Yangilanayotgan Konstitutsiya Oʻzbekiston Qahramonlari nigohida


Saqlash
23:04 / 28.03.2023 2115 0

Ayni paytda xalqimiz orasida Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar keng muhokama qilinmoqda. Oyina.uz muxbiri turli sohalarda faoliyat olib borayotgan Oʻzbekiston Qahramonlarining mavzu yuzasidan fikrlari bilan qiziqdi.

 

Munojat YOʻLCHIYEVA,

Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi kafedra mudiri:

 

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya uzoq muhokamalardan oʻtib, koʻplab qoʻshimchalar bilan boyitilganiga hammamiz guvohmiz. Bu, albatta, uning har bir moddasi ustida jiddiy ishlanganidan dalolat beradi. Bosh qomusimizning XIV bobidagi ayrim oʻzgarishlar xususida mulohazalarimni bildirmoqchiman. Avvalgi Konstitutsiyada ushbu bob “Oila” deb atalgan boʻlsa, yangi tahririda yanada aniq va batafsil qilib, “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlandi. Demak, oila er-xotindan tashqari farzandlardan ham iborat ekaniga alohida urgʻu berilyapti.

76-moddada “Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir. Nikoh Oʻzbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi. Davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi”, degan normalar aks etgan. Haqiqatan ham, oʻzbek xalqida oila neʼmati doimo aziz tutilgan, qoʻydi-chiqdilar va ajrimlar jiddiy qoralangan, er-xotin ajrashsa Arshning kursisi zir titraydi, deyishgan. Oila tushunchasi bundan keyin ham bizda muqaddas boʻlib qolishiga ishonchim komil.

Inson manfaatlaridan kelib chiqib, davlatimiz keyingi yillarda oilalar farovonligi va mustahkamligiga eʼtiborni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, imtiyozli kredit asosida uylar berilayotgani yoki subsidiyalar ajratilayotgani yosh oilalar uchun katta koʻmak boʻlyapti. Yangi Konstitutsiyamizning har bir moddasida xalqimizga maʼqul va manzur shu kabi jihatlarning koʻpligi kishini xursand qiladi.

 

Anorboy ESHMATOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, Jizzax viloyati fermerlar uyushmasi raisi:

 

 

Mamlakatimizda shu yilning 30-aprel kuni oʻtkaziladigan referendum har birimizning ertangi taqdirimizni belgilaydi. Konstitutsiyaning ilgarigi matni yuristlar va olimlar tomonidan yozilgan boʻlsa, ushbu yangi variantini xalqimiz yozdi, deya baralla ayta olaman. Chunki keng omma muhokamasidan oʻtdi, aholining fikr-mulohazalari hisobga olindi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Bosh qomusimiz moddalarini solishtirganda 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga koʻpayganini koʻramiz. Yanada aniqroq aytadigan boʻlsak, Asosiy qonunimiz qariyb 65 foizga yangilanmoqda. Amaldagi 128 moddaning 91 tasiga konseptual oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

 

Mamlakatimizda, yurtdoshlarimiz ongida keyingi yillarda katta oʻzgarishlar yuz berdi. Biz ularni bir qishloq, kerak boʻlsa, har bir fuqaro hayotida ham koʻrib turibmiz. Bu esa oʻz-oʻzidan Konstitutsiyamiz mazmun-mundarijasini ham yangilashni taqozo etadi. Shu maʼnoda mazkur islohot elimiz farovonligi va yurtimiz rivoji uchun nihoyatda zarur edi, desam adashmayman.

 

Muhabbat SHAROPOVA,

Oʻzbekiston Qahramoni, Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internati oʻqituvchisi:

 

 

Samarqand davlat universitetini tugallab, oʻzim oʻqigan maktabda ish boshlaganimga ellik ikki yil boʻlibdi. Ochigʻi, oʻtgan yillar davomida ustoz sifatida hayotimda, faoliyatimda yaxshi kunlarni ham, yomon kunlarni ham koʻrdim. Bir vaqtlar paxta terish, chorvaga pichan toʻplash, yantoq chopish kabi hasharlarga asosan oʻqituvchilar jalb etilardi. Elektr, gaz va kommunal toʻlovlarni undirish uchun uyma-uy yurgan paytlarimiz boʻlgan. Oylik maoshning kamligi, oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻ-eʼtibori haqida gapirmasak ham boʻladi. Shu oʻrinda Konstitutsiyaning yangi loyihasidagi 52-modda haqida alohida toʻxtalmoqchiman. Ushbu moddaga koʻra, bundan buyon Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnatiga jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida qaraladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.

 

Endi qolgani faqat oʻzimizga bogʻliq. Hech kim oʻqituvchini dalaga yoki koʻcha supurishga majburlay olmaydi. Uning asosiy ishi ilmini, tajribasini, kasbiy mahoratini oshirib, bolalarga yetarli darajada bilim berishdan iborat boʻldi. Muallim oʻz vazifasini koʻngildagidek uddalasa, maktablarimizda, taʼlim tizimimiz va oʻz-oʻzidan kelajagimizda jiddiy, ijobiy oʻzgarishlar boʻlishiga shubha yoʻq. Bu borada esa bizga yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mustahkam qalqon boʻlishiga ishonaman.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 127
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//