Bolgariya toponimi turkiy elat nomidan kelib chiqqanmi?


Saqlash
17:02 / 14.02.2023 1223 0

Bugungi kunda slavyan til turkumining bir tarmog‘ida so‘zlashuvchi bolgar (bulg‘or)lar ilk o‘rta asrlarda Bolqon yarim orolining kunchiqar bo‘lagida – Qora dengizning kunbotar qirg‘oqlarida muqimlashdi. Deyarli bir yarim ming yildan beri shu yerda istiqomat qiladilar. Dunyoga bolgar yoki bulg‘or nomi bilan tanilgan bu elning o‘tmishi o‘rta osiyolik turkiylarga ulanishi, Bolqon yarim orolida ilk turkiy davlatni qurib, Sharqiy Yevropada turkiylar salmog‘ining oshishiga ulush qo‘shgani haqida o‘zbek matbuotida onda-sonda bo‘lsa ham ma’lumotlar o‘qib qolamiz. Biroq bulg‘orlar so‘zlashgan til qanday bo‘lgan, nega ular o‘z tilini unutib, slavyan tiliga o‘tib ketgan degan savollar kishini ikkilantirib qo‘yadi. Bugun o‘zlarini “bolgar” deb ataydigan xalq bu to‘g‘rida nima deydi-yu, kelib chiqishi turkiylarga borib taqalishiga qanday qaraydi, – bu ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak.

 

Yunon, slavyan, arab, fors va boshqa tillardagi yozma manbalar va o‘zlari yozib qoldirgan eski bitiklardan anglashilicha, VI–IX yuzyilliklarda Sharqiy Yevropada – Bolqon yarim oroli, Dunay irmog‘i qirg‘oqlari, Qora dengizning shimoli, Shimoliy Kavkaz va Volgabo‘yida yashagan turkiylar sezilarli darajada bir-biriga yaqinlashadi, bundan ming yil oldin turkiy tilda so‘zlashib, xon va beklari o‘zlarining turkiy ismlari bilan dovruq qozonadilar.

 

IV-V yuzyilliklarda Oltoy – Tangritog‘dagi ona yurtlaridan kunbotarga yo‘l olib, Sharqiy Yevropa tuproqlarini egallagan xunlarning bir tarmog‘i bo‘lgan bulg‘orlar qardoshlari avarlar, xazarlar, mojor (venger)lar bilan birga uzoq yillar turli slavyan, german va rumin elatlari bilan qo‘shni bo‘lib yashaydilar. Yevropaning kunchiqaridagi Dunay va Dnestr, Kuban va Volgabo‘yida ilk turkiy siyosiy uyushmalarni qurib, turkiylarning dovrug‘ini yoygan Yevropa Xun imperiyasi (370-469), Avar xoqonligi (562–823), Xazar xoqonligi (650–955) va Venger (O‘n-o‘g‘ur) qirolligi (X–XII yuzyil.) kabi turkiy davlatlardan biri o‘laroq I Bulg‘or qirolligi (632–671) o‘zidan ko‘plab madaniy izlar qoldiradi.

 

Turkiylar va slavyanlar kelishlaridan oldin Bolqon yarim orolida tili hind-yevropa til oilasining bir tarmog‘i bo‘lgan frakiylar deb ataluvchi elat yashagan. Bundan ikki ming yilcha oldin – I yuzyillikda Rim imperiyasi tomonidan bosib olingan frakiylar o‘lkasiga turkiylar odimi V yuzyillikning birinchi yarmida yetadi. Xun imperatori Atilla (434–453) boshchiligidagi qo‘shinlar, ayniqsa, bulg‘orlarning ilk ota-bobolari bugungi Bolgariya o‘lkasini qo‘lga kiritgach, bu yerda turkiy elatlarning salmog‘i oshadi. Qubrat-xon (632–665) Buyuk Bulg‘or qirolligini tuzib, Bolqondagi o‘nlab el-uluslarni qo‘l ostida birlashtiradi, frakiylar yurtida turkiylar bilan birga turli slavyan elatlari ham o‘rnasha boshlaydi. Vizantiya imperiyasining shimoliy tuproqlaridan german yerlarigacha yoyilgan Bulg‘or qirolligi Qubrat-xon vafotidan so‘ng uning 5 ta o‘g‘li – Bat-Boyon, Qutrag‘, Asparux, Kuber va Alchek tomonidan ayri-ayri “o‘rda”larga bo‘linib boshqariladi. Ular orasida Asparux (Ishbara – 640–700-yy.) tomonidan qurilgan Dunay Bulg‘or davlati (681–1018) bugungi kunda Bolgariya o‘tmishining eng yorqin chog‘i – “oltin davri” o‘laroq ayricha ardoqlanadi (Bolgariyaga yo‘lingiz tushsa, birgina Asparux-xonga atalgan o‘nlab yodgorliklarga ko‘zingiz tushishining o‘ziyoq turkiy bulg‘orlarning o‘zlaridan qanchalik yorug‘ iz qoldirganini ko‘rsatib turadi).

 

 

Bolgariyada Asparux-xon uchun o‘rnatilgan haykallar

(Strelcha, Plisk, Dobrich shaharlari)

 

 

Qubrat-xon yodgorligi

 

Dunay Bulg‘or davlatining atoqli boshqaruvchisi Bars (Boris – 852–889 yy.) Vizantiyaga yaqinlashib, xristianlik inonchini o‘z elida yoya boshlagach, boshqaruvchi elat – bulg‘orlar va ular qo‘l ostidagi slavyanlarning o‘zaro birlashish jarayoni yanada kuchayadi va eng so‘nggida slavyan tili ularning yalpi so‘zlashuv tiliga aylanadi. Bulg‘or turkchasi esa oradan ko‘p yillar o‘tib, unutiladi. Bu tilning bir tarmog‘i bo‘lmish Volga bulg‘orchasi yana yuz yillar yashab, o‘z o‘rnini chuvash turkchasiga bo‘shatib beradi.

 

Bulg‘or tili

 

Eng eski turkiy til tarmoqlaridan biri bo‘lgan, ko‘pincha “Dunay bulg‘orchasi”, “Volga bulg‘orchasi” atamalari ostida tanilgan bu turkiy til o‘rta asrlarga kelib o‘lik tilga aylanadi. Sharqiy Yevropadagi Dunay daryosi qirg‘oqlarida yashagan bir turkum bulg‘orlar bitiklarini eski turk-run yozuvining bir tarmog‘ida bitganlar va ulardan ayrimlari bizgacha yetib kelgan. “Dunay bulg‘orchasi”, “Volga bulg‘orchasi” atamalari shundan kelib chiqqan. Shuningdek, Volga daryosi qirg‘oqlarida, bugungi Tataristonning boshkenti Qozon shahri tegrasida XIII-XIV yuzyilliklarga oid yuzlab qabrtosh bitiklari bugungi kungacha saqlanib qolgan. Dunay bulg‘orchasiga tegishli bir necha o‘nlab so‘zlar yunon va slavyan yozuvlarida bitilgan bo‘lib, ular ilk o‘rta asrlarga borib taqaladi. Bundan tashqari, bugungi kungi slavyan tilli bolgar va ularga qo‘shni ayrim slavyan tillarida, fin-ugor elati vengerchada, Shimoliy Kavkazdagi cherkaslarda eski bulg‘orchadan o‘tgan yuzlab o‘zlashma so‘zlar uchraydi. Ayniqsa, venger tilida 500 ga yaqin bulg‘orcha so‘z borligi aniqlangan. Kuban bulg‘orlari va qipchoqlarning izdoshlari deb qaraladigan qorachoy-bolqor, qrimchak va qarayim turkchalarida ham bir necha o‘nlab eski bulg‘orcha so‘zlarga duch kelinadi.

 

Bulg‘or” etnik atamasining o‘ziyoq ularning turkiy elat bo‘lganini ko‘rsatadi. Eski turkcha “bulg‘amoq, aralashtirmoq, qorishtirmoq” fe’li – bulg‘a- + är/er “er, kishi” qo‘shimchasi negizida yasalgan deb qaraladigan “bulg‘or” etnik atamasi ko‘pgina turkiy tillarda, ayniqsa, o‘zbek tilida Bolqondagi slavyan tillilarning bir bo‘lagi uchun, shuningdek, Volga bo‘yining turkiy aholisi bilan bog‘liq qo‘llanilgan: “bulg‘ori” (terining bir turi), “bulg‘ori etik” va boshqalar. Shu bilan birga, ayrim izlanuvchilar bulg‘or atamasining kelib chiqishi “O‘zak turkcha” yoki “O‘zak o‘g‘ur-bulg‘orcha” bel / bul “besh (5)” + o‘g‘ur “o‘g‘uz (urug‘lar birlashmasi)” so‘zlariga borib taqalishini, bel-o‘g‘ur atamasi “besh o‘g‘uz (5 ta qabila) uyushmasi” anglamida ekanini ilgari suradilar. Shu o‘rinda, bel-o‘g‘ur – bulg‘or so‘zining o‘ziyoq bu elatni turkiylarning o‘g‘ur-bulg‘or tarmog‘iga tegishli degan qarashni kuchaytirishni aytib o‘tish kerak.

 

Shu o‘rinda, bugungi slavyan xalqlarining eng janubiy tarmog‘i bo‘lgan, deyarli ming yildan beri Bolgariya o‘lkasining tub yerliklari bo‘lgan bolgar tili bulg‘or tilidan butunlay boshqachadir. Ilk o‘rta asrlarda Bolqon yarim oroliga kelib o‘rnashgan bulg‘or turklari ko‘p o‘tmay o‘z qo‘l ostidagi slavyanlarning tilida so‘zlashishga o‘tgach, bu til muomaladan to‘xtadi: bugungi kunda “bulg‘or” degan nomdan boshqa deyarli biror narsa saqlanib qolmagan. Shunday bo‘lishiga qaramay, ayrim izlanuvchilar Bolgariya o‘lkasining ilk o‘rta asrlar tarixini, ayrim so‘z va atamalarni bulg‘or turklari bilan bog‘lab tushuntirishga intiladilar.

 

Bulg‘or tilining to‘g‘ridan-to‘g‘ri izdoshi bugungi kunda chuvash turklaridir. Quyida birmuncha to‘laqonliroq ko‘rib o‘tish uchun keltirilgan bulg‘orcha va chuvashcha sanoq sonlarining deyarli bir ekani buni ko‘rsatib turibdi: 2 – bulg‘orcha eki – chuvashcha ikkĕ; 3 - weç – vişşĕ; 4 – töettăvattă; 5 bielpillĕk; 6 – altiulttă; 7 – ciyetişiççĕ; 8 - sekir – sakkăr; 9 - tohir – tăhhăr; 10 - wanvunnă.

 

Milodiy bir mingyillikning o‘rtalaridan boshlab Vizantiya (yunon) va arman tilli yozma manbalarda tilga olinib, o‘sha chog‘lardan XIII-XIV yuzyilliklargacha bo‘lgan, deyarli bir yarim mingyillik vaqt kesimida so‘zlashuv va yozma til o‘laroq qo‘llanilgan bulg‘or tili o‘z o‘rnini qipchoq tiliga bo‘shatib beradi. Shuningdek, bu tilda so‘zlashgan turkiy elatlarning bir bo‘lagi butunlay boshqa til turkumlarida so‘zlashuvchi slavyan, fin-ugor va kavkaz tilli elatlar orasiga singib ketadi.

 

Eski xun tilining bir tarmog‘i deb qaraladigan bulg‘or turkchasi o‘g‘uz, qarluq va qipchoq turkchalaridan keskin ajralib turadi, bir qaraganda ularni tushunish qiyin. Bulg‘orcha so‘zlarni tushunish uchun bu borada anchagina o‘qib-o‘rganish kerak bo‘ladi. Bu tilning o‘ziga xos so‘zlarga ega bo‘lganligi, ayrim tovushlarning butunlay boshqacha qo‘llanilishi boshqa turkiy el-ulus vakillariga qiyinchilik tug‘diradi. Bulg‘orcha va unga yaqin xazar tili bilan boshqa turkiy elatlar bir-birini yaxshi tushuna olmaganliklari o‘z davri yozma manbalarida ham o‘rin olgan, – boshqa-boshqa tillar deb keltirilgan.

 

Dunay bulg‘orlarining tili

 

Osiyoning kunchiqari – Mo‘g‘iliston va Shimoliy Xitoydan kunbotar tomoniga yo‘l olgan ko‘psonli xun elatlarining bir bo‘lagi 370–375-yillarda Volga daryosini kechib o‘tib, Shimoliy Kavkaz qir-adirlarida o‘rnasha boshlaydi. Ular Kuban daryosi qirg‘oqlaridagi Alan (eroniy), Kasog (cherkas) kabi yerli elatlarni bo‘ysundiradilar. Gʻarbiy xunlarning bir tarmog‘i bo‘lmish bulg‘orlar III-IV yuzyilliklarda Kuban bo‘yiga kelib o‘rnashganliklari Vizantiya yozma manbalarida eslatiladi. Vizantiyalik tarixchi Dionis 330-yillarda Kavkaz tog‘larining kungay tomonlarigacha yurish qilgan xunlar to‘g‘risida yozgan bo‘lib, ayrim izlanuvchilar ularni bulg‘orlar bilan tenglashtiradilar.

 

Ulardan birmuncha keyin – 558-yilda Kavkazga kirib kelgan avarlar esa xunlarning bulg‘orlarga yaqin bir tarmog‘i bo‘lib, bu yerda bir muddat yashagandan so‘ng bulg‘orlar bilan birga Bolqondagi Dunay o‘lkasiga ko‘chib o‘tadi. 671-yilda Asparux yo‘lboshchiligida bulg‘orlar bugungi Bolgariya o‘lkasida o‘z boshqaruvini o‘rnatgach, qo‘l ostidagi slavyanlar orasida erib, ona tilini yo‘qotsalar-da, o‘z nomlari va ayrim etnik belgilarini saqlab qoladilar. Kavkazda qolgan Kuban bulg‘orlari esa alan va adige (cherkas) elatlari bilan qo‘shni yashay boshlaydilar. Ular bugungi qorachoy-bolqor turklarining ilk ota-bobolari sanaladi.

 

Vizantiya yozma manbalarida bulg‘orlarning VII yuzyillikkacha Qora dengizning shimolida – Azov dengizi yuqorisidagi qir-adirlarda yashaganliklari, boshqaruvchisi Qubrat-xon o‘lgach, tushkunlikka yuz tuta boshlaganliklari tilga olinadi. Qubratxonning tung‘ich o‘g‘li Bat-boyon Azov tegrasida, ikkinchi o‘g‘li Qotrag‘ Don daryosi qirg‘og‘ida, uchinchi o‘g‘li Asparux esa Dunay bo‘ylarida bulg‘orlarga boshchilik qiladi. Azov bo‘yidagi Bat-boyon boshchiligidagi bulg‘orlar yunon (Vizantiya) va rus yilnomalarida “Qora-bulg‘or” atamasi ostida eslatilib, bugungi qorachoy-bulg‘orlarga ularning izdoshlari deb qaraladi.

 

Ilk o‘rta asrlarda Ural tog‘lari tegralaridan yo‘lga chiqib, Kuban o‘lkasiga kelib o‘rnashgan vengerlar uzoq yillar Shimoliy Kavkazdagi bulg‘orlar bilan qo‘shni yashaydilar. Madaniy tomondan ancha yuqori bo‘lgan bulg‘orlardan venger tiliga ko‘plab so‘zlar o‘tgan bo‘lib, ayrim izlanuvchilar vengerchadagi turkiy so‘zlardan 300 ta, ayrimlar esa 500 ga yaqini o‘zlashganini ilgari suradilar. Venger tilidagi ekin-tikinchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik, shuningdek, boshqaruv bilan bog‘liq sezilarli bir bo‘lagi bulg‘orcha ekanligi anglashiladi. Qizig‘i shundaki, bu kabi o‘zlashma so‘zlarning anchaginasi qorachoy-bolqor turkchasi va ularga qo‘shni kavkaz va osetin tillarida saqlanib qolgan.

 

Bunga Kuban bulg‘orchasiga tegishli deb qaraladigan “yomg‘irlik, yomg‘irpush” anglamidagi jaqu, chaqu so‘zi bugungi cherkas tilida shaqu deb qo‘llanilishini o‘rnak o‘laroq ko‘rsatsa bo‘ladi. Bu so‘z o‘g‘uz, qarluq turkchalarida yaqu / yag‘qu ko‘rinishida bo‘lgani kuzatiladi. Shuningdek, eski chog‘larda turkiy tillarning o‘g‘ur-bulg‘orchasida dag‘ o‘laroq ishlatilgan “yog‘” (moy) so‘zi qipchoq turkchasining bir tarmog‘i bo‘lmish qorachoy-bolqorchada jav bo‘lsa, cherkaschada esa dag‘e (dag‘e) ko‘rinishida uchraydi.

 

-sh undoshi o‘rniga -l undoshi ishlatilgan o‘g‘ur-bulg‘or turkchasining izlari qorachoy-bolqorcha qalaq so‘zida saqlangan bo‘lib, boshqa turkiy tillarda bu so‘z qashiq (qoshiq) ko‘rinishidadir. Cherkas tilida “qamish” anglamidagi k’amil so‘ziga esa o‘g‘ur-bulg‘orchadan o‘zlashgan, deb qaraladi.

 

Shuningdek, Dunay bulg‘orchasiga tegishli so‘zlarning ayrimlari Sharqiy Yevropa va Vizantiyada yaratilgan quyidagi yozma yodgorliklarda uchraydi:

 

1) VIII yuzyillikda slavyan (eski rus) tilida yozilgan va izlanuvchilar tomonidan “Bulg‘or xonlari ro‘yxati” deb ataladigan bitikda o‘rin olgan. Ular Bulg‘or xonlarining ism va unvonlari, sonlar va muchal yili bilan bog‘liq hayvon otlaridir.

 

2) Vengriyadan topilgan VIII yuzyillikka tegishli eski turk-run yozuvli “Nad-Sent Miklosh ko‘mmasi (xazinasi)” deb ataluvchi oltin buyumlar, IX yuzyillikka borib taqaluvchi yunoncha-bulg‘orcha bitiklar; Oltin idishlar sirtidagi bitiklardan namuna keltiramiz: Buyla Jopan düge(r)tögi. Butaul Jopan tagrogi. İçigi tesi Buyla Cho‘pon tosni to‘ldirdi, Butaul Cho‘pon (qabrga) taqdi (=osdi). Ichki(lik) tosi”.

 

3)  O‘rta yunoncha eski bulg‘or bitiktoshlari va Vizantiya yozma manbalarida uchraydigan kishi ismlari va unvonlar;

 

4) Dunay bulg‘orchasidan eski xristian slavyanchasiga o‘tgan ayrim o‘zlashma so‘zlar;

 

5) Vizantiya yozma manbalarida tilga olingan kishi ismlari va unvonlar.

 

Shu o‘rinda Sharqiy Yevropadan, ayniqsa, Vengriyadan topilayotgan eski turk-run yozuvli bitiklarning tili bugungacha to‘laqonli aniqlanmagan bo‘lsa-da, ko‘pchilik tilchilar ushbu bitiklarning Kuban, Don, Volga, O‘rta Osiyo, Janubiy Sibir, Oltoy va Mo‘g‘ulistondan topilgan eski turk bitiklariga ancha-muncha o‘xshashlikka egaligi hamda V–IX yuzyilliklarda yaratilgani, ko‘pincha o‘g‘ur, avar, bulg‘or, kuman kabi turkiy elatlar bilan bog‘liq qabr-qo‘rg‘onlarda uchrashidan kelib chiqib, ularni turkiy tilli yodgorliklar sirasiga kiritishlarini aytib o‘tish kerak.

 

Dunay bulg‘orchasi

O‘rta turkcha

o‘zbekcha

1

Kana ~ kanna ~ kane

Qan

Xon

2

Sübigi

*-begi / -başı

“qo‘shin boshlig‘i”

3

Boyla; içurgu boyla

boyla; içräki boyla

“ichki (saroyga) tegishli bo‘yla”

4

Kawhan ~ kaphan~kopan

Qapğan

 

5

Bayan ~ bayen

Bayan

Boyon, boy

6

kolovr-os, kuluvr-os

qulavuz / qulaguz

Qulovuz, yo‘lboshchi

7

Tarkan ~ trakan

Tarqan

Tarxon

8

Bagatur ~ bogatur

Bağatur

Bahodur

 


 

Buyuk Bulg‘or qirolligi

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

professor

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19268
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16261
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi