Bundan ming yil oldin yashab oʻtgan buyuk oʻzbek allomasi Abu Rayhon Beruniy okean ortida ham quruqlik borligini aytib, Amerika qitʼasining mavjudligini tarixda birinchi boʻlib kashf etgani isbot talab qilinmaydigan haqiqat. Oʻsha davrlarda bobokalonimiz okean ortida bir quruqlik borligini aytgan boʻlsa, bugunga kelib bemalol okean ortida rivojlangan bir mamlakat, Oʻzbekistoning koʻp yillik iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy hamkori, doʻstona munosabatdagi sherigi bor, deb ayta olamiz.
Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga joriy yil 31 yil toʻldi. Sana munosabati bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Jo Baydenning davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga yoʻllagan maktubida AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik chuqurlashib borayotganini taʼkidlab, erishilgan yutuqlar 2023-yilda ham yanada ilgari surilishiga umid bildiradi. Aytish kerakki, ikki tomonlama hamkorlik har ikki davlat uchun ham manfaatli boʻlmoqda. Keyingi yillarda AQSH bilan iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy, taʼlim, ilm-fan yoʻnalishlaridagi aloqalarimiz yangi bosqichga koʻtarildi.
Diplomatik munosabatlarning yangi davri rasmiy tashrif bilan boshlandi
AQSH Prezidenti taklifiga binoan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida Vashingtonga qilgan rasmiy tashrifidan soʻng AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar oʻzgacha tus oldi. Ushbu muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining «Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari: yangi strategik sheriklik davrining boshlanishi» deb nomlangan Qoʻshma bayonoti qabul qilindi. Turli sohalardagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar toʻplami imzolandi. Shu davrdan boshlab ikki davlat oʻrtasidagi ishonch yildan-yilga mustahkamlanib, hamkorlik aloqalari kuchayib bordi. Albatta, bunda Prezidentimizning mamlakatimizda amalga oshirgan turli yoʻnalishlardagi islohotlari ham muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekistonda xorijiy valyutalar konvertatsiyasining ochilgani zamonaviy investitsion muhit yaratdi, sarmoyadorlarning Oʻzbekistonga katta qiziqish bilan yondashishiga sabab boʻldi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevning inson huquqlari himoyasi majburiy mehnatga qarshi kurashish, diniy erkinlikni targʻib qilishi borasidagi salmoqli yutuqlari Amerika tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Jumladan, AQSH Davlat kotibining qarori bilan, Oʻzbekistonni diniy erkinliklar sohasida alohida tashvishga molik davlatlar roʻyxatidan chiqarilishi Vashington siyosiy doiralari tomonidan yuqori baholandi. Shuningdek, AQSH Mehnat vazirligi oʻzbek paxtasini bolalar mehnatidan noqonuniy foydalangan holda ishlab chiqariladigan tovarlar roʻyxatidan chiqarib tashladi. AQSH Prezidentining yoʻllagan maktubida ham Shavkat Mirziyoyevning shu kabi islohotlari, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona munosabati eʼtirof etilib: "Siz Markaziy Osiyodagi beshta mamlakatning mintaqaviy hamkorligini kengaytirish orqali qoʻshni mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratayotganingizni alohida qayd etmoqchiman", deya taʼkidlangan. Koʻrinadiki, ushbu islohotlar bilan davlatimiz rahbar, nafaqat, AQSH, balki Yevropa, dunyo mamlakatlari eʼtibori va eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kuchaytirishga imkoniyat yetarli
Oʻzbekiston va AQSH davlatlari keng qamrovli hamkorlik aloqalariga ega boʻlib, ular orasida oliy taʼlim, savdo-sotiq, parlamentlar aro munosabatlar alohida ahamiyatga ega. Xususan, poytaxtimizda Webster kabi AQSHning nomdor taʼlim dargohlarining filiallari faoliyat yuritishi, ingliz tilini oʻrgatish, oʻqituvchi va talabalar almashinuvi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oliy taʼlim va ilm-fan yoʻnalishidagi hamkorlik kuchayayotganidan dalolat beradi.
Hozirgi paytda Oʻzbekistonda AQSHning “General motors” korporatsiyasi ishtirokida yengil avtomobillar uchun dvigatellar ishlab chiqarishga moʻljallangan “General motors powertrain Uzbekistan” zavodi faoliyat koʻrsatmoqda. Bundan tashqari “Boeing” kompaniyasi "Oʻzbekiston havo yoʻllari" Milliy aviakompaniyasini zamonaviy avialaynerlar, xususan, “Boeing-787-8 Dreamliner” rusumidagi yangi avlod samolyotlari bilan taʼminlovchi doimiy hamkoriga aylandi. "General electric” korporatsiyasi esa Oʻzbekistonning neft-gaz va aviatsiya sektorlarida, shuningdek, salomatlik va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi muhim hamkori sifatida faollik koʻrsatmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar orasida “Exxon Mobil”, “CNH Industrial”, “Coca-Cola”, “Hyatt”, “Hilton”, “John Deere”, “Honeywell”, “Caterpillar” kabi bir qator AQSH kompaniyalari ham bor. Xalqaro iqtisodiy ekspertlarning fikrlariga koʻra, bugungi kunga kelib, Oʻzbekiston va AQSH savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga imkoniyat yetarli va keyingi yillarda yanada kuchayib boradi. AQSH davlat kotibi Entoni Blinkening Oʻzbekistonga tashrifi doirasidagi kelishuvlar esa ushbu fikrlarning tasdigʻi boʻldi, deyishimiz mumkin.
Jahongir DAVLETOV,
Qarshi davlat universiteti
mustaqil tadqiqotchisi
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q