«Psixolog nimaga kerak?!» – Ijtimoiy tarmoqda bodrayotgan sevgi, baxt va pulga ochilish kurslari nimasi bilan zararli?


Saqlash
15:02 / 24.02.2023 5666 5

Psixolog deganda koʻz oldingizga qanday inson keladi? Hayot haqida hamma narsani biladigan, har qanday vaziyatga mos maslahat beradigan, doimiy baxt va sevgi ogʻushida yashaydigan, insonlarga motivatsiya ulashadigan kasb egasimi? Shunday boʻlsa, psixologiya va psixologlik kasbi haqida bugun jamiyatimizda ommalashgan notoʻgʻri tasavvur sizda ham shakllanib ulguribdi. Bunga sabab esa psixologiyaning oʻzbek jamiyatida bir qadar boshqacha talqin qilinayotganidir. Afsuski, fanning jamiyat ichida ommalashuvi har doim ham quvonarli holat emas, ayniqsa, u notoʻgʻri talqin qilingan hollarda. Masalan, bugun jamiyatimizda yoyilayotgan «psixologik» bilimlar ham asosan ezoterika, din, motivatsion chaqiriqlar va biroz psixologiyaning qorishmasidan iborat, xolos. Ijtimoiy tarmoqlarda uchratishingiz mumkin boʻlgan «psixolog»larning yozganlarini oʻqib, ularning ilmiy psixologik bilimi haminqadar ekanini, taʼsir koʻrsatish uchun esa ezoterika va dinni vosita qilib olganini koʻrish mumkin.

 

Nega shunday boʻlyapti, degan savol tugʻilishi tabiiy. Boisi taʼlim tizimimizdagi muammolar bu masalada ham oʻz aksini topdi – psixologik adabiyotlarning tanqisligi, jahonning zabardast psixologlari yozgan kitoblar tarjima qilinmagani, mavjud darsliklarning zerikarli va eskiligi universitetlarda sifatli ilmiy psixologik bilim olishga imkon bermadi. Oʻqishni yakunlagan talabalar ishga kirishar ekan, insonlar bilan qanday ishlash borasida deyarli bilim va tajribaga ega emasligini his qiladi. Shu oʻrinda boʻshliqni toʻldirishning jozibador usuli – ezoterika va dindan foydalanish boʻlib koʻrinadi. Buning bir nechta sabablarini quyida sanab chiqamiz.

 

Ezoterika, oʻzbekchalashtirilgan varianti «qalbshunoslik» – hamma voqeaning yaratuvchisi sen ekaningga, koʻp narsa fikrlaringga bogʻliqligiga, istagan hayotingni ijobiy fikrlash va ijobiy energiyaga koʻtarilish orqali qura olishingga ishontirgani uchun mahliyo qiladi.

 

Diniy oʻgitlarni qoʻllash esa dindor mijozga tezroq yoʻl koʻrsatish orqali xotirjam tortish va uning koʻnglidan joy olish imkonidir. Baʼzan dindor insonga yordam berish uchun psixolog dinni chuqur bilishi va diniy tavsiyalar bera olishi kerakligi haqidagi qarashlar uchrab turadi. Bu mutlaqo xato fikr boʻlib, psixologning muammoni hal qilishi kerakligi haqidagi notoʻgʻri tasavvur mevasidir.

 

Unutmang, psixolog muammoni hal qilmaydi. U inson psixikasi haqidagi bilimlariga tayangan holda mijozning ruhiy olamida nimalar boʻlayotganini tushunishiga yordam beradi. Mijoz esa nima qilish-qilmaslik, hayotini qanday davom ettirish borasida oʻzi mustaqil qaror qabul qiladi!

 

Hozir ommalashgan «psixologik» kurslarning magʻzini asosan ezoterika tashkil qilgani uchun, bu masalaga kengroq toʻxtalsak. Bunday kurslarning koʻpchiligi ayollar uchun tayyorlanadi. Ularda ishtirok etgan kishilar shunday gʻoyalarga duch kelganini aytishadi:

 

• «Qancha sevgi bersang, shuncha sevgi olasan. Odamlardan sevgi talab qilishdan oldin odamlarni sev!»

 

• «Eringiz kam pul topayotgan boʻlsa, demak siz uni yetarlicha ilhomlantirolmayapsiz, ayollik energiyaning zaif»

 

• «Pozitiv fikrlash, pozitiv vibratsiyalar yaratish orqali orzungdagi hayotni yaratishing mumkin»

 

• «Muammolar sizning oʻsishingiz, rivojlanishingiz uchun beriladi»

 

Endi ushbu gʻaroyib gʻoyalarning har biriga psixologik nuqtai nazar bilan toʻxtalib oʻtamiz:

 

Kimgadir «yaqinlaringni sev», «odamlarga mehr ulash» kabi maslahatlar berish –mushukdan vovullashni soʻrash kabi aslida. Sevgi, mehr, minnatdorchilik singari hislarni sunʼiy yaratib boʻlmaydi. Bu hislarni uygʻotadigan sabab boʻlishi kerak. Xalqimizda keng tarqalgan bir holat bor: «ota-onangga mehrli boʻl» deya farzandlarga uqtiriladi. Afsuski, bu talab koʻpincha farzandining mehr, eʼtibor, qoʻllab-quvvatlov, himoya, mustaqillikka boʻlgan ehtiyojlarini qondirolmaydigan, ozuqa va kiyim-kechak bilan taʼminlab qoʻyganini minnat qiladigan ota-onalar tomonidan qoʻyiladi. Muhim ruhiy ehtiyojlari qondirilmagan bola, bu ham yetmaganday, ota-onasini yaxshi koʻrolmagani uchun chuqur aybdorlik hissi bilan ulgʻayadi. Bunday insonlar mehr, sevgi nimaligini bilmasa, qanday qilib boshqalarga ularni berishi mumkin?

 

Kimgadir mehr berishga imkoningiz bor ham deylik. Bu baxtli munosabatlar yaratishingizga yordam beroladimi? Afsuski, har doim ham emas. Chunki psixologiyada «inkor qiluvchi bogʻlanganlik tipi» tushunchasi bor. Bu tipdagi insonlarga qancha yaqinlashsangiz, mehr va qoʻllab-quvvatlov berishga intilsangiz – shuncha sizdan uzoqlashadi, baʼzida munosabatlarni uzadi ham. Chunki ular uchun yaqin munosabatlar, muhabbat – yoʻqotish, tark etilish, tahqirlanish ehtimoli mavjud degani. Bular bilan yuzlashgandan koʻra, umuman hech kimga yaqinlashmaslik, masofa saqlashni maʼqul koʻrishadi. Nega? Bu bolalik yillarida yuz bergan ogʻir yoʻqotish yoki ruhiy travma oqibati boʻlishi mumkin. Inkor qiluvchi bogʻlanganlik tipiga ega insonning 30 yillik turmushi, farzandlari, juda koʻp tanishlari boʻlishi mumkin – lekin hech kim bilan ruhan yaqin boʻlmaydi. Shuning uchun ham «Qancha sevgi ulashsang, shuncha sevgi olasan» degan gaplarga ishonish baʼzi insonlar bilan munosabatlaringizga toʻgʻri kelmaydi.

 

Keyingi keng tarqalgan gʻoya – erkakning koʻp pul topishi uchun ayolning ruhlantirishi kerakligi, erkak kam pul topayotgan boʻlsa ayolda «ayollik energiyasi»ning kamligi.

 

Pul ishlab topish:

 

1) zarur bilim, tajriba, malaka, koʻnikmalarning darajasi;

 

2) bolalikdan shakllanib kelgan pul borasidagi qarashlarning taʼsiriga bogʻliq vazifa.

 

Yetarlicha pul ishlab topolmaslik ortida turli-tuman sabablar boʻlishi mumkin: kimdir yetarli malakalarga ega emas, kimdir boy boʻlish xavfli ekaniga ishonishi mumkin, boshqa birovga esa sevimli ishini qilish uchun zarur sharoit mavjud emas. Albatta, rafiqasining qoʻllab-quvvatlashi erkakni qanchadir darajada ruhlantirishi mumkin, lekin kam pul topishiga ayolni sababchi qilish ayollarni haddan ziyod qudratli, erkaklarni esa juda ojiz va infantil (yetilmagan shaxs) hisoblash bilan teng. Bunday qarashlar psixologiyada «sehrli tafakkur tarzi» deb nomlanadi.

 

«Pozitiv fikrlar bilan yaxshi narsalarni tortib olish, orzuyingdagi hayotni yaratish mumkin»ligi gʻoyasi ham sehrli tafakkur tarziga oid. Bunga ishonuvchilar orasida har doim ham pozitiv fikrlay olmagani uchun oʻzini aybdor his qiladiganlar, hayotida yuz bergan fojia va muammolar uchun oʻzining negativ fikrlarini sababchi ekanidan uyaladigan kishilarni koʻrishingiz mumkin.

 

Baʼzi insonlarda xavotir buzilishlari (umumiy xavotir buzilishi, obsessiv fikrlar) boʻlgani uchun oʻzi istamagan tarzda «salbiy» fikrlar oqimidan qiynalishi mumkin. Kimdir esa paranoidal xarakter egasi boʻlgani uchun shubhaga borishga moyil boʻladi. Ular «pozitiv fikrla» singari tavsiyalarga amal qilolmaydi. Negativ fikrlari, sezimlari uchun aybdorlik his qilishlari esa ularning muammosini battar chuqurlashtiradi. Shuningdek, pozitiv fikrlash tufayli real muammolarga koʻz yumish, natijada hayotni battar ogʻirlashtirish mumkin.

 

Hayotda xohlaymizmi-yoʻqmi, fojialar, yoʻqotishlar, ayriliq va koʻngilsizliklar sodir boʻlib turishini tushunish kerak. Shunchaki sodir boʻlib turadi, kimdir ularni oʻziga «tortib olgani» uchun emas. Shuningdek, bu «salbiy» voqealar oʻsish va rivojlanishga emas, yillab davom etadigan depressiyaga, ruhiy kasalliklarga, sogʻliqning yomonlashuvi, ishga layoqatni yoʻqotish singari holatlarga olib kelishi mumkin. Qolaversa, koʻngilsizliklardan omon chiqolmagan, saboq yoki kuch ololmagan kishilar «muammolar sizning oʻsishingiz, rivojlanishingiz uchun beriladi» degan gaplar tufayli oʻzidan uyalishi, ojiz ekanidan aybdorlik his qilishi mumkin.

 

Shu tariqa, «qalbshunos»larning tarqatayotgan gʻoyalari, tavsiyalari nafaqat psixologiyaga tegishli emas, balki psixologiya ularni zararli deb hisoblaydi. Albatta, psixologiya nomi ostida ezoterikaning ommalashuvida faqat «qalbshunos»lar emas, balki ularning xizmatiga muhtoj boʻlgan ommaning ishtiroki ham bor. Xoʻsh, nega soʻnggi vaqtlarda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, ayollar tayyor tavsiyalar, yechimlar beruvchi psixolog, kouchlarga juda koʻp murojaat qilishmoqda?

 

Chunki koʻpchilikning oʻzi haqidagi bilimlari juda kam, shaxsiyati haqidagi tasavvurlari kuchli uyat hissi bilan yoʻgʻrilgan. Jamiyatimizda koʻpchilik ota-onalar farzandini oʻzining hislari, istaklari, ehtiyojlarini anglash va hayotini shu asosda yashashga oʻrgatmaydi, aksincha, bolaning tabiiy xohishlari qoralanadi yoki rad etiladi.

 

Farzandni ota-onaning xohishlari asosida yashashga oʻrgatishadi. Bolalar shunchaki emas, balki talablarga javob bergan taqdirdagina qabul qilinishi, sevilishi mumkinligini his qilib ulgʻayadi. Bunday muhitda katta boʻlgan kishilar hayotidan mamnunlik his qilolmaydi, yolgʻizlik, keraksizlik, boʻshliq hislaridan azoblanadi, «xunuk va qorongʻi» tomonlari bilan ham yaxshi koʻrilishi mumkinligiga ishonmaydi. Natijada bu hislardan xalos boʻlishning keng tarqalgan ongsiz usullari: mansab, boylik, mashhurlik, tanish-bilishlar orttirishga intilishga olib keladi. Ammo bunday usullar kishiga butunlay qoniqish hissini olib kelmaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat qiyin boʻlgan mamlakatda esa ulardan foydalanish oson ham emas. Shunda «qalbshunos»larning umidbaxsh tavsiyalari quloqqa moyday yoqa boshlaydi. Bunday holatda psixologga murojaat qilinmaydi, demoqchi emasman. Murojaat qilish kerak. Ammo, unutmaslik kerak, psixologiya yechim va tavsiyalar bermaydi, psixolog qanday yashash borasida yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatmaydi. Agar psixolog sizga maslahat berayotgan boʻlsa, kurslari tavsiyalardan iborat boʻlsa bu – yoki tajribasiz psixologga, yoki psixolog boʻlmagan shaxsga duch keldingiz degani. Bunday holatda karmoningiz qurimasdan tezroq bu joydan uzoqlashganingiz yaxshi.

 

Sarvinoz Omonova, psixolog

5 Izohlar

Islamova Ma'mura

06:01 / 01.01.1970

Assalom aleykum hurmatli ustoz. Sizning bergan ma'lumotlaringizni o'qib Juda to'g'ri ekanligini tahlil qildim. Men ham tan olaman shut vaqtgacha Psixolog va ezoterik aralashgan variantini tushingan ekanman . Hozir sizni ma'lumotlaringizni o'qib fikrim o'zgardi. Sizdan iltimosim shuki Psixologning vazifalari haqida to'liqroq ma'lumot berolasizmi, Yana qanday adabiyotlarni o'qishni tavsiya berasiz. Oldindan javobingiz uchun Rahmat.

@Гулхаё

06:01 / 01.01.1970

Минг афсуски шундай. Мен хам кизиккандим парапсихологлар,эзотериклар инсонлар билан кай тартибда ишлашига ва 1ой кузатишга карор килдим карангки 10кун сабрим чидади холос. Инсонларга хайронман кандай килиб шундай инсонларни олдига уз хаётини ишониб боришади ахир бу тиббиётдан умуман хабари булмаган хирургни олдига бориб мени юрагимни операция кил дейиш билан баробарку. Аммо бунда биз психологларни хам айбимиз катта. Олий таълимга кирамиз, укиш учун ва ётиб олиб сезги,идрок,хотира...... вхклар бизга нега кк амалда кулаёлмаймизку,бизга маълумот етарли эмас,Узбекистонда психология ривожланмаган... ва яна шунга ухшаш гаплар хуллас шундай гаплар бн битирамиз сунг караб туриб яна айтамиз Узбекистона психология ривожланмаган чет элда зур ривожланган. Лекин хеч уйламаймизки улар хам вактида биз босиб утаётган юлларни босиб утишгаанннн деб

G. S. S. H.

06:01 / 01.01.1970

Buni o‘zi o‘sha ezoteriklardan alamzada inson ekan. Nazariyanigina o‘qigan psixolog. Yaxshi niyat qilish, orzu qilish, o‘zidan yaxshi energiya tarqatish ykmonlikka emas, yaxshilikka sabab bo‘ladi. Boshqalar meni yaxshi ko‘rmaydi deb, islohni o‘zidan boshlashlik ayb yoki yomonmi? Xullas, alamzada psixolog ekan. O‘zi odamni natijaga olib chiqib berolmaydigan, gadoning dushmani gado bo‘ladi qabilida ish tutadigan odam ekan

Laylo Abbosova

06:01 / 01.01.1970

Ajoyib va kerakli maqola bo'libdi

Дилнавоз

06:01 / 01.01.1970

Сарвиноз чиройли макола учун сизга рахмат. Сизни доим интиклик Билан кузатаман ва узим учун куп нарса оламан

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19324
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16419
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi