Jaloliddin va Hindiston mamluklari


Saqlash
13:07 / 02.05.2023 2193 1

Shimoliy Hindiston uzoq asrlar mobaynida turli millat va dinga mansub istilochilar uchun darvoza vazifasini o‘tagan edi. Ushbu urushlar turfa bahonalarga asoslanib amalga oshirilsa ham, aslini olganda bosqinchilarning maqsadi boy o‘ljalarga ega chiqish yoki boshqa biror manfaatni qondirish bo‘lgan. XI asrdan boshlab Shimoliy Hindistonga O‘rta Sharqning musulmon hukmdorlari tobora ko‘proq xavf sola boshladilar. Tashqi urushlar doim taraqqiyotga to‘sqinlik qilib kelgan bo‘lsa-da, Hindistonning strategik ahamiyatiga zarracha putur yetmaydi. Aksincha, mintaqa borgan sari xalqaro munosabatlarda muhim va hal qiluvchi rol o‘ynay boshlagan edi.

 

Markaziy Osiyo va O‘rta Sharq mintaqalarida XIII asr boshlarida qoraxitoylar, g‘uriylar, xorazmshohlar o‘rtasida xalqaro gegemonlik uchun kechgan kurash tobora kuchayadi. Ushbu kurashda Sulton Muhammad Xorazmshoh o‘z raqiblarini uzil-kesil yakson etadi. Jumladan, 1206-yilda Shihobiddin Gʻuriy hashshoshiy qotillar tomonidan o‘ldirilgach, uning davlati parchalana boshlaydi. O‘sha yildan boshlab Gʻazna va Zobulistonda uning amirlaridan Tojiddin Yulduz, Lohur va Mo‘ltonda esa Nosiriddin Qubacha o‘rnashib olib, undan janubroqdagi hududlar Qutbiddin Oybek qo‘liga o‘tadi va uning mustaqil siyosat yurita boshlashi bilan Dehli sultonligi tashkil topgan. Xorazmshohlar Gʻuriylar boshqaruviga 1215-yili uzil-kesil barham beradilar. Tojiddin Yulduz esa o‘sha yili Qutbiddin Oybekning davomchisi bo‘lgan Dehli sultoni Shamsiddin Eltutmish tomonidan mag‘lub etilib asirga olingan. Sulton Muhammad qoraxitoylarni ham shiddatli tarzda Movarounnahrdan quvib chiqargach, 1210-yilgi jangda ularga o‘nglanmas zarba beradi. Tarixiy adabiyotlarning guvohlik berishicha, asirga olinganlarning bir qismi qul qilib sotib yuborilib, ushbu mamluklarning ba’zilari keyinroq Dehli sultonligida muhim lavozimlarni egallaganlar. Ayni shu davrda Hindistonga borib, o‘sha yerda ijod qilgan tarixchi Juzjoniy o‘z asarida ularning ba’zilarini tilga olib o‘tgan edi. Buni qarangki, Xorazmshohlar davlatining o‘zi yaqin orada Chingizxon boshliq mo‘g‘ul istilochilari uchun tayyor o‘ljaga aylandi.

 

Hindistonda harbiy qullarning yuqori lavozimlarni egallashi ajablanarli hol emasdi. Dastlabki Dehli sultonlarining o‘zi ham yoshligida qul qilinib, sotib yuborilgan asirlardan edilar. Masalan, Qutbiddin Oybek aslida markaziy osiyolik g‘ulomlardan bo‘lib, bir vaqtlar g‘uriy sultonlarga xizmat qilgan. Shamsiddin Eltutmish esa Turkistonda, zodagonlar oilasida tug‘ilib, taqdir taqozosi bilan dastlab Buxoroda, keyinroq Gʻaznada g‘uriy sultonlarga qul sifatida sotib yuboriladi. Keyinroq u Qutbiddin Oybek xizmatiga o‘tib, uning qiziga uylangan va sulton o‘limidan so‘ng harbiy sarkardalar, ehtimolki, mamluk jangchilarning qo‘llab-quvvatlashi bilan Dehli sultonligi taxtini egallagan.

 

Hindiston bu davrda Xorazmshohlar davlatiga xizmat qiluvchi amaldorlar va sarkardalarni ohanrabodek o‘ziga tortardi. Ayniqsa, siyosiy kurashlarda yengilganlar beixtiyor janubga tomon yo‘l olardilar. Buning sababi qochishga boshqa hududning yo‘qligida emasdi. Shimoliy Hindiston Shihobiddin Gʻuriy davridayoq ichki kurashlar va beboshliklar markaziga aylanib ulgurgan edi. Bu urushlar Gʻuriylar davlati parchalangach yanada shiddatli tus olgan. Natijada kichik-kichik hokimliklarga bo‘linib ketgan Sind havzasi va uning atrofidagi hududlarni osongina qo‘lga kiritish istagida bo‘lganlar soni oshib boravergan. Markaziy osiyoliklarning Shimoliy Hindistonga “tashrif”lari salmog‘i mo‘g‘ullar bosqini davrida yanada ortdi. Qochqinlar, tabiiyki, jon saqlash istagidagilar yoki urushda yengilganlardan iborat edi.

 

Manbalarning guvohlik berishicha, Sulton Muhammadning o‘zi ham dastlab Hindistonga qochmoqchi bo‘ladi. Ammo o‘g‘li Rukniddinning Iroqdan kelgan elchisi uning qarorini o‘zgartirgan. Juvayniyning yozishicha, Xorazmning so‘nggi sultoni Jaloliddin Manguberdi Urganchdan Gʻaznaga yo‘l olgan vaqtda uning sarkardalaridan Amin Malik (ba’zi manbalarda Xon Malik) Hindiston hududlarida, Ag‘roq Malik esa Peshovarda bo‘lgan. Ular bilan hamkorlikda urush olib borilsa, Xorazm qo‘shinlari yengilmas kuchga aylanar edi. Ammo vaziyat tezda o‘zgarib, Parvondagi g‘alabadan so‘ng qo‘shinlari tarqalib ketgan Jaloliddin dushmanga qarshi tura olmasligini yaxshi anglagan va Chingizxon Gʻaznaga bostirib kelishidan 15 kun ilgari janubga, Sind daryosi tomon yo‘l olgan. Gʻaznadan 50 km masofadagi Gardiz shahri yaqinida mo‘g‘ullarning hirovulini yenggan sarkarda yana chekinishni davom ettiradi. Sind daryosi bo‘yidagi jang (1221-yilning noyabr oyi) Xorazm qo‘shinining yakson etilishi va Jaloliddinning sanoqli askarlari bilan mo‘g‘ullardan qochib, omon qolishga muvaffaq bo‘lishi bilan yakunlandi. Shu voqeadan so‘ng Xorazmshohning Hindistondagi ikki yillik faoliyati boshlanadi.

 

Mirzo Ulug‘bekning yozishicha, Jaloliddin chekinish chog‘ida o‘zining ulkan xazinasini Sind suviga to‘kadi. Chingizxon esa daryo bo‘yida chodir tikib, oltinlar va qimmatbaho toshlarni suv tubidan olib chiqishga buyruq bergan. Fikrimizcha, bu mo‘g‘ullarning ta’qibidan qutulish uchun atay qilingan tadbir edi. Bu vaqtda omon qolgan xorazmliklar soni asta-sekin oshib bordi. Jaloliddin dastlab tevarak-atrofdagi mahalliy aholi ustiga yurish qilib, ulardan otlar va boshqa zaruriy ashyolarni tortib oladi. Uning askarlari soni 120 kishiga yetgach, unga qarshi jo‘natilgan 2–3 ming (ba’zi manbalarda 4 ming, hattoki, 40 ming deb ham ko‘rsatiladi) kishilik qo‘shin mag‘lub etilgan. Keyin Jaloliddin 500 askari bilan Jud tog‘i (Tuz cho‘qqi) yaqinidagi mavzeda Shatra ranasining 6 ming kishilik qo‘shinini mag‘lub etib, uning o‘zini o‘ldiradi. Ushbu g‘alabadan keyin Xorazmshoh qo‘l ostidagi askarlar soni 3–4 ming kishiga yetgan. Fikrimizcha, Jaloliddin tarafdorlarining bu qadar shiddat bilan ko‘payib borishi Hindistondagi markaziy osiyoliklarning salmog‘iga bog‘liq edi.

 

Xorazmliklar qudratining oshib borishi mahalliy hukmdorlarni, ayniqsa, Sind, Lohur va Mo‘lton sultoni Nosiriddin Qubachani tashvishga solardi. Buning ustiga uning Nandan va Sakundagi noibi Qamariddin Karmoniy tez orada Jaloliddin hokimiyatiga bo‘ysunishini ma’lum qilgan. Ayni shu vaqtda zimmasiga Jaloliddinni topib o‘ldirish vazifasi yuklangan jaloyir qabilasidan bo‘lgan Bala No‘yon boshchiligidagi 20 ming kishilik mo‘g‘ul qo‘shini Shimoliy Hindistonga bostirib kirgan. Jaloliddin esa, ehtimol, shu voqea tufayli Shamsiddin Eltutmish bilan mo‘g‘ullarga qarshi ittifoq tuzish maqsadida Dehli tomon yuradi va unga elchi jo‘natadi. Ammo bu taklif Eltutmish tomonidan yaxshi qarshi olinmagan va elchi o‘ldirilgan, Jaloliddin esa ortiga qaytgan edi. Bu orada mo‘g‘ullar ham talonchiliklarga yakun yasab, izlariga qaytadilar.

 

Chingizxon Jaloliddinning mo‘g‘ullar uchun yangi muammolar tug‘dirishi mumkinligini yaxshi anglardi. Shuning uchun ham u Jaloliddinni har tomondan siquvga olishga harakat qiladi. Chunonchi, Hindistonga yuqorida eslatilgan mo‘g‘ul qo‘shini jo‘natilib, O‘qtoyga esa Gʻazna shahrini vayron qilish buyurilgan. Albatta, ushbu shahar Jaloliddinning qaytadan kuchli qo‘shin tuzishi uchun ahamiyatli edi. Rashididdinning yozishicha, Chingizxon, hattoki, Hindiston orqali Tangut davlatiga o‘tib ketmoqchi bo‘lgan. Biroq issiq iqlim hamda Xitoyga tomon olib chiqadigan qulay yo‘lning mavjud emasligi tufayli u kelgan yo‘lidan ortiga qaytadi. “Yuan shi” yilnomasiga ko‘ra, mo‘g‘ullar Hindistonda “szyuye-duan” ismli gapiruvchi maxluqni uchratadilar. Amaldor Yelyuy Chusay bunga “yomonlik alomati” deya baho bergach, ortga qaytilgan. Ehtimolki, bu yangidan-yangi qirg‘inlar va urushlarning oldini olish uchun amaldor Yelyuy Chusay tomonidan atayin uyushtirilgan va Chingizxon bu safsataga ishontirilgan. Lekin mo‘g‘ul qo‘shini Hindistonni yetarlicha talon-taroj qildi. Do‘rboy Doqshin va Bala no‘yon askarlari Qamariddin Karmoniy qo‘l ostidagi Nandan shahri aholisini qirg‘in qilib, Mo‘lton va Lohurda ham turli vayronagarchiliklarni amalga oshirganlar. Ammo ular Hindistonda Jaloliddinning changini ham topa olmadilar.

 

Hindistonda Qubacha bilan xorazmliklar o‘rtasidagi munosabatlar dastlab nizoli emasdi. Lekin ko‘p o‘tmay ikki tomon urush holatiga kelib qoldi. Buning, albatta, muhim sabablari bor edi. Avvalo, Qamariddin Karmoniyning Jaloliddinga bo‘ysunishi Qubachani g‘azablantirardi. Bundan tashqari, xorazmliklar qo‘shini soni tobora oshib boraveradi. Jaloliddinning Hindistondagi muvaffaqqiyatlari uning Iroqda hukmronlik qilayotgan ukasi Gʻiyosiddin Pirshoh xizmatidagi amirlar va sarkardalarni ham o‘ziga jalb qiladi. Ulardan ba’zilari Gʻiyosiddinni tark etib, Jaloliddin xizmatiga kirganlar. Kelib chiqishi qoraxitoylardan bo‘lgan sarkarda Baroq Hojib ham xuddi shu vaqtda Hindistonga tomon yo‘l olgan bo‘lib, Jaloliddin Manguberdining yoki o‘ziga yaqin qoraxitoy sarkardalar xizmat qilgan Dehli sultoni Shamsiddin Eltutmishning xizmatiga kirishni mo‘ljallagan edi. Lekin u Kermon viloyatini o‘ziga bo‘ysundirib, Hindiston safaridan voz kechgan. Iroqdan kelganlar hisobiga Jaloliddin qo‘shini 10 ming kishini tashkil etdi. Ushbu migratsiya jarayoni, tabiiyki, Qubacha hokimiyatiga katta xavf solar edi.

 

Nasaviyning yozishicha, Sind jangida mo‘g‘ullar tomonidan o‘ldirilgan sarkarda Amin Malikning o‘g‘li Qizilxon hamda bir vaqtlar Gʻaznada Jaloliddinning vaziri bo‘lgan va endilikda Qubacha xizmatidagi Shamsulmulk Shihobiddin Alpning qatl etilishi ikki o‘rtada munosabatlarning ochiq-oydin dushmanlik tusini olishiga sabab bo‘ladi. Boshqa mualliflar fikricha, Jaloliddin Qubachaning raqibi bo‘lgan ko‘karlar rojasi Sangunning qiziga uylanib, u bilan ittifoq tuzganligi uchun urush kelib chiqqan. Xorazmshoh dastlab Kalor va Tarnuj qal’alarini bo‘ysundirib, vayron qilib tashlaydi. Shaharlar talon-taroj qilinadi. Bu esa munosabatlarni yanada keskinlashtirdi. Jaloliddinning kuchayib, Hindistonga egalik qilishi Shamsiddin Eltutmishni ham tashvishlantirardi. Shuning uchun u Qubacha ixtiyoriga bo‘lajak hujum uchun yordamchi qo‘shin jo‘natgan. Sind bo‘yida bo‘lgan jangda 20 ming kishilik Qubacha armiyasi 7 ming askar bilan jo‘natilgan sarkarda O‘zbek Toiy tomonidan tor-mor etildi. Qubacha dastlab daryodagi orollardan biriga, keyin esa Mo‘ltonga qochib yashiringan. Endilikda xorazmliklarning hujumlarini to‘xtatish imkonsiz edi.

 

Tez orada Qubacha xizmatida bo‘lganlar yoppasiga Jaloliddin tomoniga o‘ta boshladilar. Masalan, Muhammad Xorazmshohning bir vaqtlar Hindistonga kelib qolib, Qubacha xizmatiga kirgan qarindoshi Tojiddin Bilgategin Uchcha shahrini tark etib, Jaloliddinga bo‘ysunishini e’lon qilgan. Shuningdek, Nasaviy bir o‘rinda Alamut hashshoshiylari vakillarining ham Jaloliddin Hindistonda yurgan chog‘larda unga xizmat qilganliklari haqida ishora qiladi. Ammo, bu to‘g‘ridagi batafsil ma’lumotlar boshqa manbalarda uchramaydi.

 

Xorazmshoh Jud tog‘iga qaytish chog‘ida Pasram (hozirgi Pasrur mavzesi) shahrida qirg‘in uyushtirdi. Bizning fikrimizcha, ayni shu davrda Shimoliy Hindistonga mo‘g‘ullarning yana bir harbiy yurishi amalga oshirilgan. Juzjoniy 1224-yilda mo‘g‘ullarning Mo‘ltonni qamal qilganliklari haqida yozadi. Boshqa manbalarda bu yurish haqida ma’lumot berilmagan. Faqatgina Ulug‘bek Chig‘atoyning Mo‘g‘ulistonga qaytish oldidan Makron, Lohur va boshqa ba’zi hududlarga hujumlar uyushtirganligi haqida eslatadi. Fikrimizcha, Mo‘ltonni qamal qilgan qo‘shin katta ehtimol bilan Chig‘atoy tomonidan yuborilgan. Shu vaqtda Jaloliddin urushni tugatib, egallangan hududlarni tashlab, Mo‘ltonga qaytish uchun Qubachadan o‘lpon (na’l baho) talab qilgan. Ehtimol, Jaloliddin mo‘g‘ullarni yakson qilish uchun to‘satdan Qubacha bilan urushga yakun yasagan bo‘lishi mumkin. Qubacha bu shartni qabul qilmadi va urush davom etaverdi. Mo‘g‘ullar esa ko‘p o‘tmay ortga qaytadilar.

 

Jaloliddin navbatdagi jangda yana Qubachani mag‘lub etdi. Xorazmliklar dastlab Mo‘ltonni, keyin Uchcha shahrini bo‘ysundirganlar. Jaloliddin Uchcha shahrini yoqib yuborishni buyuradi va Sadusan qal’asi tomon yurish qilinib, ushbu qal’aning lashbarboshisi Lochin Xitoy (qoraxitoy millatiga mansub) jangda o‘dirildi. Qal’a noibi Faxruddin esa taslim bo‘ladi. Keyin birin-ketin Deval va Damril qal’alari qo‘lga kiritilib, Gujarot o‘lkasining markazi Nahrval shahrini bo‘ysundirish uchun sarkarda Xos Xon jo‘natilgan edi. Shundan so‘ng Xatisar qal’asi hokimi taslim etiladi. Xatisar hokimining Shamsiddin Eltutmishga qaramligi Dehli sultonligining neytralitetiga o‘z-o‘zidan barham berardi. Natijada Eltutmish 30 ming otliq, 100 ming piyoda askar va 300 fil bilan Jaloliddinga qarshi yurish boshlaydi. Jang avvalidayoq sarkarda O‘zbek Toiy Dehli qo‘shinlarining hirovulini yenggach, Shamsiddin Eltutmish bilan ikki o‘rtada sulh tuzilgan va ushbu urushga yakun yasalgan. Lekin Hindistondagi kelishmovchiliklar bu bilan tugab qolmadi. Tez orada mahalliy hukmdorlar xorazmliklarga qarshi yagona ittifoqqa birlasha boshlaydilar. Bu vaziyatda Hindistonda qolish Jaloliddin uchun faqatgina talafot keltirardi.

 

Xuddi shu vaqtda Eron va Iroqdagi siyosiy ahvol Jaloliddin va uning qo‘shinini o‘ziga jalb qila boshlagan. Zero, ayni chog‘da Iroqda hukmronlik qilayotgan Gʻiyosiddin Pirshohning hokimiyati zaif bo‘lib, Kermon viloyatini egallab olgan Baroq Hojib yuborgan elchilar ham, ehtimolki, Jaloliddinni ukasidan hokimiyatni tortib olishga undaganlar. Sarkardalar Iroq tomon borishni talab qila boshlaydilar. Ba’zi yaqinlari Eltutmish tomonga o‘tib ketishni boshlagan Jaloliddin uchun ham bu qulay taklif edi. Shuning uchun u o‘z qo‘shinini olib, Sind vodiysi orqali Seiston tomon yo‘l olgan.

 

Jaloliddin Hindistonda ikki yil hukmronlik qildi. Bu davr mobaynida u Nosiriddin Qubacha, Shamsiddin Eltutmish, ko‘karlar hamda rajputlarga qarashli hududlarni egallab, hukmronligini o‘rnatdi va o‘z nomidan tangalar zarb ettirdi. Shuningdek, u Deval shahrida ibodatxona o‘rnida masjidi jome qurdirgan. Ammo ayni vaziyat Hindistonni tark etishni taqozo qilardi. Jaloliddin egallangan hududlarni boshqarish uchun O‘zbek Toiy hamda Vafo Malik (asl ismi Hasan Qarluq) ismli sarkardalarni qoldirib ketadi. Nasaviyning yozishicha, Vafo Malik keyinchalik Eltutmishning xizmatiga kiradi. Sarkarda O‘zbek Toiy esa Shimoliy Hindistondagi ushbu viloyatlarni 1230-yilda Dehli sultonligiga boy berib, Iroqqa tomon yo‘l olgan. Ushbu voqeadan bir yil o‘tgach, Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi hozirgi Ozarbayjon hududida kurd qaroqchilari tomonidan o‘ldirildi.

 

Hindistonda esa o‘zaro urushlar davom etavergan. 1227-yilda Dehli sultoni Shamsiddin Eltutmish Uchcha va Bhakar shaharlarini egalladi. Hukmronlikdan butunlay mosuvo bo‘lgan Nosiriddin Qubacha esa o‘zini Sind daryosiga tashlab, o‘z joniga qasd qilgan.

 

Shamsiddin Eltutmish Dehli sultonligini 1236-yilga qadar boshqardi. Uning vorisi Rukniddin Feruzshohning hukmronligiga bir yildan keyin barham berilib, Eltutmishning qizi malika Roziya Sultonbegim mamluk sarkardalarning qo‘llab-quvvatlashi bilan hokimiyat tepasiga kelgan. 1290-yildan boshlab Dehli sultonligida Xiljiylar sulolasi hukmronligi o‘rnatildi. Ular mo‘g‘ullar istilosi davrida Hindistonga kelib qolgan edilar.

 

Xulosa sifatida ayta olamizki, XIII asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyo hamda Shimoliy Hindistonda yuz bergan voqealar o‘zaro bog‘liq tarzda rivojlanib borgan. Hududlar orasidagi uzoq masofaga qaramay, o‘lkalarning tarixiy taqdiri yagona makonda bo‘lgani kabi xususiyat kasb etdi. Markaziy osiyoliklarning faoliyati Hindistonning markaziy mintaqalariga qadar o‘ziga xos ta’sirga ega bo‘lib qolish bilan birgalikda boshqa davrlardan farqli o‘laroq sezilarli darajada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Hal qiluvchi va qaltis pallalarda jang maydonining narigi tomonidan turib raqibga tinchlik qo‘lini cho‘za olgan Jaloliddin Manguberdi hamda Shamsiddin Eltutmishlarning ulug‘vorligi esa barcha zamonlarda o‘rnak uchun yaxshi namuna bo‘la oladi.

 

Jasur LATIPOV

1 Izoh

Jahongir

06:01 / 01.01.1970

Maqola juda ilmiy yozilgan. Maqola muallifi va muallifni qo‘llab-quvvatlaganlarga omad yor bo‘lsin. Buxoro viloyati tarixchilari ilm yo‘lida charchab qolishmasin.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//