Qutlug‘ yer-suv e’tiqodi – eski turkiylarning tabiatga munosabati hamda qo‘riqxonalar tizimi


Saqlash
18:43 / 18.04.2023 1373 0

Kunchiqarda Sibir va Oltoy, kunbotarda esa Qora dengiz bo‘ylarigacha yastangan ulkan kengliklarda bir necha ming yillardan beri yashab kelayotgan turkiy el-uluslar yuzlab siyosiy uyushmalar – xonliklar va bekliklar tuzgan. Gʻarblik olimlardan biri shunday ta’kidlaydi: “Dunyoda uy, imorat qurmaydigan el yo‘q, biroq ular orasida bittasi borki, turkiylardir – ular davlat quradilar”. Shunday xususiyatlari bilan bo‘y ko‘rsatgan ota-bobolarimiz madaniyatining oz o‘rganilgan tomonlari ko‘p, shulardan biri, bizningcha, “qo‘riq” yoki “qo‘riqxona”lardir.

 

Bir uchi Uzoq Sharq – Koreyagacha, ikkinchi uchi esa Sharqiy Yevropagacha cho‘zilgan ulkan saltanat bo‘lmish Turk xoqonligi (552–744) boshqaruvi chog‘ida Ichki Osiyo tuproqlaridan yurib o‘tgan xitoy va yunon elchilari, rohiblari eski turklarning yashash yo‘sini, kundalik turmushi va inonch tizimi to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, ularning ona tabiat bilan qanchalik uyg‘un yashashi haqida to‘xtalib o‘tgan. O‘rnak uchun, VII yuzyillikning 30-yillarida o‘z ona yurti – Xitoydan yo‘lga chiqib, O‘rta Osiyo va unga qo‘shni o‘lkalar orqali Hindistonga budda topinoqlariga borishni ko‘ngliga tuggan rohib Syuan Szan (629–645) yozib qoldirgan bilgi-ma’lumotlarga ko‘z yugurtirsak, turkiylar madaniyatida “qo‘riq” yerlar qanchalik ardoqlanganiga taniq (guvoh) bo‘lamiz. Xitoyning Gansu, Dunxuan kabi kunbotar o‘lkalaridan o‘tib, Sharqiy Turkistondagi Gaochan (Turfon/Urumchi), Kucha, Oqsuv kabi shaharlar orqali O‘rta Osiyoga kirib kelgan rohib, xoqonlikning Suyab (To‘qmoq), Taroz, Merke singari shaharlarida bir sira qo‘noq bo‘ladi. Hind o‘lkasiga borish uchun xoqonlikka qarashli Choch, Ustrushona, Sug‘d, To‘xoriston, Kobuliston yerlaridan o‘tishi, buning uchun esa turk xoqonidan yozma ruxsat olishiga to‘g‘ri keladi. Aytib o‘tilgan ushbu o‘lka va shaharlar turg‘unlarining yashash yo‘sini to‘g‘risida o‘z ko‘rgan-kechirganlarini qog‘ozga tushirgan xitoy rohibi Taroz va Merke shaharlari orasidagi yerlar – Tangritog‘ (Tyanshan) etaklaridagi “Bing-yul”, ya’ni eski turkcha “Ming buloq” deb ataladigan yerga ayricha to‘xtalib o‘tadi. Syuan Szanning urg‘u berishicha, bu yer Tun yabg‘u-xoqonning yoz oylarida issiqdan saqlanadigan joyi bo‘lib, uning yozlik qo‘nalg‘asi aynan shu yerda o‘rnashgan edi. Kezi kelganda aytish kerak, xitoy yilnomalarida “Chyan-Chyuan”, ya’ni “mingta buloq” deb ham tilga olingan Bing-yul (Ming buloq) Chochning shimolidan o‘rin olib, Gʻarbiy Turk xoqonligi (568–740) yetakchisi Tun yabg‘u-xoqon (618–630) o‘z boshqaruv markazi – o‘rdasini ayni shu yerga ko‘chirgan edi [Bichurin 1950, I: 283].

 

Rohibning keltirishicha, bu yerda mingga yaqin katta-kichik buloqlar bo‘lib, tegrasi yam-yashil o‘tloqlar va uzun-uzun og‘ochlar bilan qoplangan edi. Rohib bu yer Tun yabg‘u-xoqonning maxsus qo‘riqxonasi ekanini ta’kidlab quyidagicha yozadi:

 

“Minglab buloq va ko‘l borligi uchun bu yer “Chyan-chyuan” deb ataladi. Turk xoqoni har yili yoz oylarini shu yerda o‘tkazadi. Bunda kiyik mo‘l, ko‘pining bo‘yniga qo‘ng‘iroqli tasma bog‘lab qo‘yilgan. Ular odamlarga o‘rganib qolgani uchun hurkib qochmaydi. Xoqon bu kiyiklarni yaxshi ko‘radi va qo‘l ostidagilarga “Biror kishi bu kiyiklarni o‘ldirmoqchi bo‘lsa, uni o‘lim kutadi va kechirilmaydi”, deb buyruq bergan” [Ekrem 2003: 116].

 

So‘zlarini Ming buloqdagi kiyiklarning so‘nggi kunlarigacha bu yerda yashashi bilan tugallagan ushbu xitoy rohibi kundaligidan anglashiladiki, o‘sha chog‘larda turkiy ellar orasida “qo‘riqxona” tizimi keng yoyilgan edi. Undan yuz yilcha keyin – VIII yuzyillikning 20–30-yillarida Tangritog‘ning kungay va kunbotar tomonlarida – Farg‘ona, Choch (Toshkent) va Isfijob) Sayram tegralaridagi tog‘ etaklarida bo‘lgan arablar ham turk xoqonlariga qarashli qo‘riqlanadigan yerlar to‘g‘risida yozib qoldirgan. O‘rnak uchun, IX yuzyillikda yashagan arab tarixchisi Abu Ja’far at­-Tabariy "Tarix ar­rusul va­l­muluk" (“Payg‘ambarlar va hukmdorlar o‘tmishi”) asarida 736-yilgi voqealarni yoritar ekan, turk xoqoniga tegishli yaylovlarga mo‘l tog‘ – qo‘riq borligi, unga biror kishining yaqinlashishi yoki ov qilishi ta’qiqlangani to‘g‘risida yozib, bu yer xoqonlik qo‘shiniga urushlar chog‘ida zaxira yetkazib berishga mo‘ljallanganini ta’kidlaydi [Tabari 1987: 242].

 

Tabariy bilan deyarli bir davrda yashagan Abu Bakr an-Narshaxiyning “Tarixi Buxoro” asarida o‘rin olgan bilgilar ham turkiylarda “qo‘riq” yoki “qo‘riqxona” tizimi ancha keng tarqalgani, turkiy boshqaruvchilar qayerda bo‘lmasin bu tizimni o‘rnatishga intilganini ko‘rsatadi. Narshaxiy Qoraxoniylar sulolasi (940–1212) boshqaruvchilaridan biri Malik Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim Tamg‘ochxon to‘g‘risida yozib, uning Buxorodagi ishlariga quyidagi to‘xtaladi:

 

“Malik Shamsulmulk darvozayi Ibrohim oldidan ko‘p daromadli yerlarni sotib olib, darvozagacha qariyb yarim farsang keladigan joyda go‘zal bog‘lar barpo etdi, imoratlariga ko‘p mablag‘ va xazinalar sarf qildi va u joyga Shamsobod deb nom berdi hamda Shamsobodga tutash qilib podshohlikka xos otlar uchun bir o‘tloq joy barpo etdi va uni g‘o‘ruq (qo‘ruq) deb atadi va uzunligi bir mil miqdorida mustahkam devor bilan o‘rab, ichiga bir qasr va bir kaptarxona qurdi. Bu g‘o‘ruq ichida bug‘u, kiyik, tulki va ayiq kabi yovvoyi jonivorlarni (ham) saqlar va ularning hammasi o‘rgatilgan edi. Gʻo‘ruq baland devorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, jonivorlar qocha olmas edi” [Narshaxiy 1966: 16].

 

Qoraxoniylar sulolasining kuchli xoqonlaridan biri bo‘lgan Ibrohim Tamg‘ochxon 1068-yili taxtdan voz kechgach, uning o‘g‘li Shamsulmulk Turkistondagi boshqaruvni qo‘lga kiritib, umrining so‘nggi yillari – 1080-yillargacha ko‘plab qurilish ishlariga bosh-qosh bo‘lgan edi. Uning davrida Buxoro shahri va tegrasida ko‘pgina uy-joylar qurilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilishi bilan birga, turli hayvonlar saqlanadigan “qo‘riq”ning barpo etilishi Qoraxoniylar sulolasi boshqaruvchilarining davlatni birgina siyosiy tomondan kuchaytirishga emas, balki o‘z qo‘l ostidagi yerlarni madaniy va iqtisodiy tomondan yuksaltirishga uringanliklarini ko‘rsatib turibdi. Xon va xoqonlarning bu kabi ezgu ishlari o‘z-o‘zidan bo‘lmay, uning negizida eski turk an’analari yotadi. Ildizi Xun saltanati (mil. old. II – mil. II yuzyilliklar), Turk xoqonligi (552–744) va boshqa turkiy sulolarga borib taqaladigan eski turkiy to‘ra-tuzuklarga ko‘ra boshqaruvchilar mamlakat ahlini qorni to‘q, usti but, kundalik turmushi tinch bo‘lishini o‘z yelkasiga olganlar. Buni O‘rxun bitiktoshlarida uchrab, xoqonlar tilidan keltirilgan “budun (xalq) bo‘g‘zi to‘q erdi”‚ “och budunni to‘ydirdim‚ yalang‘och budunni kiydirdim” kabi ochiqlamalar ham ko‘rsatib turibdi [Tekin 2003: 70–71].

 

Bizningcha, turk el-uluslarida keng tarqalgan “qo‘riq” tizimining negizida eski turklar madaniyati va dunyoqarashiga xos tushuncha – o‘zlarini o‘rab turgan borliq, ona tabiat va unda kun kechiradigan barcha narsalarning “qut egasi, qutlug‘” deb tushunilishi yotadi. Bu tushunchaga biror ulgi, o‘rnak keltiradigan bo‘lsak, XI yuzyillikda yashab o‘tgan, turkiy ellarning buyuk bilgasi Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ati-t-turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asarida “iẓuq (izuq) – har bir qutlug‘ narsa; o‘z holiga qo‘yilgan hayvonga “izuq” deydilar. Unga yuk ortilmaydi, suti sog‘ilmaydi, yungi olinmaydi. Egasi uni nazr qilgani tufayli shunday qilinadi” degan bilgi uchraydi [Koshg‘ariy 1960, I: 96]. Anglashiladiki, bundan ming yilcha oldin, turkiylarning sezilarli bir bo‘lagi islom inonchiga o‘tgan chog‘larda ham tabiatga va uning bag‘ridagi jonli va jonsiz narsalarga “muqaddas” deb qarash an’anasi saqlanib qolgan. Mahmud Koshg‘ariy “izuq” so‘zini tushuntirar ekan “har bir qutlug‘ (muqaddas) narsa” deb yozganda birgina jonlilarni emas, buyumlarni ham ko‘zda tutgani bilinib turibdi. Shu o‘rinda O‘rxun bitiktoshlarida bu atamaning yanada eskiroq ko‘rinishi – “iduq” so‘zining uchrashini aytib o‘tish kerak. 730-yillar boshida o‘rnatilgan Bilga xoqon bitiktoshida turk xoqoni “üzä Teñri ıduq yer sub [eçim q]ağan qutı taplamadı erinç toquz oğuz bodun yerin subın ıdıp tabğaçgaru bardı “Ustta Tangri, (quyida) iduq Yer-Suv, otam xoqon quti (ruhi) toblamadi (ma’qul ko‘rmadi) shekilli, to‘qqiz-o‘g‘uz buduni yerini-suvini (vatanini) tashlab, Tabg‘ach (Xitoy)ga bordi” deya o‘kinib yozadi [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 129]. Uzoq ota-bobolarimiz dunyoqarashida turkiylar yashaydigan ona yurt – vatan “yer-suv” deb atalishi bilan birga, unga “iduq” (qutlug‘, muqaddas) so‘zining qo‘shib aytilishi ona zaminning qanchalik ardoqlanganini ko‘rsatadi.

 

Shu o‘rinda vizantiyalik tarixchi Feofilakt Simokatta (VII yuzyillik)ning Turk xoqonligi yerlarida bo‘lib qaytgan yunon elchilari so‘zlariga tayanib yozgan quyidagi bilgilari diqqatni tortadi:

 

“Bu tog‘ (Oltoy yoki Tangritog‘ / Tyanshan) joylashishi bo‘yicha sharqqa qaragan, uning yerli turg‘unlar tomonidan “oltin” deb atalishining sababi shuki, unda mevalar mo‘l: bundan tashqari, u yovvoyi hayvonlarga va yilqiga boydir. Turklardagi qonunga ko‘ra, Oltintog‘ bosh xoqonning ixtiyoriga berib qo‘yilgan. Turk xalqi ikkita muhim narsa bilan faxrlanadi: ular aytadilarki, o‘ta qadim zamonlardan, ularning hayoti boshlanganidan beri, ular hech qachon o‘z yerlarida vaboni ko‘rmaganlar va ularning mamlakatida zilzila juda kam bo‘lgan. Faqat, bir vaqtlar o‘n-o‘g‘urlar tomonidan barpo qilingan Bakaf (shahri) zilzilada vayron bo‘lgan, Sug‘diyona esa vaboni ham, zilzilani ham boshidan kechirgan. Turklar olovni hamma narsadan ham yuqori qo‘yadilar, suv va havoni ulug‘laydilar, yerga madhiyalar kuylaydilar, va birgina osmon va yerning yaratuvchisiga ibodat qilib, uni “Tangri” deb ataydilar” (Feofilakt Simokatta 2014: 12-13).

 

Shu bilan birga, xoqon oldidagi burchlardan yana biri – o‘zlari yashab turgan yer-suv, buloq, yaylov, tog‘, qo‘yingki, butun ona tabiatni saqlash bo‘lgan ko‘rinadi. O‘rxun-Enasoy bitiktoshlari, xitoy yilnomalari va boshqa tillardagi yozma manbalardan anglashilishicha, turkiylar yer-u suvga, tabiatga, hayvonlarga, o‘zlarini o‘rab turgan butun borliqqa o‘ta ehtiyotlik bilan yondashib, ular bilan “so‘zlashish”ga, ularni avaylab-asrashga intilganlar. Bugungi kunda ham Sibir va Oltoy o‘lkalarida yashaydigan turkiy elatlar orasida saqlanib qolgan ko‘plab urf-odatlar tabiatni asrashga qaratilgani, turli hayvonlar-u og‘och, o‘t-o‘lanlarning “tini (ruhi) bor” deb, ularga atab tilak va istaklar bildirishlarining negizida o‘sha turkiy ota-bobolarga xos an’analar yotadi. O‘zimizda – o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, turkman va boshqa turkiylarda ham saqlanib qolgan ayrim an’analarda o‘sha chog‘larning izlarini uchratamiz. O‘rnak uchun, tog‘, qir-adir, soy va yaylovlarda ayrim “ziyorat” yoki “aziz” joylar o‘rin olib, ularning yerli turg‘unlar tomonidan e’zozlanishi, ardoqlanishi bejiz emas. Ayniqsa, qozoqlar orasida tog‘ va qir-adirlik yerlarda “auliye-jay” (avliyo joy) deb ataladigan yuzlab qo‘nalg‘alar bo‘lib, u yerlarda hayvonlarni o‘ldirish, ov qilish, og‘och va o‘t-o‘lanlarni kesish, toptashga yo‘l qo‘yilmaydi. Shunga o‘xshash irim-sirimlar qardosh qirg‘izlarda ham uchrab, ko‘pchiligi tog‘lar bilan o‘ralgan qirg‘iz yerlarida ming yillardan beri o‘zgartirilmasdan saqlanib kelayotgan ona tabiatga ko‘zimiz tushadi. Tog‘ buloqlarida ko‘zni quvnatib suzib yurgan baliqlarni ko‘rganimizda o‘zbeklarda ham bunday an’analar qanchalik saqlanib qolganiga taniq bo‘lamiz. Nurota tog‘idagi buloqlarda tinchgina suzayotgan baliqlar va ular bilan bog‘liq turli rivoyatlar buning yana bir misoli.

 

Qisqasi, bundan deyarli bir yarim ming yil oldin yozma manbalarda tilga olinib, turkiylar madaniyatiga xos o‘zgachalik o‘laroq ko‘riladigan “qo‘riq” yoki “qo‘riqxona” tizimi bugungi kungacha yetib kelgan qadriyatlardan biri, desak yanglishmaymiz. To‘g‘ri, turkiylarga qo‘shni yoki uzoqdagi el-uluslarda ham shunga o‘xshash an’analar bo‘lgan, biroq turkiylar o‘zlari yashab turgan iqlim sharoiti – keng yaylovlar, tog‘ yon-bag‘irlaridan kelib chiqib, ona tabiatni asrab-avaylashga intilganlar va o‘z ona tillarida “qo‘ruq” degan atamani yasaganlar. Qizig‘i shundaki, ushbu atamaning ko‘plab turkiy tillar orasida deyarli o‘zgarishga uchramasdan o‘zbekchada saqlanib qolgani ko‘zni quvontiradi.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,
tarix fanlari doktori, professor

 

Qo‘llanilgan adabiyotlar:

 

1. Абдураҳмонов Ғ., Рустамов А. Қадимги туркий тил. – Т.: Ўқитувчи, 1982.

2. Бичурин Н. Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. В 3-х томах. – М. - Л.: Изд. АН СССР. – том I. – 1950.

3. История ат­-Табари. Избранные отрывки (Перевод с арабского В. И. Беляева. Дополнения к переводу О. Г. Большакова и А. Б. Халидова). – Т., 1987.

4. Кошғарий, Маҳмуд. Туркий сўзлар девони (Девону луғотит-турк) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов. 3 томлик.  1- том. – Тошкент, Фан, 1960.

5. Наршахий, Абу Бакр. Бухоро тарихи. Форсчадан А. Расулев таржимаси. ‒ Т.: Фан, 1966.

6. Феофилакт Симокатта. “Тарих”дан. Рус тилидан А. Аҳмедов таржимаси / Ўзбекистон тарихи. Хрестоматия. 2-жилд, 1-китоб. V-XI асрлар. Масъул муҳаррирлар А. Аҳмедов, О. Бўриев; ЎзР ФА ШИ. – Т., Фан, 2014.

7. Ekrem E. Hsüan-Tsang Seyahetnamesi’ne göre Türkistan. Basılmamış doktora tezi. – Ankara, 2003.

8. Tekin T. Orhon Yazıtları. Kül Tigin, Bilge Kağan, Tunyukuk. – İstanbul: Yıldız Yayınları, 2003.

9. Eski Türk Kültüründe Yer-Su İnancı

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//