1888-yil 23-dekabr. Vinsent Van Gog chuqur tushkunlikda chap qulog‘ini bir qismini kesib oldi va uni fohishaxona xizmatchisiga topshirdi.
1890-yil 27-iyul. Van Gog o‘z ko‘ksiga revolver bilan o‘q uzdi va ikki kun o‘tgach vafot edi.
Tasviriy san’atni san’atning boshqa yo‘nalishlariga qaraganda tushunish biroz murakkabroq. Balki shu sababdir bugunga kelib suratlarning badiiy qiymatidan ko‘ra ancha qimmat narxda sotilishi odatiy holga aylanib qolgan. Gollandiyalik rassom Vinsent Van Gog tasviriy san’at tarixidagi daholardan biri sifatida ko‘riladi, uning ijodi va hayotini barcha rassomlar orasida eng jozibalisi deyish ham mumkindir, ehtimol. Kandinskiy, Pollok, Gogen, Rembrant va shular qatoridagi boshqa ko‘plab rassomlarning ijodini buyuk deb sifatlashga hech qanday to‘siq mavjud emas, lekin ulardagi muxlislar auditoriyasining ko‘lami xuddi shu buyukliklariga mos emas. Atrofga qarasangiz hadeb Pol Sezan yoki Anri Mattis muxlisini uchratavermaysiz. Mabodo bunday taqqoslovni Van Gog borasida amalga oshirsak, ikkala tomon ham deyarli muvozanatlashgan. Xo‘sh, ham oddiy muxlislar, ham san’atshunos va tadqiqotchilar tomonidan ko‘klarga ko‘tariladigan Vinsent Van Gogning buncha obro‘ topishiga nima sabab bo‘ldi, ijodining estetik-badiiy ahamiyatimi yoxud ayrim qarashlardan kelib chiqiladigan bo‘lsa, hatto bugungacha aniq tashxislanmagan ruhiy kasalligi sabablimi?
San’atshunoslik nuqtai nazaridan olib qaraganda Van Gogning buyukligiga ishora qiluvchi narsa bu – inqilob, ya’ni u XIX asr 70–80 yillarida Yevropa tasviriy san’atida yetakchilik qilib kelayotgan impressionizmdan keyingi davrni boshlab berganlardan biri. Garchi Van Gogning ijodi asosan impressionizm va realizm ta’sirida vujudga kelgan va ta’sirlangan bo‘lsa-da, bu oqim uning rassom sifatidagi ehtiyoj va maqsadlarini qondirolmasdi, Van Gog yoshligidanoq sentimental va o‘ta ta’sirchan, ruhiyati g‘am-qayg‘uga moyil, shuningdek impulsiv edi. Shu bois yorug‘likning obyektda lahzalik, o‘tkinchi akslanishi, och ranglar va qolaversa impressionizmning klassik qoidalarining ayrimlari ham rassom, ham inson sifatida uning san’at va hayotga nisbatan bor e’timodini to‘liq tasvirlash uchun cheklangan ko‘rinadi. Professional san’atga kirib kelishdagi muammolarning ayrim sabablari ham xuddi shundan kelib chiqqandi. Ukasi Teo tomonidan rassomning asarlari Parijda ko‘rgazmaga qo‘yilgan bo‘lishiga qaramay bu suratlarga umuman xaridor topilmaydi. Chunki Vinsentning rassomlik faoliyatining avvalgi yillarida asosan qora va to‘q ranglar bilan quyuq qilib ishlangan, tushkun va horg‘in kayfiyat beruvchi suratlar ayni zamondagi juda ko‘pchilikni tashkil etuvchi, impressionizmga oshufta san’at iste’molchilarining talabi va didiga o‘tirmaydi.
Uslubga umumiy nazar tashlaganimizda esa Van Gog o‘ziga namuna sifatida ko‘ruvchi rassomlar orasida romantizm vakillari ham bor edi. “Men ruhiy sokinlikda emas, ehtirosli onlarda jon berishni ma’qul ko‘raman”, deb yozadi rassom bir maktubida. Aynan shunday, balki uning ijodini dastlabki yillariga mansub suratlarida bu sezilmasligi mumkin, ammo Van Gog deganda ijodkorning ko‘z oldimizda gavdalanadigan suratlarida buni ilg‘ash alohida ko‘nikma talab etmaydi. O‘tkir va ehtirosli kolorit, ko‘rilgan emas his qilingan shakl va ifodalar, ta’sirchanlikning noodatiy, shu bilan birga ta’bni xira qilmaydigan darajasi va ko‘rinishi uni oddiy ijodkor emas, o‘ziga xos ta’limotning peshvosi sifatida qabul qilishga, tushunishga va tan olishga majbur qiladi. Tasviriy san’atga oid qarashlari, texnikasi va uslubi bir qancha to‘siqlarga uchrashiga qaramay Vinsent o‘z yo‘lida qattiq turdi. Asarlariga san’at jamoatchiligi tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tiborsizlik, dastlab o‘ziga ustozlik qilgan amakivachchasi Anton Mauve, keyinchalik o‘zi ta’lim olgan Antverpen Akademiyasi direktor va o‘qituvchilari bilan ziddiyatlar ham uni uslubidan chekintirmadi. Hatto ukasi Teo ham uning qarashlari va tasvir uslubini o‘zgartirishga bir necha bor harakat qilib ko‘rgan. Biroq, Van Gogning Parijda istiqomat qilgan davrida ayrim mashhur va iste’dodli rassomlar, san’at olamidagi boshqa katta shaxslar bilan tanishadi, o‘z texnik mahoratini yuksaltirish uchun bir qancha darslarga qatnaydi. Shundan Parij yillari uning suratlari palitrasiga yorqin ranglar ham qo‘shiladi. Mohiyatan olib qaraganda jiddiy o‘zgarishlar yuz bermaydi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Vinsentning tabiati, ustiga-ustak qo‘shalashib kelgan muvaffaqqiyatsizliklar, omadsizlik bilan birga umidsizlik ta’sirida yanada yuksalgan umidlari (Van Gog o‘z e’tiqodini qadrlar edi, yoshlik davrida diniy faoliyat bilan ham shug‘ullangan) uning tasvirlarini shunday qiyofalantirgan edi.
Van Gog uchun Provansga ko‘chish anchagina xayrli keldi, bu yerda o‘tgan kunlarida texnika va uslub yanada teranlashdi, o‘z palitrasini ham boyitdi. Nafaqat avtoportretlarida, balki peyzaj va natyurmortlarida uning shaxsiyati, ruhiyati, fitrati yanayam ko‘proq namoyon bo‘la boshladi. Ranglar, shakllar, soyalar o‘z o‘rni va gohiga qarab xuddi rassomday g‘ayrat-shijoatli, impulsiv, tartibsiz, nochor, tushkun edi. Bu ayniqsa uning muhtojlikda va ruhiy xastalikda o‘tkazgan vaqtlarida ishlangan suratlarida kuchliroq namoyon bo‘ladi. Van Goggacha hali hech bir rassom bir yo‘la tasvir obyektini, ham o‘z ichki kechinmalarini bunchalik darajada tasvirlay olmagandi. Keyinchalik mashhur norveg rassomi Eduard Munk ijodi ham shunday shamoyilni oldi, biroq bunda ham Vinsent ahamiyatli bo‘ldi. Negaki, Munk eng ko‘p ta’sirlangan ijodkor u edi.
So‘nggi yillarda, shuningdek, yulduzlar, yarim oy, sarv daraxti bug‘doyzorlar, iris gullari va kungaboqarlar, qishloq hayoti Van Gog asarlarida bosh figuralar bo‘lib qoldi. Asosiy san’atshunoslik tadqiqotlari hamda oddiy san’at muxlislari ham xuddi shu tasvirlarga katta e’tibor qaratishadi. Bular rassomning tashrif qog‘oziga aylandi. Van Gog qo‘llaydigan o‘ta yorqin va ko‘lamli sariq rangni tahlil qiladigan bo‘lsak, bunda bir qarashda o‘tkir ehtiros va shijoat, hadsiz ishtiyoq his qilinadi. Vinsentning rasm chizishga bo‘lgan ichki talabi va ishtiyoqi juda kuchli bo‘lganligi hisobga olinsa, u buni aynan shu rangda ifodalashga ko‘pincha ehtiyoj sezishi tushunarli bo‘ladi. Boshqa bir tahlillarga ko‘ra esa yulduzlar va yarim oydagi yorqin sariq rang xudoga ishora qiladi. Bunga bir hisobda ishonish mumkin. Chunki Van Gog ukasi Teoga yozgan maktublarining birida (1888-yil sentyabr) qachonki e’tiqodga kuchli ehtiyoj sezganida yulduzlarni chizishi haqida yozgan. Ammo rassom faqatgina yulduz va oydagina bo‘rttirilgan va to‘yingan sariq rangni ishlatmagan, demak sariq rangni qo‘llashdan yolg‘iz maqsad bu emas. Van Gog sariqdan foydalanishda kunduzgi suratlarda salmoqliroq ishlagan bo‘lsa-da, nisbatan tun tasvirida ishlatishda ko‘proq xohish ko‘rsatgan ( xususan ko‘k, siyohrang va binafsha ranglar bilan birga ishlatilganda sariqning yanada jozibaliroq chiqishiga ishongan). Quyida ayrim misollar keltiraman:
“Tungi kafe” 1888-yil
“Tungi terassa” 1888-yil
“Rona osmonidagi yulduzli tun” 1888-yil
Arldan boshlangan sayohatlar Vinsent ijodida ramzlarning ko‘payishi va chuqurlashishiga ta’sir ko‘rsatdi. Uning asarlarida ramziylikka xizmat qiluvchi obyektlardan yana biri bu kungaboqarlar. Van Gog kungaboqar tasvirlangan suratlar seriyasini (jami 11 ta surat) yaratadi, eng ko‘p tilga olinadigan 7 ta seriyadagi kungaboqar suratlarini ham Arlda chizgan. Rassom ijodida kungaboqarlar inson ramzi edi – osmonga, quyosh va yorug‘likka qarab intiluvchi mavjudot sifatida.
Yana bir ramz bu sarv daraxtidir, garchi uni chizish rassomga qiyinchilik tug‘dirsa-da, Vinsentga juda yoqqan. Ushbu ramz tahliliga kelsak, sarv daraxti Yevropa qabristonlarida ko‘p ekilgan. Shu sabab uni katta ehtimol bilan o‘lim ramzi sifatida ishlatgan. Ayniqsa, “Yulduzli tun” asaridagi daraxtning ko‘rinishi boshqalariga qaraganda bu qarashni ko‘proq tasdiqlaydi, unda sarv ancha baland – go‘yo osmonga tutash qilib tasvirlanadi, shakl-shamoyil ham qolgan suratlardagiga qaraganda o‘tkirroq ko‘rinish hosil qilgan. Shuningdek, sarvlar deyarli barcha suratlarda alohida ajratib qo‘yilgan va old planga qo‘yilgan, bu bilan rassom, balki o‘zining yolg‘izligini ifodalamoqchi bo‘lgandir. Bundan tashqari sarv daraxtining ko‘plab tasvirlaridagi notinch va g‘alayonli tekstura Van Gogning o‘sha paytdagi ruhiyatini ifodalaydi.
Bug‘doy hosilini ham Van Gog ko‘pincha ramz sifatida ishlatadi. Va aynan shu ramzni o‘z joniga qasd qilishidan bir necha kun oldin chizilgan suratda qo‘llashi ham buning qanchalik e’tiborga loyiqligini ko‘rsatadi.
“Qarg‘alarga to‘la bug‘doy maydoni” 1890-yil iyul
Pishiqlik paytidagi bug‘doy odatda, jumladan Van Gog asarlarida ham inson hayotining yetuklik davrini ifodalaydi. Ushbu suratda bug‘doyzor osmoni nimqorong‘u rangda va bo‘ronli. Shuningdek, uchib ketayotgan qora qarg‘alar to‘dasi ham tasvirlangan, qarg‘alar esa manbalarda yaxshilik alomati sifatida ko‘rilmaydi. Shunda suratdagi ramziylikning jumbog‘i biroz yechiladi. Yetuklik davrida shamol oqibatida qalqiyotgan bug‘doyzor notinchlikning belgisidir, bunga qo‘shimcha ravishda qarg‘alar suratdan olinadigan tahlika va tahdid hissini yanayam kuchaytirib beradi. Ehtimol, Van Gog ushbu surat bilan o‘z ustidan chiqarilgan hukmni ramzlashtirgandir, har qalay ayni shu davrda uning faoliyati har qachongidan ko‘ra yuksak darajada edi, baxtga qarshi yolg‘izlik, xastaliklar, muhtojlik va o‘zining yagona tirgagi bo‘lgan ukasining betob bo‘lib qolishi rassomni ruhan qattiq ezib, holdan toydirgandi. Qolaversa, Vinsent xuddi shu bug‘doyzorda o‘z joniga qasd qiladi.
Vinsent Van Gog o‘z hayoti davomida ham maishiy, ham ijod taraflama ko‘p sonli to‘siqlar, doiralardan o‘tdi. Hayotligida bittagina suratini sotishga muvaffaq bo‘ldi, ushbu surat “Qizil uzumzor” asari bo‘lib, 1890-yilning mart oyida sotilgan. Do‘stlari Bernard va Gogen ham uning suratlaridagi dohiyonalikni ilg‘ashmadi yoki sovuqqonlik bilan qarashdi. Biroq shuhrat o‘zini ko‘p kuttirmadi, 1890-yilda (ha, rassom umrining so‘ngi yilida) bir muncha yukli e’tiroflarga erishdi – Parijda namoyish etilgan mashhur ko‘rgazmalarning ayrimlariga taklif etildi. Hatto Parij mustaqil rassomlarining oltinchi ko‘rgazmasida suratlari namoyish etilishi ortidan san’at ahli tomonidan san’at tarixidagi ulug‘ rassomlaridan biri deb tan olinadigan Klod Mone tomonidan olqishlandi.
Albatta, oddiy muxlislar uchun yuqorida aytilgan jihatlar unchalik muhim emas. Shunchaki ko‘ngil ishtiyoqi ortidan san’atga qiziquvchi insonlarga birinchi navbatdagi jihat Vinsent yaratgan suratlardagi yorqinlik, fikriy va ma’noli yuklamalarning kamligi va o‘ziga xos texnikasidir. Buni rassomning muxlislari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib ham aniqlab olish mumkin. Aksariyat muxlislar shubhasiz porlab turgan yulduzli va sarvli kartinalarni, kungaboqarlar, gullagan bodom, iris gullari tasvirlangan suratlarni yoqtirishadi. Ularda samimiylik juda yuqori, qayg‘u ko‘rinmaydi. Samimiylik, qandayki – bunda ijod mahsulidan zavqlanish o‘ta oson, eng jo‘n munosabatga ham ochiq, faqatgina his qilish orqali ham qoniqishni tuyish mumkin. Oddiy insonlar odatda san’at asarlariga hordiq chiqarish, zavq uchun murojaat qiladi, purma’no va murakkab tasvirlarga ehtiyoj kamroq bo‘ladi. “Impressionizmda-chi?”, degan savol tug‘ilishi mumkin. To‘g‘ri unda ham tasvir birinchi o‘rinda, ma’no deyarli mavjud emas, biroq unda ijodkorlik va subyektiv tasavvur (o‘rinli chegarada) yetishmaydi, bunday asarlar xos ko‘nikma, bilimga ega bo‘lmagan aksariyat muxlislar uchun juda odmi ko‘rinadi. Van Gog suratlari esa o‘z g‘ayriodatiyligi bilan ruhiyatga ko‘tarinkilik, yengil huzurni bera oladi. Uslubiyatdagi o‘ziga xoslik esa alohida va keng, shu bilan birga tushuntirish unchalik ham o‘ng‘ay bo‘lmagan tomoni. Uning yulduzlar, kungaboqarlar, boshqa xil gullar, landshaftlar qatnashgan suratlarda bir qarashda yuksak mahorat ko‘zga tashlanmaydi, bo‘yoqning garmonik-to‘lqinsimon, egri zarbalanishlari xayolimizda beixtiyor, chuqur anglanmaydigan tarzda bolalarcha chizilgan suratlarni gavdalantiradi. Aynan shu orqali ruhiyatimizda bu asarlarga simpatiya uyg‘onadi. Shuningdek, hislarning bir qarashdayoq oson tuyiladigan salmoqli darajada mahorat va ustalikka bunday aralashuvi albatta keng auditoriyani o‘ziga jalb qiladi.
Van Gogning azobni, tushkunlik va nochorlikni ifodalaydigan asarlarini yoqtiruvchi muxlislar ham keragicha topiladi (“Poyabzallar” turkumidagi suratlarga nisbatan yuqori e’tibor bunga dalil). Bunday suratlar asosan to‘q va bo‘g‘iq ranglari va/yoki asar konteksti (tarixi, izohi) bilan o‘ziga jalb etadi. Bundan tashqari Van Gogning ijodiga muxlislik asarlari bilan birga uning hayoti ham ta’sir o‘tkazgan ixlosmandlar topiladi. Nochorlik, fe’l-atvordagi o‘ziga xosliklar, muvaffaqqiyatsizliklar va buning ortidan kelgan tushkunlik, shaxsiy hayotdagi omadsizliklar, surunkali ruhiy xastaliklar hamda fojiaviy o‘lim Vinsentni ozgina o‘rgangan insonda hamdardlik, simpatiya uyg‘otmay qolmaydi. Asarlaridagi yuz va ranglardagi azobni tasvirlovchi hissiy ifodalar muxlislarda ham kuchli botiniy azobni uyg‘otadi. Birgina fakt, “Doktor Gashe” suratining egasi, kolleksioner Ryoei Saito asardan qattiq mutassir bo‘lib, unga shunchalik bog‘lanib qolganidan bir kun kelib vafot etganida suratni ham o‘zi bilan birga yoqish fikri haqida aytgan.
“Doktor Gashe” 1890-yil
Mashhur komik aktyor Saveliy Kramarov shunday degandi: “Men doim jinni-telbalarni ijro etaman. Shuning uchun meni barcha yerda o‘z qadrdonlaridek qabul qilishadi”. Shu boisdan (ya’ni rassomning ruhiy tomondan normal emasligi) ham balki uni sevuvchilar ko‘pdir, ehtimol. Van Gogning maktublari, kundaliklari XX asr avvalidan boshlab juda katta adadda nashr etildi. Bugunda ham turli reproduksiyalar, ya’ni maishiy buyumlar, suvenirlar, taqinchoqlar va boshqa buyumlarga ham maxsus tarzda rassomning asarlarining tasviri bilan qayta ishlov berilishi ( bu masalada ham Van Gog qolgan barcha rassomlardan oldinda) ko‘p jihatdan uning rassom sifatidagi mahorati yoki dahosiga emas, balki, shaxsiga, qismatiga bog‘liq.
Vinsentning xastaligi ham alohida mavzu. Uning jahon san’at ahli e‘tiborini tortgan vaqtdan boshlab to bugungacha ruhiy noqisligi haqida mingdan ortiq ilmiy maqolalar yozilgan, bir necha o‘nlab ilmiy ishlar yoqlangan va o‘ziga 30 dan ortiq qiyosiy hamda taxminiy tashxislar qo‘yilgan. Biroq hech biri rasman tasdiqlanmagan, biror bir tashxis bo‘yicha yakdil kelishuvga ham erishilgan emas. Unga 1888-yil ilk bor kasalxonaga yotqizilganida epilepsiya tashxisi qo‘yilgan, biroq u davrdagi epilepsiya hozirgiga qaraganda ancha keng tushuncha edi.
Yuqoridagi fikrlar orasida aytib o‘tildiki, rassom bolaligidanoq ta’sirchan (ayniqsa omadsizliklarga), beqaror kayfiyatli, jizzakilik, o‘ziga ishonchsizlikni namoyon etgan, yanayam yaxshiroq tasavvur uchun aytish mumkin – normal va oson xarakterli bo‘lmagan. Buning ortidan shaxsiy hayoti va ijodida ko‘ngilsiz voqealar ko‘p bo‘lgan, bular esa yil sayin uni qattiq depression holatlarga solib qo‘ygan. Ustiga ustak Van Gog absent ichishni juda yoqtirardi, mazkur ichimlik o‘z tarkibida yuqori ulushdagi spirt (odatda 70%) va ruhiyatga ta’sir qiluvchi tuyon moddasini saqlaydi. Shu tariqa ilk klinik belgilar Parijdaligidayoq (1886–88) namoyon bo‘ladi. Qo‘l mushaklarining tortishishi va qaltirashi, dahshatli tasavvurlar, ongni yo‘qotadigan epizodlar, fikriy va hissiy chalkashliklar shular jumlasidan. 1888-yilda provansga ko‘chib borganida bunday holatlar yanada battarlashdi – kichik alahsirash va gallyutsinatsiyalar kuzatildi. Shu tariqa, kasallik rivojlanishi yo‘lida Gogen bilan janjaldan so‘ng (Teoning harakatlari bilan Gogen 1888-yilning kuzida birga ishlash uchun Van Gogning oldiga keladi) chap qulog‘ining bir qismini kesib tashlaydi. Ruhiy shifoxonalarda davolanib chiqqach esa ahvol biroz yengillashgandi. Ammo endi uning oldida boshqa muammo ko‘ndalang turardi. 1890-yilning bahorida Teoning sog‘lig‘i yomonlashdi buning ortidan esa moddiy ta’minot so‘roq ostida qoldi. Aka-uka o‘rtasida bir qancha achchiq-tiziq gaplar o‘tdi va Vinsent endi o‘zini yukday his qila boshladi. Uzoq davom etgan depressiyadan so‘ng o‘z joniga qasd qildi.
San’atshunoslar Van Gog asarlari va ruhiy xastaligi o‘rtasidagi bog‘liqlikka ham jiddiy e’tibor qaratadi. Ijodkorning tabiiy ruhiy holatining yaratadigan asarlariga ta’siri borasida shubha yo‘q. Kasallikning bevosita va keskin ta’siri esa murakkabroq masala. Bu mavzuda ayniqsa “Yulduzli tun” surati ko‘proq e’tiborni jalb etadi. Ayrim olimlar osmondagi to‘lqinsimon-aylana havo oqimini rassomning to‘laqonli xastaligi natijasi sifatida ko‘rsatishadi. Ular orasida hatto shunday fikrlar uchraydiki, Van Gog chuqur ruhiy buzilish natijasida havoning turbulentligini matematik va fizik jihatdan to‘g‘ri ilg‘ay olgan hamda bu mo‘jiza sifatida ko‘riladi. Biroq biz aytamizki bu yanglish fikr, suratdagi aylana va turbulentlikning bir-biriga mos kelishi esa tasodif. Vinsentning havoda bunday o‘ramani chizishining aniq sababi yoki ma’nosi bizga ma’lum emas. Ammo asarda o‘z e’tiqodi, hissiyotiga aloqador obyektlar ko‘pligini inobatga olsak bu aylanalar ham ramz bo‘lishi mumkin. Yana bir qiziq fikr, muxlislar bilishadiki ushbu suratda oy va yulduz atrofidagi sariqlik qolgan asarlarga nisbatan ko‘proq. Gap shundaki, patolog olim Pol Vulf 2001-yilgi bir izlanishida “Yulduzli tunda” sariq rangning bunchalik mehr bilan qo‘llashini epilepsiyadan davolanish vaqtidagi dorilar ta’siri bilan bog‘laydi. Boshqa olimlar ham Van Gogni tuzalishi uchun unga digitalis dorisi berilgan bo‘lishi mumkinligini aytishadi, xuddi shu dorining ko‘p dozasi atrofning inson ko‘ziga sariq yashil ko‘rinishda namoyon bo‘lishiga olib keladi. Biroq bu ham taxmin. Boshqa bir taxmin bundan ham oshib tushadi, biz yuqorida qayd etgan absent ichimligi tarkibidagi tuyon moddasining ma’lum miqdori ko‘rishda sariqlikni oshirishi aniqlangan va shunga ko‘ra Van Gogning ayni shu ichimlikni haddan ortiq iste’mol qilishi suratdagi bo‘rttirilgan sariqlikka sabab bo‘lgan. Biroq bu qarash juda mo‘rt edi, 1991-yilgi o‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra aynan suratdagiday sariqlikni absent ichish orqali tasvirlamoqchi bo‘lsangiz siz 182 litr absent ta’sirida bo‘lishingiz kerak.
“Yulduzli tun” 1889-yil
Yuqorida birgina surat misolida rassomning kasalligi va ijodi o‘rtasidagi aloqaning qay darajada ekanligini tahlil qilishga harakat qildik. Albatta, kasallik inson faoliyatining har bir sohasida seziladi, Van Gog ham bundan mustasno emas. Ruhiy beqarorlik, xastaliklar uning qaysi paytda qanday suratni chizishi, tuyg‘ulari, tasavvuri, insonlar bilan munosabatlariga ta’sir qilgandir. Biroq, asarlaridagi o‘ziga xoslik, yangiliklar, impastolar, ranglar, xatolar, mahorat, tasvirga so‘nmas ishtiyoq va qolgan barchasi rassomning buyukligining belgisidir.
Javohir ERGASHEV.
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q