ohangi, soʻzlash (aytish) ritmi, soʻzlarning turfa suvratlaridan tuygan hayratim jon chiqqusi qadar soʻnmasa kerak.

 

Darvoqe, rahmatli doʻstimiz Togʻayning, Togʻay Murodning koʻhna dostonlarimiz qaʼridan oʻsib chiqqani aniq. Uning yozganida eski, yoddan koʻtarilay degan ohanglar qayta tirilgani yoqadi menga. Yaʼniki, toʻgʻri topilgan (sozlangan, deb aytgim keladi) ohang kuchanmay soʻzlash qudratini beradi.

 

Yangi, lek eski mavzular

 

Men yoqtirgan bir qator kitoblarning mavzusi bitta ekan – zabunlikdan yuksakka talpingan, chekkan mashaqqati bois ozmuncha boylik va shuhrat qozongan, lekin yana tepadan pastga qulagan odamlar.

Birinchi, oʻsmirlikda oʻqilgan kitob – Jek Londonning “Martin Iden”i.

Ikkinchisi – Skott Fitsjeraldning “Buyuk Getsbi” romani.

Uchinchisi – Teodor Drayzerning “Daho” romani.

Ozgina istisno bilan bu qatorga Tomas Vulfning “Vzglyani na dom svoy, angel” (oʻrischada oʻqiganman, oʻzbekcha nomini topolmadim) romanini ham qoʻshsa boʻladi.

 

Izlasak, tuzukroq eslasak yana topiladi.

Deylik, Oʻlmas Umarbekovning “Odam boʻlish qiyin”, Oʻtkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” kitoblarida ham uyqash mavzuni koʻramiz.

Umuman, yuksalib yana qulagan inson mavzusi oʻquvchini muqarrar rom etadi.

Million bor takrorlanib ham siyqasi chiqmagan muhabbat mavzusi. Hodi Toqtoshdan oʻtkazib aytish qiyin: “Muhabbat ul eski narsadir, har bir qalb oni yongʻorta”. Oʻquvchi oʻqiydi va oʻz yozigʻiga qiyos etadi. Armonlar boʻlishi shubhasiz. Xuddi rahmatli shoirimiz Abdulla Oripov aytganidek: men muhabbat taqdirimdan maqtanolmayman… Bandasi borki, mudom shu ishtibohni chetlab oʻtolmaydi.

 

Faqat sen kel, yuragimda armon boʻlgan his,

Sensiz hayot puch bir narsa, ermak, omonat.

 

Kambagʻalning alaloqibat roʻshnolik topishi – Nuh paygʻambar zamonidan beri adabiyotni choʻktirmay kelayotgan mavzulardan biri. Ozgina mohirlik boʻlsa bas, yozuvchi yutqizmaydi.

 

Quvligi barobar quvnoq muttaham mavzusi yanada zavqliroq. Eng ibratli isbot uchun Nikolay Gogolning “Oʻlik jonlar” poemasini eslash kifoya.

 

Qarqaralik, qaydan kelding qoshima

 

...Qaydagi baloni solding boshima...

Mirtemir domlaning shu va yana yuzlab satrlarini koʻp eslayman.

Yigitlik chogʻida uning “Surat” dostonini yod bilardim. Mirtemir domla bizga ilk bor va keyin uzluksiz soʻz sehr-u hayratini tortiq etgan insonlardan biri edi.

Mirtemir domla oʻzbekcha soʻylagani, oʻzbekcha oʻylagani, yorugʻ dunyoni oʻzbekcha idrok etgani bilan koʻngilga yaqin. Qoraqalpoq, qozoq va boshqa turkiy qardoshlarning ham aytuv-aytishuvlarini mukammal bilgan, qardoshlar ohangini oʻzimizning sof oʻzbekcha ohanglarga bexato payvand eta olgani bilan koʻngilga yaqin.

 

Oʻzbekcha soʻzlash va yozish haqida gap ketarkan, Abdulla Qodiriy bilan Gʻafur Gʻulomni tilga olmasam gunoh boʻladi.

Qodiriyning tahsinga sazovor “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari emas, hajviy hikoyalari (hatto yeng ichida bitilgan felyetonlari ham) menga katta maktab boʻlgan. Adibning kichik hikoyalari – butunlay boshqa olam. Ularda yozuvchi roman janrining qafas yangligʻ qoidalaridan butkul ozod qiyofada koʻrinadi, oʻzbekning koʻchalarni toʻldirib jaranglagan sarbast va sodda tilida soʻzlaydi, xalqona iboralar, kinoya, qochiriqlarni ishlatadi, boringki, oʻz tilining jozibasini koʻrsatadi. Yayrab, huzur qilib yozgani har bir satrida zuhur etadi.

 

Gʻafur Gʻulomning nasriy asarlari haqida ham ayni shu fikrni aytish mumkin. Yaqinda bir singlimiz “Shum bola” haqida gapiraturib, asarning dastlabki qismi qatagʻon yillarida yozilganini eslatdi, keyin, ommaviy qoʻrquv zamonida muallif koʻngliga shu qadar quvnoq ohang qanday sigʻdi ekan, deya savol qoʻydi. Buni hech oʻylamagan ekanman. Koʻplashib, balki Gʻafur Gʻulom qoʻrquvdan qochib, Shum bola sarguzashtida panoh topgandir, degan xulosaga ham keldik. Mavhum, lekin universal xulosa. U bilan asarning oʻsha ogʻir zamonda chala tashlab qoʻyilganini ham bemalol izohlasa boʻlaveradi.

 

Baʼzida “Shum bola” choʻ-oʻ-oʻzib yozilgani yaxshi boʻlgan, deb oʻylab qolaman. 1936-yildagi Gʻafur Gʻulom nasrga unchalik boʻyin egmagani aniq. Lekin 1962-yildagi Gʻafur Gʻulom nasriy asar beradigan zavq ashʼor zavqidan kam emasligini bilib ulgurgan. “Yodgor”, “Netay”, “Mening oʻgʻrigina bolam”, Nasriddin Afandi turkumi... Biri biridan sara asarlar. Lekin “Shum bola” – haqiqiy shedevr. Unda Sharq adabiyotini chuqur bilgan donishmand odamning koʻlamli shaxsi borki, sahifalarda “Ming bir kecha”, eski jangnomalar, asrlar osha xalq ichida yashab kelgan quv latifalar nafasi seziladi.

“Shum bola” shu qadar xalqchil va sevimliki, hatto yuristlar ham uni oʻrganadi va taqriz yozadi: “Agar ikki qahramonni(ng) (Shum bola bilan oshnasi Omon – M.M.D.) psixologik kriminogen delinkventlik holatini tahlilga olsak... faqat muhtojlik – turli kriminogen vaziyatlarga aralashib qolishiga sabab boʻladi”.

Iqtibos – real, uni keltirganim – shunchaki hazil.

 

Odil boʻlish qiyin

 

Jiddiy gapga qaytsak, yozishni hunar tutgan kishi hech qachon odil kitobxon boʻlolmaydi. Qaysi kitobni oʻqisa, uning qadrini oʻzi pesh bilgan aqida qarichi bilan oʻlchaydi. Turli mayl va istaklaridan bir nafas boʻlsin uzoqlashib ketolmaydi, oʻrinsiz ishlatilgan soʻzga qoqilsa, butunboshli kitobni chekkaga uloqtirishi ham mumkin.

Oʻzimdan misol keltirsam, Dostoyevskiyni dastur va umumiy savod-u saviyani oshirish zarurati bois koʻp oʻqiganman, lekin ijodiga koʻngil qoʻya olmaganman. Ha, albatta, dunyoga mashhur ulkan yozuvchi, oʻz millatining koʻrki, gʻururi. Lekin uning shaxsida ham, asarlarida – goh oshkora, goho pinhona – shovinizm seziladi. Shuni tanga singdirishim qiyin.

Tolstoyning shaxsida ham, asarlarida ham kenglik, tantilik koʻraman. Oʻzi iqror boʻlmish yuzlab gunohlari bilan, umr boʻyi haqni izlab chekkan iztiroblari bilan qoʻshib sevishga arziydigan buyuk yozuvchi!

Yana bir yaxshi koʻrgan, balki eng yaxshi koʻrgan yozuvchim – Gogol. Dardli istehzoda tengi topilmas adib. Undan oʻzimga ham ozgina yuqqan. Harholda, bilgichlar shunday deydi.

 

Kutubxonamda Gogolning shoʻrolar zamonidan ham oldin chop etilgan oʻn kitobdan iborat toʻplami bor. Toʻqqiz kitobning muqovasi uringan-u, lekin sogʻ. Eng koʻp oʻqilgan boʻlsa kerak – “Oʻlik jonlar”ning asl muqovasi saqlanmagan, boshqa joʻnroq latta muqova ichiga solingan.

Baʼzan Gogolni ovoz chiqarib oʻqiyman. Zavqlanaman, baralla kulaman. Necha yillardir oldin bolalarimga ham oʻqib berdim. Ular diqqat bilan eshitdi, ammo men tuygan zavqni tuymadi. Afsuslandim, lekin xafa boʻlib oʻtirmadim. Men uloqchi ot emasmanki, toylarim izimni bossa...

 

Kimdan, qaysi yozuvchidan nimani va qancha oʻrganganimni dabdurustdan aytishim qiyin. Har bir katta yozuvchining betakror uslubi bor. Shunga qoyil qolib oʻqishning oʻzi kifoya. Vaqtida biz talashib oʻqigan adiblarni sanab sanogʻiga yetolmayman: Heminguey, Folkner, Remark, Akutagava, Tagor, Garsia Markes, Asturias, Fozil Iskandar va boshqa va boshqalar...

Uzun roʻyxatda “Darvesh va oʻlim” romani muallifi Mesha Selimovich ham bor edi. Keyinroq, ancha keyin Milorad Pavichning nomi qoʻshildi.

Har biriga taʼrif bermoqqa bir bandaning umri yetmaydi.

 

Doʻstlar bilan Magʻrib-u Mashriq adabiyotidan koʻp yozuvchilarni oʻqidikki, kitob nomlarining oʻzi kichkina kitob boʻladi. Oʻqigan oʻqimaganga maqtanib soʻzlagan kitoblar nomi undan-da bisyor.

Adabiyotda nedir tuzukroq narsalar bitgan tengdosh shoir-u yozuvchilarni avlod atash rasm boʻlgan. Boringki, boshqalar uchun avlod ham boʻlaylik. Rostparast, soʻzparast, betgachopar; nosirlari ancha kibrli, shoirlari oʻta baqiroq, keyinroq sal bosilib, onda-sonda tazarru tarafga ham yuz burgan avlod...

Tabiiyki, qandaydir mavhum avlodni oʻylamasdik. Nuqul “men” deb gapirardik. Keyinroq insofga kelib, “biz” yoki “oʻzimiz” deb gapirishni ham oʻrgandik. Ayniqsa – “oʻzimiz” degan anglashma davraga huzur baxsh etardi.

Bugun davramiz jisman kichraygan. Lekin tirik yurganlar har gal yigʻilganda yana kengayadi – gʻoyibga ketgan doʻstlar qaytib keladi...

 

Murod MUHAMMAD DOʻST

“Tafakkur” jurnali, 1-son. 2023-yil.

“Soʻz qarshisida qoʻrquv” maqolasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//