“Men hech qachon hech kimga qarshi ko‘rsatma bermayman” – safdoshlariga tuhmat qilmaslik uchun o‘z joniga qasd qilgan partiya kotibi


Saqlash
22:32 / 07.02.2023 1823 0

Davlat Rizayev 1903-yil Yangi Urganchda bog‘bon oilasida tug‘ilgan. U 13 yoshigacha otasi Riza buva va onasi Salomat ayalar bag‘rida bo‘ladi, eski maktabda tahsil oladi. Shundan so‘ng Yangi Urganchning davlatmand savdogarlaridan Matyoqub Qultaga shogird tushib ishga yollanadi. U ish bilan bir vaqtda yangi usulda dars beradigan o‘qituvchiga qatnab, rus tilini ham o‘rganadi.

 

Davlat Rizayev 1918–1920-yillar Junaidxon yordamida Yangi Urganchga hokim bo‘ldi, Mamatbiyning mahrami maqomida xizmat qildi va o‘zining rus tilini bilishi, intiluvchanligi bilan tezda ko‘pchilikka tanildi. Xivada xonlik tuzumi ag‘darilgach, 1920-yil mart oyidan, 5 oy davomida, u Xivadagi internatda tarbiyachi bo‘lib ishlaydi. So‘ng boshqa tengdoshlari qatori 1920-1921-yillari Orenburgdagi tatar muallimlar institutida o‘qiydi. Biroq, iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli o‘qishni yakunlay olmadi. Toshkent shahriga qaytib 6 oylik sovet partiya maktabida tahsil oladi. D.Rizayev bu vaqtda taraqqiyparvar yoshlardan biri sifatida turli gazetalarga maqolalar ham yozib turgan. Xorazmga qaytgach, 1921-yilning so‘nggida Xorazm kompartiyasiga kirdi va 1921-yil noyabrdan Xivada maorif nozirligida umumiy bo‘lim mudiri va 1922-yildan Xorazm Xalq Respublikasi Maorif xalq komissarligining moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishladi. Ayni vaqtda Xorazmda yagona bo‘lgan maktab internatning ham rahbari edi.

 

D.Rizayev 1923-yil Xorazm komsomol tashkiloti markazqo‘miga tashkiliy bo‘lim mudiri, so‘ng Xorazm Xalq Respublikasi komsomol qo‘mitasi birinchi kotibi etib saylanadi. 1923-yil sentabrgacha XXR MIK prezidiumi a’zosi sifatida mamlakatni har taraflama rivojlantirish, jumladan, iqtisodiy mustaqillikka intilish, maorifni taraqqiy ettirish yo‘lida tinimsiz mehnat qildi. U o‘lkada xalq xo‘jaligini tiklash ishida qisqa vaqtda katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritadi. D.Rizayev mazkur xizmatlari uchun Xorazm Xalq Respublikasi hukumati tomonidan “Mehnat bayrog‘i” ordeni bilan taqdirlanadi.

 

D.Rizayev 1923-1924-yillar davomida Xorazm Maorif xalq komissari vazifasida ish olib bordi. 1924-yil yanvar oyida Xivaga Junaidxon hujum qiladi. Bu hujumning asl sababi Xorazm xalqining sovet iqtisodiy siyosatiga qarshiligi edi. Junaidxon hujumdan avval Xiva va boshqa hududlardagi oqsoqollarga xat bilan murojaat etgan va ularning roziligi bilan o‘z harakatini boshlagan edi. Shunday bir murakkab sharoitda sovet hukumati Junaidxonga qarshi kurashga el orasida, ayniqsa yoshlar o‘rtasida obro‘si yuqori bo‘lgan D.Rizayevni jalb etadi. U dastlab, Yangi Urganch va Xonqaga, fevral oyidan Ilyali, Toshovuz va Qoraqum hududlarida inqilobiy qo‘mita raisi sifatida ish olib bordi. 1924-yil may oyigacha hududlarda aholi bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rganadi va aholini tinchlantirishga erishadi. D.Rizayevning bu tadbirkorligi Xorazm Xalq Respublikasi hukumati tomonidan “Qizil bayroq” ordeniga munosib ko‘riladi. Biroq, shu davrda sovetlar davlatining Markazi “milliy chegaralanish siyosati” o‘tkazish bahonasi bilan Xorazm Xalq Respublikasini tugatish maqsadida ochiq ish boshlagan edi.

 

D.Rizayev XXSR kompartiyasi birinchi kotibi Qalandar Odinayev, ikkinchi kotibi Is’hoq Xonsuvarov, Ichki ishlar xalq komissari Matkarim Abdusalomov, Xorazm davlat siyosiy boshqarmasi boshlig‘i Matyoqub Atajonov (GPU)lar bilan bu harakatga qarshi jiddiy kurashga kirishadilar. Hatto, D.Rizayev 1924-yil yozida Xorazm XSR MIQ raisi Sulton qori Jumaniyozov bilan Moskvaga borib, SSSR Tashqi ishlar xalq komissari Chicherin bilan uchrashadi. Ularni Chicherin kechasi soat 12:00 o‘z kabinetida qabul qiladi (Aftidan Chicherin boshqa iloj topolmagan – muallif). Sulton qori va Davlat Rizayevlar undan Xorazmning davlat mustaqilligini saqlab qolishda yordam berishini so‘raydilar va avvalgi imzolangan shartnomalariga amal qilishlarini talab qiladi.

 

Tabiiyki, sovet davlati uchun uning shartnomalari bu vaqtdan yutish uchun yoxud shunga o‘xshash g‘arazli maqsadlar asosida vaqtinchalik aldov chorasidan boshqa hech narsa emasdi. Endi vaziyat o‘zgargan, Chicherin ham boshqalari qatori avvalgi va’dalarni allaqachon unutib yuborgan edi. U sovetlar hukumatining lafzi bo‘lgan shartnomalar haqida eshitishni ham istamadi. Faqat “... mustaqillikni saqlab qolish o‘zlaringga bog‘liq” deyish bilangina cheklandi.

 

Sulton qori va Davlat Rizayev zudlik bilan Xorazmga qaytadilar va Toshhovuz shahrida mazkur masala yuzasidan syezd chaqiradi. Unda barcha xalq vakillarining diqqatini milliy davlat chegaralanishi masalasiga qaratadilar. Syezd vakillaridan oqsoqollar, dindorlar, ayniqsa, barcha hududlardan chaqirilgan ishchi mehnatkashlardan iborat guruhlar tuzilib, ularning nomidan syezd qarorini qabul qiladilar. Unda Xorazm XSRning mustaqilligini saqlab qolish so‘raladi. Ular Markazdan yuborilgan vakil Broyda bilan ham bir necha marta muzokaralar olib boradi. Broydaga Xorazm XSRni saqlab qolish uchun xususan, Farg‘ona vodiysi bilan tilidagi, urf-odatlaridagi farqlari, o‘lkaning iqtisodiy jihatdan alohidaligi masalalarini asos qilib ko‘rsatadi. 1924-yil avgustda bu masalani o‘rganish uchun Xorazmga Moskvadan Kuybishev keladi. Sentabr oyida esa Xorazmda tashkil etilgan maxsus guruh Moskvada Stalin bilan shu mavzuda suhbat o‘tkazdilar. Biroq, oqibat shu bo‘ldiki, barcha Xorazm hukumati rahbarlari XXSRning tugatilishiga rozi bo‘lishga “ko‘ndirildi”.

 

Xorazm XSR mustaqilligi otashin kurashchisi D.Rizayev 1924-yil noyabr oyida Butunittifoq kompartiyasi O‘rta Osiyo byurosi qarori bilan O‘zSSR Maorif xalq komissari o‘rinbosari vazifasiga tayinlanadi. Shuningdek, O‘zSSR MIK va XKS a’zoligiga saylanadi (O‘zR MDA, Fond 34., op., 1., d. 2375. l. 1.). U O‘zSSR KP (b) MQ targ‘ibot-tashviqot bo‘limi mudiri Usmonxon Eshonxo‘jayev bilan birga respublikada milliy ta’lim tizimini shakllantirish maqsadida bir qator ishlarni amalga oshiradi. Unga bir paytda “Maorif va o‘qituvchi” jurnalining muharrirligi vazifasi ham yuklatiladi. Davlat Rizayev “Maorif va o‘qituvchi” jurnalining 1925-yilda chop etilgan 12 ta soniga va 1926-yildagi 1–4 sonlariga mas’ul muharrir bo‘ldi. Jurnalning 1925-yil 1-mart – ilk sonida uning “Navbatdagi vazifalarimiz va muallimlar” maqolasi chop etilgan. Maqolada yangi O‘zbekiston jamiyatini taraqqiyot sari boshlash va uning xalq xo‘jaligini jadal yo‘lga solishda muallimlarning o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tadi. Qishloq aholisining asosiy qismi savodsiz bo‘lganligi uchun davlat bilan dehqonlar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda muallimlar ishtirok etishi lozimligiga urg‘u beradi. Ayniqsa, jamiyatni zamonaviy bosqichga ko‘tarish uchun o‘rta asrchilik turmush an’analariga chek qo‘yish, aholi o‘rtasida savodsizlikni butunlay tugatish lozim deydi. Bu yo‘lda jamoatchilik yordamida maktabdan tashqari kurslar ochish, qizil choyxonalarda kitob va gazetalarni targ‘ib etishga chaqiradi (Qarang: Rizayev Davlat. Navbatdagi vazifalar va muallimlar // Maorif va o‘qituvchi” 1925-yil, mart. № 1.).

 

“Uchinchi jabhani bitirishga kuchli harakat boshlansin” deb nomlangan maqolasida “O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan 2958 ta bilim uyida 173746 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Bu esa O‘zbekiston aholisining 4% i, ya’ni o‘qish yoshidagi bolalarning faqat 12-13% i demakdir. 850000 bola maktablarda o‘qishdan mahrum. Bu 171,22 ming km2lik O‘zbekistonning har 117 km2ga bir maktab to‘g‘ri keladi degani” deydi. Yuqoridagi misollari asosida u yangi O‘zbekiston hukumati uchun xalq maorifi masalasi naqadar muhim muammo ekanligiga ommaning e’tiborini qaratadi. D.Rizayev O‘zbekistonning 10 yillik bayramiga aholining 100% savodxonligiga erishishni rejalashtirilayotgani hamda O‘zbekiston madaniyati va maorifi ishchilarining 1-qurultoyida ziyoli-muallimlarning g‘ayrati orqasida savodsizlikni tugatishga kelishilganligini ma’lum qiladi (Qarang: Rizayev Davlat. Uchinchi jabhani bitirishga kuchli harakat boshlansin // Maorif va o‘qituvchi. 1926-yil. № 2.).

 

Jurnalning 1926-yil 3-sonida chop etilgan “Faoliyat bilan kirishilsin” maqolasida esa yuqoridagi fikrlarini davom ettirib, O‘zbekistonda 10 yilda savodsizlikni tugatish masalasi favqulodda juda og‘ir vazifa ekanligiga to‘xtaladi. Shu yilning o‘zida muallimlar armiyasini tayyorlab borish maqsadida yozgi ta’tilda 2000 nafar muallim uchun tayyorlov kursi ochilgani, yana qishloq yoshlaridan 450 nafariga qisqa muddatli kurslar ochilganidan xabar beradi. “...Bu ishimizga ko‘pchilik “ko‘r”lar qarshilik bildirmoqdalar. To‘g‘ri, o‘qituvchilarimiz qishloqlarda qishning sovug‘ida og‘ir sharoitli maktablarda mehnat qildilar. Biroq, yozda dam olmay yana ishlayotgan bu maorif askarlari ertaga maktablariga yanada katta ilm bilan qaytadilar. Ular endi o‘quvchilarning barcha savollariga qiynalmasdan to‘g‘ri javob berib, malakali mehnat qiladilar va ularning shogirdlari kelajakda yetuk kadrlar bo‘lib millatimiz ravnaqiga xizmat etadilar” deydi (Qarang: Rizayev Davlat. Faoliyat bilan kirishilsin // Maorif va o‘qituvchi. 1926-yil. № 3.).

 

1926-yilning avgust oyida D.Rizayevni to‘satdan ishdan olishib, uni o‘qish uchun Moskvaga yo‘llaydilar. D.Rizayev Xorazm XSR KP(b) sobiq kotibi Karim Boltayev, O‘zSSR KP(b) sobiq birinchi kotibi Rustam Islomov, Usmonxon Eshonxo‘jayev, Nishonbek Mavlonbekov, Ibrohim Eshonxo‘jayev kabi o‘sha vaqtda O‘zbekistonning eng ilg‘or yigitlari bilan birga ta’lim oladi.

 

D.Rizayev 1926–1929-yillar davomida Moskvada Sverdlov nomidagi komuniversitetda o‘qiydi. 1929-yil Xorazmga kelganida partiya konferensiyasida ishtirok etadi. Ishtirokchilar uni bir ovozdan Xorazm okrug partiya qo‘mitasiga kotib lavozimiga saylaydilar. U mazkur mas’uliyatli lavozimda o‘qishni yakunlay olmadi va faqat 1930-yil may oyida bu ishdan ozod etilganidan so‘ng yana o‘qishni yakunlash uchun Moskvaga qaytadi. D.Rizayev 1932-yil fevral oyida o‘qishni tugatib keladi va VKP(b) O‘rta Osiyo byurosi tomonidan Norin tuman partiya qo‘mitasiga kotib vazifasiga tayinlanadi.

 

Davlat Rizayev 1933-yil 1-avgustdan Samarqand shahar partiya qo‘mitasi kotibi, 1934-yil may oyidan O‘zSSR KP(b) MQ ning partiya nazorat va vakolat komissiyasi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. 1937-yil 29-apreldan esa Qoraqalpog‘iston viloyat partiya qo‘mitasining kotibi vazifasida faoliyat olib bordi. U Qoraqalpog‘istonda xalq xo‘jaligini izga solishda ishni birinchi bo‘lib kadrlar sohasidan boshladi. Vohadagi ahvolning nihoyatda ayanchli holga kelib qolganiga chiday olmadi. Ayniqsa, NKVD xodimlarining noqonuniy harakatlarini tiyib qo‘yishga intildi. Biroq, bu ish oson kechmadi...

 

D.Rizayev 1937-yil 24-iyulda A.Ikromov nomiga xat yo‘llab, ikki oylik rahbarligi davrida o‘zi duch kelgan muammolar haqida bayon qiladi. Unda NKVD xodimlari tomonidan ko‘plab xo‘jalik sohalarining bilimdonlari faqat ko‘rsatmalar asosida ishdan olinib, partiyadan o‘chirilishi natijasida xo‘jaliklar umuman kadrsiz qolganligini, jumladan, mas’ul lavozimlarning 80% ish o‘rni bo‘sh ekanligini yozadi (Babashev Sharip. Qaraqalpag‘stan Respublikasi tarixindag‘i siyasiy qurbanlar. Nukus “Qaraqalpog‘iston”. 2003. 173 b.). Biroq, bu paytda A.Ikromovning o‘zi ham qiyin ahvolda qolgan edi. Xat egasiga yetib borganmi-yo‘qmi, bu noma’lum. Ammo, shunisi aniqki, yuborilgan noma D.Rizayevning boshiga yetdi: 1937-yil 28-iyul kuniyoq u hech bir asossiz ishdan olindi va uni zudlik bilan qamoqqa olish choralarini izlay boshladilar.

 

1937-yil 3-avgust kuni O‘zSSR IIXK Zagvozdin 4-bo‘lim tergovchilari Agabekov va Leonovlar tomonidan tayyorlangan qarorni imzoladi. Unda D.Rizayevga aksilinqilobiy tashkilot a’zosi deb ayb qo‘yildi. 1937-yil 3-avgustning o‘zida order olinib, 4-avgust kuni Toshkent shahri, Oqqo‘rg‘on ko‘chasi 25-uyda tintuv o‘tkazildi. Uning “Mauzer” quroli, pasporti, ordenlari, hujjatlari, bor narsasi xatlab olib ketildi. Endigina 35 yoshni qarshi olgan Davlat Rizayev ortidan xotini Xadicha (30 yosh) va qizlari Iskra (11 yosh), Roza (6 yosh), Feruza (2 yosh)lar qon yig‘lab kuzatib qoldilar.

 

Uning anketasidan ma’lum bo‘lishicha bu paytda otasi Riza buva (72 yosh), onasi Saodat aya va ukasi Rajab (27 yosh)lar Urganchda yashaganlar.

 

Agabekovning 1937-yil 21-avgust kuni imzolagan qarorida D.Rizayevga hech bir jo‘yali asoslarsiz 1926-yil Moskvada U.Eshonxo‘jayev, M.Mo‘minovlar bilan troskiychi guruhga a’zo bo‘lgan deb topilib, O‘zSSR JKning 66-1, 67 moddalari ham qo‘llanadi.

 

1937-yil 4-avgust sanasi bilan o‘z ayblarini to‘liq tan olgan holda D.Rizayevni SSSR IIXK “temir narkom” Yejov nomiga ariza yozishga majburlashadi. U arizasida o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarning barchasi quruq tuhmat ekanligini, 1926-1927-yillarda Moskvada o‘zi ijaraga olgan uyida xotini bilan yashaganini va troskiychi guruhlar haqida hech qachon eshitmaganini yozadi. Qoraqalpog‘istonda esa 1937-yil 27-apreldan 28-iyulgacha ishlagani, faoliyatida jinoyat u yoqda tursin, birorta jiddiy xato ham topa olishlariga ishonmasligini ta’kidlaydi.

 

1937-yil 22-avgust kuni o‘tkazilgan so‘roqda undan O‘zSSR MQ qishloq xo‘jaligi bo‘limida kotiba bo‘lgan Valentina Artunyans bilan aloqalari, u bilan siyosiy mavzuda suhbatlashgan, suhbatlashmaganigacha surishtiradilar.

 

1937-yil 25-avgust kuni so‘roqda D.Rizayevdan oila a’zolari, xotini haqida so‘radilar. Biroq, so‘roqlardan uni aybdor qiladigan biror arzirli bahona topa olmagach, uning o‘tmishini surishtira boshlaydi. D.Rizayev “Men hech qachon aksilinqilobchi bo‘lmaganman. Ammo, Xorazmning mustaqilligi uchun kurashganman va buni hech bir vaqt jinoyat bo‘lgan deb o‘ylamayman” deydi. Shundan so‘ng Moskvadagi talabalik davriga to‘xtalib, “U yerda hech qanday troskiychi tashkilot bo‘lmagan. Faqat 1927-yil Moskvada O‘zbekistonning doimiy vakili bo‘lgan Akbar Islomovning uyida bo‘lgan bir oshxo‘rlikda bu paytda “Красная профессура” institutida o‘qiyotgan Usmonxon Eshonxo‘jayev A.Ikromovga qarshi “sen O‘zbekistonni “qizil koloniya”ga aylantirding” deb tanqid qilgan edi. Biroq, o‘tirgan A.Islomov, K.Boltayev, H.Tojiyevlar Usmonxonning fikriga qo‘shilmagan edilar”, deydi. Shundan so‘ng savol D.Rizayevning uyida tintuv vaqtida topilgan Junaidxonning Xiva oqsoqollariga murojaatiga keladi. “To‘g‘ri u menda edi. Ammo, men uni keyinroq “1924-yil voqealari” degan esdalik kitob yozishim uchun manba sifatida olib qo‘ygan edim”, deydi.

 

Moskvada D.Rizayevning xonadoniga sobiq Xiva xoni o‘g‘li Bobojon Asfandiyorovning borgani, hatto, 1930-1931-yillarda bosmachilarga qurol sotib qo‘lga tushgan militsiya xodimlari Madaliyev va Bobojonovlar haqida ham savollar beriladi. Bu holat esa D.Rizayevning orqasidan allaqachon doimiy kuzatuv belgilanganligini isbotlaydi. U o‘zining hech qachon aksilinqilobiy harakatda bo‘lmaganini ta’kidlab, xotini va farzandlariga xayrlashuv xatini yo‘llaydi.

 

1937-yil 28-avgust kuni o‘tkazilgan so‘roqda uning sobiq Xorazm hukumati a’zolari Otamaxsum, Bekjon Rahmon, Matyusuf Devon, Jumaniyoz Sultonmurodov, Nazir Sholikorov, Polvonniyoz hoji Yusupovlar bilan aloqalari haqida so‘raydilar. 1924-yilda Bekjon Rahmon XXSRda D.Rizayevning o‘rinbosari bo‘lgan va 1925-1926-yillar esa D.Rizayev O‘zSSR Maorif xalq komissari bo‘lganida Samarqandga uning uyiga Bekjon Rahmon 2-3 marta kelib, mehmon bo‘lgan edi. Ammo, “men uning uy qurishi uchun qurilish materiallari yubormaganman” deydi. Shuningdek, sobiq Xorazm Tashqi ishlar noziri Jumaniyoz Allaqulov va uning ukasi Ibrohim Allaqulovlar haqida gapiradi.

 

1937-yil 2-sentabr kuni so‘roqda Mo‘min Usmonov haqida gapirib beradi. O‘tkazgan shuncha so‘roqlari davomida undan birorta jiddiy kamchilik topa olmagan tergovchilar endi yanada qat’iyroq yo‘llarga o‘ta boshlaydi. D.Rizayev bunga qarshi o‘z noroziligini bildirib, men hech qachon hech kimga qarshi ko‘rsatma bermayman, deb NKVD xodimlarini noqonuniy harakatlari uchun haqorat qiladi.

 

 

1937-yil 5-sentabr kuni Agabekov “o‘zini yomon tutdi” degan bahona bilan D.Rizayevni 5 kun karserga buyuradi. 1937-yil 15-sentabr kuni so‘roq davomida u avvaldan tayyorlab qo‘yilgan, ya’ni A.Ikromovdan boshlab 39 kishining nomi keltirilgan ro‘yxatni imzolashga majbur etiladi. Biroq, unga ham o‘z munosabatini kiritib, “ro‘yxatdagilar hech qachon aksilinqilobchi bo‘lgan emas, balki haqiqiy do‘stlar edilar” deb yozib qo‘yadi.

 

Davlat Rizayev ishi bo‘yicha guvoh sifatida, avvalo, 1937-yil 10-avgust kuni uning turmush o‘rtog‘i O‘zSSR umumiy ovqatlarnish ittifoqi raisi Xadicha Bekmuhammedova (1907) chaqirildi. U “1926–1932-yillarda Moskvada erim bilan birga yashadim. Palovxo‘rliklarda Karim Boltayev ham kelardi. Biroq, ular hech aksilinqilobiy mavzularda gaplashmaganlar” deydi.

 

1937-yil 22-avgust kuni so‘roqqa tortilgan Valentina Artunyans D.Rizayev bilan o‘zaro tanish bo‘lgani va uning hech bir aksilinqilobiy harakatini sezmaganini qattiq turib himoya qiladi.

 

 

1937-yil 23-avgust kuni so‘roqda Karim Boltayev ham Davlat Rizayev bilan 1922-yildan tanish bo‘lgani va so‘ng Moskvada birga o‘qiganini, ammo uning hech qachon aksilinqilobiy jinoyatga qo‘l urmasligiga ishonishini aytadi.

 

Davlat Rizayev turmaning azob-uqubatlari va adolatsizlikka chiday olmay o‘z joniga qasd qiladi. Tibbiy xulosa natijalariga ko‘ra, u 1937-yil 30-sentabr kuni tong soat 4:25 da o‘zini temir trubaga tashlab umurtqasini sindiradi va bir sutka og‘ir holda yotib, 1-oktabr kuni vafot etadi. 1937-yil 14-oktabr kuni Antonov, Agabekovlarning so‘rovi asosida Leonov uning ishini to‘xtatadi va arxivga yuboradi. Biroq, uning ishi o‘z joniga qasd qilishi bilan yakun topmadi. Aksincha, endi uni yanada dahshatliroq bo‘htonlar bilan badnom etishga kirishadilar. Jumladan, 1937-yil 17-avgust kuni Matkarim Abdusalomov (1898) nomidan D.Rizayevning Mulla Bekjon, Salay Baqqolov, Ibrohim Allakulov, Bobojon Asfandiyorov kabi “aksilinqilobiy unsur”larni qo‘llab-quvvatlagani, 1937-yil 21-avgustda Madrahim Ro‘zmetov (1906) uning sobiq boylar Bekjonov Durdi qori, Iskandarov Salaylarni partiyadan o‘chirilishiga qarshi turib, ularni partiyada saqlab qolgani aks etgan “jinoyatlari” qayd etildi va ishga tikildi.

 

1956-yil 13-aprelda D.Rizayevning qizi Uchqun (Iskra) Davlatovnaning Urganchdan O‘zbekistonning rahbari Sh.Rashidov nomiga yozgan arizasi asosida uning ishi qayta ko‘rib chiqishga tortildi. 1956-yil 13-aprelda Iskra Davlatovna Sh.Rashidov nomiga ariza yo‘llaydi: “Otamni 1939-yil 10 yilga qamalgan degan xabar berishdilar. 1955-yil yozsam, 1955 yil dekabrda 4145 yillarda vafot etgan mazmunida mujmal javob berdilar. Umuman, uning gunohi nima edi. Farzandlarining eng kattasi men 10 yoshda, kichigi 2 oylik edi. Onam ham partiyadan haydalgan. Uni oqlash kerak” Urganch sh., Gosbankdan.

 

1957-yil 13-iyun kuni so‘roqda Nasriddin Xo‘jayev (1896): “... men 1927-1928-yillarda Moskvadagi iqtisodiyot institutida o‘qib yurganda D.Rizayev bilan tanishgan edim. 1937-yil O‘zSSR NKVDsi mas’ul xodimlari Matveyev va Agabekovlar meni TojSSR san’at ishlari boshqarmasi boshlig‘i va profsoyuz raisi sifatida Toshkentga chaqirishib, ko‘p bo‘htonlar yozilgan qog‘ozlarga majburan imzo chektirib oldilar. Men Dushanbega borgach, TojSSR KP MQning birinchi kotibiga bo‘lgan voqealarni aytib ariza yozdim va yuqoridagi soxta ko‘rsatmalarning barchasini rad etdim. 1938-yil NKVD meni ham qamoqqa oldi va o‘sha ko‘rsatmalarning barchasi rost ekanini aytasan, deb majburlashdilar. Men esa rad etdim...” deydi.

 

 

1957-yil 14-iyun mustabid tuzum qatag‘on siyosati qurbonlaridan biri Muhiddin Tursunxo‘jayevning xotini Zuhra Tursunxo‘jayeva (1908) D.Rizayev haqida berilgan savolga: “Davlat Rizayev ham xuddi mening erimga o‘xshagan haqiqiy inson edi. Bizning ular bilan oilaviy bordi-keldimiz ham bor edi. Xotini Xadichaxon ham ajoyib inson edi. Biz bir marta Yessentukida dam olishda ham birga bo‘lganmiz. Ularning davlat va xalq oldida biror aybi bo‘lgan deb o‘ylamayman. D.Rizayev halol, mehnatkash va vatanparvar inson edi” deydi. Umuman, qayta so‘roqlar davomida D.Rizayevni bilgan insonlarning barchasi u haqida faqat ijobiy fikrlarni bildiradilar. D.Rizayev 1957-yil 26-iyunda Turkiston harbiy okrugi prokuraturasi tomonidan vafotidan so‘ng oqlandi.

 

Quyoshli Xorazm zaminida tug‘ilib ulg‘aygan Davlat Rizayev mustabid tuzum jallodlari iskanjasida qoldi va boshqa beayb vatandoshlariga tuhmat qilishdan ko‘ra o‘zini halok etishni tanladi. Uning qisqa, atigi 35 yillik hayot yo‘li xalq ravnaqi, mamlakat farovonligi yo‘lidagi tinimsiz kurashlar ostida o‘tdi. D.Rizayevning “Maorif va o‘qituvchi” jurnalidagi maqolalari, otashin ma’ruzalari ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lidagi izlanishlari o‘ta sermazmun. Qoraqalpog‘istonda qisqa vaqtda xalq xo‘jaligini tiklash yo‘lida olib borgan faoliyati ham diqqatga sazovor. U Vatan, millat yo‘lida halok bo‘lgan degan ulug‘ sharafga loyiq zotlardan biridir. D.Rizayevning ilmiy, ijodiy merosi, mazkur shaxsdagi iroda va jasorat barchaga o‘rnak va namuna. Bugun istiqlol zamoni shunday insonlarni ulug‘lash va xotirasini abadiylashtirish davridir.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//