Xushxabar bering


Saqlash
12:46 / 03.05.2023 1410 0

Avtobusda yonimda ketayotgan ayol telefonidagi audio yozuvni tinglab borardi. Beixtiyor qulog‘imga kirayotgan uzuq-yuluq so‘zlardan yozuv biron bir imom yoki ulamoning ma’ruzasi ekanini angladim. Manziliga yaqinlashdi shekilli, ayol eshikka qarab yo‘naldi, shu lahzalarda telefonidan eshitganim “... agar shunday bo‘lsa, qiyomatda ham yalang‘och javob berasiz” degan  so‘zlar bo‘ldi. Seskanib ketdim, Alloh asrasin.

 

Shu onda hammamizga juda tanish bo‘lgan rivoyat “lop” etib yodimga tushdi: tushida tishi tushib ketgan shoh mulozimlaridan buning ta’birini so‘rabdi. Hukmdor unga javoban: “Shohim, hamma qarindosh-urug‘ingiz vafot etib, o‘zingiz yolg‘iz qolasiz”, degan a’yonga eng og‘ir jazoni; “Qarindosh-urug‘ingiz orasida siz hammadan uzoq umr ko‘rasiz” degan mulozimga esa katta boylik in’om etilishini munosib ko‘ribdi.

 

Shukrlarkim, yurtimizda vijdon, e’tiqod erkinligi qonunlar bilan kafolatlangan; bu borada savollarimizga javob olish, bilmaganlarimizni o‘rganish, ibodatlarni ado etishimiz uchun imkoniyatlarimiz dahlsiz. O‘z o‘rnida amr-u ma’ruflar, nahiy munkarlar uchun shart-sharoitlar yetarli. Faqat... yuqorida telefon orqali ma’ruzani eshitganda rivoyat yodimga tushgani sababi shuki, diniy mavzuda gapirganda ayrim ma’ruzachilar (ular orasida ilmdorlar ham, boshqalardan eshitib olganini o‘zi anglab-anglamay takrorlaydiganlar ham bor) shunaqa ohang, shunaqa so‘z-iboralarni tanlaydilar va shariat yo‘llarini shunchalar tor-u tanqis, og‘ir qilib ko‘rsatadilarki, ayrim tinglovchilar bundan qattiq qo‘rquvga, vahimaga tushadilar, o‘zlarini jur’atsiz, amallarni bajarishga ojiz his etadilar.

 

Tanganing ikki tarafi bo‘lgani kabi, voqea-hodisalar, fikr-mulohazalarga ham turlicha yondashish mumkin. Aytaylik, falon-falon noto‘g‘ri, nojo‘ya ishlari uchun inson qiyomatda yalang‘och turib javob beradi, deyishning o‘rniga, misol uchun deyman-da, insonning libosli bo‘lishi qanchalar yaxshi, o‘ng‘ay, fazilatli holat ekanini chiroyli izohlab, shu holatning aksi boshiga tushib qolmasligi uchun nimalar qilish afzal ekani haqida tushuntirish mumkin. Zero, imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: “Yengil qiling va qiyin qilmang. Xushxabar bering va nafratlantirmang. O‘zaro yordam bering va ixtilof qilmang”, – deganlar. Chunki o‘zgalarga nisbatan tahqir va malomatlarni yog‘dirish, o‘zganing fikrini eshitmaslik hamda xolislikning yo‘qolishi natijasida haqiqatdan yuz o‘girish, kishilarni dindan bezdirish, insonlar orasida kelishmovchilik kabi kutilmagan vaziyatlar kelib chiqishi tarixda ko‘p kuzatilgan.

 

Muhtarama ULUGʻOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 570
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//