Kitobning egasi kim?


Saqlash
15:07 / 23.09.2021 1134 0

Har gal kitob javonimdagi qalin yashil kitobga ko‘zim tushganda, xijolatlik va armon tuyg‘usi qorishib qalbimdan o‘tadi. Avvallari bu kechinma misoli bir par bulut kabi edi, yillar o‘tgani sayin og‘irlashib, quyuqlashib borayotganday.

1980-yillar. “Saodat” jurnali xodimi sifatida xizmat safari bilan respublikamiz viloyatlaridan biriga bordim. Odatim bo‘yicha kitob do‘koniga kirdim. Yashil muqovali chiroyli kitob diqqatimni tortdi. Varaqladim, G‘arbning mashhur faylasuflaridan birining qalamiga mansub ekan, xarid qildim.

Toshkentga qaytgach, ijodkor va olim qadrdonlar bilan bo‘lgan bir suhbatda sotib olgan kitobim haqida so‘z ochdim. Mashhur faylasuf B.Brextning asarlarini olganim haqidagi gapimdan bizga institutda dars bergan olim, ajoyib inson, filologiya fanlari nomzodi Asqarali Sharopov domlamiz (Mirzo Ulug‘bek nomidagi Farg‘ona davlat pedagogika instituti (hozir universitet)da zamonaviy o‘zbek adabiyoti fanidan dars berganlar)ning ko‘zlari chaqnab ketdi. Tarqalarkanmiz, domlamiz kitobni o‘qish uchun so‘radi, keltirib berdim. Ma’lum muddatdan keyin qaytarib oldim-u, lekin qayerda uchrashib qolsak, domlamiz o‘sha kitobni butunlay o‘ziga berishimni so‘rar, evaziga o‘zim xohlagan boshqa kitoblarni taklif qilardi. Biroq menda, ochig‘i, shunday kitobim borligidan quvonch-u uning chiroyiga ishqibozlik kuchli ekan. O‘shanda rus tilida chop etilgan bu asarni anglab, tushunib o‘qishga rus tilidan so‘z boyligim yetishmasdi. Boshqa narsa bo‘lganda, ustozimning iltimosini qaytarmasdim, ammo kitobni bermaslik ayb emas, degan fikr bilan o‘zimni oqlardim.

Asqarali Sharopov nafaqat ilm olishimizda, balki yurish-turishimizda ham juda talabchan ustozimiz edilar. Shogirdlarga ko‘p ham gapirmasdilar, ammo doim domlaning talabchan nigohini his etib turardik.

O‘n besh yilcha avval ustozimiz vafot etdi. Undan adabiyotshunoslikka oid bir necha asarlar meros bo‘lib qoldi. Har gal shu meros kitoblarni o‘qiganimda, olim domlamizda hayot va uning aksi bo‘lgan badiiy asarlar voqeliklarini teran his etish, falsafiy xulosa chiqarish qobiliyati juda kuchli ekanini his qilaman. Kitob javonimni qariyb qirq yildan buyon “bezab” turgan haligi chiroyli kitobni yolchitib o‘qiganim ham yo‘q. “Bizga kuyunchaklik, talabchanlik bilan dars bergan ustozimga nima uchun shu kitobni chin dildan taqdim etmadim? Hatto so‘raganligi uchun minnatdorchilik bilan hadya qilsam bo‘lardi-ku!” degan xayol meni qiynayveradi. Va yana... u kishi juda oriyatli, andishali odam edi, talabasidan kitob so‘rashi oson kechmagani aniq.

Ko‘pchilikka xizmat qilishi mumkin bo‘lgan boylikni sandiqqa qulflab, o‘zing ham, boshqalar ham naf olmagani kabi, go‘yo mevalari g‘arq pishgan bog‘ yo‘llarini berkitib tashlab, Alloh ne’matlarini hech kimga ravo ko‘rmagandek... xullas, men ma’naviyat dunyosining bir tola nurini uyimga “qamab” olibman-u, undan bahramand bo‘lishga intilgan qalb yo‘lini jaholatim, yengil-yelpi havasim sababidan to‘sibman. Ehtimol, bu kitob chin egasining qo‘liga yetib borganda, uni tushunib mushohada qiladigan insonning so‘zi, fikrlari orqali boshqalar ong-u shuuriga ham bilim, ziyo tarqalgan bo‘larmidi?..

“Balki farzandlarim, nevara-yu evaralarim qiziqib o‘qir bu kitobni”, deb o‘ylabman-u, nazarimda, kitobning ham umri bordek. Yaxshi asar har lahza, har kuni qalblarga nur, ezgulik, ma’rifat ulashishi mumkin. Kitoblar umrining zoye ketishi – jamiyat a’zolarining ana shu saodatdan bebahra qolishi emasmi... buni kech angladim.

Muhtarama ULUG‘OVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 117
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//