Abdushukur jo‘ra, biz ikki davr mafkurasini ko‘rib katta bo‘libmiz. Hisoblab ko‘rsam, o‘sha davr ulug‘ining yoshidan ham o‘tibmiz. Ulg‘aydik ham. 6-sinfdaligimizda o‘qituvchi seni doskaga chiqarganda bir jo‘g‘rofiy nomni xato aytgansan. Sen a’lochi bo‘lganing uchun Hasan domla qaytadan so‘ragan:
– Balki shu boshqachadir, o‘ylab ko‘r?
Sen bo‘lsang qisinib-qimtinib boyagi xato atamani takrorlagansan. Shunda domla “to‘rt” baho qo‘ymoqchi bo‘lganida g‘oz turib:
– Mallim, axir Lenin ham xato qilgan-ku, biz dohiyning oldida kim bo‘libmiz! – degansan.
Domla ko‘zlari qisilib kulib yuborgan. “Lenin qachon xato qilgan?” deb so‘ramagan ham. Ertangi darsni yaxshilab o‘qib kel, deb o‘rningga o‘tqazgan. Esimda yo‘q, hoynahoy kelgusi darsda mavzuni yaxshi o‘qib kelib “5” olgandirsan. Ammo, baribir Leninning “xato”si nimada ekanini sir tutgansan. Harchand qistasak ham aytmagansan. Shunda ko‘pchilik uchun sirli bolaga aylangan eding. Mana, maktabni tugatganimizga ham qirq bir yil o‘tibdi. Tabiiyki, shu davr ichida u savolni qayta so‘rashga biror fursat bo‘lmadi. Balki xayolimizdan ko‘tarilib ham ketgandir. Ammo, maktabni bitirganimizdan o‘n yil ham o‘tmay Lenin siyosatining naqadar absurd, balki razilona maqsadlarga burkanganini hayotning o‘zi ko‘rsatib qo‘ydi. Tarix bir-bir titildi. Bolshevizm rahbarining asl basharasi ham ochila bordi. Sen aytganday, Lenin oddiy xato qilgan emas, jallod siyosatini yurgizib Romanovlarni qavm-qarindoshi-yu bolalarigacha qatl qilib, qonli qilichini ko‘tarib dunyoda Leninizm degan qattol tuzum o‘rnatdi. Avvalo, boylarning mulkini tortib olib yo‘qsillarga beramiz, degan bahonada kommunistik partiyaning qaddini tikladi. Zo‘ravon va hukmron siyosat egasiga aylantirdi. Inqilob qildi, birinchi va ikkinchi jahon urushini boshidan o‘tkazdi. 1937-1938, 1950-yillarda ommaviy qatag‘on uyushtirdi. Undan keyingi yillarda ham mafkuraviy, siyosiy, iqtisodiy zug‘umni kuchaytirsa kuchaytirdiki, aslo susaytirgani yo‘q. 80-yillardagi “paxta ishi”-chi? Minglab halol-u nohalol mahalliy rahbarlar, oddiy paxtakorlar jazoga tortilganini ko‘zimiz bilan ko‘rib, qulog‘imiz bilan eshitib turdik-ku. Otalarimiz, onalarimiz oh-u fig‘oni hali ham o‘chib ketgani yo‘q.
Sen aytgan Leninning “xato”lari shulardir balki. Yo‘q, do‘stim, bularni “xato” deyish kamlik qiladi. Zulm va jaholatga botirgan qattol tuzum bu! Lenin degan “daho” barcha xalqlarni kommunizm bayrog‘ini ko‘tarib chopgan qizil partiya ostiga birlashtirmoqchi bo‘ldi. Yillar davomida bunga erishdi ham.
Maktabimizning tarix o‘qituvchisi keyinchalik direktor bo‘ldi. Yuqori sinf o‘quvchisi Obloqul Pirimov bir kuni direktorni to‘xtatib, dabdurustdan so‘roqqa tutyapti:
– E, bu domla, kommunizm keladigan vaqt bo‘ldi-ku. Ming to‘qqiz yuz saksoninchi yilda, partiyaning yigirma oltinchi syezdi arafasida kommunizm e’lon qilinadi, pul yo‘qoladi, hamma teng bo‘ladi, deb aytgansiz.
Pirimov shu gapni ayta turib, yonidagi yupun bolalarga, yag‘iri chiqib ketgan maktab devori, polsiz zax va loy yeriga, uringan o‘z poyabzali va direktorning ko‘p yillik g‘ijim kamzuliga ko‘zi bilan ishora qiladi. Kuladi, piching qiladi.
Domla aynan saksoninchi yil kommunizm bo‘lishi bashoratini aytgani uchun xijolat bo‘lish o‘rniga yigitni urishadi. Partiya siyosati bilan “o‘ynashayotganlikda” ayblab, urmoqchi ham bo‘ladi.
Albatta, Pirimov ko‘p kitob o‘qigani tufayli ushbu g‘oya absurd ekanini yaxshi bilardi. Umumg‘oyaga qarshi chiqmoq befoyda ekanini ham bilardi. Shu bois direktorning po‘pisasidan cho‘chib, hiringlab qochadi…
Parad uyushtirilar, bayroq ko‘tarilar, baraban chalinar, paradda Lenin maqtalgan she’rlar o‘qilardi. Muhimi, “porloq” kelajakka ishontirilar edi.
Va, o‘ylaymanki, ayni o‘sha saksoninchi yillardan boshlab partiyaning lafzsizligi, ojizligi ko‘zga tashlana boshladi. Ha, xudosiz jamiyatning nuray boshlashi ayni saksoninchi yillardan boshlangan ekan, endi o‘ylasam.
Har qanday qudratli imperiya ham, agar adolat, iymon prinsiplari asosiga qurilmas ekan, kun kelib kunpayakun bo‘ladi. Uni tiklashga qaratilgan barcha xatti-harakatlar foydasiz bo‘lib qolaveradi. Chunki afkor ommaning ushbu jamiyatni tiklashga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi. Kishilarning ongi o‘zgaradi, ularni eskicha boshqarib bo‘lmay qoladi, zulm, tajovuzkorlik ham ish bermaydi.
Jamiyatga mafkura kerak.
Biz mustaqillikning istiqlol mafkurasini yaratishga majburmiz. Bu shunday mafkura bo‘lsinki, odamlar ertangi kuni farovon, nurli bo‘lishiga ishonsin. O‘g‘il-qizning olgan qatra ilmi ertaning mustahkam poydevoriga qo‘ygan bir g‘isht ekaniga, boshqa yo‘l yo‘qligiga butunlay iqror bo‘lsin.
Masalan, mening ongimda bir shior doim jaranglaydi: “Ilm, ilm, ilm!”
Biz ilm olishni qadrlash bosqichiga endi o‘tyapmiz. Juda sekin, juda qiyinchilik, juda ko‘p noqisliklar bilan.
Bundan o‘ttiz yil oldin eng katta islohot maktabdan, o‘qish sifatini yaxshilashdan boshlanganida nima bo‘lardi? Bugunga kelib qanday natijalarga erishardik? Tasavvur qiling axir! Ilmga yetarlicha e’tibor qaratilganida salohiyatli olimlar xorijga ketmas edi. Maktabni, ayni shahar maktablarini bilimli erkak o‘qituvchilar yoppasiga tashlab, tirikchilik tashvishiga tushib qolmas edi.
Biz ilm nufuzi va salohiyatini o‘z qo‘limiz bilan yo‘qotib yubordik.
Endi uning o‘rni qachon to‘ladi?
Bundan 14-15 yil burun “Yoshlar” telekanalida matematika-fizika fanlari doktori, professor Faxriddin Badalov haqida ko‘rsatuv bo‘ladi. Muallifi – shoir Eshqobil Shukur. Ko‘rsatuvning birinchi qismi efirga ketadi. Ikkinchi qismi taqa-taq to‘xtatiladi. Sababi shuki, Badalov murakkab matematik usulda samolyotning havoda qarshilikka uchrash foizini ma’lum miqdorda kamaytirish ixtirosini yaratgani, bunga Amerika ilmiy markazi qiziqish bildirayotganini aytadi.
Xorij qiziqyaptimi, demak, olim ixtirosini sotmoqchi! Xiyonat bu! Yo‘qotish kerak! Tamom, vassalom.
Yana bir forishlik keksa matematik, professor Egamberdi Mustafoyev Rossiyada chiqadigan ilmiy jurnalda chop etilgan maqolasi uchun 20 ming dollar gonarar oladi. Yana Rossiyadagi qaysidir akademiyaga a’zo qilib, yiliga falon ming dollar gonarar berib turishadi.
Endi o‘ylang, Badalov yo Mustafoyevga o‘zbek jamiyati, ilmiy jamoatchiligi e’tibor qaratganida, ilmiy salohiyatini tan olganida begona odam bilan salom-alik qilarmidi? Yo‘q!
Mana, shunday nufuzli olimlar qadr topyapti. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. O‘nlab xalqaro va mahalliy oliy o‘quv yurtlari ochildi. Ilmiy darajasi bor pedagog va olimlar katta maosh bilan ta’minlanyapti. Bu – zo‘r gap-ku axir!
Endi maktablarimizda o‘qish sifatini oshirish uchun chin sa’y-harakatlar qilmasak bo‘lmaydi. Bu maqsad yo‘lida ham jiddiy qadamlar tashlanayotganidan xabardor bo‘lib turibmiz. Maktab ta’limiga e’tibor erta-indin albatta o‘z samarasini beradi.
Ayni kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlanganiga besh yildan oshdi. Mazkur masalada Prezidentimizning uchta qarori chiqdi. Albatta, kitobxonlikka e’tibor berilayotgani bor gap. Axir, ko‘rib turibmiz. Ayni paytda, mazkur loyihalarni astoydil qo‘llagan holda ba’zi mulohaza va takliflarni ham aytishga jazm etdim.
Kitob chop etishni tizimlashtirish lozim. “O‘zbekiston”, “O‘qituvchi”, “Sharq”, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotlar ko‘p nusxali asarlar chop etishga mo‘ljallangan yirik korxonalar hisoblangani uchun ularni ma’lum ma’noda davlat tasarrufida ushlashga to‘g‘ri keladi. Ilgari shunga o‘xshash muqobil shaklda kitob sotish mexanizmini yo‘lga qo‘yish kerak.
“Gulxan”, “G‘uncha”, “Tong yulduzi” kabi bolalar nashrlarini davlat dotatsiyasiga o‘tkazmasa bo‘lmaydi. Axir ilgari million nusxadan kam bo‘lmagan adadda chop etilgan ushbu gazeta va jurnallar tiraji maktab o‘quvchilari soni oshgan sayin tobora pasaymoqda.
Butun dunyoda bolalar nashrlariga imtiyozlar berilgan-ku.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim o‘rin tutadi. Qarorga muvofiq 2022-yil 1-oktabrdan boshlab bolalar uchun mo‘ljallangan tele va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha har yili eng yaxshi o‘ttizta loyiha uchun tanlov e’lon qilinadigan bo‘ldi. 2026-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslar tomonidan “Obuna” yagona elektron platformasi orqali obuna qilingan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar hamda bolalar uchun mo‘ljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining muayyan miqdori Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan obunachilarning bank kartalariga bir oy muddat ichida qaytariladi.
Modomiki, gap kitobxonlik haqida ketarkan, o‘z-o‘zidan tushunarliki, badiiy asarlar ko‘zda tutiladi. Bas, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Kitob dunyosi” gazetalari, “Sharq yulduzi”, “Zvezda vostoka”, “Yoshlik”, “Jahon adabiyoti” jurnallari adadini ham ko‘tarish kerak. Axir, bugungi kun o‘quvchisi, adabiyotdan dars beradigan o‘qituvchilar zamonaviy adabiyotdan xabardor bo‘lib turish uchun mazkur gazeta-jurnallarni yetarlicha o‘qimayotganini qanday tushunish kerak?
Zotan, adabiyotga bo‘lgan e’tibor millat ma’naviyati bilan chambarchas bog‘liq.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ma’naviyatga bog‘liq ishlarni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Mazkur sohalarda boshlangan ulkan ishlarning samaradorligi, natijadorligini ta’minlashda biz ijodkorlar ham ko‘makchi bo‘lishimiz darkor.
Abdushukur, jo‘ra, men ushbu maktub boshida Leninni eslab, aslida mafkura haqida so‘zlamoqchi, sen bilgan haqiqatlarni aytaman deb, biroz o‘tlab ketdim. Buning uchun uzr.
Lekin yangi zamon – yoshlarnikidir. Ular kelajakni ma’rifatli qo‘llarda baland ko‘tarishlariga ishonging keladi.
Sir emas, maktabda leninchi bo‘lganmiz, tabiiyki, Leninga, Navoiyga, Ibn Sinoga, Ulug‘bekka o‘xshagimiz kelgani ham rost. Zamon, sharoit bizni boshqa manzillarga yo‘liqtirdi. Sen Zarmitan oltin konida shaxtyorsan, Abduolim soliqchi, Boytemir – maktab direktori, pedagog, men esa… ko‘rib turibsan, nolimaymiz. Bu kunlarga, bu yoshga yetmaganlar ham bor-ku. Yetkazganiga shukr!
Iye, darvoqe, jo‘ra, Ibn Sino yoshidan ham o‘tibmiz.
Bizlar… kimlarning ishini qilib yuribmiz?
Qo‘yaver, rizqimizni teryapmiz.
Sobir O‘NAR,
yozuvchi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,
2022-yil 22-iyul, 25-son.
“Ikki mafkura odamlari” maqolasi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q