Kerak, kerakmas, oʻzgarishi kerak... – Maʼnaviyat masalasi yana kun tartibida


Saqlash
11:58 / 21.02.2023 1929 0

Soʻnggi kunlarda yoshlar va kattalar oʻrtasida maʼnaviyat tushunchasi borasidagi bahslar kuchaydi, ijtimoiy tarmoqlar, telekanallar orqali turli fikrlar bildirildi. Oyina.uz ziyolilarning bu boradagi ayrim mulohazalarini olib, eʼtiboringizga taqdim etadi.

 

Shahnoza Soatova,

Adliya vaziri maslahatchisi, bloger: 

 

 

Maʼnaviyat haqida gapirib hech kimni maʼnaviyatli qilib boʻlmas ekan. Masalan sogʻlik-sogʻlik deb maʼruza qilsak hamma sogʻlom boʻlib qolmaydi, yo pul-pul deyaversak boyib ketmaymiz. Shu kategoriyalarning paydo boʻlishi va koʻpayishini taʼminlaydigan amaliy, sifatli va hamma qilayotgan ishlarni qilish kerak.

Yaxshi bilim, yaxshi kitob, yaxshi film, yaxshi sanʼat asari, adolatli munosabatlar umuman miyani sifatli mazmun, fikrlar bilan toʻldirib odamni axloqli, madaniyatli va ezgu qilish mumkin. Maʼnaviyat deyavermaylik, taʼlim, sanʼat, madaniyat va erkin fikr haqida gapiraylik maʼnaviyat shunda paydo boʻladi.

Maktablarda maʼnaviyat, milliy gʻoya, vatan tuygʻusi kabi predmetlar umuman samarasiz, u koʻzlangan maqsadga olib kelmagan. Shu predmetlarni kiritib, shuncha yil oʻqitib, samaradorligini oʻrganmagan, bu boradagi uslublarni va umuman siyosatni zamonga moslab tahrirlab bormaganlardan hisob soʻralishi kerak. Yoshlar, tarmoq foydalanuvchilari aksari vatanparvarlik va maʼnaviyatni asli yoʻq choʻpchak, toʻqima gʻoya deyapti.

Bu boradagi notoʻgʻri va samarasiz propagandani toʻxtatinglar, oʻzgartiringlar. Axir odamlar maʼnaviyat oʻzi nima, deb soʻrayapti qachondan beri. Oddiygina qilib “Bu sening nomoddiy olaming, ichki madaniyating, tafakkuring, axloqing” deb tushuntirib berolmagansizlar.

Aksar yoshlar maʼnaviyat deganda axloq politsiyasi, senzura, etak oʻlchovchilar, uzundan uzoq betaʼsir maʼruzalar, katta-katta xatboshilardan iborat “gʻisht” kitoblar, zal toʻla bir xil kiyingan odamlar ishtirokida oʻtadigan qolip senariyli tadbirlar va soxta vatanparvar maddohlarni tushunyapti.

 

Rajab Roʻzimuhammad,

publitsist:

 

 

– Shu kunlarda yana maʼnaviyat tushunchasiga toshlar otilib, undan jirkanish kerakligi gʻoyasi avjiga chiqa boshladi. Aslida maʼnaviyat rostdan ham bizga kerakmi oʻzi, nima uchun kerak?

Aynigan odamki bor bizga hamma narsani cheklaydigan maʼnaviyat kerak emas, deya soch yulib dodlashmoqda. Maʼnaviyat esa hech narsani cheklamaydi. Erkinlik kerak bizga, deya yozgʻiradi yana bir boshqasi. Aslida maʼnaviyat inson erkini mustahkamlaydigan bir tushunchadir.

Qatarda futbol boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtayotgan bir paytda, ijtimoiy tarmoqlarda Yaponiyaliklar oʻyin tugagach, oʻrindiqlarni tozalab ketishgani xabari tarqaldi. Hamma maqtadi. Bu yaponlarning maʼnaviy tarbiyasi joyida ekanidan dalolatdir aslida.

Bugun bizda maʼnaviyat surgunga uchrayotgan ekan, millatning maʼnaviy tarbiyasi nima boʻladi, degan savolga hech kim javob berolmaydi.

Bloger doʻstim Zafar Solijonov qaysi yutuq maʼnaviyatniki deya koʻrsata olasizlar, degan savolni beribdi. Balki, shu kunga qadar bizda maʼnaviy tarbiya deya notoʻgʻri targʻibot yuritilgan boʻlsa kerakki, shu koʻrinishdagi fikrlar avj olmoqda.

Lekin qayerdaki vatanparvar insonni koʻrsangiz bilingki, oʻsha tuygʻuni maʼnaviyat shakllantirib bergan. Aslida vatanparvarlik tuygʻusi gʻoyib boʻlib bormoqda. Qiynalgan, pulsiz va nochor qolgan-u, lekin nomusini saqlab, mashaqqatlarga chidab kelayotgan qiz va ayolni koʻrib qolsangiz, uni maʼnaviy tarbiya ushlab turibdi.

Maʼnaviyatning yutuqlarini maʼnaviyatchilar sanayversin-u, men uning kamchiliklarini sanab oʻtmoqchiman. Maʼnaviy tarbiya targʻiboti bilan sust shugʻullanilayotgani natijasida:

vatanparvarlik tuygʻusi bizni tark eta boshladi;

sal qiyinchilik bahona fohishalar koʻpayib, fayz-u baraka qocha boshladi;

millat ichkarisida ahillik gʻoyib boʻla boshladi;

yolgʻon, igʻvo, gʻiybat va fitna oʻzbekning eng ogʻir kasalligiga aylandi;

maʼnaviy tarbiyasi joyida boʻlmaganidan keyin nafs hukmronligi boshlandi. Bozorlarda vijdonsiz sotuvchilar narxlarni oshirganidan oshiradi, quruvchisi sifatsiz ishlarni bemalol amalga oshiradi, xalq mulkini xotirjam talon-toroj qiladi, bir-birini Allohga qasam ichib aldaydi, qassobi eshak, it goʻshtini mol goʻshtiga aralashtirib sotadi, ona jigargoʻshasi boʻlmish goʻdakni arzimagan pulga bamaylixotir sotib yuboradi, yiliga bir necha oʻn minglab oilalar ajrashib ketadi, xiyonat yuvsa ketar darajasida, na otaning va na onaning qadri qimmati bor, na-da oʻqituvchining...

Darvoqe, oʻz joniga qasd qilish ham maʼnaviy-ruhiy tarbiya yetishmasligidandir. Bularning bari notoʻgʻri shakllangan dunyoqarash va maʼnaviy tarbiyaning yoʻqligiga borib taqaladi.

Yuqorida aytganim yaponlar dunyodagi eng maʼnaviyatli xalq. Axloq va odobga rioya etib, dunyoning eng rivojlangan mamlakatiga aylanishdi. Axloq va odob – maʼnaviyat degani. Axloq va odob boʻlsa, ilm rivojlanadi. U yoʻq odam ilmsiz odamdir.

Shunday ekan, besh-oʻn odam bilan maʼnaviy tarbiyaning bizga keragi yoʻq deb oʻtirishlarini xotirjam, loqayd tinglab oʻtirmasdan, uning samarali va zamonaviy metodlarini ishlab chiqish va millatning yuksak axloqiy va maʼnaviy tarbiyasini, dunyoqarashini joyiga qoʻyish kerak.

 

Xurshid Yoʻldoshev,

faylasuf: 

 

 

– Ilgari “Milliy istiqlol mafkurasi” degan narsa boʻlardi. Keyin “istiqlol”ni olib tashlab, “Milliy mafkura” deb aytila boshladi. Biroz oʻtgach, milliy mafkura “Maʼnaviyat”ga aylantirildi. Adashmasam, Islom Karimovning “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” kitobi chiqqandan keyin bu soʻz rosa urf boʻldi.

Oʻsha “Milliy istiqlol mafkurasi”ning asosiy gʻoyalari orasida tolerantlik va plyuralizm ham boʻlardi. Bular nimaligini izohlab oʻtirmayman. Xullas, bu ikki gʻoya, yaʼni tolerantlik va plyuralizm liberalizm gʻoyasi boʻlgan. Jamiyatda plyuralizm – gʻoyaviy, eʼtiqodiy, madaniy turfa xillik boʻlishi individualizmni taqozo qiladi. Yaʼni jamiyatda yagona madaniyat, turmush tarzi hukmron boʻlmasligi kerak, har bir shaxs oʻz qobiliyatini namoyon qila olishi kerak. Ana shu plyuralizm va individualizmdir. Milliy mafkurani yozayotganlar buni anglaganmi-yoʻqmi, bilmayman. Lekin oʻsha vaqtda uning tarkibida liberal gʻoyalar boʻlgan.

Paradoksal holat shundaki, oʻsha milliy mafkura buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi quroldir, deb ham aytishardi. Tabiiyki, bu gap plyuralizmga zid. Gʻoyalarni buzgʻunchi va bunyodkorga kim ajratib beradi va bu vaqtda yagona gʻoya monopolga aylantirilmasligiga kim kafolat beradi?

Shunday qilib, oʻsha milliy mafkura ichdan ziddiyatli edi, liberal va konservativ gʻoyalar beoʻxshov shaklda aralashib ketgandi.

Keyin “Maʼnaviyat” mafkurasi paydo boʻldi. Bu mafkura avvalgi milliy mafkuradan farqli oʻlaroq, ancha milliy biqiq edi. Plyuralizm va tolerantlik umuman tushib qoldi, eʼtibordan chetda qoldi. Buning oʻrniga odamlar uchun nima maʼnaviyat-u nima maʼnaviyatsizligini uqtira boshlashdi. Ammo bunday farqlashning aniq mezonlari yoʻq edi. Borgan sari bir xillashtirish, yangicha, turfa xil madaniy belgilardan qochish boshlandi. Endi siz maʼnaviyatli boʻlish uchun taxminan oʻtgan asrning 60-yillarida shakllangan qadriyatlar asosida yashashingiz kerak edi. Kam sondagi “maqbul” liboslarni kiyasiz, muayyan tor diapazondagi musiqalarni eshitasiz. Madaniy assortiment kamaytirildi.

Ana shu toqatsiz maʼnaviyat va rivojlanib kelayotgan diniy radikalizm qoʻshildi-yu, jamiyatimiz mutlaqo munofiq, toqatsiz boʻlib qoldi. Odamlar oʻzgalarning kiyimi-yu eʼtiqodi, shaxsiy hayotini muhokama qilishga oʻch boʻlib qoldi. Avval ham shunday edi, jamoaviy xalqlarga xos bu. Ammo bu xususiyat ancha zoʻraydi.

Maʼnaviyat mafkurasi shaxsiy va ijtimoiy hayotni farqlamaydi. Masalan, chilim chekib oʻtirishingiz hech kimga zarar bermaydigan shaxsiy masala boʻlsa ham, buni ijtimoiy-axloqiy masala sifatida koʻtaradi. Natijada odamlar nafaqat jamiyat bilan bogʻliq ishlarda, hatto oʻzlarining oʻta shaxsiy ishlari uchun ham boshqalarning nazorati, taftishi va tanqidiga uchraydi. Shu jihatdan maʼnaviyat mafkurasi jamiyatni totalitar jamiyatga aylantiradi (jamiyatning shaxs ustidan total – yalpi nazorati).

Xullas, mustaqillik boshidan beri davlat targʻib qilayotgan mafkura toqatsiz mafkuraga aylanib keldi. Va mana hozir uning diniy radikalizm bilan tutash nuqtasiga yaqinlashyapmiz. Ikkisining qoʻshilishi biz uchun yaxshilikka olib bormaydi.

 

Sharofiddin Toʻlaganov,

jurnalist:

 

 

– Misrdami, Sparta davlatidami, qadimiy yozuvda “yoshlar aynib ketyapti” deya aytilgan ekan. Yoshlarning aynishi bilan muammo qadimda boʻlgan, hozir ham bor va keyin ham boʻladi.

Bir keksa kishi aytgan ekan: “Biz yoshligimizda kattalar soqov edi, hozir yoshlarning qulogʻi kar”. Yana bir gapni Nurali Qobulning kitobida oʻqidim. “Bir ahmoq quduqqa tashlagan toshni yuzta dono olib chiqa olmaydi”.

Hozir ijtimoiy tarmoqlar jamiyatni egallab boʻldi. Mana shunday vaziyatda maʼnaviyat targʻibotchilari joylarga borib, eski usulda maʼruzalar qilish bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlar orqali ham maʼnaviyat tarqatishlari kerak. Ammo ularning ayrimlarigina ijtimoiy tarmoqda faoliyat yuritadi.

Maʼnaviyat kerak, axloq kerak. Ota-bobolarimizdan meros qolgan qadriyatlardan faxrlanishimiz kerak. Shu bilan birga zamondan ham ortda qolishimiz kerak emas.

 

Saʼdullo Quronov,

yozuvchi:

 

 

Maʼnaviyatchilar yoshlar ularga ortiq ergashmayotganini anglashi kerak! Deyarli hech kim koʻrmaydigan koʻrsatuvda chiqib “maʼnaviyat, maʼnaviyat” deyish yechim emas. Qaytaga, bu maʼnaviyatsizlikni urchitadi. Aqlli strategiya qoʻllash zarur. Oʻylashimcha, yoshlarning oʻz tashabbusi bilan asos solingan loyihalar bu yoʻnalishdagi harakatlardan samaraliroq, koʻlamliroq.

Nega shunday loyihalarni koʻpaytirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga harakat qilmaysiz? Din-u diyonatli, ilmli, axloqli, jamiyatda oʻziga yarasha mavqega ega tadbirkor, olim yoshlar kam emas. Ulardan foydalanish kerak. Bunday gapirma, soqoling oʻsgan, kiyiming qiyshiq demay, telekanallarda shularni gapirtiring, yoshlar koʻradi, ergashadi!

 

Baxtiyor Mengliyev,

tilshunos:

 

 

– Maʼnaviyatning notoʻgʻri tushunilishi va targʻiboti uni inkor qilishga olib kelmasligi lozim. Avvalo, maʼnaviyatni mafkuradan farqlab olish kerak. Mafkura – davlat siyosati, ustqurma (ideologiya). Bugun ijtimoiy tafakkurda bu masalada chalkashlik ketyapti. Maʼnaviyat shaxsning (millatning emas) ichki qiyofasi – vijdoni, insofi, muhabbati, eʼtiqodi va amali, axloqi, nafsini tiyishi kabilar. Maʼnaviyatsiz millat boʻlishi mumkin emas, maʼnaviyatsiz shaxslar bor. Maʼnaviyat insonni hayvondan farqlab turadigan hodisa. Maʼnaviyatni takomillashtirishgina insoniyatni qutqarib qoladi.

 

Bekzod Abdirimov,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyat boʻlimi rahbari:

 

 

Yoshlar jamiyat taqiqlayotgan barcha narsalarning sababchisi sifatida maʼnaviyatni koʻrishi – notoʻgʻri. Agar maʼnaviyat yoshlarga nimanidir rad qilayotgan boʻlsa, yoshlarning yarim tunda bekor daydib yurmasligi, turli xil mast qiluvchi vositalarga ruju qoʻymasligi, fohishalik, qimorbozlik, maqsadsizlik, jinoyatchilik koʻchalariga kirib qolmasligini istaganidandir.

Nikoh qurish, farzand koʻrish, oiladagi erkinlik masalasiga kelsak. Nazarimizda, bu yerda oila qurishni istamaydigan va oilani oʻziga toʻsiq biladigan yoshlar yigʻilgan. Aslida nikoh fiziologik ehtiyoj boʻlib, ham jismonan, ham ruhan tayyor boʻlganlar uchun tabiiy holat. Nikohga tayyor boʻla turib yoshlarning turmush qurishni istamasligi u boshqa masala.

Oilada tarbiyaviy muhitning nosogʻlom boʻlishi albatta ota-onaning aybidir. Ming afsuski, bugun jamiyatimizda bir necha millionlik yo ota, yo onaning oiladan uzoqda boʻlishi farzand tarbiyasidagi boʻshliqni keltirib chiqardi. Ota-onaning farzandga tarbiya berish boʻyicha bilim va koʻnikmaning mavjud emasligi, bu bilimni olishga boʻlgan xohish va toqatning ham yoʻqligi muammolarning asosiy sababidir.

Sovet ittifoqi parchalanganidan soʻng oʻzbek jamiyatining ongidan kommunistik mafkurani siqib chiqarish uchun, shuningdek, ajdodlardan oʻtib kelayotgan boy, zarur qadriyatlardan ozuqa olgan va huquqiy normalar bilan tartibga solib boʻlmaydigan odob-axloq, tarbiya, eʼtiqod bilan bogʻliq tushunchalar majmuyi maʼnaviyat tushunchasi asosida rivojlantirildi. Bu yangi mustaqil boʻlgan davlat uchun gʻoyaviy jihatdan zarur jarayon edi.

Bu jarayon yangi huquqiy hujjatlar vositasida zamonga moslashtirib kelindi. Xuddi bemorning kasaliga qarab davo chorasi koʻrilgani kabi, maʼnaviyat mustaqillikning dastlabki yillaridagi ijtimoiy-siyosiy muammolarni bartaraf etish, mustaqillikni mustahkamlashdek murakkab vazifalarni bajargan boʻlsa, ayni vaqtda bugungi kunning ham illatlariga qarshi kurashadi. Hozir esa loqaydlik, egoizm, radikalizm, “ommaviy madaniyat”, virtual olamga bogʻlanib jamiyatdan uzilib qolish singari illatlar, shu bilan birga, yurtini sevish, uni himoya qilish, oʻzbek xalqining milliy gʻururini koʻtarish singari masalalar jamiyatning ogʻriqli nuqtalariga aylangan. Bularni davolovchi asosiy vosita esa maʼnaviy tushunchalar bilan bevosita bogʻliqdir.

 

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

12:10 / 10.10.2024 0 168
Neoimperializm: mustaqillikka yangi tahdidlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20461
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//