Har qanday sanʼatning choʻqqisi boʻladi. Masalan, da Vinchi tumanli manzarani mahorat bilan ifodalay olgan musavvirni yetuk sanʼatkor deb aytadi. Hech oʻylab koʻrganmisiz, kinematografiyaning choʻqqisi qayerda?
Yana oʻsha ratsionalist Leonardo da Vinchiga murojaat qilamiz: “Rangtasvir eʼtibori yuzaga – tabiat yaratgan jami narsalarning rang-tusi va shakl-shamoyiliga qaratiladi, falsafa esa bu jismlarning ichiga kirib borib, oʻziga xos xususiyatlarini koʻrib chiqadi. Biroq u ushbu jismlarning birlamchi haqiqatini qamrab oluvchi rassom darajasidagi haqiqatga yetisha olmaydi, chunki koʻz aqlga qaraganda kamroq yanglishadi”.
Leonardo falsafa deganda adabiyotni (umuman, noplastik sanʼatlarni) nazarda tutgan boʻsa, rangtasvir deganda vizual sanʼatlarni koʻzlagan. Shunday ekan, garchi oʻsha davrlarda kino otligʻ sanʼat boʻlmagan esa-da, shartli ravishda mutafakkir kinoni ham nazarda tutgan deyishimiz mumkin.
Albatta, bu borada da Vinchi bilan bahslashishga yoʻl boʻlsin… Biroq mutafakkir oʻz davri – renessans tafakkuridan kelib chiqib shunday oʻylashi tabiiy va qonuniy edi, deyishga jurʼat qilaman. Zero, aslida, hatto kinoning ifoda imkoniyati baʼzan soʻz sanʼati kabi keng emas. Ayniqsa, ijtimoiy-psixologik dramani koʻrsatishda mana shu cheklanganlik sezilib qoladi. Negaki, adabiyotda personajlar oʻzaro uzoq suhbatlashishi, kamiga yozuvchi har bir detal, hodisa, xarakter, holga erinmay sharh yozishi, bunga oʻz badiiy gʻoyasidan kelib chiqib munosabat bildirishi mumkin. Ayni nuqtada kinochining “qoʻllari” bogʻliq. U barini qisqa dialog va tasvir (detal, ramz) vositasida uzatishga majbur. Demak, rejissyorning mahorat sinovi ham shunda – asli vizual sanʼatlar tabiatida mavjud boʻlmagan ijtimoiy-psixologik dramani koʻrsatib berishda. Ana shu kino sanʼating choʻqqisidir!
Ijtimoiy-psixologik filmlar koʻpchilik tomoshabinlarga zerikarli tuyilishi mumkin. Sababi, ular intrigaga boy va qiziqarli syujetga emas, balki dramatik lahzalar ustiga quriladi. Bunda muxlis voqealar rivojidan emas, koʻproq aktyorlar mahorati, xarakterlar talqini, purmaʼno dialoglar va faqat sanʼatkorgina koʻrishi mumkin boʻlgan, oddiy odamlar nigohidan pinhon manzara va hol tasviridan estetik zavq tuyadi, jamiyat bilan ziddiyatga kirishgan qahramon vositasida ijtimoiy dardni his qiladi.
Jahon kino sanʼatida ijtimoiy-psixologik dramani ifodalashga qodir rejissyorlar oz emas (koʻp ham emas). Bunday filmlarni yagona yoʻnalish umumlashtirib tursa-da, aslida bir-biridan keskin farq qilishi ham mumkin. Men quyida oʻzim tomosha qilgan eng yaxshi ijtimoiy dramalardan faqat uchtasini tanlab oldim. Sababi, ularni “Kapalak effekti” birlashtirib turadi. Yaʼni oddiy odamlar hayotidagi kichik bir muammoning katta ijtimoiy dardga aylanishini yoki shu kichik muammo vositasida butun jamiyatning modeli yaratilganini koʻramiz.
1. “Qahramon”, Asgar Farhadi (Eron, 2022)
Eronlik kino ijodkorlar faqat ijtimoiy dramaga ixtisoslashgandek tuyuladi menga. Bir yilcha oldin Asgar Farhadining “Qahramon” (2022) filmini koʻrib, uzoq vaqt taʼsiridan chiqolmay yurganman. Miyam falajlanib, bir vaqtning oʻzida barini tushungan va hech narsani anglamagan odamdek oʻylanib qolganman. Bu asarda rejissyor kino sanʼatining ifodaviy imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalangan. Farhadi faqat Dostoyevskiy romanlarida, faqatgina uning uslubi bilan ifodalash mumkin boʻlgan chuqur ijtimoiy-psixologik dramani kinoga koʻchira olgandek taassurot qoldiradi.
Rejissyor barchamiz kundalik turmushda duch kelishimiz mumkin boʻlgan oddiy hayotiy voqeadan katta (dahshatli darajada katta) badiiy voqelikni yaratadi. Uning qahramonlari jamiyatning oʻrta va undan ham past qatlamiga kiruvchi juda odmi odamlar. Bir qarashda, hammasi oddiy, na bir favqulodda xarakter, na bir oʻziga xos qahramon va na qiziq voqelik bor. Muammo ham shunda, oddiylikning murakkabligida! Lekin nima sizni bunchalik hayajonga soladi, nimadan miyangiz falajlanadi? Jumboq!
Asgar Farhadi bu film bilan sizu biz yashayotgan hayotda oddiy voqealar, “kichkina shaxs”lar yoʻq demoqchi. Aslida, bari siz oʻylagandan koʻra murakkabroq, faqat koʻra olmay(siz)miz demoqchi. Bunga u oddiy ijtimoiy vaziyat, munosabatlarni turli rakurslardan koʻrsatish, odatda aksariyatimizning eʼtiborimizdan chetda qoladigan omillarni boʻrttirish orqali erishadi.
Filmni tushunishda nomi sizga yordamga keladi (rejissyorning boshqa asarlarida ham sarlavha muhim kompozitsion, badiiy ahamiyat kasb etadi). Kartina nega “Qahramon” deb atalgan? Oʻzi kim qahramon? Sevgilisi topib olgan bir sumka tillani men topib oldim deb egasiga qaytargan, bu qahramonligi uchun faqat gumon, taʼna-dashnomga qolgan noshud Rahimmi? Ë har qanday vaziyatda Rahimni himoya qila oladigan opasi yoki sevgilisi Farhandemi? Oʻz vaqtida qiynalib qolgan Rahimga yaxshilik qilib qarz bergan va keyin undira olmayotgan qaynogʻasimi? Xullas, ijodkor filmdagi har bir personajni zamona qahramoni sifatida gavdalantirgan, biror bir shaxs yoʻqki, unda qahramonlik sifatlari boʻlmasa! Lekin, shu bilan birga, ularning bari ojiz, nochor, notavon… Ayni damda, filmning muvaffaqiyati ham shu qahramonlar – har biri unikal xarakterga ega personajlar ansambli bilan bogʻliq. Yaʼni har bir qahramon oʻzga bir dunyo: ularni bir jamiyat, ayni bir voqelik bogʻlab turgan boʻlishiga qaramay, har birining xarakteri oʻzaro ziddiyatli, biri ikkinchisiga muvofiq emas… Rejissyor voqealar va ularning sababiyatini shu qadar bir-biriga chirmab yuboradiki, kalavaning uchini yoʻqotasiz. Bir vaqt kelib, bu odamlardan kim aslida qahramon ekanini, kim haq, kim nohaq ekanini anglamay qolasiz va bu anglamsizlik sizni doim taʼqib qiladi…
2. “Inisherin banshilari”, Martin MakDonax (Irlandiya, AQSH, Buyuk Britaniya, 2022)
Kinoning choʻqqisini topgan yetuk sanʼatkorlardan yana biri Martin MakDonaxdir. Bu rejissyor oddiy odamlar turmushidagi “bemaʼni” vaziyatlardan drama yarata olishi, ijtimoiy muammolarni oʻtkir kinoya, sarkazm vositasida tasvirlashi bilan ajralib turadi. Uning 2022-yili ekran yuzini koʻrgan “Inisherin banshilari” filmi tomoshabinni har jihatdan dovdiratib qoʻyadi (asar nomidagi ikkinchi soʻz “oʻlim farishtasi”ni anglatadi). Syujeti favqulotda bemaʼni! Syujetga asos boʻlgan konflikt bemaʼni, konflikt atrofida rivojlangan voqealar bemaʼni, asardagi qahramonlarning oʻy-xayollari, yashash tarzi, hayotiy maqsadlari bemaʼni… MakDonaxning sanʼatkorligi shundaki, mana shunday bemaʼni hayot tarzidan katta badiiy voqelikni yarata oladi.
Xullas, biz aytayotgan bemaʼni konflikt bunday boshlanadi. Patrik va Kolm uzoq yillik qadrdonlar edi. Har kuni bir vaqtda, bir pivaxonada koʻrishib, yarim tungacha suhbat qurishardi. Umri bino boʻlib Irlandiyaning kichik bir orolchasidan tashqariga chiqmagan ikki doʻst suhbati qanday kechishini tasavvur qilib olaverasiz… Kunlardan bir kuni Kolm doʻsti Patrikni endi koʻrishni istamasligini aytadi. Patrik biror ayb ish qilmagan, Klom undan shunchaki bezor boʻlgan. Bir umr sening ahmoqona suhbatlaringni tinglab oʻtish niyatim yoʻq, sen zerikarlisan, yoqmay qolding, meni tinch qoʻy, deydi u.
Patrikni kutilmagan bu munosabat esankiratib qoʻyadi. Oʻzini taftish qiladi: men ahmoqmanmi? Men haqimda hamma shunday xulosadami? Noshud, notavon, bechoramanmi?.. U bu savollariga javob izlab, doʻstiga qayta-qayta yuzlanaveradi. Klom esa shunchaki unga tinchlik kerakligini, birovni besabab yoqtirmay qolishga, munosabatlarini shu tarzda uzishga haqi borligini tushuntiradi. Agar Patrik uni tinch qoʻymasa, har safar gaplashishga uringanida bitta barmogʻini kesib, unga berishini aytadi... Patrik buni jiddiy olmaydi, jiddiyga olsa ham, doʻstining barmoqlariga ichi achimaydimi – tushunish qiyin. Shu bois doʻstini bezovta qilaveradi. Toqati toq boʻlgan Klom birin-ketin beshta barmogʻini kesadi...
Martin MakDonax kichik oroldagi bemaʼni voqelik orqali aslida butun sayyora odamlari turmush tarzini kinoyaga olgan. Aniqrogʻi, odamlar orasidagi oʻzaro adovat, tushunmovchiliklar ortida shunchaki arzimas, bemaʼni maqsad, masala turganini aytmoqchi boʻladi. “Inisherin banshilari” – urush, adovat haqida film. Lekin biror oʻrinda jang maydonini, harbiylarni yoki sovuq qurolni koʻrmaysiz. Inisherin oroliga pulemyotlarning ovozi yetib keladi, xolos. Patrik va Kolmning munosabatlari esa ana shu urushning ramziga aylangan. Ayrim oʻrinlarda Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushga ham ishoralar bordek.
Kolin Farrell va Brendan Glison dueti hammasidan ham aʼlo. Ular ikki doʻst oʻrtasida yuzaga kelgan bemaʼni, betiyiq vaziyatni butun dramasi bilan koʻrsata olishgan. Doʻsti unga gapirgani uchun barmoqlarini kesib tashlaydigan sovuqqon ahmoq va mavjudligini shu doʻstisiz tasavvur qila olmaydigan noshud – ular faqat va faqat shunday koʻrinishda, xarakterda boʻlishi mumkin... Men hech ikkilanmay bu filmni oʻzim koʻrgan shoh asarlar roʻyxatiga kiritdim. Sababi, “Inisherin banshilari” nafaqat yuksak sanʼat namunasi, balki hozirgi dunyoning asl inʼikosi hamdir.
3. “Boshpana”, Vadim Perelman (AQSH, Buyuk Britaniya, 2003)
Nazarimda, asli ukrainalik (yahudiy) rejissyor Vadim Perelman oʻzining debyutidayoq choʻqqini zabt etgan. Uning 2003-yili suratga olingan “Boshpana”si (oʻzbekchada shunday tarjima qilingan, asliyatda: “House of Sand and Fog”, ruschada: “Dom iz peska i tumana”) qayta-qayta koʻrishga arziydigan asar. Bu filmda ham kichik bir muammoning katta fojealarni keltirib chiqarganiga guvoh boʻlamiz.
Men mazkur kinoasarni falsafiy, ijtimoiy, ramziy film degan boʻlardim. Falsafiyligi shundaki, ijodkor odamlarning “uy”i, yaʼni hayoti qum va tumandan qurilganini, bu imoratni hatto yengil shabada ham havoga sovurishi mumkinligini asoslashga urinadi. “Amerika orzusi”ning fojialari, AQSH davlatchiligidagi kamchiliklar, migratsiya tizimiga doir ijtimoiy muammolar atroflicha yoritilgan. Rejissyor AQSH davlat tizimidagi byurokratiyaning fojeali oqibatlarini koʻrsatish bilan butun Amerika jamiyatini qum va tumandan qurilgan demoqchi boʻladi. Sohil boʻyidagi uy esa ramziy maʼno kasb etadi.
Keti ismli ayol 500 dollar soliq toʻlamagani uchun uyidan ayrilib qoladi. Maʼlum boʻladiki, bu soliqchilarning xatosi. Aslida, Keti soliq toʻlashga majbur emas. Biroq vaziyat oydinlashguncha uy auksionda eronlik migrantga sotilib ketadi. Yangi sohib – sobiq Fors podsholigidan kelgan oliyzoda polkovnik. Amerikada roʻshnolik koʻrmagan, biroq ogʻir mehnat bilan boʻlsa-da, oqsuyak xotini va farzandlarini birovdan kam qilmaslikka tirishadi. Sohil boʻyida uy chiqishi bilan darhol sotib oladi. Konflikt shu joyda tugʻiladi.
Endi uchinchi qahramonimiz ham bor. U sherif yordamchisi Byordon – oilaviy baxt topmagani uchun xotini va ikki farzandini tashlab, uyidan chiqib ketgan. Qarang, uchalasi ham boshpanasiz. Yagona maqsadlari – sohil boʻyidagi uyga egalik qilish. Ayni damda, ularning bari oʻz aʼmoli bilan bunga noloyiq kimsalar. Xullas, uy majorosi shu qadar chigallashib ketadiki, oqibatda voqealar eronlik polkovnik va oila aʼzolarining fojeali oʻlimi bilan tugaydi.
Mulk esa hech kimga nasib qilmaydi. Ha, ayvonidan cheksiz ummon koʻrinib turuvchi sohildagi uy – ideal. Unga yetishib boʻlmaydi, uni faqat orzulab yashash mumkin. Biz odamlar ijtimoiy munosabatlardagi xatolarimiz, kamchiliklarimiz, egoizmimiz sabab idealimizdagi “uy”ni hech qachon qura olmaymiz.
Ijtimoiy-psixologik dramalar serqirra maʼnoga ega boʻladi. Har kim oʻz salohiyati, tajribasi, ijtimoiy ongidan kelib chiqib turlicha talqin qilishi mumkin. Gohida bunday filmlarni koʻrib hech nimani anglamaysan, senga faqat hissiyot ulashadi, xolos. Kimga qanday, baʼzan men uchun anglaganlarimdan koʻra his qilganlarim muhimroq. Filmlarni ham shunga koʻra baholayman, qadrlayman.
Saʼdullo QURONOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q