Til – millatning koʻzgusi. Millat hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlar tilda oʻz aksini topadi. Til yoʻqolsa, oʻsha millat ham tanazzulga yuz tutadi. Bunga tarixda misollar bisyor. Jadid bobokalonimiz Abdulla Avloniyning ushbu gapi fikrimizga dalil bo‘ladi: “Har bir millatning dunyoda borligʻin koʻrsatadurgan oyinayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdir”.
Birlashgan millatlar tashkiloti ma’lumotiga koʻra dunyoda mavjud bo‘lgan tillarning yarmi XXI asr oxiriga kelib butunlay yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida ekan, bu esa butun insoniyat uchun tuzatib bo‘lmaydigan yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Shu bois UNESCO 2001-yildan yoʻqolib borayotgan tillarni aniqlash, ularni saqlab qolish choralari bilan shug‘ullanishni boshladi.
2003-yil mart oyida tashkilot yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan tillar bo‘yicha bir guruh ekspertlardan sohadagi ishlarning butun dunyo bo‘ylab holati to‘g‘risida hisobot tuzishni so‘raydi. Mutaxassislar UNESCOga tilning oʻlik tilga aylanmasligi uchun tillarni saqlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berdilar.
Aslida bundan 20 yillar avval tillarning yoʻqolib borishi boʻyicha tadqiqotlar olib borayotgan juda koʻp olimlar bong urganlar. Ular noyob o‘simlik va hayvon turlarini qayd etadigan biologlardan o‘rnak olgan holda, bir necha xalqaro jamg‘armalar ko‘magida yo‘qolib borayotgan tillar haqida ma’lumotlar toʻplaydilar.
Dunyoda eng koʻp so‘zlashuvchisi bor 5 ta til quyidagilardir:
1. Ingliz tili – 1 milliard 137 millon kishi;
2. Xitoy tili – 1 milliard 117 million kishi;
3. Hind tili – 615 million kishi;
4. Ispan tili – 534 million kishi;
5. Fransuz tili – 280 million kishi.
Yer yuzida 6000 ga yaqin til bor boʻlsa, mavjud tillarning yarmida 10 000 nafardan kam, choraktasida esa 1000 nafardan kam odam gaplashadi. Avstraliyalik aborigen tillari va amerikalik hindu tillarining ko‘pida so‘zlovchilar nisbatan ancha kam. Amazon havzasidagi har bir tilda o‘rtacha 150 kishi so‘zlashadi.
Dunyo tillarining yarmi faqat sakkizta davlatda joylashgan: Papua-Yangi Gvineya (832 til), Indoneziya (731 til), Nigeriya (515 til), Hindiston (400 til), Meksika (295 til), Kamerun (286 til), Avstraliya (268 til) va Braziliya (234 til). Agar Yevropada 50 ga yaqin til mavjud bo‘lsa, Yangi Gvineyada bu raqam atigi 6 million kishilik aholi bilan 2000 ga yaqinlashadi.
Haligacha umuman oʻrganilmagan tillar ham borki, ular haqida hech qanday ma’lumot topolmaysiz. Masalan, Amazon havzasida dunyo taraqqiyotidan uzilgan va oʻz qonun-qoidalari bilan yashaydigan qabilalar bor. Braziliyalik etnolog Sidney Possuelo hukumatga bu qabilalar hayotiga aralashmaslikni tavsiya qilgan, chunki ularning turmush tarziga aralashuv mahalliy aholining yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelgan edi. Shu sabab Braziliya hukumati mazkur hududlarga begonalarning kirishini taqiqlash orqali sivilizatsiyadan uzilgan qabilalarni himoya qilishni maqsad qilgan. Shunga o‘xshash taqiqlar allaqachon Braziliyaning shimoli-g‘arbiy qismi Javari vodiysidagi 17 qabilaga (jami 1300 dan ortiq til) qo‘yilgan bo‘lib, ularning tillari haqida ma’lumot olish imkonsizdir.
Dunyo tillarining nomlanishi xususida ham noaniqliklar bor. Bunday holat ba’zi tillarning qanday nomlanishi, kimga tegishliligi masalasida muammolar keltirib chiqaradi, chunki ma’lum tilda so‘zlashuvchilar odatda ularni “bizning tilimiz” yoki “ona tilimiz” deb atashadi, ba’zi tillarga nomlar missionerlar yoki tilshunoslar tomonidan berilgan. Shuning natijasida u yoki bu nomga qancha aniq tillar mos kelishini aniqlashda qiyinchiliklar mavjud.
Ba’zi hollarda nomlar bir vaqtning o‘zida bir nechta tillarni o‘z ichiga olishi mumkin (bu, masalan, xitoy, arab va kechua tillariga tegishli). Boshqa hollarda esa bir tilga mahalliy aholi va chet elliklar tomonidan berilgan bir nechta nomlarga duch kelinadi. Bu tendensiya siyosiy qarorlar va yangi belgilarning qabul qilinishi bilan kuchayib bormoqda: masalan, Kanadaning qutbli mintaqalarida yashovchi xalqlar endi eskimos tilida emas, balki inuktitut tilida gaplashadi; Gvatemala hindularining tili endi jakalte nomidan popti nomiga o‘zgargan.
Tillar tug‘iladi, yashaydi va rivojlanadi, kengayadi va tarqaladi yoki aksincha, so‘nadi va o‘ladi. Taxmin qilinishicha, hammasi boʻlib 30 000 ga yaqin tillar hozirgacha hech qanaqa iz qoldirmasdan yoʻq boʻlib ketgan. Rim istilosi o‘nlab tillarning yo‘qolishiga sabab boʻldi, ularning o‘rnini lotin tili egalladi. Ispaniya istilochilari kelishidan oldin Inka imperiyasining kengayishi va keyinchalik ispan missionerlari tomonidan Kechua tilidan foydalanilishi natijasida And tog‘larida o‘nlab tillar yo‘q qilindi. Braziliyada 1530-yilda Portugaliya mustamlakasi boshlanganidan beri mavjud tillarning to‘rtdan uch qismi o‘lgan. Meksikada yo‘q bo‘lib ketgan tillar soni ma’lum emas, ammo mustamlakachilikning birinchi o‘n yilliklarida mahalliy aholining 90 foizi qirilib ketishi natijasida tillar ham yoʻqolgan.
Tillarning o‘lishi bugun har xil sur’atlarda sodir bo‘lmoqda, oxirgi o‘n yilliklarda bu jarayon barcha qit’alarda tezlashdi. 1970-yillargacha aborigenlarga oʻz ona tillaridan foydalanishni ta’qiqlab kelgan Avstraliya oʻlik yoki yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillar soni boʻyicha rekordchi hisoblanadi. XX asr boshlarida u yerda mavjud boʻlgan 400 ta tildan hozir atigi 25 tasi qolgan. 1400 ta Afrika tillaridan kamida 250 tasi yoʻqolib ketish xavfi ostida, 500–600 tasi esa soʻzlashuvchilar soni kamayib borishi bilan passiv tilga aylanmoqda. Tayvanda 23 tilning yarmidan ko‘pi xitoy tilining bosimi ostida qolgan.
Ilgari epidemiyalar, urushlar yoki tug‘ilish darajasining pasayishi tufayli odamlarning jismoniy o‘limi natijasida til yo‘qolgan. Hozirda tillarning passiv tilga aylanishida shu tilda gapiruvchilarning u yoki bu tarzda ixtiyoriy ravishda boshqa, dominant tilda soʻzlashishga o‘tishi ham katta roʻl oʻynaydi. Ba’zi hollarda esa siyosiy hokimiyat fuqarolarni oʻz ona tili qolib, rasmiy tilda gapirishga majbur qiladi. Bundan tashqari, so‘zlashuvchilar o‘zi va farzandlari jamiyat integratsiyalashuviga hissa qo‘shishi mumkin deb hisoblab, dominant til foydasiga o‘z ona tilidan voz kechishi mumkin. Biroq, bu strategiya dunyoning ba’zi qismlarida samarasiz ekanligi allaqachon isbotlagan: bolalar dominant tilni mukammal egallagan bo‘lsalar ham, bu ularning muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlariga ta’sir qilmaydi. Qolaversa, shu yo‘l bilan ular o‘z ona tillarida deyarli gaplashmay, ota-onalari va qarindoshlaridan uziladilar. Bu holat sizga tanish tuyulmayaptimi?!
UNESCO tashkiloti ekspertlari tilning yoʻqolib borishiga ta’sir qiluvchi omillarni 0 dan 5 gacha boʻlgan xavflilik koeffitsiyentini ishlab chiqdilar. Bunda tilning avloddan avlodga oʻtib kelishi asosiy mezon sifatida e’tiborga olindi.
5 koeffitsiyenti. Bunda butun avlod vakillari shu tilda so‘zlashadi. Tilning rivojiga hech qanday xavf yoʻq, deb hisoblanadi.
4 koeffitsiyenti tilga ma’lum xavf borligini anglatadi. Bunda yoshlarning bir qismi ma’lum sohalarda (masalan, ta’lim, savdo-sotiq) oʻzga tildan foydalanadi.
3 koeffitsiyenti tilga yuqori xavf borligini anglatadi, bunda jamiyatning oʻrta qatlami ona tilida gaplashadi.
2 koeffitsiyenti tilga jiddiy xavf borligini bildiradi, chunki jamiyatning faqat keksa avlod vakillarigina ona tilida so‘zlaydilar.
1 koeffitsiyenti tilning oʻlib borayotganini koʻrsatadi, chunki bunda sanoqli keksa avlod vakillarigina shu tilda gaplashadi.
0 koeffitsiyenti tilning oʻlik tilga aylanganini anglatadi, chunki bu tilda gaplashuvchi hech kim qolmagan.
Bu holat tillar misolida koʻrsatib berilgan:
1. Yo‘qolgan (oʻlik tillar) tillar – bitta tirik tashuvchisi bo‘lmagan tillar, masalan, Polabskiy, janubiy Mansi, Ubix, Ainu, Slovinskiy, Pruss, Gotik, Dalmatian tillari.
1а. Yo‘q bo‘lib ketishi ehtimoli boʻlgan tillar – so‘zlashuvchilar mavjudligi to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar bo‘lmagan tillar. Masalan, G‘arbiy Mansi, Kapadokiya yunonlari tillari.
2. Deyarli yo‘q bo‘lib ketgan (yo‘qolish arafasidagi) tillar – o‘nlab so‘zlashuvchilari (bir necha yuztagacha yetishi mumkin) bor va ularning barchasi keksalardan iborat. Tabiiyki, ularning o‘limi tilning ham o‘limini anglatadi. Liv, Vod, Kerek, Yukagir, Orok tillari shunday tillardan.
3. Yo‘qolib ketgan (yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan) tillar – nisbatan ko‘proq so‘zlashuvchilarga ega (ikki yuzdan o‘n minggacha), ammo yosh avlod deyarli bu tilda so‘zlashmaydi. Masalan, Izhora, Veps, Yiddish, Nivkh, Ket, Breton, Kashubian tillari.
4. Yo‘qolib ketish xavfi ostida – yosh avlodning ma’lum bir qismi (hech bo‘lmaganda ma’lum yoshga qadar) shu tilda gaplashadi, lekin ularning soni kamayib borishi bilan xarakterlanadi. Tashuvchilarning umumiy soni mingdan milliongacha bo‘lishi mumkin. Masalan, Selkup, Nenets, Karelian, Komi, Irland, Friz, Bask tillari.
5. Beqaror (potentsial xavf ostida) – bu til barcha yoshdagi odamlar tomonidan qo‘llaniladi, lekin u hech qanday rasmiy yoki boshqa maqomga ega emas, katta obro‘si ham yo‘q. Misol uchun Dolgan, Chukchi, Dog‘istonning kichik tillari, Belarusiya, Galisiya tillari.
6. Rivojlangan (xavfsiz) – ingliz, xitoy, hind, ispan, fransuz tillari. Ko‘rib turganingizdek, so‘zlovchilarning mutlaq soni muhim rol o‘ynamaydi (Megeb tilida 200 kishi so‘zlashiga qaramay, u 5-toifaga kiradi, 60 mingdan ortiq so‘zlashuvchisi bor Gorno-Mari tili esa yo‘qolib ketgan deb hisoblanadi (3-qator). Bunda hisobga olinadigan muhim jihati – tilning kelajak avlodga qanchalik yaxshi o‘tishi, ushbu tilda so‘zlashuvchi bolalar soni, shuningdek, so‘zlashuvchilarning o‘rtacha va minimal yoshi.
Oʻzbek tili oltoy tillari oilasining turkiy tillar guruhiga kiruvchi eng qadimiy tillardan hisoblanadi. Soʻnggi ma’lumotlarga koʻra yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni 50 million kishiga yetdi. Bu, albatta, tilimizning rivojlanib borayotgani belgisi. Biroq axborot texnologiyalarining barcha sohalarga kirib borishi, raqamli texnologiyalar, internet tarmoqlari – axborot almashinuvining eng maqbul usuli boʻlib borayotgani tillarning rivojlanishi uchun jiddiy toʻsiqlarni yuzaga keltirmoqda.
Yuqoridagi omillar asosida Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan tillarning yoʻqolib borishiga ikkita katta sabab koʻrsatilmoqda. Asosiy sabab – oʻsha tilning internet tiliga aylanmaganligi, ikkinchisi esa oʻzidan yuqori mavqedagi til soyasida qolib ketishi.
Tilning internet tiliga aylanishi deyilganda nima nazarda tutiladi. Tilshunos olima G.Toyirova uni shunday ta’riflaydi: “Internet kompyuter texnologiyalariga tayanadi. Kompyuter lingvistikasida “kompyuterning tilni tanishi” degan tushuncha bor. Kompyuter tilni “tanishi” uchun u bu tilni “bilishi” zarur. Kompyuterning matndagi xatolarni tuzatishi, matnni qayta ishlashi, tarjima qilishi, so‘zlarga izoh bera olishi, tilni o‘rgatishi, matnni bir alifbodan ikkinchi alifboga o‘tkazib berishi, til ifodalarini tasniflashi, tartiblashi, biror tilda gapirishi, yozishi uning tilni tanishi asosida amalga oshiriladi. Demak, sun’iy intellekt ma’lum tilni “tanisa” o‘sha til asosida ishlaydi”. Mazkur masalaga hukumat tomonidan jiddiy e’tibor qaratilyapti, bu o‘rinda vikipediya electron ensiklopediyasida o‘zbekcha materiallarning ko‘payganini misol qilsa bo‘ladi.
Ikkinchi ko‘rsatilgan sabab esa til uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Tilning eng oʻzgaruvchan sohasi uning leksikasi hisoblanadi. Jamiyat taraqqiy etib borishi bilan tilga yangi-yangi soʻzlar kirib keladi, bu tabiiy hol. Lekin xorijiy soʻzlarning kirib kelishiga ma’lum toʻsiqlar qoʻyilmasa, belgilangan me’yorlar asosida olinmasa, bu holat tilning nufuziga jiddiy ta’sir qiladi. Masalan, XV asrda badiiy asarlarning fors tilida, ilmiy asarlarning arab tilida yozilishi natijasida oʻzbek tili nufuzini yoʻqotib, oddiy soʻzlashuv tiliga aylanib qolgan edi. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy “turk nazmida alam (bayroq) tortib” oʻzbek tilining boy imkoniyatlarini oʻz asarlari orqali koʻrsatib berdi.
Oʻtgan asrning boshlarida milliy adabiy til yaratishga bel bogʻlagan jadid ziyolilari adabiy til rivoji uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdilar. Ayniqsa, Fitrat boshchiligidagi “Chigʻatoy gurungi” til posboni sifatida maydonga chiqdi. Hozirchi, tilning musaffoligini asrash, uni rivojlantirishdagi bugungi ahvolimiz qanday? Albatta, maqtanarli darajada emas. O‘zbek tiliga shiddat bilan xorijiy soʻzlar kirib kelmoqda, buning oqibati yaxshi boʻlmasligi haqida tilshunos olimlar bong urmoqda, lekin natija yoʻq.
Qardosh mamlakat bo‘lmish Turkiyada til siyosatini Turk tili qurumi tashkiloti yuritadi. Til qabul qilayotgan barcha yangi soʻzlar tahlil qilinib, adabiy til me’yorlari boʻyicha tartibga solinadi va kichik kitobcha holida nashr qilinib tarqatiladi. Shu tariqa xorijiy soʻzning qoʻllanilishida birxillikka erishiladi. Bizda esa bir soʻz bir necha koʻrinishlarda qoʻllanilmoqda, kim qanday xohlasa, shunday ishlatadi. Bunday holat tildagi anarxiya deyiladi.
Yuqoridagi muammoni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-yanvardagi 40-sonli qarori bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamalar komissiyasi tashkil qilingan edi. Komissiya zimmasiga ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalaridagi tushuncha va atamalarning turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda qonunchilik hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini ta’minlash, boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklarni normativ-huquqiy hujjatlar normalariga ziyon yetkazmagan holda tahrir qilish, o‘zbek tiliga kirib kelayotgan yangi atamalarni qonunchilik hujjatlariga joriy etish va amalda qo‘llashning huquqiy muammolarini o‘rganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash kabi aniq vazifalar qoʻyilgan edi. Afsuski, komissiya yuqoridagi vazifalarni bajara olmadi. Departament mazkur komissiya faoliyatini muvofiqlashtirib, uni faol ishlaydigan tashkilotga aylantira olsa, yuqorida tilga olingan muammolar oʻz yechimini topgan boʻlar edi.
Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktabrdagi 662-sonli qarori bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlangan. Mazkur qaror boʻyicha 2023-yil 1-yanvardan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari lingvistik ekspertizadan oʻtkazilishi belgilab qoʻyilgan. Afsuski, hukumatning bu qarori ijrosi ham hali toʻliq ta’minlangani yoʻq. Agar mazkur qaror ijrosi ta’minlansa ham, chetdan kirib kelayotgan yangi atamalar tartibga solinar edi. Shunday ekan, “Tilimiz – gʻururimiz”, “Ona tilim – iftixorim” kabi balandparvoz gaplar bilan maqtanib yurmasdan amaliy ishga oʻtishimiz zarur. Tilimizning internet tiliga aylanishida nafaqat tilshunoslar, balki barcha soha mutaxassislarining birgalikdagi faoliyati zarur.
Shu oʻrinda muhtaram yurtboshimizning 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6084-sonli farmonini alohida ta’kidlashni xohlardim. Mazkur farmon bilan oʻzbek tilini rivojlantirishning 30-yillargacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Konsepsiyada koʻzda tutulgan har bir topshiriq belgilangan muddatda bajarilsa, koʻzlangan maqsadga erishamiz va tilimiz yuqorida tilga olingan Qizil kitobga tushib qolmaydi.
Inomjon AZIMOV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q