Yuksak eʼtirof va ehtiromning yana bir tasdigʻi


Saqlash
20:41 / 24.02.2023 889 0

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni aeroportda shaxsan samimiy quchoq ochib kutib olishidan tortib, tashrif davomidagi hamrohligi va koʻrsatgan yuksak ehtiromini koʻrib toʻlqinlandik. Ana shu kuzatishlar natijasida koʻngildan bir qator oʻylar oʻtdi.

 

Dunyoda doʻstlik, hamkorlik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlar borki, ular asosida nafaqat turli kasb-kordagi insonlar, balki xalqlar, davlatlar, Prezidentlar oʻrtasidagi munosabatlar ham kengayib, rivojlanib boradi. Inson ezgu ishlari yoyingki yovuz harakatlari bilan qanchalar dunyoga tanilsa, xalqlar, millatlar, Prezidentlar ham ana shu nuqtai nazardan olamga taniqli boʻladi. Urush olovlarini yoqayotgan, qanchadan-qancha odamlarni xonavayron qilayotgan nizolar, jaholat toʻfonlari ayrim davlatlarni dunyoda qanchalar behurmatlikda mashhur boʻlishiga sabab boʻlsa, aksincha, oʻz xalqi, qoʻshnilari, dunyo ahliga yaxshilik sogʻinib, yaxshilik tilagan davlatlar, xalqlar, Prezidentlar shunchalar eʼzozli, yuksak ehtiromlarga sazovor boʻlarkan.

 

Bugun dunyoda Vatanimiz haqida soʻz ketganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev nomi tilga olinganda «Yangi Oʻzbekiston» degan ibora yangramoqda. Bu davlatimiz rahbari boshchiligida oʻtgan yillar davomida yurtimizda amalga oshirilgan bemisl yangilanishlar, islohotlar samarasidir.

 

Tarixiy siymolar va yo bugun dunyodagi davlat rahbarlari faoliyatiga nazar solsak, ularning muayyan qismi xalqni boʻysundirish hisobiga mamlakatni mustahkamlashga harakat qilgan. Oʻzbekiston Prezidenti esa, ulardan farqli oʻlaroq, odamiylik siyosati ila xalqning qalbini zabt etdi.

 

«Xalqimiz ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak», «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilsin», «Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi», «Xalq rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi. Xalq bizdan rozi boʻlsa, yaratgan ham bizdan rozi boʻladi», degan xalqchil daʼvatlar amaliy harakatga aylandi.

 

Bugun dunyo Oʻzbekistonni eʼtirof etmoqda, ehtirom koʻrsatmoqda. Hayotimiz tubdan oʻzgarib ketdi. Bu oʻzgarishlarni sanash qiyin, insof bilan aytganda, sanab ham boʻlmaydi. Yangilanish, baraka nafasi kirmagan biror soha qoldimi? Kim oʻylagandi qoʻshni davlatlar bilan «mehr, ishonch, hurmat» asosida bugungiday munosabatlar shakllanadi deb? Kim oʻylagandi qoʻshni davlatlardan kelin boʻlib tushgan, taqdir taqozosi bilan Oʻzbekistonda yashab, oʻttiz yillab fuqarolik ololmay yurgan minglab insonlar murodiga yetadi deb? Shuncha yil korrupsiya botqogʻiga botgan oliy taʼlimda adolatli qabul tizimi yaratildi. Yillar davomida odamlarni qiynab kelgan oʻydim-chuqur, yozda chang, qishda loy boʻladigan minglab koʻchalar asfalt qilindi. Konvertatsiya ochildi, endilikda naqd pulni bemalol yigirma toʻrt soat davomida koʻchada bankomatdan yechib olsa boʻladi. Avval kun davomida atigi bir soat elektr beriladigan qancha qishloqlar charogʻon boʻldi. Tuhmat bilan ishi sudga oshirilgan yuzlab fuqarolarning shaʼni adolat ila himoya qilindi. 300 mingdan ortiq inson yangi uy-joyli boʻldi. Kreditlar, subsidiyalar, imtiyozlar, eksportlar, yangi-yangi inshootlar. Muqaddas islom dini va boqiy qadriyatlarga eʼtibor, matbuot va soʻz, fikr erkinligi, yoshlar tarbiyasi, kitobxonlik rivoji, kambagʻallikni qisqartirish, ilm fan, tibbiyot, madaniyat, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish...

 

Gap maqtash, maqtanishda emas, nazarimda, anglash, anglatishda, shukronalikda. «Mana shu oʻzgarishlarda mening ham hissam boʻlsin», deya belni bogʻlab maydonga chiqishda. Qiladigan ishlar, muammolar yetarli, boshlangan islohotlar, azmu shijoatlar davomli, chunki aholi soni toʻxtovsiz oʻsyapti...

 

Oʻzbekistonga jahon hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar, nufuzli davlatlar va ularning rahbarlari tomonidan koʻrsatilayotgan eʼzoz va ehtiromlar oʻz-oʻzidan emas. Bu buyuk oʻtmishli va, nasib qilsa, buyuk kelajakli davlat, bunyodkor xalq, oʻsha xalq dardi bilan yashashni umrining mazmuni deb bilayotgan Prezidentga koʻrsatilayotgan eʼtibordir.

 

Misr va Oʻzbekiston garchi dunyoda bir-biridan ancha olisda joylashgan boʻlsada, ularni nafaqat oʻxshash ulugʻvor tarix, yuksak madaniyat, qadriyatlar, ulugʻ ilm-fan namoyandalari, balki ikki davlatga xos shiddatli rivojlanish jarayonlari, jahonda tobora ortib borayotgan nufuzi, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi va Misrning Yangi Respublika dasturi doirasidagi bunyodkorlik va xalqchil islohotlar oʻzaro yaqinlashtirib turibdi, deb aytishimiz mumkin.

 

Ana shu nuqtai nazardan oʻzbekistonliklarning Misrga, misrliklarning Oʻzbekistonga, bu ikki hududda amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlar, yangilanishlarga qiziqishi beqiyos, ikki davlat Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as -Sisiga hurmatlari juda katta.

 

Misr Prezidentining davlatimiz rahbariga koʻrsatgan yuksak hurmat-ehtiromi zamirida ulugʻ tarix va ilm-fan, madaniyat yaratgan xalqning boqiy merosi, buyuk qadriyatlari eʼzozlangan holda yangi Oʻzbekistonni bunyod etayotgan Prezidenti, mehnatkash xalqiga koʻrsatgan hurmat-eʼtibor yotibdi. Ana shu jarayonda biz yana bir bor bugun Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlarning katta eʼtirofini koʻrib turibmiz.

 

Misr va Oʻzbekiston xalqlari ruhan va qalban bir-biriga juda yaqin. Avvalo, bizni muqaddas islom dini, muborak qadriyatlar, oʻxshash anʼana va urf-odatlarga asoslangan azaliy doʻstlik rishtalari bogʻlab turadi. Albatta, nufuzi va salohiyati jihatidan Oʻzbekiston va Misr nafaqat mamlakatlar oʻrtasida, balki ikki mintaqa orasida mustahkam koʻprik bunyod etish imkoniyatiga ega. Aynan mana shu ulugʻ maqsad istiqbol uchun yangi marralar belgilagani muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Savdo iqtisodiy hamkorlikni tamomila yangi bosqichga koʻtarish, «yashil» energetika loyihalari, ikki davlatni bogʻlovchi transport yoʻnalishlarini ochish, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish kabi koʻp muhim masalalar qatorida madaniy hamkorlikni ham yangi bosqichga koʻtarishga katta eʼtibor berildi.

 

Ilm-fan va taʼlim almashinuvlari, umumiy tarixiy va madaniy merosimizni birgalikda oʻrganish, yoshlar oʻrtasidagi va ijodiy aloqalarni kuchaytirish, ikki mamlakat shoir va adiblari, sanʼatkorlari va madaniyat arboblarining oʻzaro tashriflarini uyushtirish kabi tashabbuslar juda muhim. Madaniyat, maʼnaviyat bu xalqlarni yaqinlashtirish, doʻstona munosabatlarni mustahkamlashda eng muhim koʻpriklardan sanalishi bejiz emas. Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari daho ajdodlarimizga butun dunyo, jumladan, Misrda ham katta hurmat bilan qaraydilar. Dunyoda mashhur Iskandariya kutubxonasida qanchadan-qancha ulugʻ ajdodlarimiz, zamondosh olimu fuzalolarimiz asarlari, kitoblari saqlanadi.

 

Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan buyuk alloma bobomiz Ahmad Fargʻoniyning ibratli hayot yoʻli va ilmiy merosini chuqur oʻrganish va yoshlar orasida targʻib qilish maqsadida ikki mamlakat olimlarining doʻstlik ilmiy jamiyatini tashkil etish tashabbusi juda katta ahamiyatga ega boʻldi.

 

Quvaytning markaziy bosma nashrlaridan biri – «Al-Anba» gazetasi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misrga rasmiy tashrifi yakunlariga alohida eʼtibor qaratdi. Maqolada Misr va Oʻzbekiston oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro hamkorlik aloqalari oxirgi yillar davomida jadal rivojlanib borayotgani, tashrif davomida ikki mamlakat oʻrtasida savdo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa yoʻnalishlarda qator bitim va hujjatlar imzolangani alohida qayd etildi. Taʼkidlab oʻtilganidek, tashrifning yuksak ehtirom, samimiyat, oʻzaro ishonch asosida oʻtgani shubhasiz. Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining 2018-yilda Oʻzbekistonga qilgan tashrifi, Oʻzbekiston Prezidentining Misrga javob tashrifi davomida kuzatilgan yangi ruhda yangi munosabatlar samimiyatini koʻrish mumkin. Aynan ana shu ruh ikki davlat oʻrtasidagi keng qamrovli aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish sari yoʻl ochdi.

 

Bugun butun dunyoda «Shavkat Mirziyoyev», «Xalq», «Millat», «Qadr», «Mehr» degan ulugʻ soʻzlar birlashib, «Yangi Oʻzbekiston» degan qadriyatga aylanayotganini koʻrmoqdamiz. Davlatimiz rahbarining Misrga tashrifi, bu jarayonda koʻrsatilgan eʼzoz va ehtiromlar bu xulosalarni yana bir bor isbotlab berdi.

 

Minhojidddin MIRZO,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat

markazi rahbari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 122
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//