Shilliqqurt bilan davolanish mumkinmi, vegetarianlikning hukmi qanday? – qaltis savollarga nozik javoblar


Saqlash
17:40 / 26.01.2023 1654 0

Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvo markazi bosh mutaxassisi Muhammad Ayyubxon Homidov javob berdi.

 

Hozirgi kunda shilliqqurt bilan davolash usullari rivojlanmoqda. Ushbu muolaja nojo‘ya ta’siri yo‘qligi, asoratsizligi, oddiyligi, tabiiyligi bilan ajralib turadi. Ayting-chi, dinimizda shilliqqurt bilan davolanish mumkinmi? Hozir g‘arb davlatlarida shilliqqurtdan kapsulali dori ham ishlab chiqarilgan. Uni ichish mumkinmi?

 

– Shilliqqurt – quruqlikda yashaydigan qorinoyoqli o‘pkali hasharotlar turiga mansub bo‘lib, fanda uning mingga yaqin turi ma’lum. Tanasi chuvalchang yoki silindr shaklida bo‘ladi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi).

 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shilliqqurt muolajasi ikki xil bo‘ladi:

 

shilliqqurtdan tayyorlangan kapsulali dorini iste’mol qilish orqali davolanish;

 

shilliqqurtdan zuluk kabi so‘lagi bilan davolanish yoxud shilliqqurt ekstraktli kremni teriga surtish.

 

Ushbu ikki turdagi muolajalarning shar’iy hukmi bir-biridan farq qiladi.

 

1. Shilliqqurtdan tayyorlangan kapsulali dorini iste’mol qilish shariatimizga ko‘ra joiz emas. Chunki shilliqqurt hashoratlardan sanaladi. Hashoratlarning iste’moli hanafiy, shofe’iy va hanbaliy mazhablariga ko‘ra haromdir. Bu haqida hanafiy mazhabimizning ulamolaridan Alloma ibn Nujaym rahimahulloh bunday degan:

 

«Kaltakesak, ari, toshbaqa va barcha hasharotlar nopok narsalardan sanalgani sababli ularni iste’mol qilish haromdir. Alloh taolo: «U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...» (A’rof surasining 157-oyatidan) degan» («al-Bahrur-roiq»,17-juzning 116-beti).

 

Shariatimizga ko‘ra, umumiy holatda harom narsalardan davolanish man qilingan. Xususan, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh «Haromdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifo niyatida foydalanish aslo joiz emas» degan. Zero, Ummu Salama onamiz roziyallohu anhoning bir joriyasi kasal bo‘lib qolganda, unga sharobni dori sifatida bermoqchi bo‘ladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Alloh taolo shifongizni sizlarga harom qilgan narsalarga joylashtirgan emas» deb marhamat qilgan (Imom Abdurrazzoq, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy, Imom Tahoviy rivoyat qilishgan).

 

Fatvo kitoblarimizda «Kasallikka haromdan boshqa shifo topilmagan taqdirda hoziq tabib kafil bo‘lib, haromdan tayyorlangan yo harom narsa aralashgan dori shifo bo‘lishiga ko‘rsatma bersa, zarurat bo‘lgani bois haromni iste’mol qilish joiz» deyilgan.

 

Alloma ibn Obiddin rahimahulloh «Kishi qattiq ochlik yo chanqoqlik sababli o‘lib qolishi mumkin bo‘lgan vaqtda o‘lmagudek miqdorda o‘limtikni yeyishi yoki harom ichimlikni ichishiga ruxsat borligidan kelib chiqib, shifo niyatida noilojlikdan iste’mol qilinadigan harom doridan haromlik soqit bo‘lishi kelib chiqadi»  degan («Raddul-muxtor», 1-jildning 365-beti).

 

«Zohiriya» kitobida esa harom bilan davolanish joiz bo‘lishi (ya’ni gunoh bo‘lmasligi) uchun o‘sha dorida shifo borligi va boshqa davo yo‘qligi tajribadan ma’lum bo‘lishi kerakligi aytilgan.

 

Hoziq tabib deganda o‘z ishiga mahoratli, o‘z yurtida tan olingan, muayyan tajribaga ega, bugungi kun tili bilan aytganda, oliy toifali shifokor ko‘zda tutiladi. Shuningdek, u shar’iy hukmlar va amallarni oshkora inkor qiluvchi bo‘lmasligi kerak. Shariatda harom deyilgan narsalarni oxirgi chora sifatida ishlatish lozimligini yaxshi anglamog‘i darkor. Aks holda halol narsa bo‘lsa ham haromni tavsiya qilishi mumkin.

 

2. Shilliqqurt so‘lagi bilan davolanish yoki shilliqqurt ekstraktli kremni teriga surtish orqali muolaja olish shar’an joiz. Chunki bunda haromni iste’mol qilish yo‘q. Shuning uchun ham ulamolar zuluk kabi hashoratlar orqali muolaja olishga ruxsat berishgan. Vallohu a’lam.

 

* * *

– Ba’zan bolalar bemor bo‘lib qolsa yoshi katta insonlar silab qo‘yadigan kishilarning oldiga borib, non bilan silatib kelishadi. Shu ish to‘g‘rimi?

 

– Kishi bunday chog‘larda Qur’oni karimdagi maxsus oyatlarni o‘qib, bolasiga dam solishi yoki dam soldirishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Non yo boshqa narsa bilan silaydiganlarning oldiga bormaslik kerak. Vallohu a’lam.

 

* * *

– Otam yaqinda jarrohlik amaliyotiga kirishidan oldin nazr qildim, ya’ni, inshoalloh, jarrohlik amaliyotidan shifo topib chiqsa, bitta mol so‘yib ehson qilaman deb Allohga va’da berdim. Endi shu nazr qilingan go‘shtdan mening o‘zim ham yesam bo‘ladimi?

 

– Ko‘zlagan maqsadi hosil bo‘lsa, nazrni ado etish vojib bo‘ladi.

 

Qurbonlikdan boshqa niyatda, masalan, «falon hojatim ravo bo‘lsa, jonliq so‘yaman (dardga davo topilishi, mushkulotning arishi, safardagilarning eson-omon qaytib kelishi va hokazo)» degan niyatda jonliq so‘yib, nazr qilinganda so‘yilgan jonliqning go‘shtini sadaqa olishga haqli bo‘lganlarga ulashib berish vojib bo‘ladi. Bunda nazr sohibi va uning ahli nazr qilingan jonliqning go‘shtidan yeyishi halol bo‘lmaydi.

 

* * *

Dinimizda vegetarianlikning hukmi qanday?

 

– «Vegetarianlik» so‘zi lotinchadan olingan bo‘lib, «o‘simlikka oid» degan mazmunni bildiradi. Bunda ovqatlanganda go‘shtni cheklab, asosan meva va sabzavotlarni tanovul qilish nazarda tutiladi. Shu zaylda ovqatlanuvchilar vegetarianlar deyiladi. Vegetarianlar muayyan mahsulotlarni iste’mol qilishni chegaralash darajasiga ko‘ra bir necha toifaga bo‘linadi. Ularning eng ashaddiylari har qanday go‘shtni, shuningdek sut, tuxum va moyni iste’mol qilishdan bosh tortadi.

 

Binobarin, inson o‘z ta’bi va tabiatidan kelib chiqib go‘sht yo hayvondan olingan mahsulotlarni yemasligi yoki yeyishni xohlamasligi mumkin, bu uning ixtiyori. Lekin bunda quyidagi jihatlarga e’tibor berishi lozim:

 

1. Go‘sht, sut va tuxum kabi Alloh insonlarga halol qilgan mahsulotlarni harom deb e’tiqod qilmasligi darkor. Chunki Alloh halol qilgan narsalarni harom deb e’tiqod qilish kishining iymoniga putur yetkazadi. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday buyurgan:

 

«Ey iymon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi» (Moida surasining 87-oyati).

 

2. Vegetarian Alloh taologa boshqalardan ko‘ra sevimliroq bo‘ladi deb e’tiqod qilmasligi lozim. Zero, dinimizda vegetarianlik bilan Alloh taologa qurbat hosil qilinmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng yaxshisi, eng taqvodori va Allohga eng yaqini bo‘lgan va u zot go‘sht, sut va asal iste’mol qilgan. Hatto ba’zi sahobalar go‘sht yeyishdan tiyilib, buni ibodat sanashganida, buni xato deb e’lon qilgan.

 

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda quyidagilar aytiladi: «Ba’zi sahobalar payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytlaridan u zotning sir ibodatlari haqida so‘radi. So‘ngra uni oz sanadilar. Ulardan biri «Men doimo kechasi bilan namoz o‘qib chiqaman endi» dedi. Ikkinchisi «Men doimo ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman» dedi. Uchinchisi esa «Men ayollardan chetda bo‘laman, hech uylanmayman, go‘sht yemayman» dedi. Boshqa biri «Ayollarga uylanmayman» dedi. Yana biri «Ko‘rpamda uxlamayman» dedi. Bu narsa payg‘ambarmiz sollallohu alayhi vasallamga yetganida u zot «Odamlarga nima bo‘ldiki, bunday, bunday deydilar?! Lekin men ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham yuraman, uxlayman va bedor ham bo‘laman, go‘sht ham yeyman. Ayollarga uylanaman ham. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa mendan emas»  dedi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

 

Xullas, go‘shtni yoqtirmagani yoki ruhiy holat tufayli (masalan, chorva so‘yilayotganini ko‘rgan odam go‘shtdan voz kechgani kabi) go‘sht yemaydigan kishi bilan uni o‘ziga harom qilib olgan yo shuni ibodat deb biladigan kishining o‘rtasida katta farq bor. Vegetarianlikka dinimizning munosabati ham shunga ko‘radir.

 

* * *

Islom dini tutqanoq xastaligi haqida nima deydi?

 

– Bu savolga avvalo tibbiy tomondan yondashish lozim. Ammo Qur’oni karim oyatlarining shifo va rahmat ekani Qur’onda bayon qilingan. Shunday ekan, tibbiy muolajalar bilan bir vaqtda Qur’on o‘qish orqali ham shifo izlash tavsiya qilinadi. Vallohu a’lam.

 

* * *

Qo‘rqqanda yurak tushishi bor narsami, bu holda nima qilsa bo‘ladi?

 

Dinimizda yurak tushishi yoki yurak ko‘tarish degan narsa yo‘q. Bu tibbiyotga taalluqli masala. Bu xususda mutaxassis shifokorlarga murojaat qilish kerak, yurakka quvvat bo‘ladigan mahsulotlardan iste’mol qilish lozim.

 

Shunday bo‘lsa-da, bemorlarga Qur’on oyatlarini o‘qib dam solish bor. Bunday bemorni mutaxassislarga ko‘rsatish bilan bir qatorda unga dam solish ham tez orada shifo topishiga sabab bo‘ladi. Vallohu a’lam.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022 yil 4-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//