Uyimda yo‘qdir go‘jalik, ko‘nglim istaydi xo‘jalik – XIX asr venger jurnalida e’lon qilingan o‘zbek maqollari


Saqlash
17:01 / 25.01.2023 1353 0

1865-yilda Vengriya Fanlar akademiyasining “Tilshunoslik xabarlari” jurnalida taniqli tilshunos olim Yozef Budensning “Xiva tatarchasi” nomli maqolasi e’lon qilinadi. Maqola o‘zbek tilining Xiva shevasini yoritishga qaratilgan bo‘lib, muallif maqolaning avvalida “Xivadagi o‘zbek tilidan namuna sifatida turk-tatar tillarini o‘rganishga qiziquvchilar uchun” yozilganini qayd etadi.

 

Y.Budens ushbu ishida “tatarcha” terminini qo‘llab, umumiy turk tilini nazarda tutadi. Aytish joizki, mazkur tadqiqotni amalga oshirish jarayonida Budens biror marta Xorazmda bo‘lmagan va xalq ichida yurib, matnlar yozib olmagan, shunga ko‘ra, ishni umumiy ma’lumot beruvchi axborot sifatida talqin etish mumkin. Olim shevaga oid materiallarni bayon qilishda unga yaqin o‘rtog‘i A.Vamberi Yevropaga o‘zi bilan olib kelgan shogirdi Mulla Is’hoqning xizmati katta ekanligini alohida ta’kidlaydi. Manba va materiallarni uning og‘zidan yozib olganligini hamda Mulla Is’hoq tomonidan qilingan tarjimalardan foydalanganini qayd etadi.

 

Shu o‘rinda, Mulla Is’hoq haqida ikki og‘iz so‘z. G.Vamberining Markaziy Osiyoga sayohat qilgani, Xiva, Buxoro, Samarqand kabi yirik shaharlarda bo‘lgani ilm ahliga ma’lum. U 1893-yil noyabr oyida safarni yakunlab, O‘rta Osiyodan qaytarkan, o‘zi bilan birga Xiva madrasalarida tahsil ko‘rgan Mulla Is’hoqni ham olib ketadi. Muqaddas Makka-yu Madinani ziyorat qilishga chiqqan Mulla Is’hoq yo‘l davomida safar Arabistonga emas, Mojaristonga, Yevropaga yo‘naltirganini bilib oladi va sherigi hamda ustozi G.Vamberi bilan Istanbul orqali Vengriyaga yetib boradi. Shundan e’tiboran, Mulla Is’hoqning keyingi hayoti umrining oxirigacha Vengriya, Yevropa bilan bog‘liq holda kechdi.

 

Mulla Is’hoq tez orada venger tilini, yevropacha yashash tarzini o‘rganib, Vengriya Fanlar akademiyasida ishlay boshlaydi. Mumtoz sharq tillari – arab, fors, o‘zbek tillarini yaxshi bilgan Mulla Is’hoq akademiyada tarjimalar qilish bilan shug‘ullangan, shuningdek, sharq tillaridan ham dars bergan. O‘zi bilganlarini bayon qilib, sharqshunos olimlarning tadqiqot ishlarida ko‘maklashgan, asosiy “manba” vazifasini bajargan.

 

Vengriyaga kelgan Vamberi shogirdi Mulla Is’hoqni eng yaqin o‘rtog‘i, oltoyshunos olim Yozef Budensga topshirib, o‘zi Londonga yo‘l oladi. Osiyolik mehmon madrasa mudarrisiga yevropalik olim Vamberi kelguniga qadar ko‘z-quloq bo‘lib turadi. Shu asnoda mazkur maqola ham tayyorlanadi. Mulla Is’hoqning Mojaristondagi hayoti va ilmiy faoliyati dunyo olimlari nigohida bo‘lib, hozirgacha qizg‘in o‘rganib kelinmoqda. Xususan, Yevropadagi o‘zbek olimining hayoti va faoliyati to‘g‘risida Melek Cho‘lak (turk), Benedek Pere (venger), Umid Bekmuhammadov (o‘zbek) tadqiqotlari shular jumlasidan.

 

“Xiva tatarchasi” maqolasi qariyb 62 sahifadan tashkil topgan bo‘lib, o‘zbek tiliga oid matnlar va unga muallif tomonidan berilgan lingvistik ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. Maqolaga asos bo‘lgan o‘zbek tili (Xiva shevasi)dagi matnlar – xalq og‘zaki ijodi namunalari, maqol, topishmoq, ertak, hikoyatlar va mojar hamda usmonli turkchasidan o‘zbekchaga qilingan tarjimalardan iborat.

 

Qizig‘i, XIX asr venger hamjamiyati tomonidan yaxshi kutib olingan mazkur maqoladagi maqollarning qiymati hozirgacha yo‘qolgani yo‘q. Maqollar muallif tomonidan 3 qismga ajratilgan o‘zbekcha matnlarning birinchisi – “Maqol va topishmoqlar” (Naql, ojun hikâjet) qismiga kiritilgan bo‘lib, jami 43 ta maqolni o‘z ichiga oladi. Olim maqollarni lotin yozuviga asoslangan transkripsiyada va uning tagidan venger tilidagi tarjimasi bilan beradi.

 

Odam olasi ichida, hayvon olasi tashida.

Adam alasï ičinde, hejvân alasï tïšïnda.

 

El o‘g‘risiz bo‘lmas, tog‘ bo‘risiz bo‘lmas.

Iel oγrïsïz bolmas, tau bö:risiz bolmas.

 

Qozonga yaqinlashsang, qorasi yuqar, yomonga yaqinlashsang, balosi yuqar.

Qazanγa jantašsañ, qarasï juγar, jamanγa jantašsañ, belâsi juγar.

 

Ichib to‘ymagan yalab to‘ymas.

Ičip tojmaγan jalap tojmas.

 

Onasini ko‘r, qizini ol, qorasini ko‘r, bo‘zini ol.

Inesini kör, qïzïn al; qaresini kör, böjzin al.

 

Uyimda yo‘qdir go‘jalik, ko‘nglim istaydi xo‘jalik.

Öjümde joq-tur göčelik, köñlüm istîdé χoǯalïq.

 

Beaql do‘stdan, aqlli dushman yaxshi.

Bi-aqïl dosttan aqïllï dušmân jaχšï-dï.

 

Ochlik neni yedirmas, to‘qlik neni dedirmas.

Ačlïq nini jidirmes, toqluq nini didirmes.

 

Yig‘lagan bolaga ko‘krak tutilar.

Jïγlamaγan balaγa iemček qajda?

 

Shoshilgan ishga shayton qo‘shilar.

Qïstanγan iške šejtân qošulur.

 

Qorani yuvsang oq bo‘lmas, yomon har qiz yaxshi bo‘lmas.

Qaranï jusañ, aq bolmas, jaman her qïz jaχšï bolmas.

 

Bo‘lar odam o‘n beshida bosh bo‘lar, bo‘lmas odam qirqqa kirsa, yosh bo‘lar.

Bolur adam on bišinde baš bolur, bolmas adam, qírqqa kirse, jaš bolur.

 

Bol tutgan barmog‘ini yalar.

Bal tutqan barmaγïnï jalar.

 

Yaxshi bilan yursang, yetarsan murodga, yomon bilan yursang, qolarsan uyatga.

Jaχšï minen jürseñ, jitersen müratqa, jaman minen jürseñ, qalarsïn ujatqa.

 

Ko‘p ko‘rgan, ko‘p bilar.

Köp itken, χôb iter.

 

Uzoqda bo‘lsa ham yo‘l yaxshi, yomon bo‘lsa ham qiz yaxshi.

Uzak-ta bolsa hem jol jaχši, jaman bolsa hem qïz jaχši.

 

Yigit degan sho‘x bo‘lsin, sho‘x bo‘lmasa yo‘q bo‘lsin.

Jigit digen šoq bolsun, šoq bolmasa, joq bolsun.

 

Yaxshilik qil, suvga ot, baliq bilar, baliq bilmasa, Xoliq bilar.

Jaχšïlïq it, derjaγa tašla: balïq bilir; balïq bilmese, χâlïq bilir.

 

Tildan kelgan ham qo‘ldan kelsa, hamma odam gado bo‘lmay, sulton bo‘lar.

Tilden kilgen hem qoldan kilse: heme adam gedâ bolmaj, sultan bolur

 

Chiqmagan jondan umid kesilmas.

Čïqmaγan ǯândïn ümîd kisilmes.

 

Da’vogaring podsho bo‘lsa, arzingni Alloh eshitsin.

Dauageriñ pâtšâ bolsa, arzïñnï allâ išitsin.

 

Ot oriqlikda, yigit g‘ariblikda yomon ko‘rinar.

At arïqlïqta, jigit γarïblïqta jaman körünür.

 

Sadafsiz dur bo‘lmas, tikansiz gul bo‘lmas.

Sedepsiz dürr bolmas; tïqansïz gül bolmas.

 

Ikki qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynamas.

Iki qočqarnïñ kellesi bir qazanda qajnamas.

 

Yetim bola saqlasang, og‘zi-burning qon bo‘lar,

Yetim uloq saqlasang, og‘zi-burning yog‘ bo‘lar.

Jitim bála saqlasañ, aγzï burnuñ qân iter,

Jitim ulaq saqlasañ, aγzï burnuñ jaγ iter.

 

Ko‘rpangga qarab oyoq uzat.

Körpeñe qarap ajaq uzat.

 

Nodon bilan bir soat suhbat qilgandan yuz yil zindonda qolgan yaxshi.

Nâdân bilen bir saat söbet itkennen jüz jïl zïndanda qalγan (bolγan) jaχšï

 

Et yog‘da pishmas, xamir suvda pishmas.

Et jaγda pšmes, χamir sûda pšmes.

 

Baliq yegan to‘q bo‘lar, kuch-quvvati yo‘q bo‘lar.

Balïq jigen toq bolur, küč quwati joq bolur.

 

Elyor ALIMARDANOV,

ToshDO‘TAU tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19263
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16147
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi