
Qishloqning qovoqlariga shom qo‘ngan. Quyosh osmonni qizartirib-qizartirib huv uzoqdagi tog‘lar bag‘ridan joy topyapti. Hovlilar gavjum, kimdir og‘iz ochar mahal yaqinligi uchun ogohlantiruvchi soat qo‘ng‘irog‘ini yaqinroq qo‘ygan, yana kimdir o‘choqboshida kuymalangan, sigir yetaklagan, sutni suzib daraxt shoxiga ilgan.
Ko‘chani shovqin-suronga to‘ldiruvchi bolalar esa Ramazon oyini o‘zgacha rejalar bilan kutib olgan: kun yonboshlagach o‘zlariga jamoa tashkil qilib, belgilangan vaqtda aytilgan joyga yig‘iladi. Muddaolari qora tunga qolmay, “Yo, Ramazon” aytish... Yil bo‘yi kutilgan murodlariga yetish.
Bolalarning ichida olov. Ular bu qo‘shiqni tillari chiqar-chiqmas yod olishadi, lekin asl mavsumda uy kattalari mahalla kezishga ruxsat bersagina aytadilar:
Yo, Ramazon aytib keldik eshigingizga,
Qo‘chqorday o‘g‘il bersin beshikingizga...
Ba’zi ota-onalar farzandlarining do‘stlari bilan mahalla kezib, qo‘shiq aytishiga izn bermaydi, “Birovning noniga qarab qoldingmi?” deya or qiladi, tergaydi.
Bolaga non qiziq bo‘libdimi, unga tuzilayotgan jamoadan, o‘zaro saralash-u, tabiiy kuchlar sinalishidan chetda qolmaslik, yo‘nilgan tayoqlarini ko‘z-ko‘z qilish, o‘zini mustaqil his etib nimadirlar jamg‘arish yoqadi-da...
…Mahalla bolalari guruhlarga bo‘linadi. Bu ibtidoiy davlat tuzilmasiga o‘xshaydi. Bitta jamoada taxminan 6, 8, 10 kishi bo‘ladi. Yoshi kattasi va ishga ustasi sardorlik qiladi. Bu davrda ham kuch, idrok bahsi davom etaveradi. Shunchaki bo‘ysunish bola shuuriga zid. Asosan o‘g‘il bolalar aytadigan bu qo‘shiqqa mehribon akalar yig‘loqi singillarini jo‘r qilishi ham mumkin. Masalan, men uchratgan “Yo, Ramazon”chi bolalar jamoasida bir qiz ham bor edi. Zamona zaylini qarang, bolaligimda “Hayitchi”da o‘g‘il bolalar bizga qo‘shadi, “Yo, Ramazon”da esa nega bizni qo‘shmaydi, deb hayron qolardim. Mana sizga gender tengligi, deyishgandir-da, kichkintoylar, to‘g‘rimi?
Har bir bolaning qo‘lida bo‘ylariga teng tayoq: ham himoya, ham g‘urur ramzi. Tayoq ularga eshik qoqish, kuchuklardan qochish, qorong‘ida yo‘l topish, ot qilib minish va, albatta, “Meniki zo‘r” deb ko‘z-ko‘z qilish uchun asqatadi.
Ba’zi bolalar cho‘ntaklariga “qorong‘ida qolib ketsak, yoritadi” deya cho‘ntakchiroq (fonar)ni ham solib olishgan. Tirnoq uchidek keladigan yangi oy esa ularga yo‘ldosh:
Uyingizning ustida oy ko‘rdik,
Hammadan sizni boy ko‘rdik,
O‘choqda kul, karmonda pul,
Chiqara qoling, jon yanga,
Ming so‘m pul!..
Qo‘shiq jo‘rlikda ijro etiladi. Notalar-u falshlarning qizig‘i yo‘q. Shijoat bo‘lsa, olov bo‘lsa bas. Bolalar qo‘shiqqa mos oyoqlari-yu qo‘lidagi tayoqlarini ham yerga urib ohang hosil qilishadiki, qo‘shni mahalladagi boshqa jamoaning ovozi bilan ularniki qo‘shilib butun qishloqqa Ramazon oyi kayfiyatini yoyadi... Ogohlikka chorlaydi:
Momo-momo uxlama, qurra-qurra,
Suprangizni it tortyapti, turra-turra!
Bu oyda har bir xonadon “Ramazon”chilarni kutadi, qopag‘on itlar bog‘lanadi, yirik pullar do‘kondan maydalab kelinadi, tokcha yoniga qo‘yib farzandlariga tayinlab qo‘yiladi: “Yo Ramazon”chilarga. Ular kelganda esa ko‘proq qo‘shiq ayttirish uchun xonadon egalari uyidan atay kechroq chiqadilar, derazadan sezdirmay mo‘ralaydilar, hazil-huzul qiladilar. Bolalar bu oyda ular uchun hamma eshiklar ochiqligini bilishadi. Chirog‘i yoniq uy tagida turib olishadi, uy egalari chiqmaguniga qadar jo‘shib-jo‘shib qo‘shiq aytishadi. Ichkarida “Kim beradi, kim beradi?” degan muhokamalardan so‘ng bu “mas’uliyatli vazifa” oilaning kenja o‘g‘il farzandiga topshiriladi. Buning mantig‘i shuki, o‘g‘iltoy ham ulg‘ayib akalaridek “Yo, Ramazon” aytib yursin, xalqning oldi bo‘lsin.
Hadyalar pul, shirinlik, meva-cheva va bolalar uchun totli bo‘lgan boshqa narsalar bo‘lishi mumkin.
Bo‘lchin-bo‘lchin, bo‘lchin boy,
Tog‘da qo‘ying yayrasin,
Qumursqaday qiyrasin,
Sarisudan sakrab o‘tgan sari taka,
Umringiz uzun bo‘lsin, Falonchi aka!
Omin!
Bolalar hadyani olgach o‘tirib, hovuchini to‘ldirib duo qilishadi. Odatda, uy egalarining ismi bilib olinib, so‘ng she’rga qo‘shiladi. Zamoniga moslashib, duolar ham o‘zgarib boradi: “O‘qishga grant kiring, Falonchi aka”, “O‘nta “Lasetti” oling”, “Katta to‘yxona oching”, “Qishloqqa gaz opkeling” va hokazo...
Qishloq ko‘chalaridan “Kadiga moy, beshikka o‘g‘iltoy” tilagan bolalar qo‘shig‘ining sadosi va kuchuklarning ovozi tinimsiz eshitilib turadi. Umidlari va orzulari kabi jo‘shqin qo‘shiqqa hamnafas bolalar ham ildam-ildam qadam tashlab, tunga qarshi chiqishadi. Yig‘ilgan hadyalar jamoa sardori tomonidan har bir bolaga teng taqsimlanadi.
So‘ng o‘zlari aytganidek: “Hamma uyiga – tepa to‘yiga” ravona bo‘lishadi.
Qishloqning qovoqlariga tun qo‘ngan.
Matn va foto: Xolida MUSULMON
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
2 Izohlar
Zeliha
17:08 / 26.08.2023
Shunchaki juda ajoyib. Bolalikning eng zo'r paytlari yoritilgan. Yoshlikning beg'uborligi, sodda ko'ngilligi bor. Qolaversa hikoyasi keng tasavvur va mohorat bilan tasvirlangan👍 Omad Xolida🧚♀️
Iroda Nasimova
12:01 / 01.01.1970
Ajoyib fotohikoya. Rasmlar va matn uyg’unligiga gap yo’q. Bitta muallifda ikki xil yetuk mahorat. Shunday jonli va polifoniyaga boy fotohikoyalar ko’paysin!