Inson huquqlari daxlsizligi, ilmiy meros muhofazasi, taʼlimga alohida eʼtibor – Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgarishlar


Saqlash
21:35 / 23.03.2023 1035 0

Konstitutsiyamizning yangi loyihasini qiziqish bilan oʻqib chiqdim. Maktab davridayoq qomusimizdagi 128 moddani soʻzma-soʻz yod olganim uchun yangi loyihadagi har bir yangilanish, qoʻshimchani darrov payqadim.

 

Eʼtiborimni tortgan ilk jihat - «Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari» nomli boʻlimidagi oʻzgarishlar boʻldi. Boʻlimga qoʻshilgan «Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi;

 

Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi haqidagi bandlar davlatimizning bugungi insonparvar siyosatini oʻzida aks ettirgan, nazarimda. Shuningdek, shu boʻlimning «Shaxsiy huquq va erkinliklar» bobidagi 8 ta modda maʼno va mazmun bilan boyigan, yana 3 ta muhim modda qoʻshilgan. Masalan,

 

shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi;

 

shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi;

 

hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi;

 

agar shaxsning oʻz aybini tan olgani unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kabi yangi qoʻshilgan modda va bandlar mamlakatimizning huquqiy davlat qurish maslagi borasida ortga qaytmas yoʻlda ekanidan dalolat beradi.

 

«Fuqarolarning siyosiy huquqlari» bobida esa Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar bobidagi mehnatga haq toʻlashda munosib turmush tarzining eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilmaslik, uni boʻshatish, ish haqini kamaytirish kabi holatlar taqiqlanishi kabi ijtimoiy huquqlar mustahkamlangan. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi qonun bilan belgilanishi ham qayd etilgan.

 

Tan olish lozim, amaldagi Konstitutsiyamizda ekologiya masalasiga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan edi. Faqatgina bir joyda ekologiya soʻzi ishlatilgan – fuqarolarning burchlari toʻgʻrisidagi bobda, «Ekologik muhitga zarar yetkazmaslik» normasi mavjud edi, xolos. Butun boshli Qomusda eng dolzarb muammolardan biri shu tarzda muhofazaga olingani jiddiy yetishmovchilik edi. Yangi taklif etilayotgan loyihada esa Oʻzbekistondagi ekologik sharoit hisobga olinib, ekologik huquq insonning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlari qatoriga kiritilgan. Nihoyat, nafaqat bizni, balki butun Markaziy Osiyoni tashvishlantirayotgan Orolboʻyi ekologik muammosini bartaraf qilish masalalari Konstitutsiyamizning yangi loyihasidan joy oldi.

 

Koʻpchilik yod biladigan eng kichik moddalardan biri – 18 ta soʻzdan iborat boʻlgan taʼlim olish haqidagi 41-modda Qomusimizning yangi loyihasida 3 ta modda asosida bayon qilinmoqda. Bunda birinchi marta maktabgacha taʼlimning ham davlat nazoratida ekani belgilab qoʻyilgan. Naqadar achchiq boʻlmasin mustaqilligimizning chorak asrida bogʻchalarimizni xaroba ahvolga olib kelib qoʻyganimizni tan olishimiz kerak. Insonning umri davomida oladigan barcha maʼlumotning 70 foizini esa aynan bogʻcha yoshida qabul qiladi. Shu maʼnoda kiritilayotgan ushbu oʻzgarish farzandlarimizning sifatli taʼlim olishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Yangi loyihada oliy taʼlim tashkilotlari uchun qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish kabi dunyoviy, rivojlangan davlatlarga xos erkinliklarning mustahkamlab qoʻyilayotgani har bir ziyolini xursand qilishi tabiiy. Fuqarolarning burchlari qatoriga ilmiy merosni avaylab asrash, davlat tomonidan ilmiy meros muhofaza qilinishining belgilanishi ham ayni ilm-fanga, taʼlimga boʻlgan eʼtiborning kuchayayotganidan darak beradi.

 

Quvonarlisi, amaldagi konstitutsiyamizdagi «Oila» bobi “Oila, bolalar va yoshlar» bobi sifatida yangidan tahrirlanib, yoshlarga gʻamxoʻrlik, ularning ijodiy, intellektual, jismoniy rivojlanishlari uchun shart-sharoitlar yaratilishi haqidagi yangi moddalar bilan boyitilgan. Shu bilan birga xalq hokimiyatini kuchaytirish, xalq vakillik organi boʻlmish parlamentning rolini va oʻrnini, masʼuliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator normalar Konstitutsiyamizning yangi loyihasiga kiritilgan.

 

Mustaqillikka erishganimizning oʻn ikkinchi yili. Biz paxta dalasini yovvoyi oʻtlardan tozalash, “chkanka” nomli paxtaga ishlov berish kabi «majburiy-ixtiyoriy» yumushlarimiz evaziga “5” baho olayotgan, yoʻl boʻylaridagi yantoqlarni chopib, fermaga topshirayotgan, ustozlarimiz guruh-guruh boʻlib qishloqdagi molxonalardan goʻng yigʻib kolxoz, shirkat xoʻjaligi dalasiga tashiyotgan vaqtlar bugungi taʼlim sohasidagi, umuman butun jamiyatimizdagi bu kabi islohotlar haqida hatto tasavvur qilish ham mushkul edi. Esimni taniganimdan buyon yaqin yillargacha avval oʻquvchi boʻlib, keyin oʻqituvchi nomi ostida talabalar bilan yilning chorak qismini paxta dalasida oʻtkazdim. Oʻsha vaqtlar nahotki, umrimning eng goʻzal damlari shu gʻoʻzalar qatorida qolib ketadi, degan vahima qalbimni egallar edi. Shukrki, oʻqituvchining daladagi bunday hayoti qoʻrqinchli tush kabi ortda qoldi. Va bu kabi evrilish, bu ijobiy oʻzgarish yurtimizdagi deyarli barcha kasblarda yuz berdi, deya olaman.

 

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamizning 128 moddasi zamon, jamiyat rivojini hisobga olgan tarzda, kerakli maʼno va mazmun bilan boyitilgan. Shu maʼnoda yangi 27 ta moddaning kiritilishini Oʻzbekiston xalqining yorqin kelajagi kafolati, deb hisoblash mumkin. Ishonamanki, har bir yurtdoshimiz Konstitutsiyamizga kiritilayotgan normalar bilan tanishib chiqarkan, ularning xalqimiz farovonligi, davlatimiz kelajagining muhim kafolati ekanini anglab yetadi.

 

Bekzod ABDIRIMOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Xorazm viloyati boʻlimi rahbari

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 80
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 271
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//