“Guruhbozlik nainki kichik bir jamoani, balki davlatlar-u tuzumlarni parokanda etishga qodir” – O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova


Saqlash
05:14 / 09.02.2023 5738 0

O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova – fikr oshig‘i. Fikr – o‘zingizdan-da o‘zishga undaydigan, mudom harakatdagi qudratli kuch. Ayni shu xususiyat aktrisani, ta’bir joiz bo‘lsa, shaxsga, mutafakkirga aylantirdi. Necha yildirki, u kishining dunyosiga oshnoman. Ko‘p bora shohid bo‘lganman: ikki san’atkor – Dilorom Karimova bilan Rimma Ahmedovaning “xonaki g‘iybat” ohangida boshlangan suhbatlari umuminsoniy mavzularga yuksalar edi. Rahmatli Rimma opa hassoslik, mahzun nekbinlik bilan fikrga yo‘l ochsa, Dilorom opa o‘ziga xos tug‘yon ila tafakkur ortidan quvlardi.

 

Naqshband hazratlarining o‘gitini eslang-a: “Dil ba yor-u – dast ba kor”. Aktrisa qanday yumush bilan band bo‘lmasin, turmush iplari oyoq-qo‘lini chirmovuqdek o‘ragan pallalarda ham odamzodning qismati haqida o‘ylaydi. Hatto shimga dazmol bosaturib, dunyoning noravoliklari haqida mushohadaga toladi. Dodi falakka yetmayotganidan kuyunadi, gohida achchiq-achchiq yig‘lab oladi.

 

Dilorom Karimova – kuli ko‘kka sovurilayotgan dunyodan mazlum uchun shafqat tilab o‘tayotgan bedor yo‘lovchi! Yupanchni esa kitobdan, musiqadan, kino-teatrdan izlagani izlagan. U kishi san’atga muhabbatini “Anduhga aylangan sevgim” deb atagan edi. Yuqorida mushtariylar hukmiga san’atkorning istig‘for-u iztirobga yo‘g‘rilgan bitiklari havola etilmoqda.

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA

 

Nega odam kitoblardagi nasihat-u o‘gitlarga rioya qilmaydi? Nega? Axir, ularga quloq tutsa, hayot yengilroq kechadi-ku!.. Yo‘q, haqiqatlarni siz faqat qalb azobi bilan, xatolar orqali anglab yetarkansiz.

 

***

San’at yaxshini yomon, yomonni yaxshi qilolmas ekan. U faqat ezgulikka moyil, yaxshilikka ishonuvchan, nozik qalblarga dalda bo‘la olishi mumkin. Bolaning ko‘zlariga qarang, qanday ma’sum! Odamzod bu hayotga “baxtli bo‘laman, sevaman-sevilaman” degan xush niyatlar bilan keladi. Lekin bora-bora o‘sha ma’sumlik so‘nadi, xunuklashadi, muhabbat to‘la nigohlar alamnok qarashga do‘nadi... San’at ezgulikka bo‘lgan ishonchimizni, qalbimizni, hechqursa, xayollarimizni asrab qolishimiz uchun ham kerak bizga.

 

***

Hayotning dastlabki bekatlarida jonkuyar bir ustoz darkor. Ustoz ko‘rmay voyaga yetgan odam bog‘bon qaychisi tegmay o‘sgan daraxtga o‘xshaydi. Boshvoqsiz o‘sgan og‘och oxiri bolta zarbidan egri-bugri shoxlaridan ayrilib yalang‘och qolsa, inson ham ustoz o‘gitisiz bilib-bilmay ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadi. “Piri yo‘qning piri – shaytondir” deb bejiz aytilmagan.

 

***

Hayotda yolg‘onchi, fitnakor zimdan ish olib borishi ayni haqiqat. Uni payqash uchun ulkan farosat kerak bo‘lar ekan. Men esa atrofimda kezib yurgan, menga goh xo‘mrayib, goh irshayib qaragan yolg‘onni kech payqardim yo umuman ko‘rmasdim. Negaki, men boshqa olamda – san’at yaratgan ruhiy-xayoliy ma’voda yashardim. Bu lomakonda yurgan odamning nigohi osmonga qadalgan, shu bois u oyoq ostidagi qurt-qumursqalarni ko‘rmaydi. Sahnada yolg‘on, fitna ko‘z o‘ngingizda harakat qiladi, hayotda esa... Yomonlik ko‘pincha o‘zi to‘qigan makr to‘rlari orasidan chiroyli ko‘rinishi kimning xayoliga kelibdi deysiz!

 

***

Teatr – azal-azaldan o‘zidan kechgan shaxslar dargohi. Qadimgi yapon, hind teatri tarixiga nazar solsak, shaxsiy hayot lazzatlarini sahna san’atiga qurbon qilgan tanholarni ko‘ramiz. Bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, sayyoh guruhlar zamonaviy teatrning “ajdod”i bo‘lgan. Sayyor san’atkorlar xalq ichidan chiqqan, xalqning mudroq orzu-istaklarigacha yaxshi anglagan va xalqqa xizmat qilgan chinakam artistlar edi. Ular qiyofasida issiq-sovuq, qor-yomg‘irlarga qaramay och-nahor, yupun holda dunyo kezgan jahongashtalarni ko‘ramiz. Bu taxlit hayot tarzini tanlashga ularni kim majbur qilgan? Bu – faqat ijodkor yurakning da’vati mahsulidir.

 

***

Teatr – aktyorlar bilan, aktyor esa rollar bilan tirik. Aktyor ba’zan orzusidagi yo ko‘ngilga yoqqan birgina rol ilinjida sahnaviy taqdirlarini yaratuvchi hukmfarmo xo‘jayinlarga yoqmoq, ular e’tiborini qozonmoqqa urinadi, ko‘ngilga o‘tirmasa-da, har tur kurash usullaridan foydalanadi. U asar qahramonini sahnada qayta jonlantirishdek og‘ir vazifani bo‘yniga olar ekan, yutilgan zahar-zaqqum evaziga, olqishlar, dasta-dasta gullar uchun eng qadrli insoniy xislatlarini-da qattollar qo‘liga topshirishga rozi bo‘ladi. Vaqti kelsa, sahna yulduziga aylantirgan rahnamosi ra’yiga yurmay qo‘ygani sabab unga go‘r qazishdan ham tap tortmaydilar. Teatrda do‘stlik, opa-singilchilik yo aka-ukachilik yo‘q. Illo, raqobat, oyoqdan chalish, g‘araz va fitna bor. Ana shunday qurbontalab dardxonadir teatr!

 

***

Teatrga kelib, ijodiy jamoaga qo‘shila borganim sari ko‘plab aktyor va aktrisalar, ayniqsa, bosh rollarga nomzodlar Shukur Burhonov, Sora Eshonto‘rayeva, Yayra Abdullayevalarning ijro uslubiga taqlid qilishlari, ularga xos ohangda gapirishga urinishlarini sezib qoldim. Ochig‘i, bu hol mening g‘ashimga tega boshladi. Ularga o‘xshashni xohlamasdim. Sahnada jimjimador gapirish, faqat yalang‘och his-tuyg‘uga berilib obraz yaratish kechagi kunga aylanganini yaxshi bilardim. Men sahnada fikr yaratish tarafdori edim! Alhol, endi meni “Hamza” teatri aktyorlari ilgarigidek maftun qilolmayotgan, hatto ulug‘ aktyorning shoh Edipi hayajonga sola bilmayotgan edi. Ammo akademik teatr qo‘zg‘atib bo‘lmas metin qo‘rg‘on edi. Men esa misoli bir chivin, ojizona g‘ing‘illayman, xolos. Xos ijro uslubini yaratishga na kuch, na iqtidor va na iroda bor. O‘zimni notavon, hech narsaga arzimas aktrisa sifatida ko‘rsatib qo‘yishdan qo‘rqib, an’anaviy yo‘ldan yurishga majbur bo‘laman, lekin buni ham tuzukroq eplolmayman. O‘z davrida atoqli aktyor Mixail Chexov menda topilmagan irodasi va favqulodda iste’dodi tufayli umumiy jarayonni o‘z “men”iga bo‘ysundirgan edi.

 

***

Ko‘plar qatori men uchun ham Bahodir Yo‘ldoshev orzudagi rejissor edi. Men ko‘z oldimga keltirgan, lekin amalda ko‘rsatib bera olmayotgan ijro yo‘llarini o‘zim shaxsan tan beradigan rejissor bilan ro‘yobga chiqarishni istardim. Afsus, buning imkoni bo‘lmadi. Chunki aktyor ijrosi muammolari Bahodir Yo‘ldoshevni u qadar tashvishlantirmas edi. Qiziqki, o‘zbek rejissurasida inqilob qilgan, yangi shakl, yangi unsurlarni kashf etgan rejissor aktyorlarning sun’iy ohangda gapirishlari, qolipdagi ijrolariga jiddiy e’tiroz bildirmas edi. Rejissor, modomiki, aktyorlariga fikrlash imkoniyatini cheklar ekan, natija ham shunga yarasha bo‘lardi.

 

***

Nega vaqt o‘tgan sari spektakllarda aktyorlar ijrosi sustlashib, ta’sir kuchi kamayib boraveradi? Negaki, ijrochilarning ichki kechinma, ruhiy holatlariga oziq berib turadigan hayotiy-mantiqiy quvvat yetishmaydi. Quvvat esa aktyorning ham rejissor kabi fikrlay olish ko‘nikmasidan tug‘iladi. Sahnada fikrlay bilish tuyg‘ularning har gal qaytadan dunyoga kelishi va umrzoqligini ta’minlaydi.

 

***

Aktyor qalbini ochib nigoh solish imkoni bo‘lsa edi, har birida bitmagan, mudom lo‘qillab og‘rib, azob berib turadigan jarohatlarni ko‘rar edik...

 

***

Teatr – minbar! U minbarda turib ulug‘vor, sarbaland fikrlar aytiladi; inja, sohir tuyg‘ular avj pardada tarannum etiladi. Teatr tomoshabinning aqli-yu qalbini zabt etib, uni ko‘zyosh to‘kishga yo bukilib qolguncha kulishga majbur qiladi.

 

***

Teatr – jamoa ijodi. U inson vujudiga o‘xshaydi. Biron bir a’zoga xastalik yetsa, inson halovatini yo‘qotadi, barmog‘iga tikan kirsa, butun vujudi zirqiraydi. Xuddi shunday, ijodiy jamoadan kimdir – yo aktyor, yo rejissor, yo rahbar bo‘lsin– libosni faqat o‘ziga qarab bichishga tushsa, shaxsiy manfaatini jamoa manfaatidan ustun qo‘ysa, teatr tuzalmas kasallikka yo‘liqadi. Bosh ko‘targan ilonning boshi o‘z vaqtida yanchilmasa, guruhbozlik tomir otadi. Guruhbozlik nainki kichik bir jamoani, balki davlatlar-u tuzumlarni parokanda etishga qodir.

 

***

Hukumatning katta-kichik arboblari bilan uchrashuvlar yo teatrda bo‘lib o‘tgan majlis-yig‘inlarni eslasam, g‘azabdan qiyshaygan yuzlar, olaygan ko‘zlar, quloqni qomatga keltirgan baqiriqlar, rahbar-u rahbarchalarning nima deyish, nima qilishni bilmay sarosimada turishlari-yu alang-jalang nigohlari ko‘z oldimda gavdalanadi. Ularning qo‘lidan faqat qo‘rqitish, nasihat qilish yoki partiyaning navbatdagi syezdi va plenumidan sitata olib, bizga tegishli deb hisoblangan jumlalarga katta ma’no yuklab o‘qib berish kelar edi, xolos. O‘z tillarida bayon etisholmas, dasturlardan hijjalab o‘qib berishar edi. Naqadar ayanchli hol...

 

***

Men birinchi marta davlat rahbarlari, partiya rahnamolari xizmat qiladigan dargohga kirganimda, irodani ikki yelkasidan bosib-bukadigan ko‘zga ko‘rinmas kuchni his qildim. Birdan o‘zimni yomon ko‘rib ketdim. Qilayotgan ishlarim, aytayotgan gaplarim bu ulug‘ dargohga nisbatan tuhmatdek tuyuldi. Hammayoq ravshan, toza, yorug‘, keng. Eng asosiysi, tinch va ulug‘vor. Bu yerda faqat adolatdan bahs etiladi. Men nega buzg‘unchilik qilib yuribman?! Shu kabi o‘y-hislar jangari ruhimni zumda cho‘ktirib yubordi. Bo‘ynim qisilib, bo‘yim pasayib qolgandek tuyuldi. Lekin meni yo‘qlagan odamning chehrasini ko‘rib, gap-so‘zini eshitganimdan so‘ng darhol o‘zimga keldim. Men o‘zimda ro‘y bergan ruhiy o‘zgarishlarni keyinroq taftish qilib tagiga yetdim.

 

Qadimda fir’avnlar o‘z huzuriga kiradigan inson ruhini butkul yanchib tashlash maqsadida toshsaroylarini atay ulkan, mahobatli etib qurdirgan ekan. Men ham ulug‘vor bino timsolida g‘oyani ko‘rib dovdirab qolgan edim. Alalxusus, g‘oya mohiyatan buyuk, maqsad ezgu. Lekin tasavvurimdagi g‘oya bilan bu yerdagi g‘oya orasidagi farqni ilg‘agach, qo‘rquv-ikkilanishdan asar ham qolmadi.

 

***

Teatr – sodir bo‘layotgan hodisalarni ravshan aks ettiruvchi oyna, ijtimoiy va ma’naviy ongning shakllanishiga zamin bo‘lguvchi ijodxonadir. Jamiyatda sog‘lom kayfiyat, siyosatda adolat ustuvorligi odamlarda ertangi kunga ishonch tuyg‘usini uyg‘otsa, teatr sahnasida ham aql va yurakni zabt etuvchi asarlar dunyoga keladi. Aksincha, jamiyatda mahdudlik, maddohlik, yolg‘on, o‘g‘rilig-u adolatsizlik ildiz otsa, teatrda ham shu xil illatlar yaproq yozadi. Qisqasi, jamiyat gullab-yashnasa, teatr ham gullab-yashnaydi; jamiyat og‘risa, teatr ham og‘riydi.

 

***

Ijodkor ahvol-ruhiyasidagi turg‘unlik ijodida ham zuhur etadi. U ancha avval kashf qilgan ramziy topilma va shakliy unsurlarni takrorlay boshlaydi. Albatta, har bir san’atkor yangi marralarni zabt etish oldidan bekatlarda to‘xtab, tin oladi. Bu to‘xtash ijod xaltasidan eskirib qolgan anjomlarni uloqtirib, uni ohorli topilmalar bilan to‘ldirish, yangi kashfiyotlar sari tayyorgarlik uchun zarur.

 

***

Insoniyat tarixida tartib-qonunlar yaratilibdiki, qafaslarga sig‘mas muhabbat doim tazyiqqa, jazoga mustahiq etilgan. Muhabbat inson mushohada va tuyg‘ularining oliy mahsuli bo‘lib, san’atning barcha turlarida tarannum etib kelingan bo‘lsa-da, olomon tomonidan qoralangan, gunoh sanalgan, toshbo‘ron qilingan. Alalxusus, sevgi buyruq va istak bilan dunyoga kelmaydi, u bizga ilohiy olamdan berilgan sinov – ham baxt, ham ofatdir.

 

***

Mixail Bulgakov “Театральный роман” asarida bunday yozadi: “Artistlik psixologiyasi teatr kishisini izzat-nafsi nihoyatda nozik, ham beshafqat, ham jafokash va shu bilan birga hokimi mutlaqdek qattol qilib qo‘yadi. Maqsadga yetish yo‘lidagi barcha chigalliklar, makr-hiylalar birgina ehtiros – rol o‘ynashga bo‘lgan tashnalikni qondirishga xizmat qiladi. Chiroqlar bilan yoritilgan makonda rol o‘ynash asnosida jasorat, xoinlik va yashirin fitna bir-biriga shu qadar mohirona chatishadiki, ulug‘vorlik bilan pastkashlikni ajratolmay qolasiz...”

 

Mana sizga dahshatli haqiqat! Men bo‘lsa do‘stlik, olijanoblik haqida falsafa so‘qib yuribman!..

 

***

Men shunday rejissorlarni ham ko‘rdim, ularning maqsadi – avvalo aktyor “men”ini yo‘q qilish. “Menga fikrlaydigan aktyorlar kerak” desa ham, ularni fikrlash, gapirish huquqidan batamom mahrum etib, to‘laligicha o‘z irodasiga bo‘ysundirishga urinadi. Maqsadga esa aktyorni kamsitish, shaxsiyatini toptash yo‘li bilan erishadi.

 

***

Xayolimni ko‘p vaqt bir fikr band qilib kelgan: botinan qul bo‘lgan aktyor hur, ozod insonning ruhini yarata oladimi? Yo‘q! Aktyorni qullikdan xalos etish, uni fikrlashga o‘rgatish kerak. Aktyor rejissor, muallif bilan bir qatorda sahna asarini yaratishda teng huquqli ijodkorga aylanishi kerak. Georgiy Tovstonogovning har bir spektaklida aktyor – yetakchi bo‘lardi. Shu sabab uning teatrida jahonshumul buyuk aktyorlar yetishib chiqdi. Muallif, rejissor va aktyor – kashfiyotlar yaratishga qodir buyuk uchlik!

 

***

Proletar inqilobi sahnasida sodir etilayotgan barcha xunrezliklar, adolatsizliklar xalq nomidan qilinayotgan edi. Baxtli kelajak uchun xalqning o‘zi qurbonlikka keltirilayotgan edi. Mantiq degan tushuncha butkul yo‘qolgan shunday qaltis davrda ko‘pchilikda vijdon o‘rnini o‘z-o‘zini asrab qolish tuyg‘usi egalladi. O‘z hayotini saqlab qolish maqsadida odamlar xuddi qo‘rqinchli ertaklardagidek jonini olmoqchi bo‘lib kelgan yalmog‘izga “Men oriqman, mana bu semiz”, deb yonidagini ko‘rsata boshladi. Odamlarning aql-u shuurini o‘lim vahmi chulg‘ab oldi. U shu qadar ommaviy va mahobatli ediki, kishilarning qon-qoniga singib, juda uzoq yillar vujudlarda kemiruvchi tirik mavjudotdek yashab keldi. Ming afsuski, bu qo‘rquv avloddan avlodga o‘tib, tomirlarimizda hamon yashamoqda.

 

***

Ezgulik va yovuzlik o‘rtasida azal-abad kurash kechadi. Lekin bugunga kelib bu ikkisini bir-biridan farqlash qiyin bo‘lib qoldi. Ming taajjubki, qotillik, jaholat, razolat kabi illatlar adolat, rahm-shafqat, yaxshilik niqobiga o‘randi. Shuning uchun bugun yaxshini yomondan, oqni qoradan ajratib olish qanchalar muhim!..

 

Dilorom KARIMOVA

 

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 3-son.

“Ibodatxonami yo hasratxona” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 86
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//