Puldorlar jamiyati mafkurasi: ertaga nima yeyman?..


Saqlash
23:21 / 10.03.2023 1497 2

...Bu qizchani deyarli har kuni “Navoiy – 30” nomi bilan shuhrat topgan bino oldida koʻraman. Qoramagʻizdan kelgan, yirtiq kavushini epchillik bilan sudrab, bir qoʻli bilan yoʻlovchining etagidan tutgancha, ikkinchi qoʻli bilan yuziga fotiha tortadi. Jimgina turaveradi. Faqat... koʻzlari gapiradi. Qop-qora bu koʻzlarda goʻyoki siyoh bilan yoʻgʻon-yoʻgʻon harflarda “SADAQA BERING!” yozilgandek...

 

Navoiy koʻchasidan tasodifiy yoʻlovchi kam oʻtadi. Kunda-shunda nashriyot va tahririyatlarga keluvchilarning aksariyati qizchani taniydi. Kimdir hazil-huzul qilib, bir-ikki soʻm bersa, ayrimlari koʻrmaganga solib, qoʻlini quruq qaytaradi.

 

– Pulni nima qilasan? – gapga soldim bir kuni qizchani.

– Non olaman.

– Noning borku? – qoʻlidagi non boʻlagiga ishora qildim.

– Ertaga nima yeyman? – ajablanib soʻz qotdi qizcha.

 

Gʻalati ahvolga tushdim. Qizchaga “non puli” berib, ishxonaga keldim. Savoli tinmay miyada aylanardi: “Ertaga nima yeyman?..”

Oʻsha voqeaga qadar Yaratgan Egam meni tilanchi qilib yaratmaganiga shukrona keltirib, sadaqa qilardim. Bundoq oʻylab qarasam, men ham, mendan ustun boʻlganlarning koʻpi ham shu qizchadan deyarli farqimiz yoʻq ekan. Biz uchun ham “Ertaga nima yeyman?” savoli hayotimiz maʼnosiga aylanib boʻlgan...

 

Qorin gʻami jamiyat taraqqiyotiga eng katta taʼsir koʻrsatadigan omil boʻlib koʻrinadi gohida. Sersoqol Karl Marks aytganidek (qiziq, proletariatning uchala dohiysi ham soqolli. Islom radikalistlariga nima aloqasi bor ularning?!), iqtisodiy farovonlik jamiyatning maʼnaviy barqarorligini taʼminlaydi. Shu gap rost boʻlsa, faqat boylari koʻp boʻlgan jamiyat madaniyat, maʼnaviyat, axloq haqida qaygʻuradi. Yoʻqsillar jamiyatida adabiyot ham boʻlmaydi, sanʼat ham. Madaniyat ham boʻlmaydi, maʼnaviyat ham... Unda nega kommunistlar boylarga qarshi kurashishdi? Tushunmayman. Mayli, gap bu haqda emas. Gap – boylik va maʼnaviyat munosabatlari haqida.

 

Tarixga murojaat qilamiz. Firdavsiy “Shohnoma”siga yetarli haq olmagani uchun Sulton Mahmud Gʻaznaviyni hajv qilib, butun olamga sharmanda qildi. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”siga beshta podshoh homiylik qilgan. Navoiyning soʻz sohibqironi boʻlishiga kim sababchi boʻlganini Kishvariy degan bir shoir shunday ifodalagan ekan:

 

Kishvariy sheʼri Navoiy sheʼridin aksik emas,

Baxtiga dushsaydi bir Sulton Husayni Boyqaro.

 

Mustaqillikning dastlabki bosqichida ham shu yoʻsinni mahkam ushladik – oldin iqtisod! Keyin siyosat! Ayniqsa, tadbirkorlikka keng yoʻl! Maʼnaviyat-chi? Oldin qorinni toʻygʻazaylik, keyin maʼnaviyat haqida oʻylaymiz. Maʼnaviyat haqida oʻylaydigan boʻlsak, ertaga nima yeymiz?..

 

Kimdir xorijga chiqib ketdi, kimdir mardikor bozorga. Kimdir poraxoʻrlikni boshladi, kimdir vositachi boʻldi. Hamma toʻrt tomonga oʻzini urib, roʻzgʻorini obod qilishga kirishdi. Qornimiz nonga toʻydi, koʻzimiz ochligicha qoldi. “Ertaga nima yeymiz?” savolidan haliyam qutulmadik.

 

Maʼnaviyat esa bozorga qaram boʻlib qoldi. Bozorga solindi maʼnaviyat. Musaffo osmon haqidagi maʼruzalar maktabda ikkichi boʻlgan uddaburonlarning ajnabiy moshinasi changida qolib ketdi. Hayo haqida hayosizlar, shukr haqida nonkoʻrlar, halollik haqida haromxoʻrlar gapira boshladi. Odamni odam oʻrniga koʻrmaydiganlarning dongʻi chiqdi, maʼraka toʻri shularniki boʻldi. Mezonlar qoringa qarab belgilandi...

 

Islohotlar boshlandi. Katta islohotlar, umidbaxsh islohotlar. Oyliklar bir necha baravar koʻtarildi, uy-joy sotib olishga imkoniyatlar yaratildi. Poraxoʻrlik hamon avjida... Kamida oʻn million soʻm oylik oladigan amaldor muhtoj bir kambagʻalning oxirgi 100 dollarini yulishdan hazar qilmaydi. Olaveradi. Tilanchi qizchaga oʻxshab, “Ertaga nima yeyman?” deb olaveradi. Berganning betiga qaramay olaveradi... Natijada, shuncha ishlasak ham, birimiz ikki boʻlmay qolaveradi.

 

Bizning jamiyatimiz – puldorlar jamiyati. Boylar qatlami hali shakllanmadi. Ismiga “boy”ni qoʻshib chaqirtiradiganlarning koʻpi hali boylik nimaligini bilmaydi. Haqiqiy boy qullikka koʻnmaydi. Nafs quli boʻlmaydi...

 

Nafsni itga oʻxshatishadi mutafakkir bobolarimiz. Itning boʻridan farqi nimada? Boʻri sassiq goʻshtga qaramaydi. Itning oldiga toza goʻsht bilan hidlangan goʻshtni otsangiz, badboʻy goʻshtga yopishadi. Nafs ham xuddi shunday – halol luqmadan koʻra harom porani koʻproq istaydi...

 

Bugungi farovonlik, qulaylik va erkinlik hattoki Temuriylarning shonli davrida ham boʻlmagan. Ammo sabr-qanoat, muruvvat, mehr-oqibat, odamiylik bobida gʻor odamlariga koʻproq yaqinlashayotirmiz. Nafsimiz quli, itimiz quliga aylanib bormoqdamiz...

 

Shayx Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo”sida keltirilishicha, Turugʻbadiy ismli bir avliyo muridlari bilan taomlanib oʻtirgan ekan. Choʻl tomondan bir yigit katta ovchi itini yetaklab kelibdi. Keksa Turugʻbadiy mehmonni izzat-hurmat bilan davraning toʻriga oʻtqazibdi. Mehmon hech narsa yemas, soʻz qotmas. Har zamon yoniga choʻkkalagan itiga bir burda non berib qoʻyarkan.

 

Mehmonni kuzatganidan soʻng, muridlar shayxga eʼtiroz bildirishibdi:

 

– Dasturxon toʻriga iti bilan chiqib olgan bu befarosat kim boʻldi?

– Bu yigit – Mansur Halloj. Ichidagi nafsini tashqariga chiqarib, it suratida oʻziga ergashtirib yuribdi. Buning kashfu karomotlari hali koʻp marotaba olam ahlini hayratga solar, – deb javob beribdi Shayx.

Bizning nafs itimiz qayerda?..

Nodira ASADOVA,

jurnalist

 

2 Izohlar

Fazliddin

12:01 / 01.01.1970

Zo‘r tarifga til ojiz

Zulxumor Yorayeva

12:01 / 01.01.1970

Maqolaga gap yoq. Menga juda yoqdi. Ayni haqiqat bitilgan

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//