Adabiyot
Bu aktyorni dabdaba-yu as’asaga to‘la davralarda deyarli uchratmaysiz. Turli telekanallarning tomoqyirtar shoulari-ku tabiatiga mutlaqo yot... Hashamdor qizil yo‘laklarda quruq savlat to‘kib xirom etgandan ko‘ra kinodagi roli bilan tomoshabin ko‘nglidan joy topishni istaydi. Hamisha olomon shovqinidan uzoq, xos odamlar davrasiga intilib yashamoqda...
Markaziy Osiyoning 2019-yilgi eng yaxshi aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Karim Mirhodiyev bilan suhbatni boshladik:
– Karim aka, talaygina aktyorlar o‘zini bozorga solib, populizmga berilib ketayotgan bugungi kunda nega kamnamosiz? Ba’zan jurnalistlarning mikrofonidan ham qochasiz...
– Huda-behuda shovqin ko‘tarishning nima keragi bor? Shu shartmikan, kerakmikan? Qiziqqan kishi internetni ochsa, tarjimai holimni bilib olaveradi. Qayerda tug‘ilganman, nechta farzandim bor, qaysi rollarni o‘ynaganman – hammasi ma’lum... Aktyorning kuchi – uning sirida, afsuski, ko‘pchilikda sir qolmadi hisob...
– To‘g‘riku-ya, ammo aktyor jarayonga o‘z munosabatini bildirib, lozim joyda o‘z qarashlarini anglatib turishi kerak emasmi? Axir san’atkorning vazifasi ham bor-ku...
– Mashhur aktyor Yevgeniy Yevstigneyevning bir gapi bor: “Biz sahna yo ekranda turib ijro etayotgan rolimiz bilan tomoshabinga fikr aytishimiz lozim...”. Darhaqiqat, san’atkor uchun ko‘p gap ortiqcha yuk. Avval o‘z rolini qoyil qilsin. Aslida tomoshabin mana shunga baho beradi...
– Yaqinda mashhur aktyor Sergey Bezrukovning mahorat darsida qatnashgandim, talabalardan biri savol berdi: “Aktyor sifatida qanday tuyg‘uni yoki holatni ijro etishga qiynalgansiz?!”. U shunday javob berdi: “Men hayotim davomida turli rollar o‘ynadim, lekin hamisha muhabbatni ijro etishga qiynalganman”. Shundan kelib chiqib so‘ramoqchi edim: siz uchun qaysi holatni yoki kechinmani ijro etish qiyin bo‘lgan?
– Aytmayman. Bu sir (kuladi). Aslida men uchun hammasi murakkab. Osoni yo‘q. Hozir qoyillataman deya sahnaga chiqasiz-u, lekin qo‘lingizdan hech narsa kelmay, shalvirab qolaverasiz. Har bir rol men uchun shafqatsiz imtihon... Soxta ijro sezilib qoladi baribir...
– Sizni yaxshi bilganlar ko‘p kitob o‘qiydigan aktyor deya ta’riflaydi. Uzoq safarga borganda ham yoningizda kitob olib yurar ekansiz. Intellekt aktyorga qachon yordam beradi? Shukur Burhonov hatto oliy ta’limni ham ko‘rmagan deymiz. Lekin u o‘z davrining eng zo‘r aktyori edi. Umuman, kitob o‘qiydigan aktyor bilan, o‘qimaydigan aktyorning ijrosida farq seziladimi?
– Aslida bularning o‘rtasida ko‘p ham farq yo‘q. Ta’lim yoki badiiy mutolaa turtki. San’atkor botinidagi kuchni qo‘zg‘atib yuboradigan turtki. Shukur Burhonov esa san’atdagi noyob hodisa... Hamma ham unday bo‘lolmaydi. O‘ylashimcha, hamma gap rolga qanday munosabatda bo‘lishga bog‘liq. Masalan, siz ko‘p kitob o‘qisangiz-u, rolni qo‘l uchida ijro etsangiz, baribir soxtalik sezilib qoladi. Yoki biror yosh aktyor jon-jahdi bilan borlig‘ini berib rolini ijro etsa, bu ham gohida yordam berishi mumkin. Hammasi iqtidorning darajasiga bog‘liq. Men kitob o‘qisam, o‘zim uchun o‘qiyman... Balki qayerdadir yordam ham berar...
Biz institutni tugatib kelganimizda yosh, kelajagi porloq yigit deya ta’rif berishgan. Men hozir ham yangi rolga tasdiqlanganimda o‘sha yosh, kelajagi porloq yigit holiga tushaman. Sahna bu mardlar maydoni. Har safar birinchi marta imtihon topshirayotgandek o‘zingizni isbotlashingiz kerak. Men mashhur aktyorman, hozir qoyil qilaman deb rolga kirdimmi, hammasi tamom...
– Keyingi savol shuki...
– Yo‘q, keyingi savolga o‘tmay turing, bir she’r yodimga tushib qoldi:
“Borlig‘in topshirsa to‘lqinga
Sevaman, men shunday odamni...”.
Albatta, bu ijod dengizida suzish... Aktyorlik ham aslida o‘zini to‘laligicha ijod to‘lqiniga otishdir.
– Bir suhbatingizda Napoleon Bonapart rolini ijro etayotgan aktyor haqida aytgandingiz... Dunyoni titratgan sarkardaga jangda mag‘lubiyat xabarini yetkazishganida u qay ahvolga tushgan ekan... Mana shu holatni ekranda ijro etish uchun aktyor qaynoq suv keltirishlarini buyurgan. Oyoq kiyimini yechib tog‘oradagi qaynoq suvga tushgan. O‘sha paytda uning yuz ifodasini ko‘rganingizda edi. Mana aktyor, mana ijro deya eslagandingiz. Siz ham azbaroyi obraz uchun shunday tajribalar qilganmisiz?
– Tasvirga olish maydonida aktyor har ko‘yga tushishi mumkin... Men ham biror-bir tajriba qo‘llashim mumkin, shunga yarasha arziydigan ssenariy, arziydigan rol bormikan?
Bir paytlar teatrda “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” spektakli namoyish qilinardi. Murod Rajabov bosh qahramon Mahmudxonni ijro etardi. Hech ko‘z o‘ngimdan ketmaydi... Boyagina hazillashib turgan Murod aka qanday uslub yoki metod qo‘lladiki, birdaniga fojiaviy qiyofada paydo bo‘ldi. U sahnaga sekin-asta chiqib kelar ekan, qo‘lida sham... tomoshabin ham borlig‘i bilan uni kuzatmoqda. Murod aka sekin-asta yurib kelib, “Maryam, Maryam” deb shivirlaydi, chidolmaysiz, dod deysiz. Bu qanday ijro? Bu qanday san’at? Aktyorning o‘sha holatini oxirigacha tasvirlab berolmayman sizga, tushuntirish ham xato bo‘ladi. Faqat buni ko‘rish kerak...
– Ko‘p yillar burun teatrdan ketishingizga sabab nima edi? O‘sha paytda Afzal Rafiqov, Murod Rajabov, Elyor Nosirov kabi iste’dodli aktyorlar, katta san’atkorlar bilan yonma-yon ishlagansiz... Balki ularning yonida o‘zingizga ishonchsizlik hissi tug‘ilgandir...
– Ha, hozir chiroyli gaplar topib, yo‘q, unaqamas deb turli vajlar keltirishim mumkin. Lekin bu yolg‘on bo‘lib chiqadi. Siz aytgan sabab ham bor, albatta. Sahnamizda Afzal akadek, Murod akadek katta aktyorlar bor edi. Ularning yonida mening bor-yo‘qligim sezilmasdi ham... Yana erinchoqlik, qo‘rquv ham bo‘lgan. Lekin bular asosiy sabab emas deb o‘ylayman. Bilasizmi, nega teatrdan ketdim? Chunki o‘sha paytlarda teatr davlat buyurtmalarini bajaradigan fabrikaga aylanib qolgandi. Chinakam aktyorning kimligini ko‘rsatadigan badiiy asarlar bir chetda qolib ketar edi. Aktyorda erkinlik qolmagandi. Maishiy asarlar, jo‘n spektakllar orasida qanday ijod bo‘lishi mumkin? Bu aktyorga xalaqit beradi. Balki ketib noto‘g‘ri qilgandirman...
Bir kuni televideniyega chaqirishdi. Borsam, “Oyog‘ingizni chalishtirib o‘tirmang, galstuk taqmagansiz, yuzingizni yerga egavermang...” deydi. “Xo‘p, yana nima qilay?” dedim. “Faqat to‘g‘riga qarab gapiring” degandi, “Nima, men sizga robotmanmi?” deb shartta chiqib jo‘navordim. Ana shundan beri televideniyega kam boraman. Teatrda ham biz robotga aylanib qolgandik... Tushuntira oldimmi?
– Albatta, ya’ni, hammani bir xil qolipga solavermasdan, shaxsning o‘ziga xosligini saqlab qolish kerak demoqchimisiz?
– Juda to‘g‘ri, birxillikdan asrasin... Cho‘lpon aytgan edi adashmasam: “Bir xil, bir xil, bir xil...” deb.
– Ssenariyni-ku chertib-chertib tanlaysiz, buni bilamiz... Nega hamma rejissor bilan ham ishlab ketolmaysiz? Balki o‘zi nima xohlayotganini bilmaydigan, rolning aniq mohiyatini tushuntirib berolmaydigan rejissor bilan ishlashga qiynalarsiz?
– ...Buyam bor...
– Bizning avlod sizni “Charxpalak”, “Shaytanat” kabi seriallardan boshlab tanigan. Lekin yaqinda ko‘rganim Jahongir Qosimovning “Changak” badiiy filmida bosh rolni ijro etgan ekansiz. Bu film ham o‘z vaqtida shov-shuv bo‘lgan. Ilk bora mana shu filmdan keyin Karim Mirhodiyev bo‘lib tanilgansiz-a?
– Ha, Xayriddin Sultonov asari asosidagi “Changak” filmi menga mashhurlik olib kelgan. Filmning muvaffaqiyati nafaqat muallif yoki rejissorning mahorati, balki Hojiakbar Nurmatov, Dias Rahmatov, To‘ti Yusupova, Sayyora Yunusova, Lola Badalova, Inog‘om Odilov kabi san’atkorlarning borligida edi. Ularning tajribasi menga ko‘p yordam bergan.
Bir narsaga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Kimgadir taqlid qilib emas, mana shu rolga shaxs sifatida sening munosabating qanday, shuni ko‘rsatib berishing kerak.
– Keling, endi biroz ortga nazar tashlasak, yoningizda ishlagan ustoz san’atkorlar yoki do‘stlaringiz bo‘lgan ko‘pgina aktyorlar negadir o‘z vaqtida qadrlanmagan, iste’dodiga yarasha rol berilmaganini bilamiz. Bu o‘sha davrning fojiasidir balki. Shu aktyorlar ijodi haqida to‘xtalsangiz...
– Bular juda nozik gaplar. Nomma-nom sanasak ro‘yxat uzun. Lekin taqdir imkon bergan darajada o‘z rollarini ijro etishdi baribir. Respublikada qirqqa yaqin teatr bo‘lsa, har birining o‘z Hamleti, o‘z Revizori yoki Dezdemonasi bor. Mana shularni izlab topish kerak...
Lekin men boshqa narsani aytmoqchi edim. Bir aktyor bor ekan: teatrda dam olib, qahva ichib o‘tiradigan joy bo‘ladi, bilasiz, o‘sha yerda o‘tirsa, ko‘zi ilinib ketibdi. Bir payt spektakl boshlangan, teatr qo‘ng‘irog‘i jaranglagan, “diqqat-diqqat”, vadavang ovozlar, allaqachon navbatdagi sahna boshlanib bo‘lgan. Bir payt cho‘chib uyg‘onib ketgan aktyor aytarmish: “E, nima bo‘layapti bu yerda, spektakl boshlanganga o‘xshaydi-ku, ovozimni tezda qariya ovoziga o‘zgartirib sahnaga chiqishim kerak” dermish... Afsuski, aktyorlar orasida mana shunday soxtaliklar, yasamaliklar ham bor...
– Yana bir suhbatingizda “Biz tarixiy shaxslar haqida filmlar ishlashda ozgina kechikayapmiz” degansiz...
– Hozir ham shu fikrdaman. Bir-ikki yil avval elchixona xodimlari bilan suhbatlashib qoldik. Ular aytishdiki, eronliklar Beruniy va Ibn Sino haqida filmlar ishlab bo‘lishibdi. Shu ma’noda ozgina kech qolmayapmizmikan deb o‘ylab qoldim. Lekin film ishlash kerak ekan deb borini ham saviyasizlik, didsizlik bilan yumaloq-yostiq qilish kerak emas... Bir nechta tarixiy film ishlandi. Ofarin, lekin ekranda tirik shaxs yo‘q... Tirik qahramon yo‘q. Farishtasifat, uxlasa ham sallasini yechmaydigan, hech xato qilmaydigan, silliq gapiradigan, jahli chiqmaydigan bir xil personajlar bor. Nima, u odammasmi? Ekranda birorta tirik odam yo‘q... Tomoshabin ekranda o‘ziga yaqin qahramonlarni ko‘rmasa, ularga qanday ergashsin?
Yana bir qusurimiz bor, doimo rejissorni maqtaymiz. Go‘yo u bekam-u ko‘st film ishlagandek... Yaqinda premyerada bo‘lgan bir voqeani aytib beray. Rostgo‘y aktyorimiz bor ekan, namoyishdan chiqibdi. Ishqilib rejissor ko‘rib qolmasin-da, yo‘qsa bu pachoq filmini maqtashim kerak deb ketayotgan ekan, aksiga olib o‘sha sayoz film rejissori yo‘lda turganmish, hamma uni yangi filmiga yolg‘on maqtovlar yog‘dirayotganmish... Aylanib o‘tib ketay desa, o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi. O‘ylab-o‘ylab bir hiyla topibdi. To‘g‘ri rejissorning yoniga borib, ikki qo‘lini mahkam qisib, “Tabriklayman, bunday film ishlash mening qo‘limdan kelmasdi” dermish... (kuladi). Ustamonligini qarang...
Mana shunday ko‘zbo‘yamachilik, tanish-bilishchilik kinoni o‘ldirib qo‘yadi... Har bir aktyorning dardi shuki, yaxshi filmlar ko‘paysin...
– Rahmat suhbat uchun, o‘sha yaxshi filmlar uchun o‘zingizni ehtiyot qiling. Sog‘ bo‘ling...
Shohsanam XIDIROVA
suhbatlashdi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 4-son.
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q