Navoiy, Qodiriy talqinidagi muhabbatdan sovetcha sevgigacha – Bizga ishq-muhabbat bayrami kerakmi?


Saqlash
20:53 / 14.02.2023 3813 5

Har yili 14-fevralda poytaxtimizning restoran va koʻngilochar klublarida Valentin kuni norasmiy ravishda bayram qilinadi. Ayni paytda bu sana Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kuni sifatida davlat darajasida keng nishonlanadi. Ikkala bayram oʻzaro raqobatlashgandek taassurot qoldiradi. Koʻpchilik sevgi-muhabbat ayyomi mentalitetimizga zid deb biladi, biroq tarafdorlar ham kam emas.

 

Nega bizda ishq-muhabbat masalasi mafkuralashgan va bu jamiyatda turlicha mayda-chuyda nizolarga sabab boʻlyapti? Nazarimda 14-fevral kuni sevgining Sharq va Gʻarb modeli kurashayotgandek tuyuladi. Lekin his-tuygʻu geografiyaga bogʻliq emas-ku?! Bizning ongimizda muhabbatning “oʻzbekcha modeli” mavjudmi? Balki, qarashlarimiz koʻproq biologiya va anatomiyaga asoslangandir? Nima uchun aksariyat ziyolilarimizda sevgining tarixiy, siyosiy va falsafiy asoslari haqida hatto elementar tushuncha ham yoʻq?..

 

Qisqasi, savollar koʻp. Agar ularga javob topilmasa, jamiyatda oʻzaro ziddiyat kuchayib boraveradi. Bugun tariximiz, madaniyatimiz va jamiyatimizda muhabbatga munosabat qay ahvolda, degan masala atrofida suhbatlashamiz.

 

Sevgiga tarixiy rakurs

 

Sevgi tarixi odamlar orasidagi kommunikatsiyaga borib taqaladi, dastlab buni din asoslab bergan va kafolatlagan. Shuning bois qadimda muhabbat ilohiy hisoblangan, unga nizo va urushlarga qarshi qurol deb qaralgan. Platonning fikricha, muhabbat odamlar va xudolar orasidagi vosita. Bu qarash jamiyat hayotini normallashtirgan.

 

Qiziq tomoni, oshiq-maʼshuqlik bevosita va bilvosita soʻz, matn bilan bogʻliq. Chunki yozilgan har bir narsa-hodisa talqin qilinadi, oʻqiladi va avlodlarga dasturiamal boʻladi, keyinchalik tarixiylashtiriladi va mafkuralashtiriladi. Shuning uchun ham ishqning kelib chiqishi haqidagi voqealar barcha muqaddas kitoblarda oʻz aksini topgan.

 

Ilk tasavvurlar, tarixiy voqealar tafsilotlari Tavrot, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va yunon asotirlari va falsafasida mavjud. Tavrotda muhabbatning kelib chiqishi Ibtido kitobida chuqur yoritilgan. Momo Havo Odam Atoning qovurgʻasidan yaratilgani, ayol-erkak diniy jihatdan bir tanu jon ekani taʼkidlanadi.

 

Sevgi haqidagi eng goʻzal asarlardan biri uch ming yil avval yozilgan “Qoʻshiqlar qoʻshigʻi” kitobidir. Unda shohning oddiy choʻpon qiziga muhabbati aks etgan. Qadimgi dunyoda muhabbat din bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan, dindorlar tomonidan sevgi his-tuygʻulari qonunlar orqali tartibga solingan. Hatto sevgi-muhabbat ilohalari boʻlgan, masalan, Mesopatamiyada Ishtar maʼbudasi, Finikiyada Astarta, Eron va Markaziy Osiyoda Anaxita, Yunonistonda Afrodita va Rimda Venera, arablarda Zuhra. Ular jamiyat hayotida katta rol oʻynagan, ularga sigʻinishgan va sharafiga turli bayramlar oʻtkazilgan.

 

Ishq-muhabbatning tarixiy-falsafiy asosi yunon faylasufi Platon kitoblarida aks ettirilgan. Ayniqsa, “Ziyofat” asarida sevgi ibtidosi va ilohiyligi chuqur tahlil qilingan. Platonga koʻra, muhabbat butun kosmosning asosi va ishq ilohi eng qadimgi maʼbudlardan. Faylasuf asarlarining bashariyat falsafasi, etika va sanʼatiga, ayniqsa, xristian dini va Uygʻonish davriga taʼsiri ulkan.

 

Muhabbatning tarixiy va falsafiy ildizlari sheʼriyatga ham sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Markaziy Osiyoda soʻfiylik taʼlimoti tufayli oʻziga xos ishq-muhabbat madaniyati shakllangan. Masalan, Alisher Navoiy naqshbandiya tariqati falsafasida ijod qilgan. Bilamizki, tasavvuf sheʼriyatida insonning barkamollikka erishishi yoʻlida muhabbatning muhimligi uqtiriladi.

 

Erkin tanlash huquqi

 

Muhabbatning tarixiy jarayonlarga taʼsiri juda katta. Negadir biz tarixiy shaxslarning faoliyatida sevgining rolini qanday boʻlganini tadqiq qilmaymiz. Sevgining siyosat, iqtisod va fanga taʼsirini oʻrganmaymiz. Afsuski, tarixshunosligimizda his-tuygʻu tarixi yuzasidan izlanishlar mavjud emas. Toʻgʻri, Markaziy Osiyo dostonlarida ishqiy romantik syujetlar bisyor, lekin nimagadir asosiy hisoblanmaydi. Tasavvuf taʼlimoti ham filologiya va falsafa nuqtayi nazaridan oʻrganilgan. Biroq tarixiy jihatlari ochib berilmagan.

 

Umuman olganda, bizda muhabbat mavzusi tadqiq qilinganda tarix, filologiya va falsafa aralashib ketadi va koʻpincha filologiyaning qoʻli baland keladi. Masalan, Alisher Navoiyning “Xamsa”sida ilohiy ishq va majoziy ishq masalalari chuqur ochib berilgan. Qizigʻi, bosh qahramonlar Farhod va Majnun Markaziy Osiyodan emas, ikkalasi ham chet ellik: biri Chindan (hozirgi Xitoy hududi), ikkinchisi esa arab badaviysi. Shoir negadir yerli tub aholi sevgi munosabatlaridan namuna olmagan. Ehtimol, oʻsha davrdagi adabiy muhiti anʼanalari shunday boʻlgandir.

 

XX asr oʻzbek adabiyotida Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani ishq-muhabbatni anglashda muhim rol oʻynaydi. Yozuvchi chin sevgi qanday boʻlishi kerakligi haqida koʻp oʻylagan. Otabek obrazi orqali muhabbatga zamonaviy taʼrif, yangi mazmun kiritishni koʻzlagan. Yigit Kumush va Zaynab orasida qolib, ikkisidan ham mahrum boʻladi. Romanda asrlar boʻyi davom etib kelayotgan koʻpxotinlilikka qarshi kayfiyat yaqqol seziladi.

 

Otabek Kumushni tanlashi bizni shunday fikrga undaydiki, yozuvchi uchun sevgi bu – erkin tanlash huquqidir. Abdulla Qodiriy taklif qilgan ushbu tarixiy haqiqatni biz bugun negadir unutib qoʻyyapmiz. Afsuski, oxirgi 150-yildagi ijtimoiy tarixni ham yaxshi bilmaymiz. Biz hali ham yaqin oʻtmishimizda muhabbatning madaniyatimizga taʼsirini anglamayapmiz.

 

Jahon fanida ishq-muhabbat mavzusi ancha yaxshi oʻrganilgan. Oxirgi ilmiy ishlardan Yeva Illuzning sevgi tarixiga oid qarashlari katta qiziqish uygʻotadi. Muallif bugungi kunda texnika va siyosatning inson hislariga taʼsiri natijasida sevgi neytral tuygʻuga aylanib qoldi, deya taʼkidlaydi. Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda muhabbatning oʻrni hamon aktual, biroq bu goʻzal his-tuygʻu oila tushunchasiga bogʻlab qoʻyilgan.

 

Yangi obrazlar zarur

 

Ijtimoiy hayotimizda hamon stalincha gʻoyalar ustunligi meni qattiq oʻyga soladi. Sovetcha ommaviy madaniyat varianti turmush tarzimizdan mustahkam oʻrin olgan. Biz barcha his-tuygʻularni oʻta siyosiylashtiramiz va tushunmagan narsalarimizda xavf koʻramiz. Sobiq Ittifoqda sevgi masalalari faqat oila qurish nuqtayi nazaridan va siyosat ustunligi bilan talqin qilinganini bilamiz. Zigmund Freyd, Frankfurt maktabi namoyandalari (Markuze, Fromm, Adorno) asarlari, Mishel Fuko, Yuliya Kristeva gʻoyalari taqiqda boʻlgani bejiz emas. Shu sabab ziyoli va siyosatchilarimiz oxirgi 30 yilda ham bu muhim gumanitar sohaga ahamiyat berishmagandir. Bilmadim. Balki, biz “milliy mentalitet” mafkurasiga tayanib, dunyo fanidan uzoqlashdik hamda jamiyatimizda yopiqlik gʻoyasi kuchaydi. Lekin hozir ochiq jamiyatda yashayapmiz, axborot almashinuvi tezlashgani ongimizga ham taʼsir qilyapti. Yaʼni, zamonaviy dunyoda jamiyatimiz istalgan mavzu boʻyicha oʻz fikriga ega boʻlishi zarur.

 

Biz haliyam muhabbatni toʻy, oila fonida, davlat siyosati orqali tushunyapmiz. Sevgi milliy kino, seriallar, badiiy asarlar va sheʼriyatimizda juda eskirgan, sovetcha madaniyat qoliplari bilan taqdim etilyapti. Bunda his-tuygʻuni boshqarish siyosati ustun. Muhabbatni tushunishda va talqin qilishda psixoanaliz ilmiy usullaridan foydalanayotganimiz yoki chuqur tarixiy, sotsiologik, psixologik va falsafiy asarlar yozayotganimiz yoʻq. Hatto televideniyeda muhabbat haqida munozara yoki universitetlarda sevgi  mavzulari tadqiq qilinmayotganini koʻramiz. Rivojlangan mamlakatlardan ancha orqadamiz, ijtimoiy rivojlanish sekin, bu esa iqtisodiy barqarorlikka toʻsqinlik boʻlyapti. Sevgini juda tor tushunyapmiz. Muhabbat faqatgina jinsiy aloqa emas, balki bu ijtimoiy, siyosiy va mafkuraviy tushunchadir. Va u har bir insonning hayotida muhim rol oʻynaydi. Shunday ekan, bu masala tadqiqqa muhtoj.

 

Muhabbat birinchi navbatda ijtimoiy tushuncha boʻlib, avvalo, insonlar orasidagi kommunikatsiya va dialogdir. Monolog emas. Bu kommunikatsiyaning oʻz qoidalari bor, lekin qoidalar doim oʻzgarib turadi. Inson maʼlumoti, xarakteriga qarab didi va istaklari doimo tuslanadi. Ijodkor va olimlar muhabbat tushunchasiga jamiyat rivojlanishi uchun doimo yangi mazmun berib turishlari lozim. Ehtimol, biz jahon durdona asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilib, ziyolilar orasida tarqatib erkin munozara qilishimiz zarurdir. Masalan, mashhur ingliz matematigi Bertran Rassel “Oila va axloq” asari uchun hatto Nobel mukofotini olgan edi. Erix Frommning “Sevish sanʼati” asari jahon fani va kinematografiyasiga katta taʼsir oʻtkazdi.

 

Xoʻsh, muhabbat asosi kommunikatsiya va dialog ekan, albatta, bizga bayramlar zarur. Ziyoli va ijodkorlar yaratayotgan sevgi haqidagi asarlar, gʻoyalar keng ommaga festivallar orqali yetkaziladi. Ishq-muhabbatga bagʻishlangan bayramlar bir yilda bir marta boʻlmasin. Turlicha tadbirlar, anjuman va televizorda chiqishlar, tomoshalar jamiyatimizga suv va havodek kerak. “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Hamid Olimjon va Zulfiya”dan tashqari zamonaviy sevgi obrazlari yaratish lozim. Aks holda, ishq-muhabbatning “Gʻarb modeli” ustunlik qilaveradi. Qisqacha aytganda, biz oʻzimizning aniq, zamonaviy va ilmiy asoslangan sevgi-muhabbat modelimizni yaratishimiz zarur. Ehtimol, bir nechta model boʻlar, chunki erkin zamonda, erkin Oʻzbekiston fuqarosi erkin tanlovga ega boʻlsin.

 

Baxtiyor ALIMJONOV,

 tarix fanlari nomzodi

5 Izohlar

Xoliyorov Sanjar Qurbonaliyevich

11:10 / 20.10.2023

Men sevgini ikki jins vakili bir-birini juda yaxshi tanigandan keyingi bosqich deb bilaman. Ya'ni bir ko'rishda sevib bo'lmaydi. Bir ko'rishdagi sevgi bu nafs bilan bog'liq. Ya'ni nafs qondirilgandan keyin sevgi so'nadi. Uning asli kim ekanligini, maqsadlarini bilganingizdan so'ng, hamda uning ilmiga guvoh bo'lgandan keyin sizning qarshingizda (chiroyli bo'lmasa ham) go'zal inson paydo bo'ladi. Tashqi ko'rinishi go'zal bir insonni sevib uning tupoyligiga guvoh bo'lganingizdan keyin, endi bu sevgi so'nmaydi balki nafratga aylanadi!

Biloliddin Jalilov

07:10 / 12.10.2023

Assalomu alaykum ustoz. Birinchi navbatda insonla rmuhabbat nima ekanligini tushunishi lozim deb o'ylayman. Bu tushuncha ayni damda faqat manfaatlar evaziga qurilmoqda bu esa ayanchli holat . Insonlar dunyoqarashi o'zgarmas ekan maninmcha bu davom etaveradi. Albatta muhabbat yo'q narsa emas , uni tushunish hammaning ham qo'lidan kelmaydi , ular faqat buni pul , boylik evaziga o'zining qalbida soxta muhabbat yaratmoqda . Savol : bu jamiyat oxiri qayr ?

Samandar

02:10 / 11.10.2023

Assalomu alaykum ustoz menimcha, sevgiga emas ratsional fikrlab koʻproq shaxsiy rivojlanishga eʼtibor qaratish kerak.Chunki siz sevganiz bilan sizni choʻntagingiz boʻsh boʻlsa qizni ota-onasi qizini bermasligi mumkin koʻp koʻrganman bunaqa holatlarni.Keyin vaqti bemahal telefon qilib gaplashaylik deb koʻp hayolni chalgʻitadi shu jihatlari ham bor. Lekin aytib oʻtganingizdek insonlar orasida oʻzaro muloqotlarni koʻproq uyushtirib turish kerak.

Shohjahon

12:01 / 01.01.1970

Assalomu alaykum. Ustoz savolim shundan iboratki, agar sevgi-muhabbat oilaga asoslanmagan bo'lsa, jamiyat o'rta asrlardagi Hirotdek "noqonuniy farzand"larga to'lib ketmaydimi? Javob uchun oldindan rahmat!

Roxila

12:01 / 01.01.1970

Assalomu aleykum ustoz,judayam dolzarb masalani ochib berdiz , haqiqattanam sevish haligacha uyat,sharmandalik hisoblanadi bizda,lkn bunday taqiqlar qoyilgani bilanam sevgi yoq bb qolgani yoqku, yoq bolmaydi ham,faqat ochiqchasiga emas,yashirin tarzda bolyapti bizda, menimchayam sevgiga nisbatan qarashlarimizni o'zgartirish vaqti keldi

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 85
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 272
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//